Har bir ota-ona oʻqishi kerak boʻlgan maqola
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bu yil taxminan 588 100 nafar oʻquvchi 9-sinfni va 446 503 nafar oʻquvchi 11-sinfni tamomlab, katta hayotga qadam qoʻyadi. Bitiruv kunida koʻzlari porlab, kelajakka umid bilan qaragan yoshlarning har biri oʻz yoʻlini izlab turli tomonlarga ketadi. Bir qarashda hammasi tabiiy va hayratga soladigan hech narsa yoʻqdek. Ammo bu yoshlar kelajakda kim boʻlishini, qaysi kasbni egallashini, rejalarini qanday amalga oshirishni biladimi? 11-yillik maktab taʼlimi davomida hozir urf boʻlgan “soft skillar”(yumshoq koʻnikma)ni qay darajada egallashdi? Ular kutilmagan burilishlarga toʻla, oʻzgaruvchan dunyoga moslashishni, turli vaziyatlarda qaror qabul qilishni, strategik fikrlashni biladimi? Bolada oʻziga ishonch va shaxsiy nuqtai nazarni shakllantirishda ota-onaning roli qanday? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Oyina.uz may oyi boshida “Maktab oʻquvchilari kelajagini qanday koʻradi?” mavzusida 7—11-sinf ota-onalari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdi.
Soʻrovnoma natijalari ota-onaning farzand tarbiyasiga yondashuvi qatʼiy nazoratdan tanlov erkinligini yaratib berishga oʻzgarganini koʻrsatmoqda (oʻquvchilarning 90,8% oʻz kasbini oʻzi tanlaydi). Bu ijobiy tendensiya, biroq muammoli jihatlar ham borki, ular nafaqat oila ichida, balki butun jamiyatda mavjud boʻshliqlarga eʼtiborni tortadi. Xususan, aksar ota-onalar (89,8%) maktabdagi darslar oliygohga oʻqishga kirish uchun yetarli emasligini tan olgan. Yaʼni qoʻshimcha mashgʻulotlar va repetitorlar majburiy “yashirin standart”ligicha qolmoqda. Faqatgina 10,2% ota-ona maktab dasturiga ishonch bildirgan. Shuningdek, har ikkinchi bola (40,8%) oʻz kelajagini Oʻzbekistonda koʻrmayotgani ham hushyor torttiradigan jihat.
Farzandlarining taʼlimga boʻlgan ishtiyoqi soʻnishida ota-onalarning katta qismi (33,7%) smartfonlarni ayblagan. U hattoki maktabdagi sharoitlarning yaxshi emasligini (21,4%) ham ortda qoldirgan. Bu ota-onalar raqamli dunyoni anʼanaviy taʼlim va intizomga nisbatan xavf sifatida koʻrayotganini anglatadi.
Oʻquvchilar qaysi kasblarga koʻproq qiziqish bildiryapti?
Ota-onalarning 29,6% farzandi IT sohasini tanlaganini aytgan. Bu zamonaviy trendlarga mos. Keyingi oʻrinda oʻqituvchi (19,4%) va soʻng sportchi kasblari tanlangan boʻlsa, ota-onalarning qolgan qismi farzandi tanlaydigan kasb hali aniq emasligini aytgan. Farzandingiz shaxsiy qarorlarni oʻzi qabul qilishi kerakmi, degan savolga ota-onalarning faqat 27,6% tasdiq javobini belgilagan. Respondentlarning katta qismi (71,4%) faqat “qisman” mustaqillik tarafdori.
Shu oʻrinda, taʼkidlash kerakki, bolaga haddan tashqari gʻamxoʻrlik qilish uning kelajakdagi masʼuliyati va oʻrganish koʻnikmalariga salbiy taʼsir qiladi.
Amaliyotchi psixolog Gavhar Teshaboyevaning aytishicha, surunkali ikkilanish (abuliya) yoki qaror qabul qilishni paysalga solish (prokrastinatsiya) holatlari kattalar orasida ham uchrab turadi. Buning ildizi deyarli har doim bolalikka borib taqaladi. Qaror qabul qilish bu – shunchaki irodaviy harakat emas, balki juda murakkab fikrlash jarayoni mahsuli. Undan oldin butun bir kognitiv zanjir: sezgi, idrok, xotira, diqqatni jamlash, hissiyot (emotsional intellekt) va umumiy IQ darajasi birdek ishlaydi.
