Bir yigʻinda maʼruzachi islom dinida olimlik bagʻoyat yuksak martabaga egaligini oʻta taʼsirchan misollar bilan tushuntirib berdi. Erkensal degan  olim bundan koʻp yillar avval: “Zamonaviy ilmlarning tamal toshini qoʻyishdek sharafli vazifa musulmonlarga tegishlidir”, deb yozgan. Allen Debusning bu xususdagi fikri yanada gʻururli: “Musulmonlar Uygʻonish davriga debocha boʻlgan texnologik oʻsishlar eshigini ochib berishdi. Afsuski, keyinchalik johillik degan illat urchidi. Ilm-maʼrifat yoʻllarida gʻovlar paydo boʻldi, uxroviy va dunyoviy ilmlar oʻrtasida oʻtib boʻlmas devor tiklanib, ular bir-biriga zid qoʻyildi. Din olimi zamona ilmiga eʼtibor bermadi, dunyo olimi, aksincha, moddaparastlikni “chin ilm” deb bayroq qildi, boshqalarni ham shu fikrga chorladi”.

1922-yili “Haqiqat” jurnalida chop etilgan maqolalardan birida bunday jumlalar bor: “Soʻnggi asrlardagi maʼrifatsizlik, johillikning sababi ilmsiz, maʼrifatsiz xonlar elning chirogʻi-yoʻlboshchisi boʻlgan ulamolarni oʻz boʻyinturugʻlari ostiga olib, sof yoʻlni oʻz shaytanat yoʻllariga tatbiq etishganidir”.

Alloma Alixontoʻra Sogʻuniy bu fikrni yanada rivojlantiradi: “Oʻzlarini din homiylari deb eʼlon qilgan hukmdorlar xalqni maʼrifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Shuning uchun xalqda uygʻonish, fikriy ochilish boʻlmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.

Donishmandlar “Ilm ochilmagan qalb koʻzini ochuvchi, qorongʻu zulmatga nur bagʻishlovchidir, zaif badanlarga kuch-quvvatdir, ilm bilan banda yaxshi kishilar darajasiga koʻtariladi, oliy martabalarga yetishadi”, deb allaqachon aytib  qoʻyishgan. Demak, biz bugun – Uchinchi Renesans ostonasida texnologik oʻsishlar eshigini yanada keng ochib, yoshlarni uning beqiyos imkoniyatlaridan bahramand etishimiz kerak. Millat rivojining bardavomligi uchun bundan boshqa yoʻl yoʻq.

Oʻrinsiz xavotir

Tahririyatga shikoyat xati bilan kelgan oʻrta yoshli kishidan kasb-korini soʻrasam, oʻylab oʻtirmay: “Olti bolaning otasiman, birodar”, deb javobni qisqa qildi. Suhbatdoshimning fikrini anglab, koʻnglim koʻtarildi. Xudo bergan olti farzandni “qushga choʻqitmay, yoʻlda qoqiltirmay” voyaga yetkazish, odob-axloqli, ilm-maʼrifatli qilib tarbiyalashning oʻzi gʻoyat masʼuliyatli lavozim emasmi?! Bugunning va, shubhasiz, ertangi kunimizning, undan keyingi davrlarning ham eng muhim vazifasi shu.

Tasavvur qiling, agar oʻsha olti farzandli ota bolalari tarbiyasi bilan shugʻullanmay, ularni oʻz holiga tashlab qoʻysa, yosh gʻunchalar koʻcha “tarbiya”sini olsa, ertaga jamiyat oldida oltita jiddiy muammo paydo boʻlmaydi, deb kim ayta oladi? Goho bola tarbiyasi bilan shugʻullanib, uyda qolayotgan ayollarga bepisand munosabatda boʻlamiz. Kelajakda qaysi bir oilaning baxti, halovati, jamiyat uchun kerakli shaxsning kamolga yetishi ayni shu – bugun uyda farzandiga tarbiya berayotgan, oʻgʻli, qizi, nabirasini hidoyat yoʻliga boshlab, ularni gʻarazli, buzgʻunchi “shamol”lardan asrayotgan ayolga bogʻliqligini oʻylab ham koʻrmaymiz.

