Ilk navoiyshunos
Zahiriddin Muhammad Bobur ‒ Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, yoshlari oʻrtasidagi farq 42 yil. Demak, ular oʻzaro ota-oʻgʻil yoshida boʻlgan, lekin hayotda koʻrishmoq nasib etmagan.
Professor Abduqodir Hayitmetov ilk navoiyshunoslar safida Boburni ham sanab, “Boburnoma” asarida Navoiy va u yashagan ijtimoiy-siyosiy, madaniy muhit yangicha qarashlar bilan yoritib berildi” deb yozadi (Hayitmetov A. Ilk navoiyshunoslar. “Naqshbandiya” jurnali, 2012-yil, 2-son. 9-bet).
Bu ikki siymo munosabatlari ozmi-koʻpmi oʻrganilgan. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”dagi maqolaning bir fasli aynan shu masalaga bagʻishlangan (Sirojiddinov Sh., Aʼzam A. Navoiy. Amir Nizomiddin Alisher. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. Toshkent, “Sharq”, 2014. 386–388-betlar). Jumladan, ularning shaxs sifatidagi oʻxshash jihatlari, Bobur lirikasiga Navoiy taʼsirining ayrim qirralari, “Aruz” risolasining birinchi qismida Navoiydan 26, ikkinchi qismida esa 264 bayt misol oʻlaroq olingani, asarda faqat Navoiydangina bir necha gʻazal toʻliq keltirilgani, Bobur “edi” radifli gʻazalini Navoiyning bir voqeaband gʻazalidan taʼsirlanib yozgani bayon etiladi. Ayni choqda kichik zamondoshining Navoiyga tanqidiy munosabati ham eslab oʻtiladi: “Boburnoma”da bunday yuksak baholar bilan bir qatorda Navoiy ijodining ayrim jihatlari: “Mezon ul-avzon”, “Munshaot” asarlari va forsiy devoniga nisbatan salbiy baholar mavjud. Bunday mulohazalarning tugʻilishi, bir tomondan, Boburning qoʻliga tushgan qoʻlyozmalarning xatolar bilan koʻchirilgani (S.Hasanov) yoki Navoiy ijodi bilan toʻliq tanishib ulgurmagan paytda aytilgani bilan izohlanadi”. Maqola mualliflari Boburning Navoiyga munosabatini belgilashda faqat “Boburnoma” bilan cheklanish xatoligini qayd etib, “Boburnoma”dagi fikrlarni muallif umrining oxirlarida bitgan “Aruz” risolasi va Navoiy sheʼriyatining Bobur “Devon”iga taʼsiri bilan birga qarash lozim” deydilar va isbot tariqasida mazkur misolni keltiradilar: Bobur “Aruz” risolasida Navoiy tomonidan “Daryoi abror” (Xusrav Dehlaviy) qasidasiga javoban yozilgan “Tuhfat ul-afkor” qasidasidagi kabi matla’ kam voqe boʻlganini qayd etgan ekan. Xullas, bu olimlarimiz fikricha, “Bobur Navoiyning ijodi va siyosiy faoliyati bilan yaqinroq tanishib borar ekan, unga eʼtiqodi ham yuksala borgan”.
Bizningcha, bu dalillar Boburning Navoiyga tanqidiy munosabati butkul oʻzgarganini toʻliq isbotlay olmaydi.
Taniqli adabiyotshunos Otabek Joʻraboyev “Bobur ‒ navoiyshunos” (“Jadid” gazetasi, 2024-yil, 9-fevral) maqolasida ikki ulug‘ zot munosabatlariga oid qator fakt va maʼlumotlarni keltiradi. Maqola muallifi “Aruz risolasi”da Navoiydan 215 ta parcha keltirilib, bittasidagina uning muallifi ochiq aytilmaganini qayd etadi, “Xazoyin ul-maoniy”ning birinchi devonidan 88, ikkinchi devonidan 38, uchinchi devonidan 26, toʻrtinchi devonidan 24 sheʼriy parcha keltirilganini aniqlaydi. Bu jami 186 tani tashkil etadi. “Qolgan 37 ta sheʼr (bayt va ruboiylar) esa “Xazoyin ul-maoniy” tarkibida yoʻq asarlardir. Albatta, ularning ham aynan Alisher Navoiyniki ekanligiga hech bir shubha yoʻq” deb yozadi O.Joʻraboyev. Keltirilgan sonlarni qoʻshsak, 215 emas, 223 kelib chiqyapti, demak, bu yerda raqamlarda ozgina adashish bor. Shuning uchun olimning oʻzi taʼkidlagan mana bu fikrga biz ham qoʻshilamiz: “Boburning “Aruz risolasi” ustida hali ilmiy-qiyosiy va matniy tadqiqlar davom etishi lozim”.
