Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixida muhim oʻrin tutuvchi shaxslardan biri, shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Boburdir. Buyuk ajdodimizning siyosiy va harbiy hayot yoʻli nafaqat Turon, balki dunyo tarixida ham oʻchmas iz qoldirgan. Boburning shaxsiyati xalq ogʻzaki ijodi, xususan, tarixiy dostonlarda ham oʻz aksini topgan.
Yuzyilliklar davomida baxshilarimiz ogʻzaki ijro qilib kelgan oʻzbek xalq dostonlari mazmun va xususiyatiga koʻra tasniflanib, qahramonlik, jangnoma, tarixiy, romanik hamda kitobiy singari mustaqil yoʻnalishlarga ajratilgan. Ayniqsa, tarixiy dostonlar milliy tariximizda yuz bergan jarayonlar hamda tarixiy shaxslar haqida aniq maʼlumotlar bera oladigan manba sifatida qadrlidir. Dostonlarda davriy ketma-ketlik, ayrim tarixiy maʼlumotlar va dalillarda kichik xatoliklar boʻlishi tabiiy. Biroq, bu orqali xalq tarixiy jarayonlarning ishtirokchisi sifatida oʻzining bahosini berishga harakat qilgani namoyon boʻladi. Shu bilan birga, oʻzbek xalq tarixiy dostonlari ajdodlarimiz hayoti bilan chambarchas bogʻliq holda yaratilib, rivojlanib kelgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur va Shayboniyxon badiiy timsollari tarixiy dostonlar turkumiga kiruvchi “Oychinor” va “Shayboniyxon” dostonlarida aks etgan. Ushbu dostonlarda 15–16-yuzyilliklarda xalqimiz boshidan oʻtkazgan ogʻir sinovlar, harbiy toʻqnashuvlar va hokimiyat uchun olib borilgan kurashlar mohiyati Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Shayboniyxon oʻrtasidagi ziddiyatli munosabatlar asosida yoritilgan. “Oychinor” dostonini Qodir baxshi Rahim oʻgʻli togʻasi Turdi shoirdan oʻrgangan va uni ijodiy qayta boyitib, bizgacha yetkazgan. Shayboniyxon dostoni esa xalqimizning mashhur baxshisi Muhammad Jomurod oʻgʻli Poʻlkan ijrosidan 1927-yil Fotma Mirzo degan kishi tomonidan yozib olingan va 1928-yilda folklorshunos olim Hodi Zarifov tomonidan arab imlosida nashrga tayyorlangan. Ikki hukmdor nomi baxshilar tomonidan “Oychinor”da “Bobir” va “Shayboniy”, “Shayboniyxon” dostonida esa “Bovirxon” hamda “Shayvali” shaklida ijro etilgan.
“Shayboniyxon” dostonida, asosan, Shayvali obrazi keng talqin qilingan boʻlsa, “Oychinor”da shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy timsoliga nisbatan kengroq urgʻu berilgan hamda uning oʻziga xos xususiyatlari ochib berilgan. Haqiqatan ham, dostonlarda Shayboniyxon va Boburning tarixiy shaxs sifatidagi keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy faoliyati, adabiy ijoddagi muvaffaqiyatlari hamda u yashagan davrning tarixiy-madaniy muhitiga oid shart-sharoitlar toʻliq hamda mufassal yoritilmagan. Shunga qaramay, asarlarda yaratilgan “Bobir”, “Bovirxon” va “Shayboniy”, “Shayvali” epik timsollari tarixiy shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Shayboniyxon siymosi haqida muayyan tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Dostonlarda Zahiriddin Muhammad Boburning faqat Turondagi davri hikoya qilinib, uning Hind va Afgʻon diyoridagi siyosiy-ijodiy faoliyati haqida maʼlumotlar berilmagan. Jumladan, “Oychinor” dostoni oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida Bobur obrazini ilk bor keng epik yoʻnalishda badiiy tasvirlab bergani jihatidan alohida eʼtiborni tortadi. Dostondagi Bobur obraziga xalq orzusidagi adolatli davlat boshligʻiga xos muhim xususiyatlar, belgilar singdirilgan. Asar mutlaq tarixiy xarakterga ega boʻlib, unda Bobur degan yosh yigit Andijon hukmdori ekanligi aytiladi. Bu maʼlumot esa tarixiy haqiqatga toʻlaqonli mos keladi.
