Yaqinda Andijon viloyatida Din ishlari boʻyicha qoʻmita xodimining 70 ga yaqin kishilarning Umra safari uchun toʻlangan 1.6 milliard soʻm miqdoridagi pullarini onlayn qimor oʻyiniga tikib yuborgani va 5 yil muddatga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Oxirgi yillarda onlayn qimor sabab oʻz joniga qasd qilganlar haqidagi xabarlarni ham tez-tez uchratdik, bu, holatning qanchalar jiddiy ekanligini koʻrsatolmaydi, biroq muammoning ogʻirligini tasavvur qilishimizga yordam beradi. Umumiy qimor oʻyinlari butun jahon boʻylab taqiqda yoki qatʼiy huquqiy nazoratga olingan, bundan tashqari deyarli barcha dinlarda ham bunday oʻyinlar qattiq qoralanadi, qimorbozlik ogʻir gunoh sifatida koʻriladi. Biroq koʻrdikki, hatto diniy faoliyatga aloqador shaxslar ham undan oʻzini tiya olmayapti. Oyina.uz kolumnisti qimorbozlikning sabab va oqibatlarini tahlil qiladi.
Qimorning tavakkalchilik ekanligini hisobga olsak bunday oʻyinlar yoki harakatlar ming yillar oldin ham boʻlganini tushunish mumkin. Ayrim ilmiy taxminlarga koʻra qimorning vujudga kelishi paleolit davriga borib taqaladi. Miloddan avvalgi 3 ming yillikda Mesopotamiyada olti qirrali oʻyin zarining mavjud boʻlganligi haqida maʼlumotlar bor. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikka kelib esa Xitoyda qimorxonalar keng tarqalgan, oʻyinbop qartalar ham aynan Xitoyda IX asrda paydo boʻlgan. Ilk kazino XVII asrda Italiyada ochilgan va nihoyat 1994-yilda onlayn qimor, aniqrogʻi onlayn kazino uchun litsenziya berish boshlandi. Oʻzimizda ham qimorning turli koʻrinishlari asrlar davomida mavjud boʻlgan. Odamzod qimorning turli yoʻllarini oʻylab topgan, dunyo rivojlangan sari bu yoʻllar murakkablashib va takomillashib borgan, shu bilan birga zamonga moslashgan. Biroq qimor uchun umumiy uch belgi mavjud, bular: garov tikish, xavf (tavakkal qilish) va yutuq. Yaʼni foydali nimanidir undan yaxshiroq, ustunroq va foydaliroq narsani yutishning qanchadir ehtimoli uchun garovga qoʻyasiz.
Qimorboz shaxsiga kelganda esa uni asosan uch guruhga ajratishadi: ijtimoiy qimorboz (social gambler) muammoli (ogʻir darajadagi) qimorboz va patologik qimorboz.
Ijtimoiy qimorbozlar oddiy oʻyinchilar hisoblanishadi, ularda hech qanday qaramlik yoki majburiy oʻyinlar boʻlmaydi. Odatda barcha qimor oʻynovchilarning 80-85 foizi ijtimoiy qimorbozlardir. Koʻp davlatlarda kishilar shunchaki koʻngil yozish, kundalik va mehnat faoliyati davomida paydo boʻlgan ruhiy zoʻriqishlarni yengillatish, yuqori kayfiyat uchun bunday oʻyinlar oʻynashadi. Bunday toifadagi oʻyinchilar qimor tufayli toʻgʻridan toʻgʻri salbiy oqibatlarga uchrashmaydi yaʼni ularda vaqtning boy berilishi, koʻp miqdorda pul yutqazish va boshqa psixologik muammolar kuzatilmaydi. Batafsilroq koʻrib chiqadigan boʻlsak oddiy inson asosan quyidagi sabablar ortidan qimor oʻynashi mumkin.
Gʻalabadan rohatlanish
Inson istalgan joyda, istalgan oʻyinda, bahsda, qisqa qilib aytganda oʻzi toʻqnashgan narsa ustidan gʻalaba qozonganda kuchli rohatlanishni tuyadi. Raqibidan kuchliroq, aqlliroq yoki omadliroq ekanligini bilish, his etish juda yoqimli. Afrikada Yevropa mustamlakachilariga qarshi kurashgan yoʻlboshchi-sarkarda Xendrik Vitboy shunday degandi:
Dunyoda boʻlmagan, boʻlmaydi hech ham,
Gʻalaba taʼmidin shirinroq bir taʼm.