Jabhalar
Bizningcha, Boburning Navoiyga munosabatini quyidagi toʻrt yoʻnalishda oʻrganish zarur: Bobur lirikasiga Navoiyning taʼsiri; “Aruz risolasi”da Navoiy sheʼriyatiga munosabat; “Boburnoma”da Navoiy ijodiga berilgan ijobiy baho; “Boburnoma”da Navoiy ijodiga nisbatan tanqid.
Koʻrib oʻtilgan tadqiqotlarda bularning har biriga oid ozmi-koʻpmi mulohazalar bor. Hech boʻlmaganda, ular ilmiy masala qilib oʻrtaga qoʻyilgan. Kelajakda shu toʻrt jabha boʻyicha jiddiy va yirik tadqiqotlar yozish kerak.
Tanqid ustiga tanqid
“Boburnoma”da muallifning Navoiyga yuksak ehtiromi yuqorida koʻrsatilgan ishlarda, ayniqsa, Otabek Joʻraboyev maqolasida bayon etilgan, ammo bir jihat – “Boburnoma”da Navoiy ijodiga tanqidiy munosabat ochiq qolgan. Xoʻsh, shuncha yuksak ehtiromiga qaramay, Bobur nega Navoiyga baʼzan bepisandroq munosabatda boʻladi?
Odatda chin muxlis ixlos qoʻygan insonidan ayb qidirmaydi. Gʻarbona qarashda ifodalasak, “kumir” deb bilgan kishisida ayb koʻrsa-da, uni koʻrmaslikka oladi. “Beayb – Parvardigor” deb qoʻyaqoladi. Navoiy Sulton Husaynda ayb koʻrmagan deb oʻylaysizmi? Axir, buyuk mutafakkir umrining yarmidan koʻpi, aniqrogʻi, 31 yili bevosita yoki bilvosita aynan shu hukmdor xizmatida kechgan-ku. Asarlaridagi shohlarga xos qanchadan qancha illatlar tanqidida zimdan oʻzi doxil boʻlgan saroyda koʻrgan-kechirganlarining taʼsiri yoʻqmi? Bor. Yo Sulton Husayn shu darajada tanqiddan xoli, yaʼni farishta zot edimi?..
Nega Bobur Navoiyga nisbatan shunday diplomatik yoʻl tutmadi?
Bu savolga javob bermoq uchun “Boburnoma”dagi Navoiy tanqid qilingan barcha parchalarni koʻrib oʻtishga toʻgʻri keladi. Ayon boʻladiki, Bobur dastlabki navoiyshunoslardan biri, shu bilan birga, uning dastlabki ashaddiy tanqidchisi hamdir.
Navoiy “taqlidchi”mi?
Bobur “Xamsa”, “Lison ut-tayr” hamda “Xazoyin ul-maoniy”ni tilga oladi. Albatta, bular oʻzbek adabiyotini jahon soʻz sanʼati darajasiga olib chiqqan asarlar. Shundan soʻng birdan tanqid boshlanadi: “Yana baʼzi musannafoti borkim, bu mazkur boʻlgʻonlargʻa boqa pastroq va sustroq voqe’ boʻlubtur. Ul jumladin, insholarini Mavlono Abdurahmon Jomiygʻa taqlid qilib jam’ qilibtur. Hosili kalom, har kimga har ish uchun har xatkim, bitibtur, yigʻishtirubtur” (Boburnoma. Toshkent, “Fan”, 1960. 233-bet).
