Biz kundalik hayotda tez-tez guvohi boʻladigan dabdababozlik, riyokorlik, molparastlik hamda bu boradagi “kimoʻzar” musobaqalar shunchaki ijtimoiy illatlar emas. Inson boshqalarga oʻzini koʻrsatish uchun baland devorlar tiklashga, oʻz boyligi va mavqeini koʻz-koʻz qilishga urinayotgan boʻlsa, demak bu uning ruhiyatidagi maʼnaviy boʻshliqdan dalolat beradi. Inson qalbidagi eʼtiqod, samimiyat va ichki xotirjamlik oʻrnini moddiyat yoki soxta maqtovlar bilan toʻldirishga uringanda, shunday xunuk ijtimoiy manzara yuzaga chiqadi. Tashqi koʻrinish evaziga ichki qashshoqligini yashirishga urinayotgan odam Jaloliddin Rumiy taʼbiri bilan aytganda, asli kabi koʻrinishni istamagan, yoki koʻringaning kabi boʻlolmayotgan ojizdir.
Faylasuf Pifagor Olimpiya oʻyinlariga keladigan odamlar misolida insoniyatni ramziy maʼnoda uch toifaga ajratgan:
Birinchi toifaga Olimpiya oʻyinlariga gʻoliblik va mashhurlik ilinjida kuch sinashgani keladigan shon-shuhrat izlovchi sportchilar kiradi. Ular real hayotda oʻz maqsadini faqat mansab, shon-sharaf va yuqori ijtimoiy mavqega erishishda deb biluvchi shaxslarni ifodalaydi.
Ikkinchi toifaga boylik va iqtisodiy manfaat yoʻlida mahsulotlarini pullash uchun kelgan tujjorlar kiradi. Ular hayotda moddiy boylik, pul va iqtisodiy manfaatni hamma narsadan ustun qoʻyuvchilarga qiyoslanadi.
Uchinchi toifaga esa na mashhurlik va na iqtisodiy foyda umidida emas, jarayonni mushohada qilish va maʼnaviy zavq olish uchun keluvchi faylasuf kuzatuvchilar kiradi.
Pifagorning antik davrdagi uch toifali tasnifi – shon-shuhrat izlovchilar, tujjorlar va maʼnaviyat kuzatuvchilari – ming yillar oʻtsa-da, bugungi zamonaviy dunyoda ham oʻz oʻrnini yoʻqotmagan. Shuhrat va boylik ketidan quvganlar bilan maʼnaviyatchilar hamon tarozining ikki pallasida turibdi. Shuhrat va boylik pallasida turganlarning mashhurlik va boylikka intilishi yanada kuchaydi. Ular hayotdagi muvaffaqiyatini faqatgina tashqi yaltiroqlik, mansab va moddiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchaydi.
Maʼnaviyat va hikmat pallasida esa dabdabadan yiroq boʻlgan, hayotning asl mazmunini ichki xotirjamlikdan, ilmdan, sanʼatdan va ruhiy yuksalishdan izlayotgan insonlar turibdi. Ular dunyoni shunchaki “isteʼmol” qilmaydilar, balki uni kuzatadilar va anglashga harakat qiladilar.
Bugun ham maʼnaviyat pallasida turganlar shuhrat va boylikning izidan quvganlarni halokatdan qutqarish masʼuliyatini anglaydilar. Xususan, kapitalistik jamiyatda iqtisodiy elita avangard mavqeda turgani bois, ushbu qatlam va unga taqlid qiluvchilar maʼnaviyat ahlining doimiy tarbiyasiga muhtojdirlar. Aks holda, ular soxta obro‘ va moddiyat ishtiyoqida hayotini boy beradigan, maʼnaviy qashshoqlik va halokatga mahkum meshchanlarga aylanishi muqarrardir.