Qimorda gʻalabadan, ustunlikdan olinadigan rohatni yanayam kuchaytiradigan narsa bu puldir, yutuqqa pul qoʻyilsa insonlarni yanada qiziqtiradi. Maʼlum maʼnoda istalgan raqobatda oʻrtaga pul tikilsa bu qimorga qiyoslanishi ham mumkin. Esimda, 7-10 yoshlar oraligʻida boʻlganimizda tosh urish oʻyiniga garov sifatida yongʻoq, obaki yoki shunga oʻxshash narsalar qoʻyilganda bizga deyarli hech kim indamasdi. Biroq atrofimizdagilardan ayrimlar qandaydir qiziqish bilan garovga pul qoʻyib oʻynashdi, biz ham bunga qiziqa boshlagandik. Biroq qay bir yoʻl bilandir bundan xabar topgan kattalar ularga “qimor oʻynayapsanmi?” deb tanbeh va tergov ohangida savol berishdi. Va bunday ishlarga chek qoʻyildi.
Kuchli hayajon
Yuzaki kuzatuvdan kelib chiqib xulosa qilsak ham oʻz-oʻzidan maʼlumki, tavakkal qilgan, oʻz pulini xavfga qoʻygan kishi shunchaki oʻynolmaydi. Boshqa murakkabroq ilmiy izoh ham mavjud, unga koʻra qimor davomida inson miyasi hayajonga sabab boʻluvchi yaxshi kayfiyat gormoni – dofaminni ishlab chiqaradi. Bu holatda gʻalaba qozonish ham shart boʻlmasligi mumkin, jarayon muhim. Hatto yutqazganingizda ham bu holat yuz beradi va siz buni yana his qilishni istaysiz.
Shuningdek, oʻzi kabilar bilan ijtimoiy aloqa oʻrnatish, atrofdagilarni qoyil qoldirish, oson pul ishlash kabi sabablar boʻlishi mumkin.
Muammoli qimorboz
Bunday qimorbozlar odatdagidan koʻra sezilarli darajada koʻproq pullarini qimorga tikadi va koʻp vaqt sarflaydi. Muammoli qimorbozda belgilar oʻtkirroq tarzda namoyon boʻladi, yaʼni qimor ular uchun asosiy dam olish usuliga aylanib qoladi. Ishdan boʻsh vaqtlarini va hatto baʼzan ish vaqtini ham qimorga ketkazadi. Bunday kishilar umumiy qimorbozlar sonida taxminan 2-3 foizini tashkil etadi. Qimorga boʻlgan istakning kuchliligi singari uning ortidan keladigan muammolar ham talaygina, shuningdek muammoli qimorbozlarning patologik qimorbozga aylanish xavfi juda yuqori.
Patologik qimorboz
Psixiatriyada patologik qimorbozlik hatto Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ruhiy kasallik sifatida qayd etilgan. Yaʼni bunday holatdagi qimorboz endi sogʻlom shaxs sifatida koʻrilmasligi kerak. Bunday oʻyinchilar barcha qimorbozlarning 1-3 foizini tashkil etishi taxmin qilinadi. Qimor bilan bogʻliq ruhiy buzilishga ega boʻlgan ushbu kishilar har qanday yomon jismoniy, ruhiy va moddiy oqibatlarga qaramay oʻzini qimordan toʻxtata olmaydi, shu bilan birga oʻzini sogʻlom shaxs deb oʻylashda davom etishi mumkin. Patologik qimorbozlikka chalingan insonlarni davolanish ehtimoliga olimlar shubha bilan qarashadi, bunday buzuqlikni daʼvolochi mutaxassislar ham juda kam. Ruhiy shifokorlar va olimlar bunday qaramlikni giyohvandlikka qiyoslashadi.