Axir, Navoiyning maktublari ham yuksak qalam sohibi tarafidan bitilgan-ku! Qolaversa, ular ulkan tarixiy ahamiyatga ega: shu asosda kitobxon shoir shaxsining koʻp-koʻp qirralari, jumladan, ijtimoiy faolligi, zamon kishilariga munosabati, hayotiy pozitsiyasi, davlat va jamiyat, din va tasavvuf masalalariga aralashuvi va hokazolarni bilib oladi. Xatga xat talabi bilan yondashish kerak, badiiy asar talabi bilan emas. Ikkinchidan esa, maktublarini Jomiy kabi yigʻib, toʻplam holiga keltirishining nimasi yomon? Bir muallifning oʻz xatlarini jamlashini anʼana deb bilsak, Navoiy shuni davom ettirgan, xolos. Uchinchidan, mabodo, bu kamchilik boʻlganida ham, Bobur aytmay ketishi mumkin edi-ku...
Navoiy aruzni Boburchalik bilmaganmi?
“Yana “Mezon ul-avzon” otliq aruz bitibtur, bisyor madxuldur. Yigirma toʻrt ruboiy vaznida toʻrt vaznda gʻalat qilibtur. Baʼzi buhurning avzonida ham yangilibtur, aruzgʻa mutavajjih boʻlgʻon kishiga maʼlum boʻlgʻusidur”.
Bu yerda “bisyor madxuldur” degani maqtov (madxul ‒ daxldor degani). “Mezon ul-avzon”da turkiy aruz vaznlari tasnif qilingan. Bunday sof turkiy aruz ilmiy tahlil etilgan asar Navoiygacha yaratilmagan edi. Unda birorta fors-tojik tilidagi sheʼrdan misol yoʻq. Xoʻsh, nega Bobur shunday buyuk tadqiqotda xatolar koʻrdi? Professor Ummat Toʻychiyev Bobur xato deb hisoblagan oʻrinlarga toʻxtalib, uning qoʻlidagi asar xattotlar xato koʻchirgan nusxa boʻlganini aytadi. Ammo buni oʻsha qoʻlyozmani koʻrmay turib isbotlab boʻlmaydi. Chunki Bobur qaysi qoʻlyozmani oʻqigani maʼlum emas. Binobarin, “Mezon ul-avzon” Boburning tanqidi asosida jiddiy oʻrganilishi zarur.
Jomiy va Bobur bahosi nega zid?
“Forsiy devon ham tartib qilibtur. Forsiy nazmda “Foniy” taxallus qilibtur. Baʼzi abyoti yomon emastur, vale aksar sust va furudtur”. Bobur “Devoni Foniy”dagi sheʼrlarni nega “boʻsh va past darajada” deb taʼriflagan? Yo haqiqatan ham shundaymi? Unda Mavlono Abdurahmon Jomiydek ulugʻdan ulug‘ zot “Xiradnomayi Iskandariy” dostonida Navoiy haqida mana bunday demagan boʻlar edi:
Ba turky zabon naqshe omad achab,
Ki chodudamonro buvad moʻhri lab.
...Bubaxshid bar forsi gavharon,
Ba nazmi dary durri nazmovaron,
Ki gar budy on ham ba lafzi dary,
Namondy macholi suxangustary.
Ba mizoni on nazmi moʻchaznizom,
Nizomy ky budiyu Xisrav – kadom?
Mazmuni: turkiy tilda shunday bir ajoyib naqsh keldiki, jodugar-u sehrgarlar ham tillarini tiydi... Hali ham u forsiy tilda gavhar sochib, forsiyda durlarni nazmga soluvchilarni ayadi. Bordi-yu u ham forsiyda ijod qilganida edi, ularning soʻz aytishga majoli qolmas edi. Uning puxta-pishiq, ixcham nazmi oldida Nizomiy kim boʻlar edi-yu Dehlaviy kim? (Jomiy va Navoiy. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1989. 20-bet).
Nima, Jomiy yolgʻon yozganmi? Mubolagʻadan foydalanganmi? Navoiyga xushomad qilganmi? Yoʻq. Bizningcha, unisi ham, bunisi ham emas.
Binoiy mudom Navoiyni mot qilganmi?