Keling, shu oʻrinda meshchanlikka toʻxtab oʻtamiz. Meshchanlik – odatda tor dunyoqarash, faqatgina moddiy manfaatlar va shaxsiy qulaylik ketidan quvish hamda maʼnaviy qadriyatlarga beeʼtiborlikni anglatuvchi koʻchma maʼnodagi tushunchadir (polyakcha mieszczanin – “shaharlik”, miasto – “shahar”). Dastlab, Rossiya imperiyasida meshchanlar deb shaharning quyi tabaqasiga mansub aholi – mayda savdogarlar, hunarmandlar, ustalar va uylarini ijaraga beruvchilar tushunilgan. Vaqt oʻtishi bilan ularning pulga oʻchligi va axloqsizliklari bu atamaning salbiy boʻyoq olishiga sabab boʻldi. Hozirgi kunda mazkur soʻz inson xarakteridagi tor dunyoqarash va maydakashlik, molparastlik va ochkoʻzlikni ifodalaydi. Bunda jamiyat manfaatlariga va ijtimoiy muammolarga befarqlik, faqat “oʻz tomorqasi” va kundalik mayda muammolari bilan cheklanib qolish, moddiy boylik va buyumlarni har qanday maʼnaviy yoki insoniy qadriyatlardan ustun qoʻyish, oʻz fikriga ega boʻlmaslik, koʻpchilikka ergashish va “hamma qatori tinchgina yashasam boʻldi” qabilida ish tutish kabi illatlar koʻzga tashlanadi.
Adabiyotda esa “maʼnaviy qashshoqlik” va “jaholat” ramzi sifatida qoralanadi. Meshchanlikning inson shaxsi va jamiyat uchun qanchalik halokatli ekanini Lev Tolstoy asarlarida daholarga xos mahorat bilan ochib bergan. U oʻzining “Ivan Ilichning oʻlimi” nomli qissasida qahramon hayotining soxtaligi, oʻlim fojiasi va maʼnaviy uygʻonish mavzusini juda chuqur falsafiy tahlil qilgan. Asar oddiy bir amaldorning kasalligi va oʻlimi haqida ketsa-da, aslida u butun insoniyatga qaratilgan jiddiy ogohlantirish boʻlgan. Ivan Ilich butun umrini jamiyatda yuqori maqomga erishish, uyini boshqalarnikidan shinamroq qilishga sarflaydi, tashqi goʻzallikka intiladi. Va bir kuni yangi uyiga parda osayotganda yiqilib tushadi. Shu arzimas jarohat keyinchalik bedavo kasallikka aylanadi. Bu ramziy maʼnoda buyumparastlikning jazosi edi. U faqat shundan keyingina butun hayoti soxta, meshchanlarcha va behuda oʻtganini anglab yetadi. Tolstoy buni “Ivan Ilichning hayoti eng oddiy, eng oddiy va eng dahshatli hayot edi” degan bitta jumla bilan taʼriflaydi. Muallif bu asar orqali kitobxonga detallar bilan toʻla ijtimoiy koʻzgu tutadi. Haqiqiy hayot – boylik, martaba va soxta rasmiyatchilik emas, odamlarga boʻlgan samimiy muhabbat, oddiylik va har bir soniyani anglab yashash ekanini aytmoqchi boʻladi.
Mening nazarimda, bugun oʻzbek jamiyatida Ivan Ilichlar koʻpayayotganga oʻxshaydi. Toʻgʻri, inson nafsini tiyishi qiyin ish. Zero, tiynatida nafsga moyillik bor. U har doim oson yoʻllarni, vaqtinchalik lazzatlarni, cheksiz erkinlik va xudbinlikni talab qiladi. Biroq insonda nafsga qarshi tura oladigan aql va vijdon, mustahkam iroda va yuksak masʼuliyat mavjudki, bu fazilatlar uni nafs domiga butunlay gʻarq boʻlishdan asrab qoladi.
