#munosabat
Bola qalbi — oppoq sahifa. Unga birinchi boʻlib nima yozilsa, umr boʻyi oʻchmaydigan iz boʻlib qoladi. Mehr yozilsa — ishonch ulgʻayadi, ezgulik yozilsa — insoniylik kamol topadi. Zoʻravonlik yozilsa-chi? U holda yillar oʻtsa ham bitmaydigan yara qoladi.
Xalqimiz azal-azaldan farzandni koʻzining oqu qorasidek asrab kelgan. Biroq zamon shuni koʻrsatmoqdaki, mehrning oʻzi yetarli emas. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bolalikning daxlsizligini davlat kafolati darajasiga koʻtardi.
Qonun bejiz xalqaro majburiyatlar bilan hamohang qabul qilinmadi. Oʻzbekistonning “Bogota chaqiruvi” va Bolalarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish global alyansiga qoʻshilgani bolalar himoyasi masalasida biz jahon hamjamiyati bilan bir safda turganimizni koʻrsatadi. Bu yoʻl — butun insoniyat bosib oʻtayotgan yoʻl. Shvetsiya hali 1979-yildayoq bolaga har qanday jismoniy jazoni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat boʻlgan boʻlsa, bugun bu tamoyilni qonun bilan mustahkamlagan davlatlar soni oltmishdan oshdi. Islandiyada tugʻilgan “Barnahus” — “Bolalar uyi” modeli esa zoʻravonlikdan jabrlangan bola bilan barcha mutaxassislar bir joyda, uni qayta-qayta ogʻriqli xotiralarga qaytarmasdan ishlashini taʼminlab, koʻplab mamlakatlarda oʻzini oqladi.
Yangi qonunimizda ham ana shu insonparvar ruh yaqqol sezilib turibdi: jabrlangan bolaga davlat hisobidan advokat va yuridik yordam beriladi, soʻroq vasiylik va homiylik organi vakili ishtirokida oʻtkaziladi, bolani aybdor bilan yuzma-yuz qilish esa qatʼiy cheklanadi. Bu — bolaning qadr-qimmatini jarayonning markaziga qoʻyish demakdir.
Shu bilan birga, hech bir qonun yolgʻiz oʻzi mo‘‘jiza yaratmaydi. Uni hayotga tatbiq etadigan kuch — jamiyatning ongi, oilaning madaniyati, mahallaning hushyorligi, har birimizning befarq emasligimizdir. Zoʻravonlikka koʻz yumgan har bir sukut — unga berilgan jimgina rozilikdir.
Biz bolalarimizga qasr qurib bermasak ham boʻladi, ammo ularga xavfsiz bolalik hadya etishga majburmiz. Chunki dunyoga qoʻrquv bilan emas, ishonch bilan qaragan bola kelajakni ham ishonch bilan quradi.
Bolalik himoyalangan yurtning kelajagi — munavvar, ertasi — omonatga sodiq qoʻllarda boʻladi.
Ahror Saidov
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Axborot-tahliliy faoliyat va xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi
Rasmiy sahifalarimiz👇
Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram