Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxm-u maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil-ar-iya* va maxavliknimi dersiz? Yoʻq, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh*, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizgacha istilo etib, butun tirikligimizga sorilgon va bizni inqirozgʻa va tahlikagʻa va jahannamgʻa yumalataturgon to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.

Atomizdan mehribon Tangrimiz jalla va aʼlo Qurʼoni karimda “Lo talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi”, yaʼni oʻz qoʻllaringiz ila oʻzingizni tahlikaga otmangiz, der. Biz boʻlsa, badbaxtona va Xudoning amrigʻa boʻyun qoʻymasdan kof irona bir suratda toʻy va azo degan, yoʻq boʻlushimizgʻa sabab boʻlgan odatlarga bor-u yoʻqimizni sarf va isrof etarmiz. Yilda ikki oy Navroʻzi kofiri uchun sayr etarmiz.

Bir oy muqaddam Samarqandning Panjakent qasabasidagi Navroʻz sayrigʻa mushak-fishang otishdan uchgina kishi oʻlub, oʻndan ziyoda kishi majruh boʻldi. Koʻpkari va uloq chopmoqlik odati malʼunonasigʻa har viloyatdan har sana yuzlar ila kishi oxiratgʻa koʻchar, naqadar kishi majruh va maʼyub boʻlar. Koʻp kishilar sayr va koʻpkari shumligi ila ishdan va ziroat vaqtidan qolur. Uyigʻa ozuqasi yoʻq, hoʻkuzi va sogʻar siyiri yoʻq ekan, bir necha yuz soʻmgʻa ot olib va har kuni anga hindidek parastish* etib, har kun bir soʻm sarf etar, na uchun? Toʻy va sayrgʻa koʻpkari chopmoq uchun. Oʻn-yigirma chaqirimgʻa toʻy boʻldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qoʻyub, otlanib koʻpkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt boʻldi-ketdi. Ekin birgina kun keyin sepilgan uchun pishmay qolar. Birgina kun soʻngra yigʻilgan uchun yogʻinga qolib, baʼzi xirmanlar chirib ketar.

Maʼlum bir shaharda yahudiylar baʼzan oʻluklarini oqshom eltib koʻmarlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz boʻlsa, oʻluk va toʻy uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shoreʼi aʼzam, paygʻambari akram sallollohi alayhi vasallam hazratlari oʻlganni tez koʻmub va koʻmgandan soʻngra tez tarqalib, ishgʻa ketmoqgʻa va oʻlukxona xalqini uch kundan ziyoda taʼziya tutmasgʻa, qaro kiymasgʻa, kir, falokat boʻlmasgʻa amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va rasulni soʻzigʻa va oʻzimizni nafʼimizgʻa amal qilmaymiz? Biz devonami? Biz taklif(1)dan tashqarimi, Xudo uchun soʻylangiz. Biz nima?! Shariat kitoblaridan “Faroiz, yaʼni Xudoni buyrugʻi degan kitoblargʻa: “Oʻlukni molidan avvalan oʻlukgʻa kerakli muvofiq sunnat va isrofsiz kafan qilib, dafn qilmoqgʻa sarf qilinsun, soʻngra qarzini berilur. Soʻngra ortgan mollarni varasasigʻa* muvofiqi shariat taqsim qilinib berilur”, – deyilgan ekan, biz bilʼaks kafandan soʻngra qarzgʻa bermay va hatto, sagʻir va benavo xotunlarni merosini yirtish , azoyi, sadaqa, xayrot, bilmayman, nimalar ujrasi* deb, qarzdan vorisidan ilgari taqsim qilib olarmiz. Besh-olti maʼraka va xudoyi, 8–10 jumʼa oqshomi deb butun mahalla va qishloq xalqigʻa palov berarmiz. Baʼzi bir bechora sagʻir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar. Baʼzi qarzxohlarning haqqi xudoyi va xayrot, noxudoyi* va sharrot* sababi ila kuyub ketar. Bechora oʻlukni zimmasi qarzdan qutulolmay qolur. Xudo uchun aytingiz, bu xayrotmi, bu xudoyimi? Besh-olti kun soʻngra bu xudoyi va xayrotlar uchun varisani haqqi boʻlgan mol va yerlar sotulur. Berilgan dangga* adras*, azoyi va gʻanilarni olgan yirtish va sadaqalari uchun berilur. Endi bechora varisa darbadar, ham otadan, ham vatandan ayrildi-ketdi. Bir oʻrtahol, bir bechora faqir oʻlar. Oning gʻani yaqini oʻlukni egasi boʻlub, varisa molini “obroʻy” etarman, deb isrof va barbod etar. Natijada bechora varisa* darbadar. Ey, uying obod, obroʻy qilgʻuvchi! Oʻlgan ul, sanga nima? San, gʻani, oʻz oʻlukinggʻa obro‘ qilgoning bas emasmi?