Shukrki, jamiyatimiz faqat nafs va shuhrat bandalaridan iborat emas; oʻzini tiyib, oʻzgalarni ham isrofdan qaytarib turadigan oqillar va saxiy boylar avval ham boʻlgan, hozir ham topiladi. Riyodan qochib, oʻz ismini sir tutgan holda maktab, masjid va koʻpriklar qurayotgan boylarimiz kam emas. Ammo, afsuski, jamiyatda “meshchanlar” koʻzga koʻproq tashlanadi. Bunday toifaning koʻpligi esa insonning tabiatan unutuvchanligi, sabrsizligi va shukr qilmasligi bilan izohlanadi.
Shu oʻrinda 90-yillarni bir esga olaylik. Oziq-ovqat tanqisligi, un yoʻqligi sabab toʻpolonlar boʻlardi. Buning oldini olish uchun eng birlamchi mahsulotlar – un, yog‘, shakar, goʻsht, sovun va hatto choy ham maʼlum meʼyorda, maxsus qogʻoz talonlar orqali tarqatilganini xalqimiz hali unutgani yoʻq. 1993-yilda qogʻoz talonlar rasman bekor qilingan boʻlsa-da, un va yogʻni jon boshiga meʼyor bilan tarqatish tizimi keyinlargacha saqlanib keldi. 2019-yil 15-oktyabrdan boshlab un narxini davlat tomonidan nazorat qilish butunlay toʻxtatildi va soha toʻliq bozor mexanizmiga oʻtkazildi[1]. Shundan keyingina doʻkonlarda unning jon boshiga cheklab sotilishi ham toʻxtadi.
Bugungi toʻkin-sochinlik va toʻlib-toshib turgan supermarket rastalari fonida oʻsha davrdagi tanqislikni tasavvur qilish ham qiyindir balki. Ammo aql egasi bundan xulosa qilishi kerak. Doʻkonlar ish kunini boshlamasdan uzun navbatga turishlar, mahsulot yetmay qolib quruq qoʻl bilan qaytishlar juda uzoq tarix emas.
Menimcha, bugungi toʻkinchilik davrida “ongli isteʼmol” tushunchasi hayotiy zaruratga aylanishi kerak. Imkoniyat va mahsulot moʻlligi sharoitida inson oʻzini nazorat qila bilishi, har bir xarid va qarorga masʼuliyat bilan yondashishi juda muhim. Va albatta, meshchanlarning taʼsiridan uzoqroq boʻlish kerak. Bu taʼsir spontan xarakterda boʻlib, sizni hech kim bir ishga majbur qilmaydi. Harakatlar tashqi taʼsirsiz oʻz ichingizdan chiqqan istak bilan amalga oshadi. Tasavvur qiling, kiyim doʻkonidan eksklyuziv kiyimni kiyib koʻrib, soʻng uning “podoriginal”i yoki “poddelka”sini Abu Saxiydan sotib olishga odamni nima majbur qilishi mumkin? Oʻn ming dollarga xarid qilgan mashinani yigirma ming dollarga tyuning qildirishga-chi?
Oliy taʼlimda bir meshchanni koʻrdim. Uni uysiz kvartirama kvartira yurgan paytida ham tanirdim. Kechagina uysiz yurgan bola, uchta uyga toʻlov qilibdi. Oliy taʼlim oʻqituvchisi buncha pulni qayerdan oladi va unga uchta uy nima kerak, desam, bu aslida biznesning yangi turi ekan. Qoʻlida talabalar bor, aldab-suldab oʻshalarni ijaraga kiritib qoʻysa bas, oʻzlari ipotekani toʻlab yotarkan. “Aka, keliningizning gapi bilan uyimga 2000 dollarga parda ostirdim” deydi. “Quyib qoʻygandan Ivan Ilich boʻpsan” degim keldi.
Meshchanlarning baʼzilari ijtimoiy mulkni oʻzlashtirib olishga moyil boʻladi. Ulardan birining xususiy bogʻchasi uchun aholi va yirik bir universitet foydalanib turgan avtoturargohni imi-jimida oʻzlashtirib olganini koʻrdik.