“Boburnoma”da Navoiy va Binoiy munosabatlari, oʻrtalaridagi qattiq-quruq hazil-mutoyibalar nisbatan kengroq bayon etiladi. Bir misol keltiramiz: “Alisherbekki, qalin nimalar ixtiro’ qilib edi va yaxshi nimalar ixtiro’ qilib edi, har kishikim, har ishga bir nima paydo qildi, ul nimaning rivoj va ravnaqi uchun “Alisheriy” der edi. Baʼzi zarofat bila Alisherbekka isnod qilurlar edi. Nechukkim, Alisherbek quloq ogʻrigʻida yogʻliq (roʻmol) bogʻlagʻon uchun xotunlar koʻk yogʻliqni qiyiq bogʻlagʻonni “nozi Alisheriy” ot qoʻydilar. Bu jumladin, Binoiy Hiridin azimat qilur vaqt eshagi uchun polondoʻzga (toʻqimchiga) gʻayrimuqarrar (oʻziga xos, boshqacha) polone buyurur, otini “Alisheriy” der, “poloni Alisheriy” mashhur boʻldi”.
“Boburnoma”da keltirilgan epizodlarda xuddi yuqoridagidek hamma vaqt Binoiy Navoiyni mot qilgan boʻlib chiqadi. Holbuki, bu sira gap talashishlarda Navoiy juda koʻp oʻrinlarda yutgan ham.
Bobur bir qoʻpol hazilni bitar ekan, ikki narsani unutmaydi: voqea bayonidan keyin “va-l-uhdatu al-ar-roviy”, yaʼni “buning toʻgʻri yoki xatoligi menga shu rivoyatni aytgan kishining gardanida” deb yozadi. Demak, bu hazil-mutoyibaga Boburning oʻzi bevosita guvoh boʻlmagan. Yana kitobxon huzurida bir oz xijolat chekib “Maʼzur tutung. Muncha zarofatkim, boʻldi, Tengri uchun xotiringizgʻa kechurmang” deya qoʻshib ham qoʻyadi.
Tanqid huquqi
Xoʻsh, nega Bobur Navoiydek ulug‘ zotga bepisandroq munosabatda boʻldi? Bizningcha, buning uch sababi bor: 1) Bobur tabiatan oʻta realist shaxs edi. Borini boricha, hech narsani yashirmasdan yozish uning qatʼiy aqidasiga aylangan. Hatto oʻz otasi va amakilari, boshqa yaqinlariga baho berayotganda ham shu jihatni sezish qiyin emas; 2) Bobur temuriy hukmdor edi. Yozayotganida u Tangri taolodan boshqa hech bir zot oldida oʻzini burchdor yoki javobgar his qilmas, Navoiy maqom nuqtai nazaridan shoh oldida bir vazir edi. Uning hayoti va ijodiga baho berayotganida Bobur aynan shu pozitsiyadan turib yondashdi; 3) Abusaid mirzo Boburga ota tomondan bobo boʻlib, 1451-yili Samarqand taxtiga oʻtiradi. Abulqosim Bobur vafotidan keyin (1457-yil 21-yanvar) Hirot taxti uchun kurash boshlanib ketadi va bu kurashda Abusaid mirzo gʻolib boʻladi. Navoiy Abulqosim Bobur saroyida xizmat qilgan mulozim, bundan tashqari Hirot taxti uchun kurashgan Sulton Husaynning yaqin doʻsti edi. Shuning uchun Abusaid Navoiyni Hirotdan surgun qildi. Bu haqda “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusaid mirzo Hiridin ixroj qildi” deb yozadi Bobur.
Dastlabki ikki sababni batafsil sharhlab oʻtirishga hojat boʻlmasa kerak. Ammo uchinchi sababni kengroq talqin etishga toʻgʻri keladi.
Nahotki, Bobur oʻz bobosining Navoiyni nima sababdan surgun qilganini bilmasa? Axir, u Abusaid mirzo Navoiyning ikki togʻasini qatl ettirganini ochiq yozadi-ku. Kim ikki togʻasini qatl ettirgan podshohga el boʻla oladi? Bobur Navoiy togʻalarining oʻldirilishi sabab Sulton Abusaidga dushmanga aylanganini bilgan.