Dostonning boshlanma qismida baxshi Bobur shaxsini tinglovchilarga tanishtirar ekan, uning tashqi qiyofasini epik qahramonlarga xos badiiy talqin asosida tasvirlaydi: “Nazarboy qulluq qilib chodirga Boburning oldiga boradi. Toʻrda bir yosh yigit chordana qurib oʻtiribdi. Boshida tilla toj qoʻndirilgan salla, ustida zarbop toʻnlar, murti lab ustida oʻziga yarashib turibdi. Oʻzi polvon siyoqli, burgut qaboqli, har egni qirday, qarashi toʻqaydagi sherday. Oʻng va chap tomonida bashang kiyingan ikki moʻysafid, qoʻllarida tasbeh, haligi yigitga muntazir boʻlib turibdi. Bularni koʻrib Nazarboy: “Bobur shoh shu boʻlsa kerak”, — deb nafasi ichiga tushib ketdi”. Zahiriddin Muhammad Boburning juda yosh chogʻida hukmdorlik tojini kiyganligini hisobga olsak, dostondagi parcha tarixiy asosga ega ekanligiga guvoh boʻlamiz.
Shayboniyxon tarixiy timsoli esa dostonlarda tajribali, ayyor va hiylakor harbiy yetakchi sifatida talqin etilgan. Bu “Oychinor”dagi quyidagi parchada oʻz isbotini topadi: “Shayboniy Qaysarning gapi boʻyicha otlarga chapar (Xirmon yanchishda ish hayvoniga bogʻlab ishlatiladigan maxsus moslama. Bu yerda chang chiqarish uchun foydalanilgan)larni sudratgan edi. Soyda yigirmata, oʻttizta navkar boʻlib, ot chopib chapar sudratib, changitib yotgan edi. Baʼzi navkarlar tepaga chiqib bir koʻrinish berib qoʻyar edi. Boʻlmasa, Shayboniyning lashkari ham Bobirning lashkaridan uncha koʻp emas edi. Shayboniy Boburning urush qilishidan qoʻrqar edi”.
Koʻrinib turibdi-ki, Shayboniyning tajribali sardor sifatidagi kuchi hamda uning harbiy bilimi gʻalabalarining omili ekanligi kuylangan. Biroq, bu harbiy usulni Shayboniyxon Bobur Mirzoga qarshi qoʻllagan emas. Sunʼiy chang chiqarish orqali dushmanga koʻp sonli lashkar yaqinlashayotgandek taassurot berib, ruhiy bosim oʻtkazilgan. Turon harbiy anʼanalarida raqibni chalgʻitish va aldash oʻziga xos urush usuli hisoblangan. Oʻrta asrlarda xuddi shu harbiy hiylani Sohibqiron Amir Temur dushmanlarga qarshi qoʻllaganligini Sharofiddin Ali Yazdiy oʻzining “Zafarnoma” asarida qayd etgan. Yaʼni 1364-yili Ilyos Xojani Keshdan haydab chiqarishda bor-yoʻgʻi 300 kishidan iborat otliq askari otlarining ikki tarafiga shox-shabbalarni boylab, chang-toʻzon koʻtarib, yirik lashkar kelayotgandek dushman koʻngliga vahima solishi orqali ularni chekinishga majbur qilgan.
“Shayboniyxon” dostonida esa ikki tarixiy shaxs oʻrtasidagi qarama-qarshilik baxshi tomonidan badiiy to‘qima asosida taqdim etilgan. Shayboniy Samarqand hukmdori Bobirning amaldorlaridan biri bo‘lib, Jo‘ravoy ismli vazir bilan kelishmovchilik sabab podsho uni saroydan haydaydi. Albatta, Shayboniyning Bobur Mirzo qo‘l ostida amaldor bo‘lishi hamda uning vaziri bilan janjallashib Samarqanddan quvilganligining tarixiy asosi mavjud emas. Chunki, Shayboniyxon Dashti Qipchoqda davlat tuzgan paytda Bobur Mirzo hali juda yosh edi. Biroq Shayboniyning oʻz davrida Buxoroda taʼlim olganligi va Samarqandda boʻlganligi, shuningdek, temuriyzodalar qoʻlida harbiy xizmatchi boʻlganini hisobga olsak, tarixiy haqiqatga ishora borligini koʻrishimiz mumkin. Demak, Shayboniyxon Turon shaharlari bilan avvaldan tanish boʻlganligi tarixiy manbalar qatorida ushbu tarixiy dostonda ham ifodasini topgan.