Bir meshchanni masjid oldida koʻrdim. U shu yerga meva-cheva olib kelib sotadi. Narxi bozordan ancha qimmat. “Masjid oldida sotgach arzon sotmaysizmi” desam, “Men masjidga yordam qilayapman” deydi. “Masjidning Egasi sening yordamingga zormi? Sen Pifagor aytgan oddiy tujjorsan – darding pul, odamlar jumaga maʼnaviy zavq, ruhiy ozuqa istab kelgan, sen esa...” degim keldi. Yomoni, biron gʻayridin yoki musofir kelib undan narsa sotib olsa, “musulmonlar qimmatfurush ekan” demaydimi?
Necha yilki, Toshkentda koʻp qavatli binolar yonidagi avtoturargohlar, bolalar maydonchalari, yashil maydonlarni buzib oʻrniga uy yoki doʻkon qurish davom etyapti. Bular endi opportunist-meshchanlar boʻlsa kerak. Ular ancha aqqli va ehtiyotkor. Hamma vaziyatni oʻz tomoniga burib foyda olishga harakat qiladi. Ular tufayli qancha daraxtlar kesilib ketdi.
Butun millat koʻrib turibdi. Soʻnggi yillar mamlakatimizda “urho-ur, qurho-qur” davri boʻldi. Toʻgʻri, qurilish boʻlgani yaxshi. Chunki, 2016-yilga qadar Toshketda deyarli uylar qurilmadi. Shuning uchun yangi uylarga ehtiyoj juda baland darajada edi. Talab taklifga nisbatan ancha yuqori boʻlgani uchun arzimagan 4 yil ichida uylarning narxi 400% ga oshibdi. Vaholanki, hukumat qurilish materiallarining narxini ushlab turdi. 2021-yilda shaxsan Prezidentning oʻzi chiqib, quruvchilar va hokimlarga “bir kvadrat metr uy narxini 4 million soʻmdan oshirmaslik” vazifasini qoʻydi[2]. Dardi pul quruvchilar bunga quloq solmadi yoki eʼtiborga olmadi. Oqibatda, realting.uz saytining tahliliy maʼlumotiga koʻra bir kvadrat metr uy narxi oʻrtacha 1676 dollargacha koʻtarilib keldi. Nufuzli tumanlarda esa 3200 dollarga chiqqan[3].
Bunga yana bir tashqi sabab taʼsir qildi. Uy narxining oshishini koʻrgan meshchan-investorlar yuzlab uylarni poydevor bosqichida sotib olgan. Ularning oldida haligi “domlacha” chivinday gap. Bu yogʻi “ipoteka” chiqib, oddiy aholi ham uy olishga yopishdi. Natijada, aholining katta qismi yuqori foizli kreditlarni olib, qarzga botib qoldi.
Sabab va oqibat doim bir-birini taqozo etuvchi kategoriyalar. Bugun taklif ortib talab kamaydi. Bozor qonunlariga tayanilsa endi uy narxlari tushishi kerak. Ammo uyni qurishda aholini uy bilan taʼminlashni emas, faqat foyda qilishni koʻzlagan meshchan quruvchilar bunga chiday olmayapti. Ular gʻirrom marketingni qoʻllashga oʻtishdi. Bu yolgʻon aralash va odamlardagi ochkoʻzlikni qoʻzgʻatishga qaratilgan va qanday qilib boʻlsa ham xaridorni ofisga kelishga majbur qiladigan reklamalar, avrashlar koʻrinishida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Aksar odamlar kredit olishdan qochadi. Tujjorlar “boʻlib toʻlash” degan yolgʻonni chiqarishdi. Buning negizida narxni bir xil ushlab turishga qaratilgan gʻirrom marketing hamda kartel kelishuvi[4] yoki narx fiksatsiyasi yotganini oddiy xalq bilmaydi. Zero, bozordagi yirik kompaniyalar koʻpincha oʻzaro til biriktirib, narxni bir maromda ushlab turish uchun shunday kartel kelishuvlarini amlaga oshiradi.