Bola tarbiyasi – bugun ekib, peshindan keyin hosili oʻrib olinadigan mavsumiy ish emas. Bolani tarbiyalayotib, oʻzimiz ham tarbiya olamiz. Bizning xush-noxush harakatlarimiz, aytgan-deganlarimiz farzandlarimiz koʻz oʻngida, qulogʻi ostida kechadi. Er-xotin oʻrtasidagi muomala, soʻzlashuv odobimiz, kiyinishimiz, yurish-turishimiz, daromad-u buromadimiz, rost-yolgʻonimiz – bularning hammasi bolalar shuuriga marjondek tizilib boradi. Ota-ona farzandiga iymon-eʼtiqoddan nasihat qila turib, oʻzi shu aytganlariga amal qilmasa, bola qalbi jarohatlanadi, koʻngli choʻkadi, vujudini ketmas bir oʻkinch chulgʻaydi.

Bundan uch ming yil avval dunyoga kelgan “Kalila va Dimna” asarida uch ming yil avvalgi bir xavotir keltiriladi: “Yoshlar tarbiyasi aynib ketdi, bu ketishda dunyo hademay buzilib ketadi...”. Buyuk Gerodot Misr ehromlaridagi yozuvlarni oʻqib, ularni kelajak avlodlarga qoldirib ketgan: “Yoshlar buzilib ketdi. Nima qilish kerak?”

Bu xavotir hozir ham bor. Dunyo  esa buzilganicha yoʻq. Ulug‘ muallim Konfutsiy: “Dunyoni farosatsizlar buzganchalik boshqa hech kim buza olmaydi”, deydi. Shu eʼtirofni unutmasligimiz kerak.

Har kimniki oʻziga...

Gʻarbda oilaviy munosabatlar butunlay boshqacha. Masalan, nikohsiz yashab, farzand koʻrish ayb sanalmaydi. Koʻngillari boshqani tusab qolsa, bir-birlariga kulib qarab, “bay-bay” deyishadi-da, shod-xurram ikki tomonga burilib ketishaveradi. Ajrashish − bir choynak choyni oxirigacha ichmay, yarmini sovib qoldi, deb sepib yuborishday gap. Oʻzlarining nechogʻli erkin ekanini namoyish qilish uchun baʼzi hollarda ajrashish marosimiga doʻst-qadrdonlarni taklif qilib, dasturxon yozish odatlari ham bor. Telekameralar ular bir-birini soʻnggi bor bagʻrilariga bosayotganini suratga tushiradi. Erta oʻtib indiniga yoki sal keyinroq koʻngillari tusab qolsa, qaytib ham kelaveradilar. Matbuot yangi ishqiy sarguzashtlar haqida bong uradi.

Gʻarbda farzand tarbiyasida ham ajib ayrichiliklar mavjud. Bola voyaga yetdimi, u ota-onasi qay holatdaligidan qatʼi nazar, alohida yashashga intilishi kerak. Shunday qilgan farzandga rahmat deyiladi. Alohida yashashga, oʻz qozonini oʻzi qaynatish taraddudiga tushib qolgan bola – boʻladigan bola, ota-onasi atrofida oʻralashavergani esa – noshud.

Oʻtgan asr toʻqsoninchi yillarining boshida Toshkentga kelib, oʻzbek xonadonlaridan birida yarim yil istiqomat qilgan xorijlik bir hamkasbimiz yurtiga qaytib borganidan keyin oʻzi ishlaydigan gazetada oʻzbek oilasi toʻgʻrisida bir necha maqola eʼlon qildi. “Oʻzbek oilasidan koʻp narsa oʻrganish mumkin,− deb yozadi u xotiralarida. − Ammo menga bir odatlari tushunarsiz boʻldi. Men yashayotgan xonadon sohiblari − chol bilan kampirning ikki qiz, bir oʻgʻli bor. Hammalari allaqachon uyli-joyli boʻlib ketishgan, shaharning turli mavzelarida yashashadi. Ammo ertalab, tushlikda, kechqurun kelib, keksalardan xabar olishadi. Bittasi issiq non, qaymoq olib kelsa, boshqasi boshqa bir yegulik koʻtarib keladi. Yakshanba kunlari hammalari yigʻilib, hovlida taom pishirishadi. Qizlar kir yuvadi, hovlini supurib-sidirishadi. Ota-ona “Hoy, bunday qilmanglar, ishlaringdan qolib ketasizlar”, demaydi...”.

