Noam Xomskiy – Massachusets texnologiya instituti professori, lingvist, filosof, jamoat arbobi, siyosiy tahlilchi, hozirgi zamonning eng atoqli faylasuflaridan biri hisoblanadi. Uning kitoblari dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlarida nashr qilingan. Olimning ommaviy axborot vositalari va hukmron doiralar tomonidan inson ongini manipulyatsiya qilish usullari borasida tuzgan roʻyxati butun dunyoda juda katta qiziqish uygʻotdi. Roʻyxat quyidagicha tuzilgan:

1. Diqqatni chalgʻitish

Siyosiy va iqtisodiy doiralar tomonidan qabul qilinayotgan oʻta muhim qarorlar va dolzarb muammolardan odamlar diqqatini chetga tortish, chalgʻitish uchun axborot makonini ahamiyatsiz xabarlar bilan toʻldirish jamiyatni boshqarishning asosiy elementi hisoblanadi. Bunda axborot makoni inson aql-idrokini charxlashga qaratilgan mavzular oʻrniga sport, shou-biznes, mistika, erotika, maishiy turmush mashmashalari, oson va tez boyishga qaratilgan shubhali syujetlar bilan boyitilgan xabarlar ila toʻldiriladi.

2. Muammo – munosabat – yechim

Odamlar taʼsirlanadigan va ommaviy munosabat bildirishiga moʻljallangan shunday bir muammo, «vaziyat» yaratiladiki, aholining oʻzi hukmron doiralarga kerak boʻlgan choralar, qarorlar qabul qilinishini talab qila boshlaydi. Misol uchun, fuqarolar «grajdanlik» erkinliklarini cheklashga qaratilgan boʻlsa-da, xavfsizlik choralarini kuchaytiruvchi qonun qabul qilinishini talab qilishsin, deb shaharlarda zoʻravonliklarga ataylab yoʻl qoʻyiladi yoki qonli terroristik xurujlar uyushtiriladi.

3. Tadrijiylik (Bosqichma-bosqich)

Aholi oʻrtasida norozilik keltirib chiqaradigan chora-tadbirlar tadrijiylik asosida, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 1980–1990-yillardagi tamoyil jihatdan yangi global ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar (neoliberalizm) xuddi shu tarzda tiqishtirilgan edi. Oqibatda davlat funksiyalari minimum darajaga tushib qoldi, mamlakat mulkini xususiylashtirish ommaviy tus olib, jamiyatda ertangi kunga ishonch va barqarorlik yoʻqoldi. Ommaviy ishsizlik avj olishi bilan birga munosib turmush sharoitini taʼminlaydigan maosh yoʻqoldi. Agar bu ishlar bosqichma-bosqich emas, birdaniga amalga oshirilganda edi shaksiz inqiloblar yuz berardi.

4. Ijroni keyinga qoldirish, muhlatni choʻzish

Aholining keskin noroziligiga sabab boʻladigan qarorning «taftini soʻndirish»ning yana bir usuli – uni «ogʻriqli va oʻta zarur» muammo sifatida taqdim etish hamda fuqarolarni bu muammoni hal etishga qaratilgan qarorning kelajakda amalga oshirilishiga koʻndirishga erishishdir. Odamlar ayni paytda emas, kelajakda qurbon berishga tezroq va osonroq rozi boʻlishadi.

Xoʻsh, odamlar nima uchun bunga rozi boʻladi? Birinchidan, norozilikka sabab boʻladigan qaror darhol qabul qilinmaydi. Ikkinchidan, xalqning juda katta qismi «ertaga hamma narsa yaxshi tomonga oʻzgaradi» va shu bois undan talab qilinayotgan qurbonlikdan qutilib qolish mumkin, degan sodda xomxayollarga berilishga moyildir. Bu usul vaqti-soati kelib oʻzgarishlarga oʻy-fikrlarida anchayin koʻnikkan odamlar gardaniga ogʻir yuk boʻlib tushadigan qarorni ham jimgina bosh egib qabul qilishiga yordam beradi.