Endi marketingning yangicha fitnasi avj oldi. Bozor va doʻkonlarda 100 000 soʻmlik tovarga 99 900, 70 000 soʻmlikga 69 000 kabi narx yorliqlari qoʻyilgan. Baʼzan 70% chegirma degan yorliqlar paydo boʻladi. Marketing tilida bu Fake discounts (yolgʻon chegirma) deyiladi va u ziqna xaridorga qoʻyilgan tuzoqdir. Baʼzan bir litrlik sut yoki yog‘ idishiga 900 ml mahsulot solinganini koʻramiz. Bu ham aldov, marketing tilida shrinkflyatsiya (yashirin qimmatlashuv) hisoblanadi. Yaʼni tujjorlar narxni bir xil ushlab turish uchun mahsulotning hajmi yoki vaznini kamaytirib 1 litrlik sutni 900 ml qiladi, lekin narxini oʻzgartirmaydi. Bu ham gʻirromlikdir.
Jamiyatimizda tobora ildiz otib borayotgan burjua madaniyatining salbiy oqibatlari ustida bahs yuritayotgan ayrim ziyolilar, ayni paytda, kelajak avlod taqdiri bilan bogʻliq jiddiy xavotirlarini ham bayon etmoqda. Chunki, burjua madaniyati – kapitalistik jamiyatning rivojlanishi va mulkdorlar, tadbirkorlar sinfining yetakchi mavqega chiqishi bilan shakllanadigan ijtimoiy tizim boʻlib, diqqat markazida jamoa emas, balki alohida shaxs, uning shaxsiy masʼuliyati, huquqlari va karyerasi turadi. Bu esa individualizm degani. Shunday ekan, bugun ijtimoiy farqlar yuqori boʻlmagan jamiyatda yashashga moslashgan aholini yangi davrga moslash kerak boʻladi.
Bunda pragmatik, aniqrogʻi hayotga va ishga aql-idrok, foyda hamda samaradorlik nuqtai nazaridan yondashish, shu bilan birga ularni axloq normalariga moslashtirish zarur deb oʻylayman. Jumladan, aholining ongli isteʼmol tushunchasini shakllantirish zarur.
Masalan, bitta uy va mashinasi bor inson oilasida haqiqiy ehtiyoj tugʻilmaguncha ikkinchisini sotib olishga urinmaydi. Ehtiyojidan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak yoki boshqa maishiy buyumlarni xarid qilmaydi. Har bir mahsulotni sotib olishda oʻz imkoniyatlari bilan hisoblashadi va oʻziga savol beradi: “Bu menga kerakmi? Qanchalik zarur? Agar uni sotib olsam, oʻzimga, oilamga va yaqinlarimga nafi tegadimi? Bu xarid atrofimdagilarda shubha, havas yoki hasad uygʻotmaydimi? Kimningdir koʻngli oʻksib qolmaydimi?”
Bir paytlar oʻzbek jamiyatida bu oddiy meʼyor edi. Abdulla Qodiriy “Oʻtgan kunlar” asari uchun moʻmaygina qalam haqi oladi. Yozuvchining oʻgʻli Habibulla otasidan velosiped olib berishini soʻraydi. Qodiriy quyidagi soʻzlarni aytib rad etadi: “Oʻgʻlim, men senga velosiped olib berishga qurbim yetadi, lekin atrofga qara – xalq yupun, yalangoyoq, yarim och kun kechirmoqda. Men senga velosiped olib berishdan uyalaman, mening oʻgʻlim sifatida och, yupun va yalangoyoq holdagi millatdoshlaring oldida velosiped minib yurishdan sen ham uyalsang kerak”.
Ongli isteʼmol tushunchasini meshchanlarga ham tushuntirish kerak. Uning zamirida isteʼmol madaniyati, yashil iqtisodiyot, axloqli isteʼmol tushunchalar ham yotadiki, bu ishlab chiqaruvchi bilan xaridorga birday tegishlidir. Misol uchun, yashil iqtisodiyot tushunchasi ekologik xavflarni va ekologik taqchillikni kamaytirishga qaratilgan iqtisodiy model boʻlib, unda ongli isteʼmol asosiy drayver hisoblanadi. Isteʼmolchining mahsulot sotib olayotganda uning atrof-muhitga va jamiyatga (masalan, bolalar mehnatidan foydalanilmagani, hayvonlarda sinalmagani) taʼsirini hisobga olishi esa axloqdir.
