Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari boʻlar edi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson, albatta, Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishga loyiq!

Shavkat MIRZIYOYEV

(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2021-yil, 31-avgust)

Ibrohim Gʻafurovni taniganimga salkam qirq yil boʻldi. Oʻsha mashhur “Matbuotchilar-32”ning beshinchi qavatida ustoz Jabbor Razzoq “maktabi” – yoshlar gazetasida (nomlari necha marta oʻzgarib ketdi) ishlab yurgan mahallarim ahyon-ahyonda bu odamga roʻbaru kelardim va zoʻrgʻa salom berardim. Sababi, jurnalist-muxbirlar orasida Ibrohim akaning nihoyatda qaysar, qattiqqoʻl, sirkasi suv koʻtarmaydigan, tagʻin deng Odil Yoqubovday daho adib bosh muharrir boʻlgan dovruqli “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida “zamredaktor” ekanligi menga oʻxshagan “qaldirgʻoch”larni choʻchitardi. Ayniqsa, “OʻzAS”da chiqayotgan har bir maqolada ustozning oʻtkir tahriri, teran nigohi sezilardi. Uning adabiy tanqid, sheʼriyatga oid murosasiz maqolalari jiddiy shov-shuvlar uygʻotardi.

Xullas, oradan necha oʻn yillar oʻtdi. Koʻp davralarda kuzatdim, dilbar suhbatlariga oshno boʻldim. Lekin hech mavridi kelmadi yuzma-yuz gurunglashishga. Yaqinda, toʻgʻrirogʻi, avgustning oʻrtasida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, davlat va jamoat arbobi, taniqli siyosatshunos olim Qudratilla Rafiqovning saxovatpeshaligi tufayli bir guruh ijodkorlar “Sevarsoy” (nomining goʻzalligini qarang) deb nomlangan sanatoriyda dam oldik. Omadni qarangki, muhtaram ustozlarimiz Ibrohim Gʻafurov va Xurshid Doʻstmuhammad bilan hamroh boʻldim.

Dunyo koʻrgan, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, adabiyotimizning zabardast namoyandasi, adabiyotshunos olim, tarjimon, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov bilan shu bahonada turli mavzular xususida uzoq suhbatlar qurdik. Chimyon togʻlari bagʻridagi bu soʻlim goʻshalarni aylanib yurarkanmiz, bu moʻysafid, yurtparvar, millatparvar insonning yuragida yashayotgan quyosh nuriday yorug‘ va toza tuygʻular, jadidona dard-u armonlar, adabiy kuzatuvlarini oʻziga sezdirmaygina qogʻozga koʻchirib qoʻydim.

Bilaman, balki Ibrohim aka bugungi suhbatimizni oʻqib koʻrib, “Nega meni bir ogʻiz ogohlantirmadingiz, shunday savollaringiz bor ekan, avvalroq aytganingizda sal oʻylabroq, mulohaza qilib yana boyitarmidim” deyishi ham mumkin.

Yoʻq, meni maʼzur tutgaysiz, ustoz, kutilmagan bu gurungimizni sizning billurday sof yuragingizga tutilgan oddiy bir oyna deb qabul qilasiz, degan umiddaman.

 ***

– Ibrohim aka, keling, suhbatimizni Chingiz Aytmatov asarlari tarjimasidan boshlaylik. Aynan sizning “Qiyomat”ga qoʻl urishingiz qanday kechgandi?

– U mahallari Abdulla Oripov Yozuvchilar uyushmasida masʼul lavozimda ishlar edi. Bir kuni meni huzuriga chaqirib qoldi. Endi butun dunyoda “Qiyomat” romani turli shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan damlar edi. Borsam, Abdullajon Chingiz Aytmatovdan xat kelganini va rus tilida bosilgan “Плаха”ni Ibrohim Gʻafurov oʻzbekchaga tarjima qilsa  deya taklif bildirganini aytib qoldi. Oʻzbek xalqiga hurmat-ehtiromi balandligi bois oqsoqolning oʻzlari iltimos qilyaptilarmi, tezroq ishga kirishmasak boʻlmas, “Sharq yulduzi” jurnaliyam ketma-ket bosadi, gaplashdim, dedi shoir. Shundogʻam bu buyuk romanni rus tilida oʻqib chiqqanimdan beri hayajonlanib yurgandim. Birdaniga rozi boʻldim. Ishxonamdan ruxsat olgach, “Sharq” nashriyoti tomonidan ajratilgan shinam va sokin xonada juda qattiq ishladim va uch oy deganda tarjimani tugatdim.

– Esimda, asarning birinchi nomi “Kunda” edi-ku, nega oʻzgarib qoldi?

– Toʻgʻri, birinchi nomi “Kunda” edi, keyin “Qiyomat”ga oʻzgartirishni taklif  etishdi. Aslida “плаха” soʻzining maʼnosi “kunda”, lekin dunyo miqyosida “Qiyomat” boʻlgani uchun shunday nomlandi va ramziy maʼnoda olamning, qolaversa, insoniyatning xatarli taqdiri shunga mosroq edi oʻsha davrda.

– Dunyoning yarmini oʻzining oʻtkir qalami bilan “zabt” eta olgan yozuvchi bilan qachon koʻrishgansiz?

– Menimcha, 1987-yillar edi, “Qiyomat”ni oʻzbekchaga oʻgirganimdan keyin Issiqkoʻl forumida uchrashdik. Tarjimamdan koʻngli ancha toʻlganini aytib, minnatdorlik bildirdi. Chunki avvalgi qissalari ham oʻzbek kitobxonlari orasida juda mashhur ekanidan xursandchiligini izhor etgandi. Umuman, oʻzbek adabiyoti va adiblarini gʻoyat qadrlardi. Oddiy misol, Chingiz ogʻaning Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Asil Rashidov, Pirmat Shermuhamedov, Ahmadjon Meliboyev, Murod Muhammad Doʻst, Xayriddin Sultonov, Anvar Joʻraboyev va boshqa ijodkorlar bilan salom-aligi, bordi-keldisi kuchli edi. Keyin yetmish yillik yubileyida ham bir guruh adiblar bilan birga bordik qutlagani.

Endi sizga bir gapni aytaymi, Chingiz Aytmatov Ollohning nafaqat biz turkiy xalqlarga, balki bu dunyodagi barcha haqsevar, erksevar va aytish mumkinki, maʼrifatli millatlarga bergan goʻzal bir inʼomi edi, desam xato boʻlmasa kerak. Hali eslaganim, Issiqkoʻl forumida koʻp bora kuzatganman: hali u guruh, hali bu guruh oldiga borib maslahatlashadi, har bir ishtirokchining bildirgan fikrini eshitib, xotirasiga muhrlab qoʻyar ekan.

Chingiz aka qoʻrqmas, jasoratli, haqiqatparast edi. “Oʻzbeklar ishi” oʻrtaga chiqqanida bizni qanday himoya qilgani hali-hali koʻpchilikning yodida! Yoki ataylab uyushtirilgan Oʻsh voqealari sodir boʻlganida adashgan, aldangan millatdoshlariga qarata “Hoy, qirgʻizlarim, koʻzlaringni ochinglar, oʻz jigarlaring, tugʻishganlaring bilan nizolashasanlarmi? Yovlarning aldov-qutqusiga uchmanglar, toʻxtanglar!” deya hayqirganini rahmatli Odil aka aytib bergandi.

– 1997-yil Bishkekda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasining navbatdagi anjumanida bir guruh taniqli ijodkor ziyolilar safida jurnalist sifatida men ham qatnashganman. Taqdirni qarangki, ona Turkistonimizning abadiy “bayrogʻi”ga aylangan Chingiz Aytmatov bilan suhbatlashish baxtiga muyassar boʻlganman. Toʻgʻrisi, shunday ulug‘ adibning bolalardek sodda, daryoqalb ekaniga, qolaversa, har bir lahzasi hisobli boʻlmish insonning bir jurnalist uchun ikki soatcha vaqt ajratib, chin dildan samimiy gurung qilganidan hamon hayratga tushaman.

– Yana taʼkidlayman, Chingiz Aytmatov avliyo zot edi. Biz tirikligida balki qadriga yetmagandirmiz, uning oʻlmas asarlari mohiyatini toʻgʻri anglay olmagandirmiz. Bu rost, lekin hozir uning har bir asarini qayta-qayta mutolaa qilib koʻring, fikrlang-chi, bugunni qoʻyavering, hatto kelajakda insoniyatni kutayotgan maʼnaviy va ijtimoiy xavf-xatarlardan ham ogoh etganiga guvoh boʻlasiz.