Qimorbozlik natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar haqida fikr yuritilsa, deyarli har doim miyamizga moddiy qiyinchiliklar va buning ortidan atrofimizdagilar bilan munosabatlarimiz keladi. Biroq eng avvalo eʼtibor qaratish kerak boʻlgan masala bu sogʻliqdir. Qimor ortidan keladigan birinchi zarar bu stressdir, bu ayniqsa uzoq va surunkali qimor oʻynovchilarda kuchli namoyon boʻladi. Muttasil taranglikda ushlab turilgan ruhiyatning stressga chap berish ehtimoli mavjud emas, jismoniy va ruhiy stresslarning davomiyligi esa shubhasiz ichki organlarga, birinchi navbatda yurakka taʼsir etmay qolmaydi. AQShning Atlantik Siti kazinolarida oʻtkazilgan bir tadqiqotga koʻra ushbu kazinolarda 4 yil (1982-86) davomida qayd etilgan 398 ta oʻlim holatlarining 330 tasi, yaʼni qariyb 83 foizi toʻsatdan sodir boʻlgan yurak xuruji oqibatida yuz bergan. Ammo oʻtkir stress faqatgina oʻyin paytida yuz bermasligi mumkin, balki unga boshqa salbiy oqibatlar qarzdorlik, oila va ishdagi chuqur muammolar taʼsiri ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari patologik qimorbozlik uyqusizlik, depressiya, tushkunlik, oʻzini past baholash kabi ruhiy hamda turli jismoniy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Muammoli va patologik qimorbozlar pullarini oʻyinda yutqazishganida uni xuddi shu yoʻl bilan qaytarib olishga urinadi va buni toʻgʻri deb hisoblaydi. Qimorbozlar ongida shunday fikr boʻladiki katta magʻlubiyatlarning oʻrnini faqatgina katta gʻalabalar toʻldiradi, holat shu zayilda davom etaveradi.
Oʻz joniga qasd qilish fikri yana bir jiddiy oqibatdir. Dastlab ustma-ust magʻlubiyatlar, katta qarzlar, oila va ishdagi muammolar ruhiy hamda fikriy jihatdan buzilgan ashaddiy qimorbozlarda bunday fikrni osongina uygʻotishi mumkin. Turli tadqiqotlarda muammoli qimorbozlarning 30 foizgachasi kamida bir marta oʻz jonlariga qasd qilishga urinib koʻrgan. Boshqa tekshiruvlarga koʻra, AQShda qimor masalalari boʻyicha ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilgan qimorbozlarning 80 foizi oʻz jonlariga qasd qilish fikri borligi haqida maʼlum qilgan.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, moddiy tanglik qimorning salbiy oqibatlari ichida eng birinchi koʻzga tashlanadi va keng taʼsirlisi hamdir. Muammoli va patologik qimorbozlarning muttasil yutqazishi natijasida ularning mablagʻlari tugaydi, shunda ham insonlar bu ishni toʻxtatishni oʻylamaydilar va qarz olishadi. Biroq holat oʻzgarmaydi, ular goʻyoki “yoʻqotishlar ortidan quvishadi”. Tahlilchilarning 2005-yildagi hisobotiga koʻra AQShda har yili patologik qimorbozlar taxminan 54 milliard dollar ortiqcha yoʻqotishga uchrashadi. Har besh oʻyinchidan biri moliyaviy inqirozda ekanligi, qimorga mute oʻyinchilarda oʻrtacha qarz $40 000 ekanligi ham qayd etilgan. Qimorga mukkasidan ketishning mehnat faoliyatiga taʼsiri katta, aniqlanishicha patologik qimorbozlarning ishlarini yoʻqotish darajasi bunday boʻlmaganlarga nisbatan ikki baravar yuqori ekan. Oila va boshqa munosabatlarning yoʻqotilish xavfi ham ham alohida ahamiyatga ega. 1999-yildagi oʻrganishlarda aniqlanishicha ijtimoiy qimorbozlar orasidagi ajrashishlar darajasi 18,2 foizni tashkil etadi, bu koʻrsatkich patologik qimorbozlar orasida deyarli uch baravar yuqoridir, aniqrogʻi 53,5 foiz. Ajrashishlar yuz bermagan oilalar oldida ham bir qancha muammolarning uyumi yotadi, qarzlarni toʻlash, ruhiy va jismoniy salomatlikka erishish, qimorbozni toʻgʻri yoʻlga qaytarish kabilar. Yirik qarzlarni toʻlash uchun qoʻshimcha yuklama bilan ishlashga turli xarajatlarni cheklashga toʻgʻri keladi. Bu esa endi, muammoni bartaraf etishga intilayotgan har bir oila aʼzosida ham stress, depressiya va boshqa zararli ruhiy holatlarni hamda ularga bogʻliq biologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari buzilishga uchragan qimorbozlarning avlodlari ham kelajakda qimorbozlik yoʻliga kirishini osonlashtirishi mumkin, ushbu xavf oilaviy muhit va irsiyat kombinatsiyasi natijasida vujudga keladi. Shuningdek patologik qimorbozlar oilasida maishiy zoʻravonliklarning koʻpayishini ham inkor etib boʻlmaydi.