Astagʻfurillo, subhonollo. Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, oʻlmaguncha qutulib boʻlmaydur. Shaharlarda oʻrtahol, yaʼni oʻturargʻa xona va bogʻi bor bir kishi nikoh uchun ikki ming soʻm sarf etar va oʻgʻul xatnasi uchun hech boʻlmaganda ming soʻm. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 soʻmdan 10000 soʻmgacha sarf etar. Boy va zoʻraki boylar esa besh ming, oʻn minglab sarf etar. Oxiri nima boʻlur? Nima boʻlur deysiz? Ota-bobosidan qolgan mulk va vatanini oʻz ixtiyori ilan zoʻraki boyni oʻzi oʻlgandan soʻngra bir yahudiy yo bir armani ajnabiygʻa sotib toʻy va taʼziya qarzini berar. Oʻzi sotmaganda sudgʻa sotilur. Mana, yuqoridagi sarlavhada “Bizni kemirguvchi illatlar” degan odatlarimiz, shu toʻy va taʼziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur.

Bir doʻkonchi, bir gulkor. Bir faqirhol, bir kosib uchun bu toʻy va taʼziyalar oʻlumdan qatigʻdurki, muning uchun bechora har kun oʻlur. Har kun oʻlgon ila-da qutulmas. Oʻzidan soʻngra ahli ayoligʻa bu yoʻqsullik va bu musibatni meros qoʻyar. Xoʻb, yaxshi, oʻz molini toʻy va taʼziyaga isrof etsun, barbod etsun, koʻzi chiqsun. Hay, boshqa oqchasini, birov pulini na uchun barbod etar. Bu devonalikni u tarafi emasmi? Bu hol ila 20–30 sana oʻtsa, yer va havlilar ajnabiylargʻa oʻtub, aksar xalqimiz gadoylik darajasigʻa inur. Ellik sana muqaddam yer sotilsa, bir musulmon olardi, endi boshqalar olur. Mana, endi biz shu hol ilan yana yigirma-oʻttuz yil oʻtkarsak, xalqimizni yarmidan ziyodasi vatansiz, yersiz, darbadar boʻlaturgoni maʼlum va oshkordur. Bir havlida, bir roʻzgʻorda, masalan, ikki oʻgʻul, ikki qiz bor. Ato oʻlsa, ani moli toʻrt boʻlunur. Alarni har birigʻa nikoh va xatna va oʻlum mavridlari muqarrardur. Oʻzlarini zamoncha ilmi va hunari yoʻqki, konturgʻa, mahkamagʻa, bonkagʻa kirib vazifa olsa. Endi noiloj aggorlik va yo baqqollik va u boʻlmasa, muzdurlik* va mardikorlik qilishi lozim kelib, bu ishlardan faqat alarni qorni toʻyadur. Ortdurmoqqa yoʻq. Muning ustigʻa toʻy va taʼziya degan dahshatlik balolar kelgandan soʻngra bu aziz oila va roʻzgʻorgʻa yonib kul boʻlmoqdan boshqa iloj yoʻkdur. Ellik sana muqaddam bir qarish yer bir pul ekan, endi bir oltun va kelargʻa yer oltungʻa ham topilmaydur. Qirim va Qafqoz musulmonlari-da bizlardek yer qadrini bilmaslar ekan. Endi Qirimda bir tanob (600 sajin) yer oʻn ming soʻmdan oʻttuz ming soʻmgʻachadur.

Biz bir tanob yerimizni 200 soʻm sotib toʻy qilmoqchi boʻlsak, “yerni xoʻb pulgʻa urdum” deb majnunona shodlanurmiz. Insonni bu qadar ahmoqligi ajibdur. Bizgʻa lozimki, toʻy va taʼziyalarni kichik qilib va holimizcha harakatda boʻlub, kelar zamonamizni oʻylayluk. Valloh, xor-u zor munqariz* boʻlmoq ertagʻa oftobni chiqishidek muqarrardur.

Samarqandda bir mahalla borki, aksar xalqi faqr-u zaruratdan, toʻgʻrisi, aql noqisligidan havlilarini pulgʻa qiziqib yahudiylargʻa sotgan uchun mahallagʻa oz musulmon qoldi. Mahalla, maktabi yoʻq boʻldi. Masjidi-da yaqinda yoʻqolur. Mana, bizni aqlsizligimizni oxiri va isroflarimizni xotimasi dinimizgʻa futur kelmoqigʻa sabab boʻlur.

Din uchun, masjid va maktab uchun aqcha, sarvat, davlat, somon* kerakdur. Toʻy va taʼziyaga sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib* ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat* va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur. Qo eʼtaba-ru yo avval ul-absar!(2)

                                                 Mahmudxoʻja BEHBUDIY

“Oyna” jurnali, 1915-yil 13-son.

Izohlar:

1. Taklif – bu yerda insoniy burch, vazifa maʼnosida.

2. Tarjimasi: Ey koʻzi ochilganlar, (atrofga) eʼtibor qiling.

*sil-ar-iya – oʻpka sili

*jonxarosh – jon azobi

*parastish – eʼtiqod, ixlos

*ujra – ijara puli, haq

*noxudoyi – xudosizlik

*sharrot – yovuzlik

*dang – koʻchmas mulkning oltidan biri

*adras – mato

*varisa – merosxoʻrlar

*muzdurlik – yollanib ishlash

*munqariz – tugab bitish

*anqarib – qisqa muddatda

*somon – qudrat,boylik

*zillat – tubanlik