Umumiylik, muayyan ustivor yoʻnalishga chambarchas bogʻlanib qolmagan bugungi Ovroʻpa adabiyotida uslub va janrlar xilma-xilligi, biri boshqasining hududiga tap tortmasdan bostirib kirishni tabiiy jarayon tarzida istifoda etayotgan maktab va yoʻnalishlarning oʻzaro taʼsirlarini koʻramiz. Maqolada ushbu adabiyotning asosiy uslub va yoʻnalishlarni ajratib, oʻrganib chiqamiz. 

Uslub va yoʻnalishlar

Post-postmodernizm. Ayrim tadqiqotchilar bugungi adabiyotda postmodernizmga oʻrin qolmadi hisob, uning qoida va qarashlaridan chekinib boʻlindi, qabilidagi qarashlarini ilgari surishsa-da, bu yoʻnalish, ayniqsa, intellektual adiblar doirasida oʻz taʼsirini hamon saqlab qolgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllana boshlagani aytiladigan Ovroʻpa postmodernizmi syujetlar noizchilligi, uzuq-yuluq voqealar majmui, metaproza va oʻzlikning chuqur tadqiqi, istehzo va kalaka, ulugʻvor choʻpchak-narrativlarga ishonchsizlik kabi jihatlari bilan sifatlangan boʻlsa, bugungi adabiyotda bu singari yondoshuv birmuncha evrilishga uchrab, postmodernizm tajribasini ham inkor etmagan holda, tiriklikdan maʼno va mazmun izlagan modernizm oʻzaniga yana qaytish belgilari koʻrinmoqda, endigi eʼtibor etik-axloqiy, tarixiy va hissiy muammolar tomonga yoʻnalmoqda. Istehzo ohangi ham bir qadar yumshab, oʻrnini samimiyat, beqaror va talotoʻpli zamonda insonga (personajga) dardkashlik va axloqiy masʼullik sezimlari egallaganday boʻldi. Matn ichra matnni birlamchi bilgan avvalgi yuksak postmodernizm intilishlaridan bu nav ogʻishni, odatda, post-postmodernizm yoki metamodernizm deb nomlash urfga kirdi.

 

Ijtimoiy-faol realizm. Ushbu yoʻnalish jamiyat hayoti va dolzarb ijtimoiy masala-muammolarni diqqat markaziga olib chiqadi. Koʻpgina zamonaviy mualliflar oʻz asarlarida jamiyat kanorasida qolgan marginal qatlamlarga minbar beradi, ijtimoiy notenglik, gender masalasi, migrant-muhojirlar hayoti va sosiumdagi zoʻravonliklar singari zamonaning oʻtkir muammolarini oʻrganish orqali kitobxonning jamiyatdagi oʻrni haqida mulohaza yuritishga undaydi. Ortiqcha majoziylikdan xoli vazmin til va uslubi hamda hujjatlardan oʻrnida istifoda etilishi badiiylikdan koʻra hujjatli asar taassurotini beradi. 

Fusunkor realizm. Oʻtgan asrning 20-yillarida Olmon adabiyotida (Frants Kafka, Tomas Mann) asotir va mif unsurlaridan istifoda qilinishi barobarida debocha olib, soʻngra Lotin Amerikasi adiblari ijodida (X-L. Borxes, Xulio Kortasar, Gabriel Garsia Markes, Migel-Anxel Asturias, Alexo Karpentiyer va hokazo) ayniqsa choʻqqiga koʻtarilgan va xayolot bilan voqelik, asotirlar bilan chin turmush manzaralarini ajabtovur tarzda omuxta qilishga qaratilgan bu uslub hali hamon oʻz mavqeini boy bermasdan, zamonaviy Ovroʻpa adabiyotining tarkibiy belgilaridan biri boʻlib qolmoqda.

Adabiy fiksiya – shartli ravishda literary fiction deb olingan yoʻnalish ruhiy va gʻoyaviy teranlikka yoʻnaltirilgan yuksak badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Personajlarning ichki olami teran tahlil etilib, muhim ekzistensial, ijtimoiy va falsafiy masalalar koʻtarilgich bu singari asarlarda voqeanavislikdan koʻra til va uslub asosiy mezon sifatida koʻriladi hamda muayyan bir janrning qatʼiy qoidalariga rioya etish talab etilmaydi. Murakkab yoki puxta stilistika, ohang, tashbehlar va tagmaʼnolarga eʼtibor, bayon va ifoda shakllari ustida dadil qoʻllangan tajribalar, oʻzini muttasil taftish qilishga moyil personajlarning mufassalligi kabi belgilaridan yuksak adabiyotga taalluqli bu asarlarni taniy olamiz.