Qimorbozning turli jinoyatlar sodir etish ehtimoli ham yuqori, kattagina qarzlarni qoplash, miya talab qilayotgan oʻyinni yana oʻynash, shaxsiyatdagi buzilishlar va impulsivlik oqibatida ular oʻgʻrilik, bosqinchilik va boshqa jinoyatlarni sodir etishlari mumkin. Qimorbozlikning boshpanasizlik bilan aloqasi ham eʼtiborga arziydi, AQShning Boston shahridagi uysizlarning 5,5 foizi patologik qimorbozlar ekanligi aniqlangan.
Qimorbozlikning tarqalishida yosh va jins omili
Qimor oʻynash masalasida erkaklar ayollarga nisbatan ustunlikka ega, tadqiqotlarda respondent qimorboz ayollarning 2,9 foizi erkaklarning esa 4,2 foizi muammoli qimorbozlar ekanligi aniqlangan. Yosh masalasiga kelganda aytish kerakki, bir tadqiqotga koʻra oʻsmirlarning 69 foizi 12 yoshidan oldin qimor oʻynay boshlagan. Oʻsmirlar va yoshlarda muhitdan oʻzlashtirish darajasi yuqoriligi sababli qimorga koʻnikma ham aynan oʻsmirlikdan boshlab jiddiy tarzda shakllanishi mumkin. Muammoli va patologik qimorbozlik esa asosan 18-29 yoshlilar oʻrtasida shakllanish xavfi yuqori. Shaxs voyaga yetib oʻz mehnati orqali daromad ola boshlagach bir qadar moliyaviy erkinlikka erishadi, shuningdek katta odamlar qatori oʻz xatti-harakatini boshqarish huquqini ham qaysidir maʼnoda qoʻlga kiritishadi. Xuddi shuning uchun ehtimol bu yosh toifasidagilar orasida qimorga mukkasidan ketishning boshlanish ehtimoli yuqoriroqdir.
Qimorbozlik bugungi rivojlangan zamonda boshqa xizmatlar singari insonlarga yanada yaqinlashdi. Xuddi mahsulot yoki yemak uchun koʻchaga chiqib doʻkon yo oshxonaga borishingiz shart boʻlmaganday, endi qimor oʻynash uchun ham uydan chiqmasangiz boʻladi. Taraqqiyot yaxshilikni ham yomonlikni ham birday rivojlantirishi mumkin. Internet orqali siz barcha qimor turlarini bir varakayiga oʻynashingiz mumkin, kazino, sport bahslariga tikish, tasodifiy raqamlar bilan bogʻliq oʻyinlar va shu davrgacha hech qachon ommaviy tarzda qimorlashmagan yangicha oʻyinlarga ham pul tikishingiz mumkin. Shunga qaramay onlayn qimor odatiy qimorlar keng yoyilgan hududlarda hali unchalik tarqalmagan. Masalan, qimor sanoati borasida dunyoda yetakchilardan biri boʻlgan AQShda atigi 3 foiz aholi onlayn qimor oʻynaydi, mamlakatda bunga qarshi koʻplab cheklovlar mavjud. Shunga qaramay onlayn qimordan olinadigan daromad yildan yilga oshmoqda. Taxminlarga koʻra butun dunyodagi onlayn qimor pul aylanmasi 450 milliard dollarga teng.
Oʻzbekistondagi vaziyat
Oʻzbekistonda qimorbozlik bilan bogʻliq holat va muammolar koʻlami bir muncha mavhum boʻlsa-da yaqin yillarda ayrim ishoralar koʻzga tashlanmoqda. Maqola boshida aytganimiz – Diniy qoʻmita vakili bilan bogʻliq vaziyat bunga misol. 2021-yilda chiqqan boshqa bir xabarda koʻra Fargʻona davlat universitetining 30 yoshli oʻqituvchisi 57 million soʻmni onlayn qimorda yutqazib qoʻygach oʻz joniga qasd qilgan, Fargʻonadagi boshqa bir holatga koʻra esa Olimpiya kolleji bosh hisobchisi 4,3 milliard soʻmni qimor oʻynash uchun ishlatgan.