Shuningdek, Shayboniyxonning Turon hududiga haqiqiy xavf ekanligi, bosqinining jiddiy oqibatlari dostonda ifodalanishi tabiiy hol. “Shayboniyxon” dostonidagi quyidagi parchada 16-yuzyillikning soʻnggi choragida Dashti Qipchoqdagi chorvador oʻzbeklar davlatining kuch-qudratiga, uning Turonga jiddiy xavf solib turganligiga Bovirxonning Toʻravoy ismli vazirining soʻzlari orqali ishora qiladi:
Shayvali urugʻli eldi Bovirxon,
Shayvali oʻlsa, oʻzbaklar bilar.
Osh pichogʻin bari charxlashib,
Qirilgani nayza qip oʻzbaklar.
Juring deyishib yoppa-jovlik jiyilib,
Oʻzbak degan koʻp mehrli Bovirxon.
Samarqand shahringni tep-tekis qilar.
Ikki hukmdorning tarixiy nizo, harbiy toʻqnashuvlar esa dostonda Boburning vaziri Joʻravoy bilan Shayboniyning mojarosi oqibatida kelib chiqqani baxshi tomonidan badiiy boʻyoq ostiga olingan.
Bu davrning yana bir ahamiyatli masalasi hisoblangan Temuriylar davrining soʻnggidagi inqiroz, ichki ziddiyatlari “Oychinor” dostonida badiiy ijod orqali koʻrsatib berishga harakat qilingan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da qayd etishicha, Uzun Hasan va Ahmad Tanbal birlashib unga qarshi fitna qoʻzgʻatib, aka-ukalar oʻrtasida nifoq urugʻini sochishga intilganlar.
Dostonda Bobur hukmronligi chogʻida boʻlgan ichki fitnalar uning vaziri Qaysar obrazi orqali namoyon etilgan. Dostonda shunday qayd etiladi: “Vazir Qaysar Bobirning otasi oʻlgandan keyin Bobirga ham vazirlik qilgan edi. “Bobir ham yosh bola, uni ham oʻz nogʻoramga oʻynataman, qilolmagan ishlarimni endi qilaman”, deb oʻylagan edi. Lekin boʻlmadi: Bobir otasidan ham dono, zukko, oʻzining bilganini qiladigan, oʻzganing gapiga kirmaydigan boʻlib chiqdi. Hatto Qaysarning baʼzi gaplariga: “Vazir dono boʻlsa yurting ham obod boʻlar, vaziring boʻlsa xatak, obod yurt noobod boʻlar”, deb kulib qoʻyar edi. Shu vaqtlarda Shayboniy degan xon chiqib qolgan edi. Qaysar Shayboniyxon bilan gaplashib yurar edi. Bobur Qaysarning gapiga kirib Andijonda Shayboniy bilan urushda shaharni tashlab chiqib ketgan edi”.
Shunday murakkab vaziyatda Bobur Mirzo Shayboniyxon bilan sulh tuzishga majbur boʻlganiga tarix guvoh. “Shayboniyxon” dostonida Shayvali tomonidan Bovirxon oldiga “sulh” tuzish haqidagi taklif qoʻyilishi sahnasining kiritilishi tabiiydir. Zotan, baxshining soʻzlari zamirida tarixiy haqiqat mavjudligini payqash qiyin emas. “Boburnoma” asarida shunday deyiladi: “Shayboqxon sulh soʻzini oraga soldi. Agar bir tarafdin umidvorlig‘ boʻlsa edi, yo zahira boʻlsa, sulh soʻziga kim quloq solur edi. Zarurat boʻldi, sulhguna qilib, kechadin ikki paxr boʻla yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidan chiqildi”.
“Oychinor” dostonida ham sulh tuzishga qaratilgan fikrlar mavjud. Shayboniyxon bir otliqni elchi qilib Boburning oldiga yuboradi. Otliq: “Ey, Boburshoh urush qilasizmi yoki yurtni tinchgina topshirasizmi”, dedi. Boburshoh esa: Xov elchi, bu joy Shayboniyning chegarasiga kirmaydi, chegarasiga kirsa yozgacha ruxsat berarmikan deydi. Shunda elchi: “Shayboniyning chegarasi bu yogʻi Xoʻtan, bu yogʻi Amu Shayboniy bunga ruxsat bermaydi”, – deydi. Bobur maslahat qilishi kerakligini aytadi. Javobini tongda aytaman deydi. Sulh oqibati esa Bobur Mirzo uchun naqadar ogʻir boʻlganligi hamda yurtni tashlab ketishga majbur etilgani toʻgʻrisida tarixiy manbalar aniq maʼlumotlar bergan.