Asarlarning bahs mavzulari

Turfa xillilik va inklyuzivlik. Jamiyat va qadriyatlarga qarashlari turfa xil boʻlgan, ammo avvalgi adabiy jarayonlarda nuqtai nazarlari yetarlicha tamsil etilmagan guruh, qatlam mansublaridan personajlar shakllantirish va anʼanaviy adabiy mezonlar bilan bellashish urinishlari bugungi adabiy intilishlarning koʻzga tashlanayotgan sifatlaridan sanaladi. Boshqacha qilib aytganda, turli madaniyatga mansublarni, aqliy va jismoniy cheklangan kishilar yoki gender oʻzgachalik egalarini ham asarlarda mutanosib aks ettirish, hukmron andozalarga qasdma-qasd, ularning xos ovozlarini taqdim etish orqali jamiyatning toʻlaqonli va haqqoniy suratini chizishga intilishlar bugungi Ovroʻpa adabiyotining yaqqol belgilaridandir.

Ekologizm va iqlim oʻzgarishi. Ekologik muammolarning chuqurlashib borishi manzarasida inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganish, inson omili tufayli yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi kutilayotgan fojealarni tasvirlash va taxmin qilishga chogʻlangan qator adiblar Cli-Fi (iqlimiy fantastika) janrida qalam tebratishadi. Bunday asarlarda aynan inson faoliyatining oqibati oʻlaroq sodir boʻlajak global kataklizmlarning insoniyat taqdirida tutajak oʻrni haqida, fojealarga qay tarzda moslashuv taxminlari borasida utopik manzaralar chiziladi.

Globallashuv va oʻzlik. Bugungi adabiyot globallashuv, texnologik taraqqiyot va ommaviy axborot vositalari taʼsirida oʻzlik, yaʼni muayyan bir jamiyat va madaniyatga mansublik tushunchasining sidirilib borishi singari zamona murakkabliklarini ifodalashga qaratilgan mavzularga ham teranroq eʼtibor qaratmoqda. Globallashuv, bir tomondan, amaldagi milliy va madaniy chegaralarni shaffoflashtirayotgan boʻlsa, boshqa tarafdan, buning natijasida turlicha madaniyatlar muloqoti oʻzaro omuxtalashuvga yetaklamoqda. Bu esa xususiy, madaniy va umumovroʻpaviy oʻzliklarni qayta mushohada qilishga turtki beradi. Ayniqsa, muhojirlar avlodidan boʻlgan adiblar koʻp tillilik, turli madaniyatga mansublik va anʼanalar toʻqnashuvi misolida oʻzlikni anglashning yangi koʻrinishlarini taqdim etishadi hamda ularning asarlarida turli tillar va madaniy oʻziga xosliklarning oʻzaro qorishuvi tabiiylik kasb etadi.

Qoʻrquv va xavotirlar. Ovroʻpa adabiyotining azaliy diqqat markazida boʻlib kelgan ekzistensial inqiroz, madaniy evrilishlar, tiriklik maʼnosining mavhumlashuvi va noayon xatarlar bilan roʻbaro‘ kelish qarshisidagi qoʻrquv mavzusi ayni paytda aniqroq koʻrinishga kelib, endi iqtisodiy boʻhronlar, millatchilik kayfiyatlarining oʻsib borishi va umumiy beqarorlik muhiti qarshisidagi xavotirlar shaklini ola boshlaganini koʻrish mumkin. Tobora liberallashib borayotgan jamiyatni keskin tanqid ostiga olgan farang adibi Mishel Ullebek (Michel Houellebecq) 1960-yillarda boshlangan ishqiy inqilob misolida Gʻarb tamadduni halokat sari borayotganini bashorat qiladi — “Kurash koʻlami quloch yoysin” (“Extension du domaine de la lutte”). Italyan adibasi Elena Ferrante qalamiga mansub turkum romanlarda esa (“Lʼamica geniale”, “Storia del nuovo cognome”, “Storia di chi fugge e di chi resta”, “Storia della bambina perduta”) 1970-yillardagi ogʻir ijtimoiy muhit, sinfiy notenglik va zoʻravonlik sharoitida shaxsning shakllanishi, xotin-qizlarning oʻzaro hamdoʻstligi haqida hikoya qilinadi.

Oʻtmish xotirasi va ruhiy jarohat. Zamonaviy Ovroʻpa adabiyotida, shuningdek, keng koʻlamli fojealar, urush va etnik qirgʻinlar xotirasi va ular qoldirgan ommaviy ruhiy jarohat masalasi ham qamrovli yoritiladi. Bu singari asarlarda shuur oʻpirilishlarini ifoda qilish vositasi oʻlaroq, voqealarning izchil davomiyligidan farqli tarzdagi bayon uslubidan foydalanilib, oʻtmish hodisalarini qayta tafakkur qilishga harakat qilinadi, fojea qurbonlariga minbar taqdim etilib, bularning keyingi avlodlari zehniyatida ham xotiralar xotirasi saqlanib qolinishi va shu vositasida ularda yangicha oʻzlik shakllanishiga uriniladi. Vinfrid Georg Zebald (W. G. Sebald) urushdan keyingi Olmoniya aholisining majruh etilgan tafakkuri manzaralarini nasr, badia va fotosuratlar omuxtasida tasvirlab beradi. Monika Maron “Maʼyus jonivor” romanida oʻtish davrining talotoʻplari manzarasida kishilar boshidan kechirgan jarohat tajribalaridan hikoya qiladi. Belorus adibasi Svetlana Aleksiyevich qalamiga mansub va Ikkinchi jahon va afgʻon urushi xotiralariga asoslangan bir qator asarlarni ham, shartli ravishda, xotira va jarohat hikoyalari deya tasniflash mumkin.      

