“Oyina.uz”ning navbatdagi mehmoni – bugungi kunda Kanadada yashab faoliyat yuritayotgan, olti tilda bemalol muloqot qila oladigan tarjimon Temur Davronov. Qahramonimiz bilan oʻzi izlanish olib borayotgan tadqiqot mavzusi, Kanadada ijtimoiy hayot, taʼlim olish va ish topish masalalarida suhbatlashdik.

– Assalomu alaykum, suhbatga rozi boʻlganingiz uchun rahmat! Avvalo, Kanadaga ketish tarixingiz, nega aynan ushbu davlatni tanlaganingiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

– Va alaykum assalom, taklifingiz uchun tashakkur! Kanadaga tarjimon sifatida immigratsion dastur orqali oilaviy koʻchib kelganmiz. Bu mamlakatni farzandlarim kelajagi hamda davlat tomonidan beriladigan iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlar uchun tanladim. Hozirda asosan MDH, Oʻrta va Sharqiy Osiyo mamlakatlari boʻyicha tadqiqotlar bilan shugʻullanaman.

– Boshqa davlatga moslashib ketish qanday boʻldi? Shaxsiy tajribada oʻrganganlaringiz, qiyinchiliklar...

– Juda ham oʻrinli savol. Rosti, moslashish oson kechgani yoʻq. Ayniqsa, dastlabki ikki yil. Avvalo, qishning deyarli olti oy davom etishi, bahorning juda ham qisqa boʻlishi, yozning issiqligi esa hatto Oʻzbekistondan ham oʻtib ketishi... Ikkinchi masala, ona yurtingizni, yaqin qarindosh va doʻstlaringizni, sizga tanish muhitni tashlab ketmoqdasiz va yangi joyda hayotingizni qaytadan boshlayapsiz. Xudoga shukr, men ayolim va farzandlarim bilan koʻchib kelgandim, bir-birimizga madad boʻldik va hamma qiyinchiliklardan birgalikda oʻtib oldik.

– Tarjima ham ijod, bu sohani tanlashingizda, bugungi yutuqlarga erishishingizda oilaviy muhitning oʻrni boʻlgan, albatta.

– Albatta, tarjimon sifatida shakllanishimda ota-onamning hissalari bor. Bolaligimdan koʻp kitob oʻqir edim, oʻqiy olmagan paytlarimda oyim oʻqib berardilar, dadam esa men uchun foydali va qiziqarli kitoblar topib kelardilar. Oʻquvchilik paytlarimda dadam oʻzbek tiliga tarjima qilishim uchun bir nechta inglizcha kitob olib bergan.

Maktabdan keyin nafis sanʼat liseyida ham ingliz tili yoʻnalishida oʻqiganman, oʻsha payt turli tillarni oʻrganishga qiziqishim zoʻr edi. Litseyni bitirib, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining tarjimonlik fakultetiga kirganman.

Ingliz tilidan tashqari ispan tilini ham oʻrgana boshladim. Toʻrtinchi kursga kelib amaliyotni “Yoshlar” telekanalida kino, multfilm va seriallar tarjimoni sifatida oʻtkazganman. Oʻshanda “Esmeralda” serialining bir nechta seriyasini ispan tilidan oʻzbek tiliga oʻgirgandim.

– Kanadada inglizchadan tashqari boshqa tillarni ham bilishingiz qanchalik qoʻl keldi, tarjimonlarga talab qay darajada? Ishga joylashish masalasi haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

– Kanadada davlat tili ikkita: inglizcha va fransuzcha. Koʻchib kelgan paytim nemis va ispan tillarini mukammal bilar edim, shu bois Toshkentdan turib internet orqali shu tillar asqatadigan ish qidirganman. Kanadaga kelganimdan bir oy oʻtib “Kivuto” kompaniyasida xalqaro mijozlarga texnik xizmat koʻrsatishni boshladim.

Ayolim Toshkentda koʻz shifokori boʻlib ishlardi, u ham bir oy oʻtib tibbiyot sohasidagi xususiy koʻz klinikasiga ishga kirdi. Koʻp tillarni bilganim sababli menga ish topish unchalik qiyin kechmadi. Ayolimga kelsak, oʻz sohasida ishlashi uchun bir necha murakkab tibbiy imtihon topshirishi kerak, hozirda shunga tayyorlanmoqda.

Kanadaning immigratsiya uchun yana bir afzallik jihati shundaki, agar uzoq muddat davomida ish topa olmasangiz, davlatga yordam uchun murojaat qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, ingliz yoki fransuz tilini oʻrganish uchun imkoniyatlar mavjud.

– Kanadadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi ijobiy jihatlar, taʼlim tizimining bizdan farqlari haqida fikrlaringiz...

– Ijtimoiy hayotga kelsak, koʻzga birinchi tashlanadigan tomoni, birovning birov bilan ishi yoʻq. Yaʼni, kiygan kiyimingiz yoki minib yurgan mashinangiz, kimni tanishingiz hech kimni qiziqtirmaydi.

Kanadaliklar asosan bagʻrikeng, immigrantlarga yordam berishga xayrixoh. Haligacha esimda, koʻchib kelganimizga endi bir-ikki hafta boʻlgan edi. Oilam bilan ijaraga olgan uyimizni topa olmay bir soatga yaqin koʻchama-koʻcha yurganimizda, bir kanadalik ayol mashinasida bizni uyimizga eltib qoʻygan edi.

Taʼlim tizimiga kelsak, farqi juda ham katta. Biz poytaxtda yashayotganimiz bois bolalarimiz ingliz, ingliz va biroz fransuz yoki toʻliq fransuz tilida taʼlim olishlari mumkin. Birinchi ikki yil bolalarim ingliz va biroz fransuz tilida, undan keyin toʻliq fransuz tilida oʻqigan. Bundan tashqari, har shanba kuni boshqa chet tillarini oʻrganishlari mumkin.

Menga yoqadigan jihati shundaki, bolalarni mustaqil fikrlashga hamda kitobga mehr qoʻyishga oʻrgatishadi. Shu tomonlarini oʻrgansak, yaxshi boʻlardi, chunki biz maktabda oʻqib yurgan paytlarimiz fikrimizni erkin ifoda etishdan oldin ming bor oʻylar edik. Bu yerda esa hamma oʻz fikrini aytishga imkoniyat bor.

– Kanada taʼlimining dunyo va oʻzbek talabalarini oʻziga qaratayotgan jihatlari nimada deb oʻylaysiz?

– Masalan, AQSh bilan solishtirsak, avvalambor arzonroq. Kollej yoki universitetni bitirgan chet ellik talaba ish vizasini olish huquqiga ega. Bundan tashqari, koʻplab universitetlarda ko-op degan dastur bor, har xil sohalarda ish tajribasini egallash mumkin. Chet ellik talabalar oʻqishdan boʻsh vaqtda ishlasa boʻladi. Ish vizasi orqali qonuniy faoliyat yuritish hamda bir yildan keyin doimiy yashash huquqi, yaʼni “permanent residency” olish oson.

– Siz tahsil olgan universitetda, ish joyingizda oʻzbeklar bormi? Yurtdoshlarimiz qaysi sohalarda koʻproq ishlaydi?

– Xudo xohlasa, mart oyida Carleton universitetining Ovrupo, Rossiya va Ovrosiyo yoʻnalishi boʻyicha magistraturasini bitiraman. Universitetda men kabi koʻchib kelgan bir necha oʻzbek bor. Hozirgi ish joyimda ham hamyurtlar bor, ular bilan tanaffus paytlari uchrashib, gaplashib turamiz. Kanadada vatandoshlarimiz har xil yoʻnalishda faoliyat yuritadi, kimdir moliyada ishlasa, kimdir dasturchi, yana kimdir oʻqituvchi, oʻzbeklar deyarli hamma sohada bor desam adashmagan boʻlaman.

– Tadqiqot obyekti sifatida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi, umuman, gumanitar amaliyotlarni tanlashingizga nima sabab boʻldi? Kanadada bu mavzuga, Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy jarayonlarga qanday qaraladi?

– Hozirgi ishimdagi loyihalardan birida aynan Oʻrta Osiyoda internet sohasidagi tahdidlarni oʻrganganman. “Mehr” operatsiyasi mavzusida esa magistrlik dissertasiyasini yozdim. Faqat Oʻzbekistondagi emas, balki Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi gumanitar amaliyotlarni bir-biriga taqqosladim. Menimcha, mintaqamiz davlatlarining ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlari koʻpgina rivojlangan mamlakatlar uchun, xususan, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya va AQSh uchun oʻrnak boʻla oladi.

– Kelajakdagi rejalaringizni Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?

– Albatta, eʼtibor bergan boʻlsangiz, ishlayotgan yoʻnalishim, oʻqigan fakultetim, diplom ishim – hammasi Oʻrta Osiyo bilan bogʻliq. Farzandlarim ham Oʻzbekistonni juda yaxshi koʻrishadi, har bayramda maktabga milliy kiyimda borishga intilishadi, darsda yurtimiz haqida taqdimotlar qilishadi. Kanadada yashayotgan boʻlsak ham, Oʻzbekiston bilan rishtalarimiz uzilmagan, hech qachon uzilmaydi ham!

Zulxumor ORIFJONOVA

oyina.uz

Oʻxshash maqolalar:

Nega ayol tarixda qolishi uchun faqat siyosiy faol boʻlishi kerak?! AQSHda oʻzbek shoiralari ijodini tanitayotgan olima bilan suhbat

“AQSH taʼlim tizimi biznikidan ancha farq qiladi”. Okeanortida yashayotgan Sobirjon Moʻminovning Amerikaga ketish tarixi va davom etayotgan ijodi haqida

Amerikada tadqiq qilingan Markaziy Osiyo tarixi va bugungi siyosiy jarayonlarga oʻtmishdan rakurs – Ogayo universitetidagi oʻzbek olimi bilan suhbat