– Endi yana bir qiziq voqeani eshiting: Chingiz Aytmatov bundan 26 yil burungi suhbatda menga qiziq bir hayot haqiqatini aytib bergani hamon esimda: 1995-yili taʼsis etilgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasini tuzish gʻoyasi bejiz oʻrtaga tashlanmaganini va bu ezgu maqsad zamirida  ulkan yer osti va usti boyliklariga ega ushbu mintaqa hududida asrlar boʻyi bir-biriga qondosh, yon qoʻshni-jon qoʻshni, quda-anda boʻlib yashab kelayotgan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman va tojik xalqlari oʻrtasida tinchlik, birdamlik, ahillik yotganini qayta-qayta taʼkidlagan edi. Va nasib etsa, bu xayrli ishlar davlatlararo hamkorlik darajasiga koʻtarilishini va bu beshta respublika birlashib, Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi tuzilishini orzu qilayotganini yashirmagandi. Afsuski, matbuotda eʼlon qilingan suhbatdan afsonaviy adibimizning ushbu ulug‘ niyatlari aks etgan donishmandona fikrlari “hushyorlik” bilan olib tashlangan edi. Zamonning evrilishini koʻring, talotumli davrlar ortda qoldi va nihoyat, 2016-yildan keyin Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi “muzliklar davri” barham topdi, hatto qushlar uchib oʻtolmayotgan, shafqatsizlarcha minalashtirib tashlangan chegaralar ochildi, oʻzaro bordi-keldilar boshlandi. Bunday tarixiy oʻzgarishlar qondosh va qardosh xalqlarni bugun yana qaytadan birlashtiryapti, yaqinlashtiryapti, toʻgʻrimi?

– Bu mavzu nihoyatda nozik va jumboqli. Javobsiz savollar koʻp. Nega shuncha asrlar davomida bir-biriga ogʻa-ini boʻlib kelgan xalqlar qisqa davr ichida darrov begonalashib, hatto yovlashib ketdi, degan savol meni ham qiynaydi doim. Tasavvur qiling, nima uchun Islom Karimovday aqlli siyosatchi rahbar ham bu qobiqdan chiqib ketolmadi? Yoki Nursulton Nazarboyev va boshqalarni oling. Nima, ulardagi manmanlik yoki mintaqaviy liderlik kasali ustunlik qildimi? Menimcha, yoʻq, sabablari boshqa, yaʼni hamon dunyoda gegemonlik daʼvo qilayotgan davlatlar bizning birlashishimizni xohlamaydi! Oʻzlariga imkoni boricha qaram boʻlmogʻimizni istayotganlar yoʻq deb oʻylaysizmi? Ular otdan tushsayam hech qachon egardan tushmaydi, ukajon!

Oddiy misol keltiraman sizga: 27 davlatni birlashtirgan Yevropa ittifoqi bor, toʻgʻrimi? Ularda liderlik daʼvo qilish eng bemaʼni ish sanaladi. Avtoritarizmni xohlamaydi ular. Mening nazarimda, birlashish uchun, eng avvalo, xalqlarning oʻzi tayyor boʻlishi lozim ekan. Yevropaliklar bu jarayonga uzoq vaqt tayyorlanganini vaqt isbotladi. Demak, mening fikri ojizimcha, oʻsha Aytmatov va boshqa ziyolilar tuzgan assambleya ham yillar oʻtib, Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqiga aylanishi balki puxta oʻylangan reja boʻlgandir.

Shu maʼnoda aynan Oʻzbekiston Prezidentining keyingi yetti yil ichida birinchi navbatda Markaziy Osiyo hududida joylashgan davlatlar rahbarlari bilan oʻzaro samimiy muloqotlari, barcha sohalarda olib borayotgan tinchliksevar tashabbuslarini xalqlarimiz toʻla qoʻllab-quvvatlayotgani tarixiy voqeadir. Quvonchli jihati, davlatlararo bosqichma-bosqich amalga oshayotgan bu kabi ijobiy ishlar, kim biladi, balki siz-u biz bugun muborak nomini xotirlayotgan Chingiz Aytmatovning azaliy orzulari ijobat boʻlayotganiga ham oʻziga xos bir ishoradir.