Ovroʻpa mintaqalari kesimida oʻziga xosliklar

Kuchli intellektuallik va yuksak munaqqidlik anʼanasiga ega boʻlgan Fransiya adabiyotida ijtimoiy faol realizm, falsafiy nasr hamda xotira va sinfiy tafovutlar mavzulari ustun mavqeni egallaydi. Adiblar:  Anni Erno (Annie Ernaux), Mishel Ullebek (Michel Houellebecq), Eduar Lui (Édouard Louis).

Olmoniya, Avstriya va Shveysariya adabiyotida yaqin oʻtmishdagi milliy xotira yoki shaxsiy kechmish voqealariga eʼtibor markaziy mavzulardan biridir. Erinnerungsliteratur deb atalgan bu yoʻnalishda memuar va tarjimai hollar, shaxsiy kundalik va shohidlar hikoyalari asosida badiiy matnlar yaratilib, oʻtmish fojealari, jahon urushi oqibatlariga baho beriladi. Adiblar: V. G. Zebald, Jenni Erpenbek, Peter Handke.

Buyuk Britaniya va Irlandiya. Adabiy anʼanalari yaqin hisoblangan bu ikki mamlakat adabiyotida mustamlaka tizimidan keyingi voqelikka asoslangan postkolonial nasr, madaniyatlar turfa xilligi aks ettirilgan multikulturalizm mavzulari janrlarning oʻzaro omuxtalashuvi uslubida qalamga olinadi. Adiblar: Zedi Smit, Iyen Makevan (Ian Russell McEwan), Salli Runey (Sally Rooney).

Hozirgi Italiya adabiyotida oʻziga xos mintaqaviy oʻzlik, jinoiy guruhlarning jamiyatga taʼsiri, oilaviy qadriyatlar va xotin-qizlar turmushi mavzulariga eʼtibor qaratiladi. Yangicha neorealizm va ijtimoiy nasr yoʻnalishlari ustun mavqega daʼvogarlik qiladi. Adiblar: Elena Ferrante, Roberto Saviano.

Ispaniya va Portugaliyaning yaqin oʻtmishi harbiy diktaturaning qora koʻlankasi ostida kechgani badiiy adabiyotda hali hamon oʻz inʼikosini topib kelmoqda. Xaviyer Marias, Antoniu Lobu Antunesh singari adiblar ijodida oʻsha oʻtmishning qora merosini tafakkur qilish, diktatura boshqaruvi qoldirgan siyosiy jarohatlarni tarixiy nasr shaklida va tashbehlarga asoslangan realizm yoʻnalishida namoyish etish ustun.

Norvegiya, Shvesiya va Daniya kabi Skandinaviya mamlakatlari adabiyotida psixologik realizm, ekzistensial nasr va minimalizm uslubi alohida ajralib turishini kuzatamiz. Karl Uve Knausgor  (Karl Ove Knausgård) va Yun Fosse kabi qalamkashlar asarlari bunga yorqin misol.

 

Yaqin oʻtmishda sosialistik tuzum iskanjasida yashagan Markaziy va Sharqiy Ovroʻpa mamlakatlari adabiyotida esa shu totalitar tuzumdan keyingi ijtimoiy evrilishlar, Ikkinchi jahon urushi fojealari aksini topadi. Arxiv manbalari asosida bitilgan hujjatli asarlar ekzistensial nasr namunalari bilan yonma-yon mutolaagoʻylar orasida ommaviylashgan. Taniqli adiblar: Olga Tokarchuk, Imre Kertes, Laslo Krasnahorkay (Krasznahorkai László).

Umuman olganda, bugungi Ovroʻpa adabiyoti, shu tariqa, turlicha janrlar qorishuvi, turfa xil gʻoya va qarashlarni oʻzida aks ettirishi, yagona va daxl etilmas qoidaga qaram boʻlmagan holda turli taʼb va didlarni qondirishga intilishi hamda hozirgi zamonning dolzarb ijtimoiy, siyosiy va ekzistensial (hayotiy muhim, noayon) chaqiriq va tahdidlariga nisbatan faol munosabat bildirishi bilan tavsif etiladi. Ushbu adabiyot namunalarida bugungi Ovroʻpa voqeligi va oʻzligining murakkabligi inʼikoslanib, muttasil izlam yoʻlida davom etilmoqda.

 Sharifjon AHMAD