Boburiy Humoyun Mirzoning uch oʻgʻli boʻlib, toʻngʻich farzandining ismi Alʼamon edi. Bu ismni xushlamagan Zahiriddin Muhammad Bobur “Otini Alʼamon qoʻymishsen. Tengri muborak qilgʻay. Vale bovujudkim, oʻzung bitibsen, mundin gʻofil boʻlubsenkim, kasrati isteʼmol bila avom Alamo derlar, yo El Amon derlar, oʻzga mundoq alif-lom otta kam boʻlur”, deb yozgan. Shahzoda goʻdakligida vafot etgan. Ikkinchi oʻgʻli dunyoga mashhur buyuk Akbarshoh, uchinchisi 1544-yili Mohi Chuchuk begimdan tugʻilgan Muhammad Hakim Mirzodir.

Humoyunshoh oʻgʻli Muhammad Hakim Mirzoga Kobul hokimligini bergan edi. U yetti yoki sakkiz yoshida Kobul taxtiga oʻtirgan boʻlsa, 1585-yilgacha bu oʻlkani idora qilgan. Shahzoda yosh boʻlgani sababli davlat ishlarini Mohi Chuchuk begim yuritgan.

Shahzoda ulug‘ ustozlardan ilm oʻrgangan. Tazkiranavis Mutribiy Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro”da yozishicha, “Ilmlarni olimlar olimi, xoliq va xalq oldida maqbul qozi Muhammad Sodiq oxund (Samarqandiy) suhbatida qoʻlga kiritib, zamon yagonasi va jahon durdonasi boʻlgan edilar”. “Tarixi tomm” asarida ham bu allomaning muayyan muddat Muhammad Hakim Kobuliy huzurida boʻlgani qayd etilgan: “Soʻng Samarqand viloyatidan Bayt ul-haram sari bormoq niyatida Hindiston tarafga joʻnadilar. On hazratning xodimlarini Kobul viloyatida ayolatpanoh, hukumatdastgoh Muhammad Hakim podshoh ibn Humoyun Mirzo ibn Bobur Mirzo ibn Umarshayx Mirzo ibn Sulton Abu Said Mirzo ibn Sulton Muhammad Mirzo ibn Mironshoh Mirzo ibn Amir Temur Koʻragon taklif qilib, bir necha vaqt Hazrati Oxund mulozamatida boʻldilar. Baʼzi kitoblarni bu saodatli zot huzurida tasʼhih qildilar”.

Muhammad Hakim isteʼdodli bastakor edi. Tazkiranavis Mutribiyning yozishicha, “Janob Jamoliddin hofiz Abdurrahim muzahhib ul zotni rosa taʼriflar va ushbularni aytar edi: “Janob saltanatpanohiy (Muhammad Hakim Mirzo) musiqa ilmida ham ajib mahoratli edi. Zarb-u nutqi muvofiq tushar va nagʻmalari tovushi hiddat (balandlik) va saqilda (ogʻirlik) bir-biriga mutobiq va toʻgʻri kelar edi. “Husayniy” ohangida “Davri shohiy” usuli bilan dilkash bir naqsh bogʻlaganlarkim, iyqo’ qonunlari sozandalari va taʼlif vaznlari navozandalari ul amalga bir ovozdan tahsinlar aytadilar va shuningdek, “Rost” ohangida “Hafif” usuli bilan juda yaxshi bir Savt ul-amal bogʻlagan edilar”.

Shahzoda ajoyib sheʼrlar ham bitgan. “Tazkirat ush-shuaro”da mana bunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Sheʼrlari yonib-kuyib aytilgan va soʻzlari dillarni alangalatuvchidir. Qozilar qozisi janob qozi Muhammad Orif bin qozi Muhammad Sodiq Samarqandiy bu faqirga (Mutribiy Samarqandiy) “Ushbu matla’ ul hazrat saltanatpanoh tabʼi ganjinasidandir”  degan edilar:

Chun sham’ so‘xtam zi gʻamat, sarvinozi man,

Ravshan nagasht peshi tu so‘zu gudozi man.

Mazmuni: Sarvinozim, shamdek kuydim, xira tortdim, / Sen ul kuyib-yonishimni sira bilmading.

Oʻz zamonining nazm ahli Muhammad Hakim Mirzo Kobuliy ijodiga yuqori baho bergan. Tazkiralarda uning ijodidan namunalar keltirilgan.