Asarda Bobur va Shayboniy munosabatlaridagi muhim nuqta shu-ki, Shayboniy oʻzining chegaralarini aniq belgilab olgani ifodalanadi. Amurdaryo ikki hukmdor oʻrtasidagi chegara sifatida qayd etiladi. Dostonda ham Bobur Turonni Amudaryo orqali tark etganligi tarixiy haqiqat bilan toʻliq mos keladi. Shuningdek, Bobur ham yurtdan butunlay ketmoqchi emasligi, yana qaytishni maqsad qilgani urgʻulanadi. Shu sababdan ham Zahiriddin Muhammad Bobur Turonni tark etganidan soʻng Samarqandni bir necha marta egallashga harakat qilganiga ishora bergan boʻlishi mumkin.
Boburning vatanni tashlab ketishdagi ichki kechinmalari, iztiroblari hamda ichki ziddiyatlardan charchaganligi xalqning eʼtiboridan chetda qolishi mumkin emas edi. “Oychinor” dostonida Boburning asar qahramoni Oychinorga aytayotgan nutqi orqali baxshi buni yuksak badiiy mahorat bilan ijro etgan.
Bugun bildim Qaysarni,
Endi koʻzim ochildi.
Shundayin qiligʻidan,
Taxtim sassiz yiqildi.
Yoki yoshlik qildimmi,
Tergab-tergab bilmadim,
Yomon tuzalar dedim,
Tanda jonin olmadim.
Qoʻynimdagi oltinim,
Ilon boʻlib oʻrladi,
Belimdagi kamarim,
Ushlamoqqa toʻr oldi.
Doʻst deb kosov ushlasam,
Dushman boʻldi oʻzimga.
Oʻylasam keng dunyoni,
Tor koʻrinar koʻzimga.
Qildim bobom ishini
Kofir deb gap tarqatdi.
Avliyoga sigʻinsam,
Imonsiz deb tosh otdi...
Oychinorjon, Oychinor,
Menga singil boʻl endi.
Yurt, elim deb oʻylasam,
Menga hamdard boʻl endi.
Zahiriddin Muhammad Boburning iztiroblari, yurt qaygʻusi uning ruboiylarida ham oʻz aksini topib, buyuk hukmdor Bobur endi vatandan yiroqlikni, garchi bu martaba Hindiston taxti boʻlsa ham, qismatdagi “yuz qarolig‘”, deb hisoblaydi:
Tole’ yo ‘qi jonimgʻa balolig‘ boʻldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ boʻldi?!
Umuman olganda, mazkur ikki tarixiy dostonda na Bobur Mirzo, na Shayboniyxon mutlaqo salbiy qahramon sifatida tasvirlanmaydi. Baxshi ularga butunlay salbiy boʻyoq berishdan qochadi. Biroq, ushbu dostonlarda Zahiriddin Muhammad Boburning Shayboniyxon bilan siyosiy raqobatiga ikki xil qarash mavjudligini payqash mumkin. “Oychinor”da Bobur shaxsiga kuchli eʼtibor qaratilib, yosh, zukko va aql-zakovatli yigit sifatida tasvirlansa, Shayboniyxon haqida qisqaroq toʻxtalib oʻtilgan.
“Shayboniyxon” dostonida esa Shayboniyga asosiy urgʻu qaratilib, Boburning Samarqand hukmdori sifatida Shayboniyxon bilan harbiy toʻqnashuvi tilga olinishi orqali asil tarixiy mohiyat yoritib beriladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Temuriylar sulolasining soʻnggi yirik vakili ekanligi urgʻulanib, davrning ichki ziddiyat, fitna va qarama-qarshiliklari mahorat bilan kuylangan. Shu bilan birga, Shayboniyxondan magʻlubiyatga uchragach, Boburning Amudaryoni kechib Afgʻoniston tomon yoʻl olishi uning tarixida keskin oʻzgarish yasagan burilish nuqtasi boʻlib, baxshining ijrosi tarixiy voqealar rivoji bilan toʻliq uygʻunlashadi. Ikki hukmdorning siyosiy maydondagi kurashuvining haqqoniy tarixiy jarayonlarga mos kelishi xalq dostonlari ham oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda muhim manba boʻla olishini koʻrsatadi.
Muxtorjon TOLIBBOYEV,
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti