Ming mashaqqat bilan chop etgan kitobingiz sizdan beruxsat koʻpaytirib sotilsa, jahl otiga minasiz, albatta. Koʻz nuri, yurak qoʻrini berib yozgan asaringizni birov oʻz nomidan eʼlon qilsa-chi, figʻoningiz falakka chiqishi aniq. Alhol, jamiyat gʻirrom kitobfurushlarning payini qirqib ulgurmay, mualliflik huquqi buzilishining boshqa bir turi – plagiat chuqur ildiz otmoqda.

Plagiat – fikr, gʻoya, ilmiy, badiiy, musiqiy asar, kashfiyot-u ixtironi oʻgʻirlamoq, xalqona aytganda, tayyor oshga bakovul boʻlmoq, birovning tahoratiga namoz oʻqimoq degani.

Karl-Teodor su Guttenberg bundan oʻn yillar avval Germaniyadagi eng boobro‘ siyosatchilardan biri edi. Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan arbob tez fursatda kansler Angela Merkelning oʻrnini egallashi kutilayotgan edi. Ammo demokratiya qoʻriqchisi boʻlmish jurnalistlar mudofaa vaziri huquqshunoslik boʻyicha doktorlik dissertatsiyasida boshqa olimlar fikrini oʻgʻirlaganini fosh etdi. Koʻp yillik “toat-ibodat” bir zumda yoʻqqa chiqdi, “istiqboli porloq” siyosatchi oshigʻich ravishda isteʼfo berdi. Olmon vaziri-ku iqtiboslar manbasi va mualliflarini toʻliq koʻrsatmagani vajidan sharmisor boʻldi. Bizda esa butunboshli maqola, dissertatsiya, asarlar oʻzlashtirilmayaptimi?.. Xalqaro huquq meʼyorlarida ham, milliy qonunlarimizda ham man etilganiga qaramay, nega ilm-u ijodga “oʻgʻri mushukday tuynukdan tushadigan”lar safi tobora kengayib boryapti? Gapning dangaliga koʻchsak, mualliflik huquqini toʻliq anglashimizga yana qancha qovun pishigʻi bor oʻzi? Mamlakat ravnaqida taqdirulamal ahamiyatga ega ushbu masalada oydinlarimizning fikr-mulohazalariga quloq tuting.

Boboqul TOSHEV,

Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruvi raisi, yuridik fanlar doktori, professor:

– Soʻz avvalida muhokama etilayotgan mavzuga doir tushunchalarga huquqiy izoh bersam. Mualliflik huquqi fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratish va undan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. Qonunchilikka koʻra mualliflik huquqi har qanday asarga nisbatan, uning maqsadi, qadr-qimmati, ifodalanish usulidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi. Shuningdek, u obyektiv shaklda boʻlgan yozma (qoʻlyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv), ogʻzaki (omma oldida soʻzlangan, ijro etilgan), ovozli yoki videoyozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik), tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr), ­hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot) va boshqa shakllarda eʼlon qilingan va eʼlon qilinmagan asarlarga tatbiq etiladi. Bu huquqning yuzaga kelishi uchun asarni roʻyxatdan oʻtkazish yoki boshqa rasmiyatchiliklar talab etilmaydi.

Hosila (tarjima, ishlanma asar, annotatsiya, referat, xulosa, sharh, inssenirovka, aranjirovka, fan, adabiyot va sanʼat asarlarining boshqa qayta ishlanmalari) va jamlama asarlar (ensiklopediya, antologiya, maʼlumotlar bazalari) ham mualliflik huquqi vositasida muhofaza qilinadi.

Ilmiy adabiyotlarda va axborot materiali tayyorlashda muallifning roziligisiz, haq toʻlamay, uning ism-sharifini, manbani koʻrsatgan holda, asardan parcha olib ishlatish mumkin. Ammo rek­lama yoki daromad olish kabi tijoriy maqsadlarda bunga ruxsat etilmaydi.

Ilm-u ijod moddiy daromad, obro‘-eʼtibor keltiradigan sohadir. Shuning uchun ham ayrim shaxslar yashirin daromad olish yoki jamoatchilik eʼtiborini qozonish uchun oʻzgalarning asarlaridan noqonuniy ravishda foydalanishga urinadi.

Bugungi kunda plagiat asosan ilmiy ishlar, darslik, monografiya, qoʻllanma, maqola va boshqa asarlarni yaratishda uchramoqda. Gohida mualliflik huquqiga oid qonunchilikdan bexabarlik sabab xato sodir etiladi, gohida esa maqsadga erishishning oson yoʻli sifatida shu usulga murojaat qilinadi.

Xorijiy tildagi adabiyotlarni tarjima qilib, oʻzimniki deb chop etish plagiatning eng koʻp uchrayotgan koʻrinishidir. Ilmiy jamoatchilikning befarqligi ortidan bilimi sayoz tadqiqotchi-­olimlar safi kengaymoqda. Vakolatli idoralarning plagiatga qarshi dasturlari, ilmiy ekspertizalar esa kutilgan natija bermayotir.

Koʻp yillar oldin Samarqanddagi oliy taʼlim muassasasida dars bergan katta bir olimning shogirdi ustozining bir necha kitobini oʻz nomidan chop ettirgani aniqlandi. Ish sudda koʻrilib, noqobil shogirdning gʻayriqonuniy xatti-harakatiga huquqiy baho berildi. Olim bilan suhbatlashganimda, “Men kitoblarni koʻp yillar davomida oʻtkazgan amaliy tajribalarim asosida yozganman, axir! Shogirdim qilmishi oqibatini his etsin, boshqalarga ham oʻrnak boʻlsin deb masalani sud orqali hal etdik”, deya kuyunib gapirgan edi.

Kinoga mehr qoʻygan bir tanishimiz (u kishi allaqachon olamdan oʻtgan) film ssenariysini yozib, poytaxtdagi taniqli mutaxassisga topshiradi va oʻzi viloyatga qaytib ketadi. Oradan yarim yilcha oʻtib, ssenariysini surishtirib kelsa, u asosda kinokartina suratga olinib boʻlgan, ssenariy muallifi sifatida esa qoʻlyozmaga taqriz berishi lozim boʻlgan boyagi mutaxassis koʻrsatilgan ekan...

Maʼlumki, musiqiy asar shoir, bastakor va xonanda hamkorligida yaratiladi. Qonunchilikka koʻra, bunday asar yaratishdan avval mualliflar oʻrtasida shartnoma tuzilishi, uch tomon oʻzaro kelishib olishi kerak. Bugungi kunda aksar xonandalar oʻziga maʼqul kelgan sheʼrni oladi-da, bastakorga murojaat qiladi. Qoʻshiq tayyor boʻlgach, xonanda bastakor bilan ogʻzaki kelishadi va goʻyoki oʻzini musiqiy asarning toʻliq egasi deb his qiladi. Maʼlum vaqtdan soʻng sheʼri ruxsatsiz qoʻshiq qilingan shoir xonandaga haqli daʼvo bilan chiqadi.

Avval ijro etilgan kuy, qoʻshiq, musiqadan oʻzboshimchalik bilan foydalanish ham qonunga xilofdir. Ayniqsa, xorij musiqasiga oʻzbekcha soʻz qoʻyib kuylash odat tusiga kirib borayotir. Bu chet ellik huquq egalarining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Oʻz davrida jahon miqyosida eʼtirof etilgan kuy-qoʻshiqlar bugun ochiqdan-­ochiq oʻgʻirlanib ijro etilayotgani va bunga jamoatchilik befarq ekani tashvishlanarli holdir.

Plagiat – oʻgʻrilikning kechirilmas turi. Chunki oʻzganing ilm va ijod mahsulini oʻgʻirlash uning qalbi, tafakkuri, orzularini oʻgʻirlash bilan barobardir. Jamiyat oʻz huquqini himoya qila olmayotgan muallifning mushkul ahvoliga tomoshabin boʻlmoqdan uyalishi kerak.

Dilmurod QURONOV,

filologiya fanlari doktori, professor:

– Oʻzbek ilm-fanida plagiat biz oʻylagandan koʻra ham kengroq tarqalib ulgurdi. Bu illatning ommalashuvi oʻrta va oliy taʼlimdagi islohotlar bilan bogʻliq. Maktabda va oliy taʼlim muassasasiga qabul imtihonida insho usuli bekor boʻlgach, yozish malakasi ommaviy tarzda pasaydi. Oliy taʼlimga reyting tizimi tatbiq etilgach, barcha fanlardan yakuniy nazorat tayanch iboralar asosidagi yozma ish tarzida oʻtkaziladigan boʻldi. Tasavvur qiling, ilgarigidek sessiya imtihonlari uchun maxsus vaqt ajratilmaydi-da, talaba semestr davomida oʻtilgan barcha fanlardan yakuniy nazorat ishi topshiradi. Hammaga talab bir xil – mutaxassislik fanidan tortib to jismoniy tarbiyagacha. Shuncha fandan yakuniy nazorat juda qisqa vaqt ichida oʻtkazilishi lozim. Talabada tayyorgarlikka vaqt yoʻq hisobi. Oʻqituvchilar yaxshi eslasa kerak, oʻsha yillari kutubxonalardagi koʻplab oʻquv adabiyotlarining varaqlari yirtib olingan... Keyinroq yangi texnologiyalar ommalashdi: osongina telefondan koʻchiriladigan boʻldi. Tabiiyki, qisqa vaqt ichida yozilgan va uch kun ichida baholanishi talab etilgan yozma ishlarni tekshirish koʻngildagidek boʻlmaydi. Deyarli hamma ishda bir boshdan koʻchirish holatiga duch kelsangiz-chi!.. Haqiqiy bahoni qoʻysangiz – “ishlamagan”ga chiqasiz, yangi tartibning nomaqbul jihatlarini aytsangiz – “taraqqiyot dushmani” atalasiz, xullas, noiloj koʻnildi. Oqibatda esa ilmda plagiat odatiy holga aylandi.

Aslida, buning hech ajablanarli joyi yoʻq: hozir koʻpchiligi bilim olishni testga tayyorlanishgina deb bilgan, qalam-ruchkadan koʻra klaviaturada tezroq yozadigan, savollarga sanoqli soniyalarda telefonidan mufassal javob topib beradigan avlod “ilm qil­yapti”... Shulardan biri – doktorlik (DSc) yozayotgan olima tahririyati­mizga kelib maqolasi taqdirini soʻradi. “Maqolangizning falon foizi koʻchirilgan ekan, berib boʻlmaydi” desam, “Kitoblardan oldim-da, hamma ham shunday qiladi-ku! Kitobdan foydalanmasam qanday yozaman?” deya taajjub izhor etdi. Hazilga yoʻyib xijolatdan chiqmoqchimi desam, yoʻq, jiddiy va samimiy gapiryapti. Yaʼni unda plagiat haqida tasavvurning oʻzi yoʻq, qilmishini maqbul-u manzur deb biladi... Negaki, talabalik davridan shunday qilib kelgan, unga birov tanbeh bermagan.

Ilmiy kengashlarni hozir shunday qarash-kayfiyat egallay boshladiki, plagiatga qarshi kurashishi lozim boʻlganlar ham unga panja orasidan qarayotir. Yaqinda oʻtgan himoyalardan birida “Dissertant falon-falon sahifalarda rus tilidagi maqolani oʻzlashtirgan” deya aniq dalillar bilan eʼtiroz bildirilsa, yangi doktorlardan biri “Dissertatsiya til nazariyasidan, bu yoʻnalishdagi ishlarda shunday boʻlishi tabiiy” deya koʻchirmakashni oqlamoqqa urindi. Nachoraki, ilmiy ishlar haqida huqm chiqarish endi shu yoʻsin oʻylaydiganlarga qolmoqda... Yoʻq, men katta avlodni yoqlash, oxirgi soʻz shularniki boʻlsin degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Negaki, ayrim kattalar ham sharoitga bino­yidek moslashgan: “Harholda oʻzi yozgan-ku!” deb xom-xatala ishlarni ham yoqlayveradi. Eng yomoni, muhokamadagi ishning mualliflik huquqiga doir kamchiliklarini ochsangiz, sizga badxohga qaragandek qarashadi. “Hay-hay, birovning yashirin aybini ochiqlash gunoh” deya kaminaga nasihat qilinganiga nima deysiz!

Aniqki, ilmiy kengashlar risoladagidek ishlasa, illat bunchalar maddalab ketmas edi! Kengash aʼzolari ham odam-da – biri xesh, biri tabor boʻlsa, ertami-indin shogirdi himoya qilaman deb tursa... – shularning rioyasiga koʻz yumiladi. Xullas, ayrim kengashlar yangicha talqindagi “bagʻrikenglik” siyosatiga oʻtib olgan: “oʻzi yozgan...”, “ayol boshi bilan shuncha ish qipti-ya...”, “yoshlarni qoʻllab-quvvatlash kerak...” singari daʼvolarni roʻkach qilgancha boʻsh ishlarni ham oʻtkazib kelyapti...

Xoʻp, kengashlar oʻtkazsa oʻtkazayotgandir, lekin ularning ishini nazorat etuvchi OAK nima qilyapti? Toʻgʻri, OAK dissertatsiyalarni himoyaga qadar antiplagiat dasturida tekshiradi. Biroq bu dastur yo tekshiruvni ishonchli bajarmaydi, yo uni “aylanib oʻtish” yoʻli bor. Sababi – kamina ushbu tizimda tekshirib himoyaga qoʻyilgan dissertatsiyalarda ham plagiat holatlarini aniqlaganman...

Plagiat – oʻgʻrilik, bas, unga qoʻl urgan odam shunga yarasha jazo olishi shart! OAK Nizomida ham aniq-tiniq bayon qilingan: “Oʻzganing materialidan uning muallifi va manbasini koʻrsatmasdan foydalanilgan hollarda dissertatsiya, u qaysi bosqichda koʻrilayotgan boʻlishidan qatʼi nazar, muhokamadan olib tashlanadi va talabgor ushbu mavzu boʻyicha dissertatsiyani qayta himoya qilish huquqidan mahrum etiladi”. Afsuski, bu talabga toʻliq rioya etilmayapti. Yoʻqsa, ish kengashga topshirilib, kengash qoshidagi seminar himoyaga tavsiya qilganidan soʻng antiplagiat tekshiruvi oʻtkazish va koʻchirmakashlik holatlarini koʻrsatgan holda yana kengashga qaytarish Nizomga zid emasmi?! Ish kengashga topshirilar ekan, himoya jarayoni boshlangan sanaladi-ku! OAK esa “bagʻrikengligi”dan dissertantga matndagi plagiatni dastur aniqlay olmaydigan tarzda tahrir qilish uchun sharoit yaratib beryapti. “Bagʻrikenglik” deya bejiz kinoya qilmadim: bu idora raisiga bir dissertatsiyadagi plagiat va koʻchirib olingan manbani aniq koʻrsatib yozgan xatim javobsiz qoldi...

Rosti, yigirma yillar narida aspiranturaga berilgan oʻrin boʻsh qolmasin deb odam izlaganmiz. Hozir qabul rasmana tanlov asosida oʻtyapti, kezi kelganda bir oʻringa oʻntadan talabgor bor. Sababi – moddiy manfaatdorlik ikki-uch baravar oʻsgan. Lekin talabgorlar taqdim etgan maqola-yu tezislarning aksarida plagiat uchraydi. Ilmdagi ilk qadamini gʻirromlik bilan boshlaganlardan ertaga nima kutish mumkin?! Demak, talabgorlarning maqola va tezislari jiddiy ekspertiza qilinishi zarur.

Hozir moddiyatni oʻylab ilm qiladiganlar ham koʻpaydi. Toʻgʻri-da, amallab dissertatsiya yoqlab olsa, moʻmay maosh tayin, kamiga falon foiz ustama, yana oʻrindoshlig-u soatbay... Gʻirromlikka odatlangan odam boshqa “daromad”dan ham parhez qilmasa kerak... Achinarlisi, ular yana yigirma-oʻttiz yil davlatning ilm-fanga ajratgan mablagʻini kemirib yotadi. Bu esa insof-u adolatga xilof­dir! Oliy taʼlim muassasalari moliyaviy mustaqillikka oʻtar ekan, bunaqa “olim”lar ilm dargohi oyogʻiga tushov boʻladi. Shunday ekan, elakni koʻtarish, sarakni sarakka, puchakni puchakka ajratish darkor: soʻnggi besh yil davomida yoqlangan, himoya jarayonida yoki undan soʻng eʼtirozlarga sabab boʻlgan dissertatsiyalarni qayta tekshirish zarur. Bu ish oliy taʼlim muassasalari ilmiy kengashlariga yuklangani maʼqul, chunki jamoalar kim asl olim ekanini yaxshi biladi.

Plagiat holati aniqlangan ishlar OAKka maʼlum qilinib, qoidabuzar ilmiy darajadan mahrum etilsa, shuning oʻziyoq koʻchirmachilikni keskin pasaytirishiga aminman. Eng asosiysi, “ilmiy darajalilar sonini oshirish” vazifasi “ilmiy darajalilar soni va sifatini oshirish” tarzida qoʻyilmogʻi kerak.

Shuhrat EGAMBERDIYEV,

akademik, OʻzFA Astronomiya instituti direktori:

– Plagiat muammosi ijod va fikr ahlini koʻp zamonlardan beri tashvishga solib keladi. Hatto buyuk dramaturg Uilyam Shekspir boshqa ijodkorlarning sheʼr-u pyesalarini oʻz nomidan eʼlon qilgan, degan gap yuradi. Tarixda oʻtgan voqealarga qozilik qilmoqqa daʼvom yoʻq, keling, yaxshisi, oʻzim guvoh boʻlgan hodisani soʻzlab beray.

1994-yili Mirzo Ulugʻbekning 600 yilligi xalqaro miqyosda nishonlangan, mamlakatimizda ham qutlug‘ sanaga bagʻishlangan anjumanlar oʻtkazilgan edi. Poytaxtimizdagi nufuzli universitetda uyushtirilgan xalqaro anjuman uchun olti yuzga yaqin maʼruza yuborilgani esimda. Tashkiliy qoʻmita aʼzosi sifatida tezislarni sinchiklab oʻrganib chiqqanman. Buni qarangki, yuzlab matndan bironta pichoqqa ilinadigani topilmagan! Barcha maʼruzalar uch asosiy manba – sharqshunos Vasiliy Bartold, akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy va Astronomiya instituti direktori Vladimir Shcheglovning risola va maqolalaridan koʻchirilgan edi... Bu holat, mana, salkam oʻttiz yildan beri davom etmoqda. Ammo Mirzo Ulugʻbek merosi tadqiqiga bagʻishlangan original maqolalarni sanasangiz, barmoqlaringiz ortib qoladi.

Raqobat avjiga chiqqan bugungi davrda ixtirochilar huquqlarini himoya qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozir biron mahsulot tannarxini atigi bir necha foizga kamaytirish, uni takomillashtirish nainki yuqori malakali ixtirochilar mehnati, balki millionlab dollar mablag‘ talab qiladi. Masalan, har yili “iPhone” brendiga mansub mahsulotlarning yangi avlodi taqdim etiladi. Mehnat mahsuli va daromadni boshqa shirkatlar ilib ketmasligi uchun intellektual mulk, mualliflik huquqi, patent kabi tushuncha va himoya mexanizmlari joriy qilingan. Mutaraqqiy dunyoda birovning ixtirosini noqonuniy ravishda istifoda etishga, yaʼni plagiatga aslo yoʻl qoʻyilmaydi. Bu nafaqat sanoat, balki iqtisodiyotning barcha sohalariga tegishli talabdir.

Plagiatga qoʻl urgan tadqiqotchi jamiyatga mislsiz ziyon keltiradi. Ilmiy daraja olimga ilmiy muassasada rahbar lavozimlarda ishlash, kengash aʼzosi boʻlish imkonini berishi maʼlum. Nopok yoʻl bilan ilmiy darajaga ega boʻlgan kimsa esa moddiy manfaat evaziga oʻzi kabi qoʻlbola olimlarni koʻpaytirishi aniq.

Mushtariylarda “Bunday holatlarning oldini oluvchi nazorat organi ‒ Oliy attestatsiya komissiyasi bor-ku! Nega chora koʻrmaydi?” degan savol tugʻilishi tabiiy.

Avvalo, OAK dissertatsiyalar mavjud tartib-qoidaga mos ravishda himoya qilinganini nazorat etadi. Bu idora antiplagiat dasturi orqali fikr, gʻoya, matn koʻchirilmaganini ham tekshiradi. Dasturning ingliz, rus va nihoyat oʻzbek tilidagi matnlarni tekshiradigan talqinlari yaratilgan. Lekin matnni tarjima orqali oʻzlashtirish holatlarini aniqlash uchun yanada mukammal dastur kerak boʻladi.

Soʻnggi yillarda xorijda “feyk”, yaʼni aldamchi nashrlar koʻpa­yib ketdi. Bu borada ayniqsa Hindiston oldingi oʻrinda. Internetda firibgarlarning SCOPUS maʼlumotlar bazasiga kiritilgan, yuqori impakt-faktorga ega jurnallarga ilmiy maqola qabul qilinishi haqidagi eʼloniga bot-bot duch kelamiz. Bunday jurnallar 100-200 dollar evaziga mazmunan sayoz, ilmiy mezonlarga muvofiq kelmaydigan, hatto dangal oʻgʻirlangan maqolani chiqarib beradi. Surishtirib koʻrsangiz, “nufuzli nashr” deganlari na SCOPUS roʻyxatiga kiritilgan, na yuqori reytingga ega! Xayriyatki, xorijda shaʼniga gard yuqtirmaydigan, soxtakorlikka murosasiz jurnallar ham bor.

Bir necha yil avval qoʻshni mamlakatdagi universitetning yubiley tantanasida ishtirok etdik. Odatda, bunday tantanalarga dongdor mehmonlar taklif qilinadi, ularning keldi-ketdi xarajatlari toʻliq qoplanadi, ishtirokchilar quyuq ziyofat, sovgʻa-salom bilan siylanadi. Mehmonlar ham mezbon muassasa shaʼniga iliq soʻzlar aytib, intervyular beradi. Tarki odat – amrimahol, qoʻshni mamlakatdagi yubiley ham shunday oʻtdi.  Tantanadan ke­yin tashkilotchilar ilmiy toʻplam uchun ishtirokchilardan maʼruza matnini soʻradi. Anjuman jiddiy munozarasiz kechgani sabab biz ham aksar ishtirokchilar qatorida avval chop etilgan maqolalarimizdan “yigʻindi” maʼruza tayyorlagan edik. Uni yana bir karra tahrir qilib berdik. Tashkilotchilar toʻplamni Niderlandiyadagi “Kluwer Academic Publishers” degan nufuzli nashriyotga taqdim etibdi. Bir oz vaqt oʻtgach, nashriyotdan “Toʻplamga kiritilgan maqolalarning 85 foizi avval bosilgani sababli uni chop eta olmasligimizni maʼlum qilamiz. Toʻplamni bizning nashriyotda chiqarmoqchi boʻlsangiz, original maqolalar yigʻib yuborishingizni soʻraymiz” degan mazmunda javob kelibdi. Mana, buni jiddiy yondashuv desa boʻladi! Aslida, toʻplam plagiat mahsuli boʻlmagan. Mualliflarning aybi eski maqolalari asosida yangi material tayyorlagani, xolos. Buyurtma hisobidan kun koʻradigan nashriyot nomni toza saqlamoq uchun naqd foydadan ham voz kechgan...

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda iqtisodiyot rivojida ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarning roli oshib borayotganini teran anglagan holda fan ravnaqi yoʻlida tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda. Olimlarning maoshi koʻpaytirilgani, ular uy-joy bilan taʼminlanayotgani, zamonaviy laboratoriyalar barpo etilayotgani, yosh tadqiqotchilar jahonning yetakchi ilmiy markazlariga yuborilayotgani, ilm ahlining jamiyatdagi nufuzi mustahkamlanayotgani shu siradagi chora-tadbirlardir. Xoʻsh, ilmiy ishlarning samaradorligi shunga munosib tarzda oshyaptimi? Afsuski, unday emas.

Yetakchi olimlar, ziyolilar – millatparvar vatandoshlar oʻzbekona andishani bir chetga surib, saviyasiz ilmiy ishlar, oʻgʻrilik mahsuli boʻlgan dissertatsiyalarga nisbatan ayovsiz munosabatni shakllantirmogʻimiz lozim. Shunday muhit yarataylikki, ilmga suqilib kirmoqchi boʻlgan kimsalar “darvoza”danoq ortga qaytsin, minbaʼd nopoklikka jurʼat etmasin!..

Shahnoza SOATOVA,

publitsist, jamoat faoli:

– Negadir intellektual oʻgʻrilikni yengil sanaymiz, befarq-loqaydmiz, kezi kelganda uni hatto oqlaymiz ham. Bu, ayniqsa, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim va qoʻshiqchi Sanjay mojarosida bilindi-qoldi. Umuman, mualliflik huquqi bilan bogʻliq sudlashuvlar jamiyatning bu muammoga munosabati yanglish ekanini koʻrsatmoqda.

Biron shoirning sheʼrini soʻroqsiz oʻzgartirib, asl mantigʻi va falsafasini buzib kuylagan xonanda – qahramon (“yaxshi kuyladi, sheʼrni va shoirni mashhur qilib berdi”), haqqini daʼvo qilgan muallif esa – aksilqahramon (“noshukr ekan, oʻzini birov tanimasa, pul uchun sudlashyapti-yov”) ataladi. Biz bu borada ters bir muhitda yashayotgandekmiz.

AQShda talaba kursdoshi koʻchirmakashlik qilganini oʻqituvchiga aytib bersa, nomaʼqul ishni fosh etdi deya olqish oladi. Bizda esa koʻchirmakashlik oddiy hol, qoʻlga tushib qolsa, nari borsa ogohlantirilar, lekin jiddiy jazolanmaydi. Bordiyu kimdir buni oshkor qilgudek boʻlsa,  sotqin ataladi.

Shoʻro qatagʻonidan meros tarixiy anʼana biron bir maʼlumotni oshkor etishni qoralamoqqa undaydi. Muallifning oʻz haqini talab qilishi bilan xabarkashlik illati yer-u osmoncha farqlanishini esa tushungimiz kelmaydi. Ahvol shu darajadaki, intellektual mulkini himoya qilish uchun daʼvo boshlagan mualliflar “Odamlar bilmasin, meni sazoyi qilishadi” deb qonuniy xatti-harakatini ham yashirishga urinadi. Biz teskari “qadriyat”lar hukmi ostida yashayapmiz!

Buning asosiy sababi – aqliy mehnatning qadrini bilmaslik. Albatta, xalqning iqtisodiy holati ham ahamiyatga ega. Deylik, asl poyabzal falon ming soʻm, uning nusxasi esa oʻn baravar arzon boʻlsa, xalq kamxarjini oladi. Birovning haqqi, mualliflik huquqi deb har qancha bong urmang, choʻntak koʻtarmas ekan, barcha urinishlar foydasiz. Bu hol yopiq doirani yodga soladi: aholi qoʻli yupqaligi vajidan muallif haqqiga rioya qilmaydi, boshqa tomondan, jamiyat muallif haqqiga rioya qilmagunicha kambagʻallikdan qutulolmaydi. Boz ustiga, mamlakatda mualliflik huquqiga rioya etilmayotgani, ishlab chiqaruvchi ham, isteʼmolchi ham bunga befarqligini koʻrgan investor aslo sarmoya kiritmaydi.

Shu taxlit xorijning arzon, sifatsiz mollarini istifoda etib umr oʻtkazamiz. Oʻzimizning oltinboshlar chetga hijrat qilib, u yerda moddiy neʼmat yaratadi. Biz esa ularning molini oʻn, yuz baravar qimmat narxda sotib olamiz. Shu tarzda “uchinchi dunyo” tamgʻasidan qutulolmay yuraveramiz.

Har gal xorij safariga chiqqanimda aeroportlarda hamyurtlarimning zil-zambil jomadon sudrab yurganiga guvoh boʻlaman. Vatandoshlarimiz chetdan kitob, antikvariat yoki biron madaniy atiqa keltirsa qani – asosan kiyim-kechak, yegulik tashiydi. XXI asrda-ya! Nega? Bizda brendlar kamligi sabab kim xorijga chiqsa, koʻzi ochdek doʻkonlarga chopadi, jomadonini ajnabiy mahsulot bilan toʻldiradi. Fikr, gʻoya oʻgʻirlangan mamlakatdan brend egalari ham oyogʻini tortadi-da!

Bu hol nafaqat sanoat va biznes, balki ilm, noshirlik, sanʼatga ham xos. Noshir yaxshi muallif topib, unga qalamhaqi berib asar yozdiradi, xorijdan nashr huquqini sotib oladi. Qancha xarajat va harakat qilib kitobni nashr etadi, bozorga chiqaradi, mahsulotini ovoza qilish uchun ham mablag‘ ayamaydi. Biroq kitob endi tilga tushganida qaroqchilar uni arzon-garovga pullab choʻntak qappaytiradi. Soʻnggi yillari bu borada Telegram kanallar uchar boʻlib ketdi. “Maʼrifat tarqatyapmiz” degan daʼvo bilan kitoblarning elektron nusxasi kanallarga joylanadi. Asl maqsad – ming-ming obunachi yigʻish va reklamadan pul ishlash! Shoʻrlik ­noshir chapak chalib qolaveradi.

Oʻgʻriliklarning ortidan quvib, huquqbuzarlarni jazolab samaraga erishmoq mushkul. Telegram guruhi maʼmurini topib javobgarlikka tortganingiz bilan, ertaga u anonim tarzda boshqa bir kanal ochib, qingʻir ishini davom ettiraveradi. Ularni faqat koʻpchilik boʻlib, maʼnan yetuk xalq toʻxtata oladi. Oʻgʻirlangan mahsulotlarni boykot qilib, oʻsha kanallarga obuna boʻlmay, plagiatni ommaviy tarzda qoralab! Biroq buning imkoni bormikan?..

Ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqi borasida koʻp bahslashaman. Goho oʻqimishli insonlar ham intellektual oʻgʻrilikni yoqlashidan hayron boʻlaman. Toʻrt qator ohorli matn yozish mashaqqatini boshdan kechirgan odam aqliy mehnat mahsulining oʻgʻirlanishi naqadar alamli ekanini teran his etadi.

Muammo sabablari talaygina.

Birinchidan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida maʼlumotlarni uning muallifi, huquq egasi ruxsatisiz oʻzlashtirish oson hamda arzon ishga aylanib qoldi.

Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlari intellektual mulk sohasi boʻyicha oʻziga yuklangan vazifalarni toʻliq bajarmayotir. Qolaversa, bu borada idoralararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan. Yaʼni davlatning oʻzi bu illatga qarshi bir mushtga doʻnib kurasha olmayapti.

Uchinchidan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida yetkazilgan zararni aniqlash va qoplash boʻyicha tegishli mexanizm joriy etilmagan.

Toʻrtinchidan, aholi bu boʻyicha yetarli bilim, koʻnikma va huquqiy madaniyatga ega emas.

Axloq poydor boʻlmagan jamiyatda qonun ustuvorligi ham, taraqqiyot ham yoʻq. Biz esa tobora axloqdan yiroqlashib boryapmiz: birovning haqqidan qoʻrqmaymiz, oʻgʻrilikka yengil qaraymiz, faqat oʻzimizni toʻnasalargina adolat talab qilamiz. Achchiq boʻlsa-da tan olish kerakki, jamiyat deb atayotganimiz bu birlashma hali rasmana jamiyatga aylanmagan. Yopiq halqani buzish, jarayonni toʻgʻri oʻzanga burish kerak, axir!

Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning – 45, Xitoyda – 12, Rossiyada esa 7 foizini tashkil etadi. AQSh, Germaniya, Yaponiya singari mutaraqqiy davlatlarda YIM oʻsishining 80 – 95 foizi texnika va texnologiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Demak, qayerda aqliy mehnat qadrlansa, oʻsha yerda inson shaʼni baland, qorni toʻq, adolat ustuvor boʻladi. Ilm-fan va innovatsiyani rivoj­lantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish uchun ham intellektual mulkning ishonchli muhofazasi taʼminlanishi lozim.

Birovning tilla soatini oʻmarish bilan oʻzganing asarini oʻziniki qilish oʻrtasida farq mavjud emas. Ana shu nuqtai nazarni butun jamiyatga singdirish, plagiatning ulkan ziyonini tushuntirish, muxtasar aytganda, ijtimoiy ongni oʻstirish kerak. Eng asosiysi, davlat ham bu ishga jiddiy kirishmogʻi lozim. Garchi “populistik” boʻlmasa-da, “ochko” keltirmasa-da, jazoni qattiqroq va muqarrar qilish,  intellektual mulk himoyachilari hamjamiyatlarini ragʻbatlantirish kabi choralarni koʻrish vaqti keldi. Unutmaylikki, bu illat kosamizni oqartirmaydi, uning kasriga kuchlilar qarshisida zaif va tobe boʻlib qolaveramiz.

Iqboljon QORABOYEV,

xalqaro huquq doktori (Tuluza universiteti, Fransiya):

– Plagiaire istilohi fransuz tilida bir necha asrdan beri mavjud. Bu soʻz ilk marta XVI asrga oid yozma manbalarda uchraydi. U boshqalarning qulini oʻgʻirlagan yoki hur insonlarni qul qilib sotgan shaxslarga nisbatan ishlatilgan. Endilikda mazkur atama akademik axloq oʻzak tamoyillarining poymol etilishini anglatadi.

Gʻarb mamlakatlari bu illatga qarshi tizimli, murosasiz kurashadi. Fransiyadagi atoqli olimlardan Eten Klayn bilan bogʻliq hodisa ham jamiyat va ilmiy jamoatchilik plagiatdan qanchalik hazar qilishini koʻrsatdi.

Fizika va fan falsafasi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlgan Eten Klayn ilm-fanni ommalashtirish yoʻlidagi xizmatlari tufayli ham mamlakatda obro‘-eʼtibor qozongan edi. Uning fan yoʻnalish­lari va mashhur olimlarga bagʻishlangan kitob-u maqolalari qoʻlma-qoʻl oʻqilgan. 2016-yili Fransiya prezidenti Fransua Olland olimni jamiyatda ilm-maʼrifatga boʻlgan ragʻbatni oshirishga ­masʼul Fan va texnologiyalar boʻyicha tadqiqotlar instituti (IHEST) direktori etib tayinlagan edi. Koʻp oʻtmay, “LʼExpress” nashri E.Klaynning Albert Eynshteyn hayotiga bagʻishlangan kitobida fransuz va xorij olimlari asarlaridan koʻchirilgan matnlar borligini aniqlab maqola eʼlon qildi. Olim bu daʼvoni rad etgach, “LʼExpress” jurnali muallif boshqa asarlarida ham plagiatga qoʻl urganini fosh etuvchi navbatdagi surishtiruvni chop etdi. Gʻisht qolipdan koʻchgan edi, hukumat mazkur holatni oʻrganishni toʻrt nafar olimdan iborat mustaqil komissiyaga topshirdi. Komissiya oʻz hisobotida E.Klaynning xatti-harakatiga huquqiy baho bermagan boʻlsa-da, u institut direktorligidan ketishi tavsiya etildi. Pirovardida fizik olim lavozimidan ozod qilindi.

Darhaqiqat, plagiat jamiyat ravnaqiga putur yetkazadi, ilm-­fanga boʻlgan ishonch va hurmatni poymol etadi, iqtisodiyot va innovatsiyalar uchun ajratilgan mablagʻlar havoga sovurilishiga olib keladi. Shu mavzuni koʻp yillardan beri tadqiq etib kelayotgan shvetsariyalik professor Mishel Bergada plagiatning jamiyat, fan va taʼlim tizimiga zararlarini sanar ekan, bu illat akademik bilim muhofizlari – ilmiy jurnallarni ham yomonotliq qilishiga eʼtibor qaratdi.

Aldam-qaldamga mukkasidan ketgan tadqiqotchi janoblari, garchi oʻzi nomunosib boʻlsa-da, ilmiy daraja va akademik unvonlarga ega chiqadi. Intellektual oʻgʻrilik avj olgan tizimda soxtakorlar mukofotlanib, halol tadqiqotchilar panada qoladi.

Internet va axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda plagiat, taʼbir joiz boʻlsa, pandemiyaga aylanib bormoqda. Avvalo, bu illatga qarshi kurash koʻp vaqt va katta xarajat talab etishini qayd etish joiz. Qolaversa, fikr va gʻoya oʻgʻriligining oldini olish uchun maʼmuriy, jinoiy choralar koʻrish bilan birga jamiyatda ogohlikni oshirish ham talab etiladi. Bu borada Yevropa tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Yevropa kengashi Taʼlim sohasida etika, ochiqlik va toʻgʻrilik platformasiga (ETINED) asos solgan. Fransiyada esa 2017-yili Ilmiy halollik idorasi tashkil qilingan. Uning asosiy vazifasi umummilliy darajada ilmiy halollik meʼyorlarini muhofaza etish va targʻib qilishdan iborat. Koʻhna qitʼa professor-­tadqiqotchilari tashabbusi bilan taʼsis etilgan Yevropa akademik halollik tarmogʻi (ENAI) ham ilm-fanda uchraydigan nomaqbul illatlarga qarshi kurashda namuna boʻla oladi.  Fransiya parlamentining yuqori palatasi (senat) 2021-yilda nashr qilgan “Ilmda halollik madaniyatini targʻib etish va himoya qilish” deb nomlangan 143 sahifali hisobot ham akademik halollik masalasi davlat uchun qanchalar muhimligini tasdiqlaydi.

“Ilm-fan va sanʼatda plagiat hodisasi intellektual soxtakorlik oʻlaroq namoyon boʻladi. Agar talabalar orasida uchraydigan fikr oʻgʻriligini xomlik va gʻoʻrlikka yoʻyish mumkin boʻlsa, olimlar va sanʼatkorlarning bunday qilmishini birodarkushlik jinoyati deb baholash mumkin”, deydi Renn universiteti professori Aleksandr Serres.

Olimning taʼkidlashicha, ilmiy soxtakorlik hech qachon beixtiyor sodir etilmaydi, gʻirrom usulni maʼqul koʻrgan muallif ­ongli ravishda bu qilmishga qoʻl uradi. Ilmdagi soxtakorlikning badali esa boshqa sohalardagi qingʻirliklardan koʻra bir necha baravar ogʻirroqdir.

Murakkab fenomen boʻlgan plagiatga qarshi kurash xamirdan qil sugʻurgandek oson kechmasligi tabiiy. Tajribasizlik yoki ehtiyotsizlik sabab soxtakorlikka qoʻl urgan tolibi ilmni toʻgʻri yoʻlga solmoq mumkindir, ammo bu qilmishni ongli ravishda sodir etganlarni qanday tarbiyalamoq kerak? Bizningcha, bu borada huquqiy, axloqiy va ijtimoiy choralarni uygʻun holda qoʻllamoq lozim.

Behzod FAZLIDDIN,

shoir, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori:

– Hozirgi kunda ijodkorlar mualliflik hu­quqi masalasida oʻzi kurashishi zarur boʻlib qol­yapti. Men ham adabiy-ilmiy ijodda plagiat ho­latiga koʻp bora duch kelganman. Bir necha yil avval koʻchirmachi qalamkash va qoʻshiqchilar bilan sudlashishgacha borganman, pirovardida ular javobgarlikka tortilgan. Oʻtgan yili ham shunday mojarolar boʻldi.

Yana bir sheʼrim oʻgʻirlanib, qoʻshiq qilingan ekan. Aniqrogʻi, sheʼrim asosida yangi bir “shedevr” yozilib, kuyga solingan. Qoʻshiqchini topib, plagiatga qoʻl urgani, buning uchun qonuniy javobgarlik borligi, qolaversa, asar muallifning ruxsati bilangina ijro etilishi kerakligini batafsil tushuntirdim. Ammo tayinli javob ololmadik. Bu orada kechgan asabbuzarliklarni aytmay qoʻyaqolay...

Holat yuzasidan dastlab Intellektual mulk agentligiga (hozir departament) murojaat qilindi. Bir vaqtlar bor-yoʻqligi ham bilinmaydigan agentlik Adliya vazirligi tarkibiga oʻtgandan soʻng bir qadar jonlanganini eshitib shunday yoʻl tutgandik. Ammo tashkilot xodimlarining, ayabroq aytganda, masʼuliyatsizligi oqibatida necha oylab shu gʻalva bilan andarmon boʻldik. Ajabo, huquq himoya­chilarining oʻzi huquqini talab qilganlarni xushlamay tursa-ya!..