Bugun bola uchun sogʻlom ruhiy muhit yaratish orqali biz 30-yildan keyin jamiyatni boshqaradigan sogʻlom kattalar avlodini voyaga yetkazishga zamin yaratamiz. Bolaning intellektual, jismoniy va maʼnaviy tarbiyasi bilan bir qatorda, ruhiy tarbiyasi ham mutlaq ustuvor vazifaga aylanishi shart.
-
- Ilmiy fakt: Garvard Bola rivojlanishi markazi (Center on the Developing Child) tadqiqotlariga koʻra, bosh miyaning qaror qabul qilish va impulslarni nazorat qilish uchun javobgar boʻlgan prefrontal qobigʻi aynan bolalikda faol shakllanadi va 25 yoshgacha rivojlanishda davom etadi. Bolalikdagi tajriba miyaning arxitekturasini tom maʼnoda qurib beradi.
Zamonaviy texnologiyalar va ijtimoiy tarmoq algoritmlari bolalarga tayyor yechimlar va ularning qiziqishlariga moslashtirilgan tayyor kontentni taklif qilmoqda. Natijada bola izlanishga emas, balki berilgan variantlardan birini tanlashga odatlanib qoladi. Bu odat chuqur tahlil, tanqidiy va kreativ fikrlash koʻnikmalarini ishdan chiqaradi.
Bizning fikrlashimiz moddiy xususiyatga ega boʻlib, neyrobiologiya qonunlariga boʻysunadi. Miya milliardlab neyron hujayralaridan iborat. Agar maʼlum bir jarayonlar uchun javobgar boʻlgan neyron yoʻllar muntazam ishlatilmasa, ular asta-sekin oʻz izini yoʻqotadi – miya keraksiz deb topgan aloqalarni yoʻq qiladi. Mustaqil qaror qabul qilishga oʻrgatilgan bola esa, aksincha, tayyor shablonlarni rad etadi va oʻz tajribasiga tayanib ish tutadi. Masalan, farzandingizni til kursiga yoki sportga bermoqchi boʻlsangiz, uning qobiliyatiga qarab, yakuniy tanlov imkoniyatini bolaning oʻziga qoldirish juda muhim.
-
- Statistika va tadqiqotlar: Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra (2023-yil), 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda ekran qarshisida oʻtkazilgan ortiqcha vaqt (kuniga 3 soatdan koʻp) miyaning diqqatni ushlab turish va boshqaruv funksiyalariga javobgar boʻlgan kulrang moddasi zichligini 15–20 foizga kamaytiradi.
Farzand bilan muloqot qilishning ahamiyati
2025-oktyabr oyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining loyiha buyurtmasi doirasida Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi tomonidan 394 872 nafar 5-11-sinf oʻquvchisi orasida oʻtkazilgan keng koʻlamli soʻrovnoma natijalaridan maʼlum boʻladiki, 5-sinfda bolalarning 72,9 foizi ota-onasi bilan doim suhbatlashsa, 11-sinfga borib bu koʻrsatkich 55,8 foizga tushib qoladi. Erikson nazariyasiga koʻra, bu davrda oʻsmir “Men kimman?” degan savolga javob izlaydi, shaxs sifatida shakllanadi. Soʻrovnoma natijalari esa farzandlarimizning ayni qoʻllovga muhtoj paytida yolgʻizlanib qolayotganidan darak beradi. Bu jamiyat uchun jiddiy oʻylab koʻrishga majbur qiluvchi hol, demak.
Tadqiqotga koʻra, oʻquvchilarning atigi 15,7 foizi yangi mavzuni oʻzlashtirganini mustaqil tekshira oladi (oʻziga savol berish orqali). Qolgan qismi yo shunchaki qayta oʻqiydi, yo “bilmayman, imtihonda koʻraman” deya, tasodifiy omadga ishonib yashaydi. Bu degani, yoshlarda yangi bilimlarni oʻzlashtirish koʻnikmasi hali past. Har toʻrtinchi oʻquvchi (24,9%) esa imtihon oldidagi stressni umuman boshqara olmaydi. Bu holning salbiy tomoni shundaki, bilim boʻlsa-yu, stress vaziyatlarga chidamlilik boʻlmasa, bola oʻzidagi potensialni yuzaga chiqara olmaydi.
Oʻgʻil bolalarda nega oʻziga boʻlgan ishonch pastroq?