Biz shunday yashaymiz. Ishqilib, har kimniki oʻziga buyursin-da. Shunday deyman-u, goh-goh u yer-bu yerda bizga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan yangi “qadriyatlar” boʻy koʻrsatayotgani, biz ularga asta-sekin koʻnikib, bir-birimizga qarab, “Ha, endi, bugun shunaqa, eh, yoshlar”, deya oʻzimizni oʻzimiz ovutayotganimiz va bu bilan milliy karaxtlik sari qadam qoʻyayotganimiz koʻngilni gʻashlaydi.

Bolangizni bilasizmi?..

Buzilgan koʻprik yoki yoʻlni tuzatish mumkin. Tadbirkorlik bilan ish tutilsa, har qanday taqchillik ham barham topadi. Ammo oiladagi nosogʻlom muhit oqibatlarini tugatish oson kechmaydi. Bola esini taniganidan boshlab unga non aziz, ushogʻi yanada aziz, deb uqdiramiz. Suvga tupurma, oʻzingdan  kattalarga salom ber, oldilarini kesib oʻtma, ish buyurishsa “xoʻb” degin, deymiz. Bu nasihatlar bola xotirasida naqsh bogʻlaydi va keyinchalik hech narsa ularni oʻzgartira olmaydi.

Bolalar tarbiyasi muammolari bilan shugʻullanuvchi bir olima yuzdan ortiq bogʻchada boʻlib, ota-onalar har kuni kechqurun farzandlarini olib ketishga kelishganida tarbiyachilarga qanday savol berishlariga qiziqibdi. Maʼlum boʻlishicha, soʻralganlarning deyarli barchasi bolalari kun davomida nima ovqat yeganiga qiziqar ekan. Hech kim: “Bolam boshqa bolalar bilan yaxshi oʻynaydimi, qizgʻonchiq emasmi, oʻzidan kichiklarga munosabati qanday?” deb soʻramas ekan...

Doʻppini boshdan olib oʻylashga arzirli tadqiqot. Bu bozor-dunyoda hech bir sotarman oʻz molini yomon demaganidek, hech kim oʻz pushti panohidan boʻlgan bolasini oʻzi yomonotliqqa chiqarmaydi. Bolalar hovlida, koʻchada, maktabda jiqqamusht boʻlishsa, janjal sababini bilsak ham bolamizni haq deb, hammaning oldida uning yonini olamiz, Tarbiyachilar: “Bolangizning xulqi yomon boʻlib ketyapti”, deyishsa, jahl bilan: “Bolamda ayb yoʻq, falonchi-falonchilarning bolasiga qoʻshildi-yu, aynidi”, deymiz. Shu paytda oʻsha falonchi-falonchi ota-onalar ham qoʻllarini biz tomonga bigiz qilib, aybni oʻz bolasidan soqit qilib turgan boʻladi.

Vaqt charxpalagi toʻxtovsiz aylanadi. Bolalar ulgʻayadi. Dunyoqarashi, xarakteri shakllanadi. Oʻshanda “Tuppa-tuzuk bolam nega yomon yoʻlga kirib ketdi”, deb boshimizni qashlab qolmaslik uchun bugun harakat qilishimiz kerak.

Marlboro

Toʻqsoninchi yillarning boshida Toshkentning qoq markazida joylashgan Darxon mavzesida turardik. Olti qavatli “moskovcha” uylar. Qoʻshnilar ham shunga yarasha – vazir, vazir oʻrinbosari, prokuror, sudya, yuqori lavozimli harbiy, endi-endi oyoqqa turayotgan yangi oʻzbek boylari. Qoʻshnichilik bilinar-bilinmas darajada. Koʻpchilik oʻzi bilan oʻzi ovora. Kirdi-chiqdi yoʻq hisobi. Bahorda hovlini tozalash uchun hashar uyushtirgan edik, ellikdan ortiq xonadondan atigi uch-toʻrt kishi pastga tushdi. Bir-ikkita xonadon egalari mardikor yollashibdi.