Mutribiyning shohidlik berishicha, shahzodaning “sharif majlisi doimo olim-u fozillar va shoirlar yigʻini boʻlardi”. Kobul saroyi shoirlar bilan gavjum boʻlar, bunday sheʼriyat kechalarida shahzodaning oʻzi ham sheʼr aytar edi.

Tarixiy manbalarga koʻra, Humoyunshoh vafotidan soʻng uning beklaridan biri termizlik Abulmaolibek Akbarshohga qarshi fitna uyushtirib, saroydan qochadi va Mohi Chuchuk begim ijozati bilan Kobulga keladi va Muhammad Hakim Mirzoning singlisi Faxrinisoga uylanadi. “Abulmaoli Kobulda yosh shahzodaning ishonchiga kirib, saroy beklarini birin-ketin har xil igʻvolar bilan yoʻqotishga harakat qiladi. Uning maqsadi Kobul viloyatini Akbarshoh qoʻl ostidan chiqarib olish edi. Yosh shahzodaning otabegi Haydar Qosim va Mohi Chuchuk begim Abulmaolining gʻarazli kirdikorlaridan voqif boʻlib, uni bu yoʻldan qaytaradi. Shundan soʻng 1564-yil mart oyining oxirida Abulmaoli qaynonasi Mohi Chuchukbegim va bir necha beklarni oʻldirib, yosh shahzodani oʻz himoyasiga olib, Kobulda mustaqillik bayrogʻini koʻtaradi”, deb yozadi tarixchi Turgʻun Fayziyev.

Shahzodaning otabegi Haydar Qosim Abulmaoli taʼqibidan qochib, Badaxshon hukmdori Sulaymonshoh huzuriga boradi va Kobulni zabt etishga daʼvat qiladi. Sulaymonshoh Kobulga bostirib keladi. Ikki oʻrtada boʻlgan jangda Abulmaoli qoʻshini magʻlubiyatga uchraydi, oʻzi qatl etiladi. Sulaymonshoh Kobulda ishonchli beklarini qoldirib, Badaxshonga qaytadi. Shu yerda turib, Kobulni ishgʻol etish uchun yana beklarini yuboradi. Bu rejadan xabar topgan Kobul aʼyonlari Muhammad Hakim Mirzo boshchiligida badaxshonliklarni mahv etadi. Sulaymonshoh tezda qoʻshin toʻplab kelib, Kobulni  egallaydi. Muhammad Hakim Mirzo akasi Akbarshoh huzuriga najot izlab boradi; u Sulaymonshohga qarshi katta qoʻshin yuboradi. Qudratli Akbarshohning qoʻshiniga teng kelolmasligini sezgan Sulaymonshoh Kobulni tashlab, Badaxshonga chekinadi.

“Mirʼot ul-olam” asarida yozilishicha, shahzoda Muhammad Hakim Mirzo hatto Hindiston taxtini egallash uchun urinib koʻrgan. Ammo shahzoda Murod (Akbarshohning oʻgʻli) uni tor-mor qiladi. Akbarshoh esa oʻgay ukasining gunohini kechib, unga yana Kobul viloyatini qaytarib beradi.

Muhammad Hakim Mirzo 1581-yili 15 mingli qoʻshin bilan Lohurgacha boradi. Biroq sarkarda Man Singh unga zarba berib, Kobulga qaytarib yuboradi. Akbarshoh katta qoʻshin bilan ukasini taʼqib qilib, Kobulga keladi. Muhammad Hakim Mirzo toqqa qochib ketadi. Akbarshoh yana inisining gunohidan oʻtib, Kobulni unga qoldiradi.

T.Fayziyevning yozishicha, “Muhammad Hakim Mirzo boʻsh va qatʼiyatsiz kishi edi. Ichkilikka nihoyatda ruju qoʻygan edi... U aysh-ishratga mukkasidan ketgan va shuning oqibati oʻlaroq 1585-yilda navbatdagi  mayxoʻrlikdan soʻng yotoqxonasida vafot etadi”.

Muhammad Hakim Mirzo ijodi, Kobul saroyidagi adabiy muhit haqida maʼlumotlar kam. Kelajakda topiladigan yangi maʼlumotlar mumtoz adabiyotimiz tarixini boyitishga xizmat qilsa ajab emas.

                                                                                         Sherxon QORAYEV,

filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.