Bugungi kunda jamiyatimizda gender disbalansiga guvoh boʻlyapmiz: qizlarda oʻziga boʻlgan ishonch darajasi yuksalib borayotgan bir paytda, oʻgʻil bolalarda bu koʻrsatkich shiddat bilan pasaymoqda, — deydi Gavhar Teshaboyeva. – Buning asosiy sababi – kamharakatlik va asosiy vaqtni kompyuter qarshisida oʻtkazish. Oʻgʻil bolalar atrof-muhit va tabiatni anglash, tengdoshlari bilan jonli muloqot qilish oʻrniga, vaqtlarini virtual dunyoda oʻtkazishmoqda.
Bola kelajakda oʻzini yoʻqotib qoʻymasligi uchun faqat akademik bilimlar (Hard Skills) yetarli emas. Endilikda yumshoq koʻnikmalar (Soft Skills): stressga chidamlilik, gʻazabni boshqarish, hissiyotlarni tanish va ularni ijobiy tomonga transformatsiya qila olish birinchi oʻringa chiqmoqda. Biz bolalarni yoshligidanoq faqat standart IQ bilan cheklamay, SQ (sotsial/ijtimoiy intellekt) va PQ (amaliy intellekt) bilimlari bilan ham tanishtirishimiz kerak.
Biz dunyodagi eng dono odamni tarbiyalashimiz, bolaga barcha fanlarni mukammal oʻrgatishimiz mumkin. Lekin unda hayotiy koʻnikmalar va ruhiy muvozanat boʻlmasa, oʻsha yuqori intellekt egasi stresslar qarshisida ojiz qolib, suitsidal fikrlar bilan yashamasligiga kafolat yoʻq.
Muvaffaqiyatsizliklarni yengib oʻtish va qiyinchiliklarga moslashish – XXI asrning eng oliy koʻnikmasi boʻlib, insonning baxtli yashashini aynan shu omil belgilaydi.
-
- Ilmiy isbotlangan fakt: Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va bolalar psixologiyasi sohasidagi meta-analizlarga koʻra, maktab yoshida ijtimoiy-emotsional koʻnikmalarni (SEL) rivojlantirish oʻsmirlardagi xavotirlik darajasini 30 foizga, kelajakdagi destruktiv (oʻziga zarar yetkazuvchi) xulq-atvor xavfini esa 25 foizga kamaytiradi.
Ota-onalarning 75,5% farzandini Oʻzbekistonda qolishini xohlaydi. Biroq, oʻquvchilarning qariyb yarmi (40,8%) oʻz kelajagini xorijda koʻradi. Bu yerda “istaklar toʻqnashuvi” koʻzga tashlanadi. Ota-ona, tabiiyki, farzandini yonida va xavfsizlikda koʻrgisi keladi, bola esa boshqa reja tuzgan.
Bu yaqin 5-10-yil ichida milliy iqtisodiyot va demografiya uchun ham jiddiy chaqiriq boʻlishi mumkin.
Mehnat psixologiyasi va taʼlim sotsiologiyasi sohasidagi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, tanlov muallifligi karyeradagi muvaffaqiyat yoki hafsalasizlikni oʻn yillarga oldindan aniqlab beruvchi omillardan biridir. Bola kasbni oʻzi tanlaganda uning karyerasi ichki motivatsiyasi asosiga quriladi. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, oʻz yoʻlini mustaqil tanlagan odamlar ishining dastlabki 10-yilida maʼnaviy charchoqdan 30-40%ga kamroq aziyat chekadi. Ular qiyinchiliklarni uqubat emas, balki chellenj sifatida qabul qiladi. Sohaga qiziqishi yuqori boʻlgan mutaxassislar unga yondosh koʻnikmalarni tezroq egallashi aniqlangan.
Shuningdek, shaxsiy qiziqishlari va kasbiy majburiyatlari oʻrtasidagi mutanosiblik toʻgʻridan-toʻgʻri baxtiyorlik darajasiga taʼsir qiladi: kasbini oʻzi tanlagan xodimlar boshqalarning maslahatiga amal qilganlarga nisbatan oʻz hayotini 15-20% ga yuqoriroq baholagan. Endi buning aksi, yaʼni, tanlov ota-ona bosimi bilan amalga oshirilgan holatlarda natijalar qanday boʻlganini koʻrib chiqamiz. Bunda boshqalarning maqsadini oʻzlashtirish holati yuz beradi. Tadqiqotlarda bir necha marotaba isbotlanganki, 28-32 yoshda kasbini oʻzgartirish aynan “ota-ona ishonchini oqlash uchun” oʻqiganlar orasida juda koʻp uchraydi.