Ikki togʻaning qotili
Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining ikkinchi majlisiga ikki togʻasini ham kiritgan. Birinchi togʻasi Mir Said Kobuliyning “turkchaga mayli koʻproq” ekanini qayd etib, bir tuyugʻini keltiradi. Biz uchun muhimi shuki, uni kim oʻldirganini ham aytadi: “Sulton Abusaid mirzo ilgida Saraxs qoʻrgʻonida shahid boʻldi”. Ikkinchi togʻasi Muhammad Ali Gʻaribiy yanada isteʼdodliroq, xushsuhbat, xushxulq ekani, musiqiy ilmidin ham xabardorligi, xati chiroyliligini yozadi. Nadomatlar boʻlsinkim, shunday yigitni ham Abusaid oʻldirtiradi: “Sulton sohibqiron xizmatidin gʻariblik ixtiyor qilib, Samarqandda qolgʻonda ogʻasining qotili shahodat martabasigʻa yetkurdi”.
Majlisiyni oʻlimdan saqlagan mukofot
Hasanxoja Nisoriyning (XVI asr) “Muzakkiri ahbob” (“Doʻstlar yodnomasi”) tazkirasidagi bir bob chigʻatoy sultonlariga bagʻishlangan. Holbuki, bu sultonlarning Chigʻatoyxonga (1183–1241) bevosita avlodligi yoʻq. Gap shundaki, bizning yurtimizni Chingizxon ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyga bergan, Movarounnahrning qarluq-chigil lahjasida soʻzlashadigan oʻtroq aholisi bora-bora “chigʻatoylar” deb atalgan. Eski oʻzbek adabiy tili shu lahjaga asoslangani uchun “chigʻatoy tili” deb yuritilgan. Shu tariqa kishi ismi millat nomiga aylanib ketgan. Chigʻatoy sultonlari deganda esa oʻsha zamonlarda temuriy hukmdorlar tushunilgan.
Xullas, tazkirada qiziq bir voqea bayon etilgan: Mavlono Majlisiy Zahiriddin Boburga qasida yozib, hukmdor majlisida oʻqib beradi. Bobur shoirni 7 ming tanga bilan siylamoqchi boʻladi. Qasida hali tugamay turib, shohning xayoliga chigʻatoy ulusi tahqirlab yozilgan, Muhammad Solihga nisbat beriladigan bir ruboiy tushib, sheʼrini tugatishi bilan Majlisiydan “Muhammad Solih bu ruboiyni ne sabab bilan yozgan?” deb soʻraydi. Majlisiy “Bu ruboiy podshohga yoqqanga oʻxshaydi” deb oʻylab, “U sheʼrni men yozganman, ayrimlar bilmasdan Muhammad Solihga nisbat berishadi” deydi. Bobur Mirzoning avzoyi buziladi, shoirni qatl ettirmoqchi boʻladi. Lekin Xudo koʻngliga afv solib “Qasida siylovi uchun tayin etilgan 7 ming tanga uning xun bahosi boʻlsin, ammo oʻzini darhol bu yerdan daf qilinglar!” deb buyruq beradi (Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob. Doʻstlar yodnomasi. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 80-81-betlar).
Atoqli adabiyotshunos Natan Mallayev Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” asarida keltirilgan, Muhammad Solih Shayboniyxonning temuriylarga hujumini maqtab yozgan mana bu ruboiyni Boburning gʻazabini qoʻzgʻagan sheʼr deb taxmin qiladi:
Miskin chigʻatoyki, kunduzi tundur anga,
Ahvoli parishon-u, qaro tundur anga.
Magʻrur boʻlub, sigʻmas edi Yer yuziga,
Sichqon tushugi emdi ming oltundur anga
(Mallayev N. Oʻzbek adabiyoti tarixi. XVII asrgacha. Toshkent, “Oʻqituvchi”, 1976. 634-bet).
Bobur ona tarafdan Chigʻatoyxonning avlodi edi. Shuning uchun chigʻatoy ulusiga otilgan tosh uning yuragiga ikki karra tegar edi. Uzoq ajdodini va xalqini tahqirlab yozgan shoirdan shunday oʻch olgan qaysi nevara koʻnglida ota tarafdan bobosi Abusaid mirzoni yomonlab, tarixda badnom qilib ketgan shoirga nisbatan kek saqlamaydi?..