Ha mayli, shunisiga ham shukr, deb hovlini tozaladik, suv yoʻllarini ochdik, daraxtlar tagini yumshatdik. Koʻrgan kishining bahri-dili ochiladigan hovli boʻldi. Ammo... Oradan uch-toʻrt kun oʻtib-oʻtmay, hovli yana ifloslana boshladi. Kimdir balkondan otganmi, yoʻlakda konserva bankalari, qimmat konfet, sigareta, kolbasa, qora-qizil uvildiriq va yana boshqa – oddiy odamlarning shu choqqacha koʻzi ham tushmagan yegulik, ichgiliklarning idishlari.

Kim shunday qilishi mumkin? Oʻzimcha jurnalist tekshiruvi oʻtkazdim. Olti qavatli uyning har qavatida ikkitadan xonadon bor. Birinchi qavat – yoʻq, bu qoʻshnilar bunday qilishmaydi. Ikkinchi qavatda oʻzimiz turamiz, Uchinchi qavatdagilar oʻta maʼrifatli.

Asta yuqoriga koʻtarila boshladim. Oʻzbekistonga tartib oʻrnatish uchun kelgan desantchi prokuror yashaydigan xonadon eshigi oldida toʻxtadim. “Ha, shu oilaning ishi. Domimizda “Marlboro” sigaretasini shu “tartibchi”dan boshqa hech kim chekmaydi. Qimmat konfetlar, kolbasalar shundaylarning dasturxonida bor, xolos”.

Xulosam aniqligiga ishonch hosil qilgach, sochilib yotgan chiqindini paketga joylab, eshik qoʻngʻirogʻini bosdim. Qoʻlimdagi paketni menga yovsirab qarab turgan xizmatkor ayolning qoʻliga berib, orqamga qaytdim.

Ertasiga ertalab desantchi prokuror bilan hovlida uchrashib qoldik. U menga oʻdagʻaydab, poʻpisa qildi, “Mening uyim senga musurxonami?” dedi.

Men harbiychasiga: ”Xuddi shunday, janob prokuror”, deb battar jazava qoʻzgʻadim. Shoʻrtakkina bir-ikkita gap aytdim. Popugi pasaydi. Chunki... qoʻlidagi sigareta uni allaqachon fosh qilib boʻlgandi.

Oʻrtadagi odam

Bir vaqtlar “Chekkadagi odam” degan maqola yozgan edim. “Chekkadagi odamga yaxshi, chekkaga chiqib qarab turaveradi, hech narsaga javob bermaydi, zimmasiga hech qanday masʼuliyat olmaydi. Agarki, birov unga tanbeh bergudek boʻlsa, “Aka, meni nega tergaysiz, men bir chekkada turgan odam boʻlsam...”, deydi-qoʻyadi.

Oʻylab koʻrsam, oʻrtadagi odamga yaxshi ekan. Bunday odamning umri huzur-halovatda oʻtadi. Hech kim unga: “Hoy, sen nega imillayapsan, tezroq qimirlasang-chi”, deb tanbeh bermaydi. Toʻda ichida bor-yoʻqligi goh bilinadi, goh bilinmaydi. Gʻazab otiga mingan boshliqning koʻzi unga birinchi boʻlib tushmaydi. Oldinga chiqib ketib, peshonasiga tosh, kesak tegmaydi ham.

Oʻrtadagi odam kam xato qiladi. Chunki u hamisha orqa-oldiga qarab turadi. Oʻzicha bir ish qilmaydi, bir nima demaydi. Zarur boʻlsa, oʻzini eslatib qoʻyish uchun avval oldindagilarga yaqinlashadi, keyin ortda qolayotganlarga “tezroq boʻlmaysizlarmi”, deya sigirqarash qiladi. Bunday odamlar dimogʻdor boʻladi ham. “Oʻrtada, mana, biz turibmiz, tashvish qilmang”, deyishadi. Eʼtiroz bildirib koʻring-chi...

