Umr boʻyi adabiyot, maʼnaviyat sohasidan rizq terib yurgan bir kishi sifatida bugungi tezkor zamonamizga, yoshlarimizning maʼnaviyat tushunchasiga boʻlgan munosabatiga oʻz qarashlarimni aytgim keldi.
Urush yillaridan keyingi ocharchilikni, bolalar va ayollarning erkaklar bilan teng xizmat qilganini koʻrib, shular qatorida unib-oʻsdim. Omoch tortdim, gʻallani galagov* qildim. Hayot majbur qilgan, yashashga umidni ragʻbatlantirgan hech yumushdan bosh tortmadim. Buning uchun birovni ayblamayman, aksincha, qattiqqoʻl hayotdan roziman. Garchi, oʻsha paytlar maʼnaviyat deb atalmagan boʻlsa-da, insonni tarbiyalashga xizmat qilgan har qanday katta-kichik hayot sabogʻidan, odamlarning ishi, soʻzi bilan bergan tarbiyasidan maʼnaviy kuch olganman, desam xato boʻlmaydi.
Qishlogʻimizda bir kengfeʼl brigadir boʻlardi. Gʻalla pishgan chogʻlar u xirmonboshi boʻlib, galagov boshida turardi. Bir-ikki kilo bugʻdoy uchun odamlar otilib ketadigan zamonda shu odam ota-onalarimizga tayinlar ekan: “Bolalaringga aytinglar, oyogʻiga kattaroq kalish kiyib kelsin! Xirmonjoydan qorongʻida ketsin!” Chunki katta kalish bilan galagovda qatnashsak, ichiga gʻij-gʻij bugʻdoy toʻladi. Uni birov, deylik nazoratchilar koʻrmaydi. Qorongʻi tushganda shu bugʻdoyni belboqqa toʻkib olamiz. Bitta non boʻladimi, bir kosa atalaga yetadimi, shu bugʻdoy bizning kunimizga yaragan.
Shu brigadir biz oʻspirinlarga yolgʻondakam dagʻdagʻa bilan “Nimaga partiya qoʻshiqlarini bilmaysanlar, kim oʻqitayapti senlarni?” deb doʻqlab ham qolardi. Biz bugʻdoy yanchayotgan eshak yo hoʻkizlarni qamchilab, doʻrillab xirgoyi qiladigan “Xirmonchi”, “Ho, mayda” kabi xalq qoʻshiqlarini bas qilib, partiyani madh etuvchi qoʻshiqlarni bilganimizcha kuylab qolamiz. Bu qoʻshiqdan murod esa yanada gʻalati: kovushlarimizda gʻijirlayotgan, yo bexos yerga sochilib ketayotgan donning shitirlagan tovushini bildirmaslik! Qolaversa, xirmonjoyda aylanib yuruvchi partiya vakillirini chalgʻitish. Ana sizga partiya qoʻshigʻi-yu, oʻlmay yashab qolish uchun ming bir hiyla...
Bu brigadir ham koʻp qatori chalasavod odam edi. Ammo insoniy mehr, shu el bolalarining iligi toʻq oʻssin, degan oddiy vatanparvarligi bilan menga maʼnaviyat sabogʻini bergan.
Maktabdagi, keyin oliy dargohlardagi ayrim ustozlarning ich-ichidan oʻksinib, mustaqillik haqida pinhon bir ogʻriq bilan, har soʻzini oʻn qat qogʻozga oʻrab gapirishi botinimizga singib bordi.
Maʼnaviyat degani, birinchi navbatda Vatanparvarlik, degan xulosaga kelgunimcha ancha-muncha yoʻlni bosib oʻtdim. Chunki vatanparvar degani, avvalo Xudoni tanish, insonni sevish, bandasidan hayo qilish, degani ekan-da...
Aytmoqchi boʻlgan mavzumdan biroz chalgʻidim, shekilli, ammo yuqoridagi gaplar ham ziyon qilmaydi, deb oʻylayman.
Men bugungi yoshlarimizdan nolimayman, balki ularga hayrat va havas qilib yashayman. Nolimasligimga sabab – bular oʻzimizning hosillarimiz. Nimani eksang, shuni oʻrasan! Ammo ularning hayotga qarashi, oʻzgarishlarni qabul qilish darajasi, tarzi meni baribir bezovta qiladi.
Maʼnaviy komillik haqida gapirganda, moddiy toʻkislik masalasi ham oʻrtaga qalqib chiqadi. Xalqimizda shunday naql bor: “Tuyaning yuki yengil boʻlsa, baqiroq keladi.” Yaʼni, yuki yengil tuya shoʻx boʻladi, shataloq otadi, baqirib, egasiga ham boʻysunmay, olamni buzgisi keladi. Bu naql asli tuya haqida emas. Tuya shunchaki ramz. Gap biz haqimizda, odamlar haqida.
Aytadilarki, odamlar orasidan mehr-oqibat, begidir muhabbat, betaʼma yaxshilik koʻtarilib bormoqda. Bunga biroz hayotni koʻrgan odam sifatida men ham qoʻshilaman. Nega desangiz, hayotimiz yaxshilandi, yashash osonlashdi. Minglab yumushlarni texnika oʻz zimmasiga oldi. Biroq odamlarni mening aqlim yetmaydigan yolgʻizlik ham qurshab borayotganday. Bemor qoʻshnidan xabar olish uchun qoʻlimizdagi telefon tugmasini bosib, ahvollashishga erinyapmiz yoki vaqt topolmaymiz. Vaholanki, koʻngilni keng qilsak, bugun hamma narsaga qoʻlimiz yetadi.
Uzoqqa bormaylik, salkam 6 million tonna paxta yetkazib beruvchi yurtimiz Mustaqillikning ilk yillarida gʻalla yetishmovchiligiga duch kelgan edi. Markaziy taʼminotdan uzilgan mustaqil davlat qariyb yigirma millionlik aholini non bilan taʼminlayolmay qoldi.
Oʻshanda rahbarlarimiz bir yilning oʻzida 300 ming gektar maydonni shaxsiy tomorqa xoʻjaliklariga ajratib berdi. Tomorqali boʻlgan odamlar sal boʻlsa-da, ovundi, oʻz aravasini torta boshladi. Paxta maydonlari keskin qisqardi. 1 million gektar sugʻoriladigan, 500 ming gektar lalmi yerga gʻalla ekildi. Koʻrpani boshingga tortsang oyogʻing ochilib qolayotgan, gʻalla ham kerak, kiyim-bosh ham zarur, taʼlim islohoti ham kutib turmaydigan bir pallada bunday tavakkal qilish ham bir jasorat edi.
Ushbu raqamlar va misollarni nega keltiryapman? Shaharliklar boʻlka nonga navbatda turgan, qishloqlarda bugʻdoyga arpa, joʻxori, hatto, supurgi urugʻini qoʻshib, tegirmonga eltayotgan 90-yillar voqeligi mening talaba yoshidagi nevaram uchun ertakning oʻzi? Bu nevaram, “Qoʻysangizchi, bobo?” deb menga istehzoli kulib qarashi mumkin. Ammo bu yigit yoki qiz, zamonaviy texnologiyalar oʻstirayotgan avlod, ingliz tilini ham, kompyuterni ham balodek biladigan bu dilbandlar maʼnaviy qadriyatlar, degan tabarruk soʻzlarga qanday qarayapti?
Nega ular Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” qasidasini titrab, anglab oʻqish, Erkin Vohidovning “Oʻzbegim”ini Sherali Joʻrayev ijrosida tani jimirlab tinglash oʻrniga, xorijda oʻqish imkoniyatini suisteʼmol qilib, borgan joyi Amerika, Yevropa davlatlarida qolib ketishyapti? Yoki shu narsa ularning orzusiga aylanib qolyapti? Yoki oila qadriyatlari degan sharqona katta merosimizga nopisand qarab, olti oy ham yashamay ajrashib ketayapti? Yoxud maktabda, oliy oʻquv yurtlarida ustoz-muallimning bir ogʻiz dakkisi uchun uni haqoratlab, hatto, sudga berishgacha borishyapti?
Bu kabi oʻylantiradigan maʼnaviy muammolarimiz talaygina. Balki ushbu satrlarni oʻqigan bugungi zamonaviy oʻquvchi meni zamondan ortda qolganlikda ayblar. Biroq shu zamondan ortda qolish sanalsa, men bu iddaoga roziman.
Xalqimizda “Qoʻyni oʻzining yogʻiga qovuradilar” degan ajoyib ibora bor. Bu degani hamma sabablar oʻzimizda, yaʼni hamma savolga javob biz kattalarda, desam xato boʻlmaydi.
Biz qayerda xato qildik yoki qilyapmiz?
Yaqinda Termizda istiqomat qiladigan bir yosh doʻstimiz bilan qilgan muloqot meni ayrim fikrlarga undadi. Bank tizimida ishlaydigan bu 30-35 yoshlardagi yigitning uchta farzandi bor ekan. Bu goʻdaklarning eng kichigi 3 yoshda. Ingiliz tiliga moslashtirilgan pullik bogʻchada tarbiyalanayotgan ekan. Hatto oʻsha tilda yuzgacha sanashni bilarkan. Qolgan ikki farzandining kattasi rus sinfida oʻqiydi, kichigi ingliz tili maktabiga qatnaydi. Koʻz-u qoshi mana-man, deb oʻzbekligini aytib turgan bu goʻdaklar uyda ham qariyb oʻsha tillarda soʻzlashadi, ona tilini eplab gapirolmaydi. Ota-onasi esa bundan juda xursand, albatta.
Men xalqimizning ulug‘ eposi “Alpomish” dostoni bilan shugʻullanganman. Baxshilarimizdan bu sehrli dostonni yozib olganman. Bu doston oʻzbek tilining, maʼrifati, maʼnaviyatining juda katta xazinasini oʻzida yashirgan. Bu kabi dostonlardan umrida bir martagina boʻlsa ham miriqa olgan inson, yurt haqida, milliy ruh haqida, xalqimiz haqida shunchaki oʻylay olmaydi. Yurt haqida qaygʻurmay oʻtolmaydi.
Men tanishgan uchala goʻdakning davrada yoki televizorda “Alpomish” tinglab, miriqishiga esa ishongim kelmaydi.
Qariyb yigirma yoshimizda, harbiy xizmatda rus tilini chala-chulpa oʻrgandik. Qolganini esa keyinchalik hayotiy ehtiyoj sabab bilib ketdik. Yoshim saksondan oshgan boʻlsa ham, kompyuterda ishlashni oʻzimga kerak darajada bilaman. Buni oʻrganganimga ham koʻp boʻlgani yoʻq. Rus tili yoki kompyuterda ishlashni oʻrgatish uchun ota-onamiz bizni sirayam pullik maktablarga bergani yoʻq. Unaqa maktabning oʻzi yoʻq edi.
Keyingi 15-20 yilda yosh oilalar orasida oʻz farzandlarini rus tili, ingliz tili, axborot texnologiyalariga, pullik taʼlimga yoʻnaltirish juda urf boʻldi. Bu albatta kerak. Bolalarimiz qancha koʻp til bilsa, zamonaviy texnologiyalarni qancha koʻp oʻzlashtirsa, shuncha yaxshi. Biroq...
Nima demoqchiman? Biz shu yurtning farzandi ekanmiz, shu yurtni vatan deb bilarkanmiz, ota-bobolar qabri-yu qadamjosi shu yurtda ekan, Yangi Oʻzbekiston degan ovoz tobora jahonni zab etib borayotgan mamlakat bizning diyorimiz ekan, bu yurtni kim asraydi, kim qoʻriqlaydi, kim bu yurtga jonini fido etadi, kim bu yurtni sharaflaydi? Albatta, betaʼma mehri bilan shu makonni sevganlar qiladi bu ishni. Bitta narsaga qattiq ishonaman: Hamma ezgulik ona tili bilan inson ruhiga singib boradi. Tilsiz qolish, ruhning tanazzuliga olib keladi.
Aytish mumkin, Abu Nasr Forobiy yetmishdan ortiq tilni bilar edi, deb... Biroq bu zot shuncha tilni bilgani holida, avvalo oʻz ona tilini aziz tugan, oʻz ruhini omon saqlagan toza musulmon, el-yurt ravnaqi uchun umrini bagʻishlagan alloma edi.
***
Xulosa oʻrnida ushbu soʻzlarni aytmoqchiman:
Maʼnaviyat insonning hayotidagi ikkinchi quyoshdir. Bu quyosh hammaga tegishli, hammmani taniydi. Bu quyosh nuri yetib bormagan manzillarda maysalarning rangi sariq, behosil boʻladi. Bu quyosh nuri tushmagan daryoning suvini ichib boʻlmaydi.
Biz oʻzimizni bu ruhga quvvat boʻluvchi, tanni ozod saqlovchi quyosh nuridan bebahra qilmasligimiz kerak.
Bir tish qoqqan, oqsoqol yoshidagi birodaringizning sizga aytar soʻzlari shu!
Toshtemir TURDIYEV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Quyosh hammamizni taniydi” maqolasi
*Galagov – kombaynlar paydo boʻlmagan paytda, gʻallani ot, hoʻkiz koʻmagida yanchish jarayoni.