Har qancha kechirimli boʻlmasin...
Bobur bilar ediki, Navoiy uning bobosini avval Samarqanddan ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yoʻllagan sheʼriy maktubi – “Masnaviy”da, keyin esa “Saddi Iskandariy”da qattiq tanqid qilgan. Maktubda Hirotda ahvol nihoyatda ogʻirlashgani tasvirlanadi, Samarqand eli Hirot ahlini talagani, asir qilgani yoziladi – Samarqand eli boshida esa Boburning bobosi turgan edi.
“Saddi Iskandariy”ning 29-bobi Abusaid haqida. Unda dushman taraf Abusaid lashkarini yetarli maosh bilan taʼminlagani, lashkar shu bois gʻanim tarafga oʻtib, mirzoning qatl etilishiga yordam qilgani, Boburning bobosi sharmandalarcha halok boʻlgani yoziladi. Mana, bobning sarlavhasi: “Sulton Abusaid Koʻragon navvara marqadahu hikoyatikim, royi uqdakushoyi bila koʻp mamlakat oldi va tigʻi umrfarsoyi bila koʻp elga oshub soldi va lekin sipohi rozi emas erkandin ish vaqti borcha qoʻzgʻoldi va oʻzi aʼdo (dushman) aro mahlakaga (tahlikaga, xavfli vaziyatga) qoldi, balki xasm (dushman) ul sarafrozning tigʻi kin bila boʻynin choldi” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. 11-tom. Toshkent, “Fan”, 1993. 198-bet).
Navoiy Abusaid mirzoda jahongirlik daʼvosi kuchliligi, unga gʻayb olami koʻp hunar bergan boʻlsa ham, bir aybi borligi – eli va lashkarini koʻp tanqis tutishi, yaʼni sipohiga durust maosh bermasligi, shu tariqa bisyor xazina toʻplashga mayli borligi, bundan oʻzi xursand-u, xalqi esa qattiq noroziligini ochiq bitadi.
Sulton suyagini xoʻrlamas, deganlaridek, har qancha adolatli va kechirimli boʻlmasin, bu tanqid Boburga yoqmagani aniq.
Jomiy nega Hirotni tark etdi?
“Xamsat ul-mutahayyirin”da yoʻl-yoʻlakay aytib oʻtilgan, lekin jahon adabiyoti tarixi uchun muhim bir maʼlumot bor: Abdurahmon Jomiy Shohrux Mirzo hukmdorligining oʻrtalaridan to Abusaid Mirzo podshohligining avvaliga qadar poytaxt Hirotda, keyin shahar chetidagi Xiyobon degan joyda piri Saʼdiddin Koshgʻariy qabri boshida yashagan. Navoiy “Masnaviy”sidagi tasvirlardan Jomiy poytaxtni bekordan-bekorga tark etmagan boʻlsa kerak degan taxminga boramiz. Chunki Abusaid Mirzo boshchiligidagi Samarqand lashkarining Hirotdagi talon-toroji, bosqinchiligi naqshbandiy pirni bu notinch joyni tark etishga majbur qilgan boʻlsa ajab emas. Navoiy buni ochiqlamagan boʻlsa ham, ishora bilan kitobxonga bildirib oʻtadi.
Laʼl ustunmi yoki tosh qozon?
Navoiy zamonasida fors-tojik tilidagi mana bu bayt juda mashhur boʻlgan: “Laʼl sang astu degi sangin sang, // Lek andar miyon tafovuthost” (mazmuni: laʼl ham, tosh qozon ham tosh, lekin oʻrtada farq bor).