Kitob

Bir ota tahririyatga qizini yetaklab olib keldi. “Kenjatoyimiz, shoira, har kuni  sheʼrlar yozadi. Uchta kitob chiqardik. Toʻrtinchisi ham tayyor. Mukofotga qoʻymoqchimiz. Sheʼrlarini chiqarishga yordam bering, qanaqa xizmat boʻlsa, tayyormiz”, deya menga viqor bilan qaradi.

Bir dasta sheʼrni ikki-uch bor oʻqib, arang bittasini tanladim. “Mayli, ovora boʻlib kelibsizlar, tahrir qilib, tuzatib, shu bittasini chiqarishga harakat qilamiz”, dedim.

Bu gap ota uchun tomdan tarasha tushgandek boʻldi.

– Qizim, xafa boʻlma, gazitga oʻtmasa, kitobga oʻtadi. Yur, ketdik, – dedi.

Kitob shoʻrlikka rahmim kelib ketdi.

Soʻz

Soʻzning qudrati toʻgʻrisida juda koʻp yozilgan. Jaloliddin Rumiy bunday degan: “Soʻz haqiqatning soyasi va parchasidir... Madomiki, soya oʻziga tortar ekan, u holda haqiqat yanada yaxshiroq jazb etadi...”.

Bu ulug‘ mutafakkirning fikricha, odam va olamni idrok etishda soʻzga ehtiyoj borligi uchun ham soʻz bor. Soʻzsiz idrok etuvchiga soʻzning ehtiyoji yoʻq. Idrok eta bilgan(lar) uchun koʻklarning, yerning hammasi soʻzdir. Hafif bir sasni eshita oluvchiga baqirib-chaqirishning hojati yoʻq. Hazrat Navoiyda oʻqiymiz: “Ey Navoiy, soʻzda maʼni yoʻqturur, maʼniyda soʻz, Durri maʼni istar oʻlsang, aylagil guftor bas” (Yaʼni: soʻzda maʼnoni toʻla aks ettirib boʻlmas, maʼnoga soʻz imkoniyatlarini sigʻdirish mumkin. Maʼnolar durini istasang, soʻzlashni bas qil).

Togʻay Murod ancha yillar avval adabiyotga shunchaki havas bilan kirib kelayotgan, amaldorlikka ishtiyoqi baland ijodkorlarga qarata bunday degan edi: “Sizda avvalo soʻz boʻlsin, ularni marjonday tering, narvon yasang va shu narvon orqali yuqoriga koʻtariling...”.

Anketa

Yillar davomida son-sanoqsiz tafsifnomalarni oʻqiganman, ammo ularning birortasida boʻlsin: “Zehni baland, fahm-farosatli, halol-pokiza, birov bir nima deyishini kutib oʻtirmaydi, bajarishi lozim boʻlgan ishni oʻzi fahmlaydi”, degan taʼrifni uchratmaganman.

Hayotda har birimiz son-sanoqsiz savollarga javob qaytaramiz. Biror munosabat bilan navbatdagi anketani toʻldirayotib, qayerda va qachon tugʻilganimiz, millatimiz, jinsimiz, maʼlumotimiz, ota-onamizning kimligi, olamdan oʻtishgan boʻlishsa, qayerga dafn etilgani, qaysi xorijiy davlatlarda boʻlganimiz toʻgʻrisidagi savollarga aniq va loʻnda javob qaytaramiz. Bunga shu qadar oʻrganib ketganmizki, yoshimiz bir joyga borib qolgan boʻlsa ham jinsimizni soʻrashsa ajablanmaymiz.

Vaqt oʻtib boradi, ammo anketa savollari oʻzgarmaydi. Bu muhim hujjatda “Xarakteringizni qanday baholaysiz, odoblimisiz, xulqingiz yaxshimi, jahlingiz chiqqanida oʻzingizni boshqara olasizmi, ayb sizda boʻlsa, uzr soʻrashga tobingiz qalay, kitob oʻqiysizmi, oxirgi marta qachon teatrga borgansiz...” kabi savollar hech qachon uchramaydi.

Anketada uchramasa uchramasin, ammo koʻngilda boʻlishi kerak bunday savollar.

Ahmadjon MELIBOYEV,

yozuvchi

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 24-oktyabr, 214-son.

“Koʻngil mulkiga sayohat” maqolasi