Koʻrib, bilib turganingizday ashaddiy qimorbozlikka yoʻliqishdan hech qaysi toifa vakillari kafolatli himoyalanmagan, bu, albatta, inson tabiatidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Yana onlayn qimor bilan bogʻliq oʻlim holatlariga toʻxtalsak, chunki boshqa ruhiy buzilishlar singari bizda bu masalada ham oʻrganishlar, tadqiqotlar olib borilmaydi yoki ommaga oshkor qilinmaydi. Demak, 2021-yilda jami 6 nafar shaxs onlayn qimor tufayli oʻz joniga qasd qilgan, xuddi shuncha odam 2022-yilning 6 oyida oʻz joniga qasd qilib vafot etgan, ularning barchasi 25 yoshdan katta boʻlmagan shaxslar edi. Yana maʼlum qilinishicha, onlayn qimor bilan bogʻliq jinoyatlar soni 2019-yilda 55 ta, 2020-yilda 86 ta, 2021-yilda 103 ta, 2022-yilning olti oyida esa 90 tani tashkil etgan.
Koʻrinib turibdiki yildan yilga bunaqa holatlar koʻpayib bormoqda. Bu raqamlar shunchaki huquqbuzarlik belgilari namoyon boʻlgandagina aniqlangan holatlardir, aslida juda koʻp insonlar onlayn qimor oʻynaydi va pul tikadi. Shu oʻrinda ikki muhim savol oʻrtaga chiqadi. Birinchisi, Oʻzbekiston hududida odatiy (jonli) qimor va qimorbozlar avvaldan boʻlgan (hayvonlarni urishtirish yordamida, qarta oʻyinlari va boshqa koʻrinishlarda), deyarli har bir inson oʻz mahallasida qimorbozlar borligi va shuning ortidan ularda qandaydir muammolar boʻlgani haqida hech qursa bir marta eshitgan, oʻlim holatlari kuzatilgani ham ehtimoldan holi emas. Shunday ekan nega onlayn qimorbozlik va u keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga eʼtiborsizmiz? Birinchi sabab bu, albatta, qimorning avvaldan mavjudligi, koʻpchilik bunga salbiy munosabatda boʻlsa ham koʻnikib qolgan, onlayn qimorlar esa bizga yaqinda kirib kelgan. Keyingisi qimor deganda faqat qartalar yordamida pul tikiladigan oʻyinlarni tushunamiz. Pul tikiladigan xoʻroz, qoʻchqor va itlar jangi esa goʻyoki oddiy oʻyin, bunaqa narsalar eʼtiborni unchalik tortmaydi.
Ikkinchi savol, xoʻsh bizda qimor avvaldan boʻlgan ekan, nima uchun hozirgiday, yaʼni onlayn qimorchalik yoyilib ketmagandi? Birinchidan, onlayn qimorni oʻynash oson. Alohida, maxsus joylarga borish shart emas, pul tikish va yutuqni olish ham nisbatan qulay. Buning ustiga onlayn qimor uchun moʻljallangan dasturlar sizga minglab turdagi pul tikiladigan oʻyinlarni taklif etoladi, taklif imkoniyatlari juda keng, bu ham insonlarni oʻziga jalb etmay qolmaydi. Ikkinchidan, sizni qimor oʻynayotganingizni hech kim bilmaydi, oʻzingiz aytmasangiz, albatta. Yana bir sabab, bu onlayn qimorlarda koʻpincha kuchli hisob kitoblarga asoslangan foizlar bilan ishlangani uchun insonlar omad yo tasodif emas miyalaridagi oʻzlari ishongan intellektual xulosalar va ichki intuitsiyaga amin boʻlishgani uchun bundayin oʻyinlarda yutish imkoniyatlariga koʻproq ishonishadi.
Qimorbozlikdan davolanish uchun tavsiya qilinadigan asosiy usul bu kognitiv xulq-atvor terapiyasidir yaʼni mutaxassis bilan muddatli suhbatlar va metodlar. Biroq tuzalish ehtimoli juda kam, buning ustiga tadqiqotchilar fikriga koʻra qimorbozlarning 80 foizi hech qachon davolanishga murojaat qilmaydi, shuningdek qimor ortidan kelgan moliyaviy nochorlik ham bunga yoʻl bermasligi mumkin.
Javohir ERGASHEV.
Oyina.uz