Kuzatishimizcha, Adliya vazirligi, uning viloyat boshqarmalari va boshqa idoralarda mualliflik huquqi boʻyicha malakali mutaxassislar yetishmaydi. Hatto sudyalar orasida masalani tuzuk-­quruq tushunmaydiganlari uchraydi. Aytaman desa, ancha gap bor... Darvoqe, Yozuvchilar uyushmasi, “Oʻzbekkonsert” va boshqa ijodiy tashkilotlar ham bu masalaga jiddiyroq qarashi lozim emasmi?!

Sirasini aytganda, jamoatchilik nazorati sustligi, masʼul tashkilotlar oʻz ishini risoladagidek uddalamayotgani, sudlarda mualliflik huquqi bilan bogʻliq tajriba shakllanmagani bois ayni ijod qiladigan, izlanib-oʻrganadigan pallada bunday gʻalvalar mualliflarning vaqt-u asabiga egov boʻlayotir.

Mualliflik huquqiga doir ishlarning OAVda yoritilishi ham koʻngildagidek emas. Keyingi vaqtlarda plagiat mavzusida biron joʻyali, tahliliy material eʼlon qilinganini eslay olmayman. Sayt va elektron nashrlar “falonchi sudga berildi” deya shov-shuv koʻtarish bilan ovora. Havaskorlarcha yozilgan xabarlarni oʻqigan zamondoshda huquqbuzar emas, qonuniy haqini talab qilgan shaxs aybdor degan taassurot uygʻonadi. Ha-ya, nima uchundir bizda hali ham sudga murojaat qilganlar xushlanmaydi. Axir, bu – masalani hal etishning eng madaniy yoʻllaridan-ku! Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda esa aksar odamlar mavzuni tushunib-tushunmay ogʻziga kelganini yozayotir. Afsuski, bugunning ijodkori ana shunday chalasavod, fikrlash neʼmatidan benasib, kitob oʻqish tugul, oʻz ismini ham toʻgʻri yoza olmaydigan toʻda bilan hisoblashmoqqa majbur. Bu bobda aksar ziyoliman deganining ham ahvoli behroq emas...

Sheʼr oʻgʻriligi boʻyicha sudlashuvimizda ham shu hol kuzatildi. Sud kamtarona jarima belgiladi, maʼnaviy zarar summasini esa aytmoqqa ham uyalasiz... Figʻonimiz oshib yurgan kezlarda plagiatga doir ushbu sud ishi natijasi hammayoqda ovoza boʻldi. Adliya­ning viloyat boshqarmasi internetda “falonchi shoir sheʼrini ruxsatsiz qoʻshiq qilgani uchun falonchi xonandani sudga berdi va qoʻshiqchi jarimaga tortildi” degan mazmunda uzuq-yuluq xabar ­eʼlon qildi. Aksar saytlar voqea tafsilotini oʻrganmay, vaziyatni surishtirmay oʻsha chalkash maʼlumotlarni koʻchirib tarqatdi. Bu oʻrinda bosh­qarma xodimlari ham, OAV vakillari ham axborot yetkazishda kasb etikasiga rioya qilmaganini alohida qayd etish kerak. Oqibatda koʻpchilik yanglish xulosa yasadi: goʻyo sheʼrim ruxsatsiz qoʻshiq qilinganini eshitib darrov sudga chopganman. Odam ham shu qadar anoyi boʻladimi! Asosiy masala sheʼr ruxsatsiz qoʻshiq qilinganida emas, ijodiy oʻgʻrilik yuz berganida-ku!

Plagiat sabab jarimaga tortilganlarni koʻpchilik jabrdiyda oʻlaroq koʻrayotgani ajablanarli. Baʼzi ijod kishilarining bu boradagi ilmoqli gaplarini eshitib yana oʻylanib qolasiz: aslida, shu qavmning oʻzi mualliflik huquqi buzilishiga qarshi kurashda oldingi safda boʻlmogʻi kerak emasmi?!

Plagiat hodisasi oliy oʻquv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasalarida ham urchimoqda. Mana, yana bir misol. Viloyatlardagi universitetlardan birida himoya qilingan magistrlik ishida PhD dissertatsiyam materiallari, xususan, matbuot va internetda eʼlon qilgan maqolalarimdan sahifa-sahifa koʻchirib olinibdi. Magistrant-ku birovning mehnat mahsulini oʻzlashtirishdan uyalmabdi, unga yoʻl koʻrsatadiganlar, ilmiy rahbar nega jim qarab turdi ekan?

Ushbu holat yuzasidan universitet rahbariyatiga murojaat qildik. Keling, tafsilotlarni dasturxon etib oʻtirmayin, ammo, ochigʻi, OTM rahbariyatining masʼuliyatni soqit qilishga uringani, pedagog-xodimlar esa koʻchirmakashlik holatiga “Shunga ham ota goʻri qozixonami!” qabilida munosabatda boʻlganidan muztar-mutaassir boʻldim. Tasavvur qilingki, shu kabi koʻchirmakashlar ke­yinroq doktorlik dissertatsiyasini yoqlasa, ilmiy darajaga ega boʻlib, sohada javlon ursa! Kim bilsin, yana qancha yumaloq-yostiq qilingan “ilmiy ish”lar bor ekan?! Ilmga, ijodga yolgʻon bilan kirib kelayotgan yoshlarning kelajagi haqida yorug‘ soʻz aytish qi­yin. Oliy taʼlim masʼullari, ilmiy tadqiqot institutlari mutasaddilari bu masalaga alohida eʼtibor qaratmogʻi darkor.

Intellektual mulk oʻgʻriligi insoniylikka ham, qonunchilikka ham zid, sharʼan esa haromdir. Nahot shu oddiy haqiqatni anglab yetmaymiz?!

Rivojlangan davlatlarda mualliflik huquqini buzganlar katta jarimaga tortiladi, hatto qamaladi. Eng asosiysi, “ijodiy qaroqchi”lar jamiyat nafratiga uchraydi. Bizdagi “oʻgʻrigina ijodkor”lar esa hozircha yengil taʼzir bilan qutulib qolayotir.

Har bir inson, ayniqsa, ijodkorlar mualliflik huquqi buzilishiga murosasiz boʻlmogʻi lozim. Intellektual mulkni himoya qiluvchi tashkilotlar hadeb ura-ura qilavermay, oʻz ishiga vij­donan yondashishi darkor. Ommaviy axborot vositalarida ham bu mavzu muntazam yoritilishi kerak. Shoyad, jamiyat buning qanchalar xavfli jinoyat ekanini anglasa!..

Rahmon QOʻChQOR,

adabiyotshunos olim:

– Avvalo, bir masalani aniqlashtirib olishimiz kerakka oʻxshaydi: olim, shoir-yozuvchi boʻlmoq, sanʼatkor rutbasiga erishmoq – belni ogʻritmay pul topish, yoqani kir qilmay tirikchilik oʻtkazish, jamiyatning hurmatga loyiq aʼzosiga aylanish deb talqin qilinishi toʻgʻrimi? Jamiyatimizda ana shu qarash aksioma tusini olgani kamolotdan darakmi yoxud falokatdan?