“Xamsat ul-mutahayyirin”da yozilishicha, bir kuni hazrat Jomiy huzurida birov shu satrlardan, laʼl bilan tosh qozon oʻrtasidagi oʻxshash va farqli taraflardan soʻz ochadi. Shunda Jomiy bir shayxning bu haqda aytgan gapini keltiradi: “Tosh qozonda har xil laziz taomlar pishiriladi, undan katta-yu kichik hamma manfaat koʻradi. Laʼldan esa xaloyiqqa turli zararlar yetadi”. Yuzaki qaraganda, bu suhbat bir bayt maʼnolarining talqinidan boshqa narsa emas. Shohga, zamonga, siyosatga hech ham aloqasi yoʻqdek. Ammo Navoiy bu kichik imkoniyatni ham qoʻldan chiqarmaydi – aloqa topadi va buni Abusaid Mirzo siyosatiga bogʻlaydi: “Oʻsha kunlari Sulton Abusaid Mirzo Hirotda har kishida javohir boʻlsa – olib, boʻlmasa – tintuv oʻtkazib, elga har xil azob va zarar yetkazayotgan va bu bayt oʻqilgan majlisda esa tosh qozonda osh pishayotgan edi”. Bu yerda ham Abusaid Mirzoning zulmkorligi, bosqinchiligi va adolatsizligi qayd etib oʻtilgan.
Qistirib oʻtilgan tanqid
Yozuvchilik qiziq kasb: yozadiganingizni birinchi va ikkinchi darajaliga ajratib olishga majbursiz. Kitobxonga keyingisining hech qizigʻi yoʻq-da. Uni aytmaslik kerak, vassalom. Xoʻsh, Navoiydek buyukdan buyuk sohibi qalam shu oddiydan-oddiy qoidani bilmaydimi? Bilganda qandoq! Lekin...
“Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiyning avliyoligiga misol sifatida bir voqea bayon etiladi: Xoja Dehdor degan kishining tushiga hazrat Jomiy kirib “Qurʼon oʻqi!” debdi. Oradan yetti-sakkiz yil oʻtib, Xoja Dehdor buni Navoiyga aytadi. Ulug‘ shoir “Modomiki, piri komilimiz tushingga kirib “Qurʼon oʻqi!” degan boʻlsalar, endi Kalomullohni yod ol” deydi unga. Xoja Dehdor bu maslahatga kirib, kuchli qori boʻlib yetishadi. Bu tush koʻrilganidan oʻttiz besh yil oʻtganidan keyin Jomiy jon uzayotganida boshida Qurʼon oʻqish uchun qori topilmaydi. Xoja Dehdorni Navoiy Astrobodga yuborgan edi, u Navoiyning bu yerdaligini bilib yetib keladi va Jomiyning oxirgi nafasida boshida Qurʼon tilovat etib turadi.
Bor gap shu, Abusaid mirzoga daxl qiladigan hech yeri yoʻq. Lekin... masala shundaki, Xoja Dehdor bu tushni koʻrgan mahalda Abusaid Mirzo xizmatida edi. Navoiy oʻsha yili “Sulton Abusaid Mirzo avval qatla Shohruxiya qoʻrgʻonin borib qabab erdi, ul yurushta Xoja Dehdor bilan erdi” deya sultonning bosqinchiligini qistirib oʻtadi.
Navoiy nega Mashhadga bordi?
“Holoti Pahlavon Muhammad” manoqibida Navoiy Mashhadga borgani, u yerda betob boʻlgani, Pahlavon Muhammad xabar topib, uni davolashga hissa qoʻshgani haqida soʻzlaydi. Ammo bahonada Hirotni tark etgani sababi ham aytiladi: “Sulton Abusaid Mirzo zamonidakim, Xuroson ahli Samarqand ahligʻa asir erdilar va har nav’ zulm va taaddiki (tajovuz), alardin voqe’ boʻlsa, bu asirlar mute’ va farmonpazir. Bu faqirni ayni iflosu falokat va sarnavishu ranjurish Mashhad sori tortib, eltti...” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 15-tom. 114-bet). Maʼlum boʻladiki, Navoiy Abusaid Mirzo dastidan Hirotdan chiqib ketganda avval Samarqandga emas, Mashhadga borgan.
Bobur nega Navoiyning ukasiga ish bermadi?