Ongli isteʼmol tushunchasini anglash insonni riyodan toʻsadi, vijdon bilan hisoblashishga oʻrgatadi va bu ichki taftish insonni “topayotgan pulim halolmi?”, “farzandlarimga harom yedirmadimmi?” degan eng oliy savollarga boshlab keladi. Bu falsafa shunchaki mablagʻni toʻgʻri sarflash emas, balki rizqning manbaidan boshlab, uning ishlatilish oʻrnigacha boʻlgan butun zanjirda vijdon nazoratini oʻrnatishdir. Soxta obro‘ va isrofdan voz kechgan inson oʻz-oʻzidan harom luqmadan, birovning haqqidan va nafs qulligidan uzoqlashadi. Oilasiga faqat halollikni ravo koʻrgan, har bir tiyinining hisob-kitobini qalban his qilgan insonlar koʻpaygan jamiyat esa illatlardan poklanib, maʼnaviy va moddiy jihatdan tubdan sogʻlomlashadi.
Oʻzbekistonda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar tomonidan bosqichma-bosqich kengaytirilayotgan “Maromiylik” umummilliy harakati asosan jamiyatda maʼnaviy muvozanat va sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ajralib turadi. Ammo bu harakat faqatgina aholi oʻrtasida toʻy hasham va marakalarni qisqartirish, ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlikning oldini olish emas, balki har bir ishda, kundalik yondashuvlarda, jamiyat va bozor munosabatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning xatti-harakatlarida marom hamda meʼyoriylikni taʼminlashga qaratilgan. Shunday ekan, ziyolilarimiz aholi oʻrtasida savdo madaniyatini shakllantirishga ham eʼtibor qaratishi kerak deb oʻylayman.
Bu borada boshqalardan oʻrganadigan tomonlarimiz ham koʻp. Germaniyada ongli isteʼmol davlat siyosati, kundalik hayot madaniyati va atrof-muhitni asrash tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq. Ular taʼlim, qonunchilik, iqtisodiy ragʻbat va kundalik odatlarning barchasini oʻzaro uygʻunlashtirib, ongli isteʼmolni qatʼiy va mukammal bir tartibga aylantirgan. Nemis jamiyatida tovar ishlab chiqarish va xaridi, xizmat koʻrsatish – madaniyat, isteʼmol axloqdir.
Yaponiyada ongli isteʼmol asrlar davomida shakllangan milliy falsafa va madaniyat. Eng qizigʻi, yaponiyaliklar bu yondashuvga gʻarb davlatlaridan ancha oldin kelgan. Yaponlar ortiqcha va keraksiz narsalarni sotib olishdan qochadi. Ularning uylari ham kichik, shu vajdan faqat uzoq muddat xizmat qiladigan, koʻp funksiyali va minimalistik buyumlarni sotib olishadi. Katta mashinamas kichikrogʻi, qimmat kiyimmas qulayrogʻi...
Xalqimizda “nafsi hakalak otdi” degan ibora bor. Hakalak otgan nafsni jilovlash oson ish emas. Ammo buni ham maʼrifat bilan tuzatsa boʻlar.
Anvar BOʻRONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi
[1] httphttps://www.gazeta.uz/oz/2019/10/16/flour-liberalization/
[2] https://uza.uz/uz/posts/bir-kvadrat-metr-uy-narxini-4-million-somdan-oshirmaslik-vazifasi-qoyildi_246069
[4] Картель келишуви — бир соҳада фаолият юритувчи мустақил корхоналарнинг бозордаги рақобатни чеклаш, нархларни сунъий равишда кўтариш ёки ушлаб туриш, ишлаб чиқариш ҳажмини (kvota) чегаралаш ва бозорларни ўзаро тақсимлаб олиш бўйича яширин ёки расмий келишувидир.