5. Xalqni yosh bolaga aylantirish

Keng ommaga qaratilgan targʻibot maʼruzalarining aksariyatida dalillar, personajlar, soʻz va uning ohangi shunday tanlanadiki, goʻyoki targʻibotchi maktab yoshidagi bolalar yoki aqlan rivojlanmay qolgan individlar davrasida ishtirok etayotgandek. Xoʻsh, nima uchun bunday usul qoʻllanadi? Kimdir odamlarga xuddi 12 yoshli bolakayga murojaat qilgandek soʻzlasa, tabiiyki eshituvchining munosabatida ham bolalarga xos boʻlgan tanqiddan xoli baho va javobga ega boʻladi.

6. Hissiyotga urgʻu berish

His-hayajonga taʼsir koʻrsatish – odamlarda voqealarni ratsional tahlil etish uquvini jilovlab qoʻyish orqali atrofda sodir boʻlayotgan voqelikka tanqidiy qarash koʻnikmasidan mosuvo qilishga qaratilgan klassik neyrolingvistik dasturlash usuli hisoblanadi.

Boshqa tomondan esa hissiyotga berilish omilidan foydalanish ong ostiga fikrlar, istaklar, qoʻrquv, xavotir yoki jamiyatda oʻzini tutishning barqaror modellarini joylab qoʻyishga ham yoʻl ochadi. Natijada, ochlar va xoʻrlanganlarning chekayotgan azob-uqubatlari, hukumatning adolatsizligi, terrorizmning shafqatsizligini hissiyotga berilib laʼnatlash jamiyatda sodir boʻlayotgan voqealarning haqiqiy sabablarini parda ortiga berkitadi.

7. Aholini aqlan zaiflashtirish (dumbul odamga aylantirish)

Ommani boshqarish va hukumat irodasiga boʻysundirish uchun qoʻllanilayotgan usul va metodlarni anglolmasliklariga erishish – muhim strategiya. Bunda jamiyatning past tabaqasiga berilayotgan taʼlim sifati oʻrtamiyona boʻlishi lozim. Toki jamiyatning quyi tabaqalarini oliy tabaqadan ajratib turuvchi jaholat yengib oʻta olmaydigan darajada boʻlishi shart.

8. Oʻrtamiyonalikni urfga kiritish

Hokimiyat egalari zehni past, farosatsiz, hayosiz va tarbiyasiz boʻlish hozir urfda degan qarashni ommaga singdirish payida boʻladi. Bu usul yuqoridagi metod bilan chambarchas bogʻliq, shu bois zamonaviy dunyoda oʻrtamiyonalik ijtimoiy hayotning barcha sohalarida – diniy sohadan tortib ilm-fangacha, sanʼat va siyosatda juda katta miqdorda namoyon boʻlmoqda.

Janjallar, «sariq matbuot», jodugarlik va sehr, shubhali, bemaʼni yumor va populistik aksiyalar – bularning barchasi yagona maqsadga erishishga qaratilgan: odamlar real, haqiqiy hayotning cheksiz bagʻridagi chin haqiqatlarni anglash darajasida ongli boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik!

9. Aybdorlik hissini rivojlantirish

Yana bir vazifa – insonning shaxsiy baxtsizliklarida aqliy salohiyati pastligi, uquvsizligi va yetarli darajada saʼy-harakat koʻrsata olmayotganligidir, shu bois bu uchun faqat oʻzing aybdor, degan hisni singdirish.

Natijada odam iqtisodiy tizimning noqisliklariga qarshi bosh koʻtarish oʻrniga, har narsada oʻzini ayblab, kamsita boshlaydi. Oqibat tushkunlikka tushadi, bu esa koʻpgina noxushliklar bilan birga harakatsizlikka olib keladi. Ayni muddao!

10. Inson feʼl-atvorini aʼlo darajada bilish

Keyingi 50 yilda fan taraqqiyoti oddiy odamlarning bilimlari bilan hukmron sinflar ega boʻlgan va foydalanayotgan maʼlumotlar oʻrtasidagi farqni nihoyatda kattalashtirib yubordi. Biologiya, neyrobiologiya va amaliy psixologiya tufayli davlat tuzilmalari insonning ham fiziologiyasi, ham psixikasiga taalluqli eng zamonaviy bilimlarni qoʻlga kiritdi. Davlat tizimi inson haqida uning oʻzidan koʻra koʻproq narsani biladigan boʻldi.

Jaloliddin SAFOYEV

tarjimasi