Xoh Mashriq, xoh Magʻrib tarixida ilm-u ijod yoʻli ravon va oson kechgan biron yirik olim, sanʼat va adabiyot namoyandasi topilarmikan? Arastuga oson boʻlganmi yoxud Aflotunga? Balki bepoyon dashtning izgʻirinli shamolida Bilga xoqon toshbitigini darj etgan muallif rohat topgandir?! Ibn Sino yoki Forobiyning, Beruniy yoxud Mirzo Ulugʻbekning qay bir ilmiy kashfiyoti eʼtirozsiz qabul qilingan? Bruno, Nasimiy va Mashrabni nega dasturxon toʻriga emas, olov va dor ostiga keltirdilar? Pol Gogen nechun moxovga chalindiyu Abdulla Toʻqay va Usmon Nosir nega tongda qon tupurdi? Erkin Vohid yoki Rauf Parfining, Gulchehra Nurillayeva yo Shavkat Rahmonning begʻam-betashvish yurganini birov koʻrganmi?..

Shu yanglig‘ savollarga javob topmagunimizcha, har birimiz bu borada vijdoniy qarorga kelmagunimizcha ahvolning oʻnglanishiga umid qilib boʻlmaydi. Zero, ilm yoʻlini tutmoq, adabiy va estetik ijod jabhasiga umrni fido etmoq – muntazam bedorlik, oʻzni tinimsiz mehnatga undash, boshqalar orom ogʻushida boʻlganida ruh va jonning besaranjom qiynoqlariga tik qaray olish deganidir. Ana shundagina nedir ilmiy yangilik, badiiy kashfiyot dunyoga keladi.

Haminqadar bilim, chala-chulpa savod bilan ilmda biron yangilik kashf etib boʻlmaganidek, odam bolasida rasida yoshida nish berib, keyin qovjirab qoladigan ijodga qiziqish hissi bilan oʻlmas badiiy asarlar yaratib boʻlmaydi.

Afsuski, Yusufbek hoji oʻgʻli Otabekka “Onangga kelin qaygʻusi tushibdur” deganidek, yaqindan beri biz ham oliy maʼlumotlilar, olimlar, sanʼatkor-u ijodkorlar sonini koʻpaytirish orzusiga berilganmiz. Xoʻsh, ilm bobida uning roʻyobiga qanday kirishamiz? Har galgidek eng oson tarzda, kampaniyabozlik usulida – qisqa muddatda kafedralarda fan doktorlari (DSc) va falsafa doktorlari (PhD) sonini oshirish, har bir oʻqituvchining xorijiy jurnallarda maqolalarini chiqarish, qanday boʻlmasin, nomiki xalqaro atalgan ilmiy anjumanlarning sertifikatlarini koʻpaytirish va hokazo...

Ilm, ijod deganlari esa, boya aytilganidek, oʻlgudek qaysar, obi-tobiga yetmagunga qadar meva bermaydigan daraxt!

Magistr, falsafa doktori, fan doktori boʻlmoqni havas qilgan mardum koʻpincha tanlagan mavzusi doirasida yozilgan ilmiy ishlarning bir qismidan (koshki, ularning ham barchasi bilan tanishsa, yoʻq, bunga vaqt yoʻq!) goh sal “aft-angori”ni oʻzgartirib, baʼzan esa toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirish – oʻzlashtirishga kirishadi. OAKning hatto sof milliy (masalan, oʻzbek adabiyotshunosligi) yoʻnalishdagi ilmiy ishlar uchun ham xorijiy jurnalda material chop etish talabiga koʻra, masalan, JARda roʻyxatga olinib, yarim yil-bir yilda yopilib ketadigan oynomada maqola chiqarish uchun 500–800 dollarning bahridan oʻtiladi. Oʻrtada turgan korchalonlar shu tariqa mamlakatdan har yili qancha valyutani olib chiqib ketayotganini birov hisoblab oʻtirmaydi. Nega hisoblasin, axir pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin! Axir, buning evaziga universitetlarimizning jahondagi nufuzi ortmoqda, har yili falon mingta maqola xorijda chop etilyapti, kafedralarning ilmiy salohiyati yuksalib, professor-oʻqituvchilarning ustama haqi oshmoqda!..

Ana oʻshanday “ilmiy oʻsish sharofati bilan” kamina “Tafakkur” jurnali oʻrtaga qoʻygan muammo xususidagi fikrlarimni bir kunda besh-oʻn marta chiroq oʻchayotgan, gazoʻchoqdagi olov ikki yashar bolajonning old tishlari yanglig‘ odamga irshayib turgan sovuq xonada guppi choponga oʻranib yozib oʻtiribman. Holbuki, tagini surishtirsangiz, faqat mana shu – neft-gaz, energetika ilmi sohasida ke­yingi yillarda himoya qilingan dissetatsiyalarning sanogʻiga yetib boʻlmas!..

Kamina hayotim davomida ancha-muncha ilmiy ishlar, maqola va dissertatsiyalarni gohida xolis oʻqib koʻrish, baʼzida haq evaziga tahrir qilish uchun qoʻlga olganman. Ulardan taxminan yigirma foizini nedir yangiligi tufayli eʼtirof etsa arziydi. Qolgan sakson foizi haqida esa oʻsha gap – shoʻrvasining shoʻrvasi!

Sunʼiy ravishda olimlar sonini koʻpaytirishning “avvalgilarga oʻxshamas” usullariga ham guvoh boʻlayotirmiz. Yaqinda yosh tadqiqotchilardan birining nihoyatda oʻqishli ilmiy ishi qoʻlimga tushib qoldi. Ne til bilan aytayki, uni oʻqir ekanman, qulogʻim ostida nuqul “Tafakkur” jurnalining faol mualliflaridan biri – taniqli olimning ovozi jaranglayverdi...

Shunday vaziyatda yana oʻsha mashhur Nikolay Chernishevskiy qoʻygan savol koʻndalang boʻladi: nima qilmoq kerak?

Menimcha, boshqa jabhalarda boʻlgani singari ilm-u fan, badiiy ijodda ham maʼmuriy aralashuv usulidan voz kechib, soha egalari – professional mutaxassislar fikri, tashabbusi va takliflariga quloq tutmoq zarur.

Oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishning modul tizimi bugungidek chala-chulpa emas, toʻliq joriy qilinishi, fan asoslarini puxta oʻzlashtirmagan talabaga diplom berish amaliyotiga chek qoʻyish lozim.

Magistraturaga faqat ilmiy salohiyati yetarli, bakalavriatda nedir ilmiy natijani namoyish qila olgan bitiruvchigina qabul qilinishi kerak.

Va nihoyat, qani edi, olimlik, sanʼatkorlik rutbasiga diplom-u sertifikat, unvon-u darajaga koʻra emas, balki fan va sanʼatda yangi yoʻl ochgani, kashfiyot, nazariy-amaliy natija qayd etganiga koʻra erishilmogʻi bosh talabga aylansa...

Sobirjon YOQUBOV

tayyorladi.

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Tayyor oshga bakovul” davra suhbati