“Yana Darvesh Alibek edi. Alisherbekning tuqgʻan inisi edi. Necha mahal Balxning hukumati munda edi. Balxda yaxshi bekliklar qildi. Tiyra magʻz va behunarroq kishi edi. Sulton Husayn Mirzo avval Qunduz va Hisor ustiga kelganda tiyra magʻzligʻidin tutturdilar. Balx hukumatidin maʼzul boʻldi. Tarix toʻqquz yuz oʻn oltida men Qunduz kelganda mening qoshimgʻa kelib edi, masx (basharasi oʻzgargan) va mabhut (hayron qolarli) edi. Beklik qobiliyatidin dur (uzoq) va ichkilik salohiyatidin mahjur (tushkun). Gʻolibo, Alisherbek vositasidin muncha rioyat topqandur” (“Boburnoma”, 235-bet).
Xoʻsh, Sulton Husayn Navoiy hurmatidan uning ukasini hokim qilgan ekan, Bobur nega unga ish bermadi? Bu ham mayli. Navoiyning hurmatidan muallif Darvesh Alibekning shu kamchiliklarini aytmay ketsa ham boʻlar edi-ku. Boz ustiga, Husayn Mirzo Navoiyning hurmatidangina unga Balx bekligini berganini ham pisanda qilib oʻtadi...
Tabrik maktubi
Bobur ikkinchi bor Samarqandni olganda Navoiydan tabrik maktubi keladi. Samarqandda kim hukmdor boʻlishi Sulton Husayn podshohligidagi Xuroson davlati uchun hayot-mamot masalasi edi. Xuroson davlatida “muqarrabi shohiy” (shohning eng yaqin kishisi) martabasiga ega, boshqacha aytganda, davlatning bosh mafkurachisi sifatida Navoiyning Boburni tabriklashi tabiiy edi. Bobur ham unga javob maktubi yoʻllagan. Oxirida bir turkiy bayt ham bitgan: “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olgʻonda Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha taqriqa va gʻavgʻo boʻldi” (“Boburnoma”, 142-bet). Chunki Bobur bungacha Samarqandni tark etishga majbur boʻlgan. Shu tariqa bu ikki xat matni ham qoʻlimizda yoʻq, Bobur bitgan maktubga javob yozilgan-yozilmagani ham tarix jumbogʻi boʻlib qolgan.
Shoh eshigidagi tilanchi
Navoiy Abusaid Mirzo hukmronligidan qattiq norozi kayfiyatda boʻlgani va buni u hukmron boʻlgan kezlarda ham yashirmaganini zamondoshlari asarlaridan ham bilib olamiz. Xondamirning “Makorim ul-axloq”ida mavzuga daxldor bir voqea tasviri bor. Navoiy ustozi Pahlavon Muhammad bilan Hirotdagi “Bogʻi safed”ni kezib yurgan mahali Yusuf degan kishiga duch keladilar. Pahlavon Muhammadning tanishi boʻlgan bu odam ayrim vazirlar uning suvini tortib olganidan shikoyat qila ketadi. Podshohga arz qilmoqchi boʻlsa, yasovullar ichkariga kiritmabdi. Ahvoli shu qadar nochor boʻlibdiki, har kuni odamlardan bir burda non tilab, jon saqlab yurgan ekan. Buni eshitgan Navoiy unga “Gadoe, ki non az dari shoh chust, // Biboyad zi obi xudash dast shust” degan baytni aytadi (mazmuni: shoh eshigidan non tilagan tilanchi oʻz suviga qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga ursin) (Gʻiyosiddin Xondamir. Makorim ul-axloq. Toshkent, “Akademnashr”, 2017. 180-181-betlar).
Xondamir bu voqea aynan Abusaid Mirzo hukmronligi zamonida yuz berganini alohida qayd etib oʻtadi. Demak, Navoiy bu sheʼri bilan xalqning Abusaiddan adolat talab qilishi mutlaqo befoydaligini u hukmronlik qilib turgan zamonning oʻzida ochiqdan ochiq aytgan. 1501-yili yozib tugallangan “Makorim ul-axloq”dan Bobur bexabar boʻlmagan, albatta.
Koʻrinadiki, Navoiy va Bobur oʻrtasidagi munosabatlar unchalik oddiy boʻlmagan. Bu maqolani tarix jumbogʻini oydinlashtirish yoʻlidagi dastlabki urinish sifatida qabul qilgaysiz, aziz mushtariy.
Sultonmurod OLIM
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.