Biriga “sex” yoqmaydi – inglizcha oʻqisa, xunuk soʻzmish. Boshqasiga “fuqaro” yoqinqiramapti – arabchasiga “kambagʻal”mish, yana biri “bolalar oromgohi” demaylik, forschada “oromgoh” “qabriston”ni anglatadi, desa, bir ruslashgan oʻzbek “noyob” soʻziga eʼtiroz bildiradi.
Birovga qarab toʻn bichishni qachon bas qilasizlar? Oʻzbek tilining oʻz tarixi, rivojlanish yoʻli, qoʻyingki, hamiyati, gʻururi bor! Bir tildan soʻz kirib keldimi, tilga singdimi, tamom – u oʻzbek tilining, oʻzbek xalqining mulki.
– Boshqa tilda boshqacharooo...
– Oʻchir-e! Boshqacharoq boʻlsa, bu oʻsha tilning muammosi!
***
Hissiyotni yigʻishtirib aytganda:
Har qanday tilda oʻzlashtirma soʻzlar mavjud.
Bir tildagi soʻzning boshqa tilga kirib kelishida toʻrt jihat bor:
1. Maʼnosi oʻzgarmagan holda oʻtadi;
2. Maʼno kengayishiga uchraydi;
3. Maʼno torayadi;
4. Maʼno butunlay oʻzgaradi.
Oʻzim bilgan soha – oʻzbek tilidagi arabizmlardan misol keltiraman:
1. Maʼnosi oʻzgarmagan soʻzlarga “muslim”, “olim” kabilar misol boʻladi;
2. Maʼnosi kengaygan soʻzlarga “bisot (gilam)” – “bisot (toʻplab qoʻyilgan mol-dunyo)” misol boʻladi;
3. Maʼno torayishiga “lahm (umuman goʻsht)” – “lahm (suyaksiz goʻsht)”, “sharob (ichimlik)” – “sharob (may, vino)” va “sirop (shirin suv)” misol boʻladi;
4. Maʼno butunlay oʻzgarishiga “fuqaro (kambagʻallar)” – “fuqaro (grajdanin)”, “basir (hamma narsani koʻruvchi)” – “basir (koʻr, soʻqir)” kabilar misol boʻladi.
Demak, soʻz boshqa tilga koʻchib oʻtgach, asl tildan aloqasini uzadi va mustaqil maʼno kasb eta boshlaydi. Ijtimoiy hodisa sifatida, asl tilidagi maʼnosidan ayri rivojlanishga ega boʻladi.
Endi boʻldi qilarsizlar?
Alouddin SADRIDDINOV