– Sir emas, siz bilan qaysi mavzuda suhbatlashmaylik, baribir gap aylanib yana jahon adabiyotining sara asarlari tarjimasiga kelib taqalaveradi. Xoʻsh, ayting-chi, buyuk adib Dostoyevskiy ijodiga mehr-muhabbatingiz qachon paydo boʻlgan?

– Dunyo adabiyotida psixologik tahlilda Dostoyevskiyga yetadigani kam. Lev Tolstoy ham tan bergan. Uning qahramonlari ayrimlar nazaridagi rus xalqigagina xos hayotiy fojialar emas, aksincha, Aytmatov tasvirlaganidek, butun insoniyatga taalluqli boʻlgan millionlab taqdirlardir. Tirikchilik, turli azob-uqubatlarga giriftor boʻlib yashash uchun oʻzini oʻtga, choʻqqa urib kurashayotgan odamlar koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Dostoyevskiyning boshqa asarlarini qoʻyavering, “Iblislar” romanini bizning kitobxonlarimiz oʻqiganida edi, oʻzining qanday millat, qanday xalq, qanday qavm ekanligini bilishdan tashqari oʻzining nimalarga qodirligini ham teran anglab yetardi.

– Aynan bizning mamlakatimizda kitob mutolaasi va targʻiboti masalasiga davlat darajasida eʼtibor koʻrsatilayotgan bir paytda bunday buyuk adiblar asarlarini maktablarimizni qoʻyavering, hatto shu sohaga daxldor oliy oʻquv yurtlarida ham oʻqitish juda abgor ahvolda ekani maʼlum. Axir oʻzimizning milliy adabiyotimiz vakillari ijodi ham haminqadar oʻrganilyapti-da?

– Biz ziyolilar baribir maʼnaviyatimiz va maʼrifatimizning ana shunday dolzarb, ogʻriqli muammolari haqida bong uraverishimiz kerak deb oʻylayman. Internet asri, globallashuv davri davom etaversin, bunga hech kim toʻsqinlik qilolmaydi. Lekin televideniye, radio, ommaviy axborot vositalari, boringki, ijtimoiy tarmoqlar ham davriylikdan, kundalik axborotlar tarqatishdan tashqari KITOBXONLIK targʻiboti va reklamasini kuchaytirishi shart! Toshkent yoki boshqa shahar markazlari asosan ingliz, rus kabi ajnabiy nom-yozuvlardagi banner, pannolar bilan toʻlib-toshib yotibdi. Nega shularni oʻzbekchalashtirish haqida oʻylamayapmiz? Yoki nega biror joyda mashhur adiblarimiz asarlari yo kitoblari targʻib etilmaydi?  “Oʻzimga kerakli kitob yoki badiiy asar, gazeta-jurnalni internetdan, qoʻlimdagi zamonaviy planshet, ayfonimdan oʻqisam qulayroq”, deydiganlar xato qilayotganini hali vaqt koʻrsatadi. Rivojlangan davlatlarda odamlar yana ommaviy ravishda kitobxonlikka qaytayotir. Sababi, odamlar ortiqcha axborot, shov-shuvlardan toliqqan, bezib qolgan asablarini, har qanday boylikdan ham azizroq sogʻligini asrab qolish uchun tagʻin kitobga murojaat etayotgani haqiqat. Shunday ekan, u Dostoyevskiy, Abay, Robindranat Thakur boʻladimi, Qodiriy yo Kafka, Chexov yo Abdulla Qahhor, Joys yo Shukur Xolmirzayev, Hamza yo Shekspir, Shukshin yo Xayriddin Sultonov, Murod Muhammad Doʻst yo Nabokov, Togʻay Murod, Xurshid Doʻstmuhammad yo Nazar Eshonqul, Olim Otaxon, Isajon Sulton…bu roʻyxat juda uzun. Men faqat adiblarni sanadim xolos, shoirlar-chi? Shularni kengroq targʻib va tashviq qilsak yutqazmaymiz axir! Ularning qaysi birini oʻqish va uqish oʻzimizga bogʻliq.

– Boshqa xalqlarda bilmadim-u, lekin bizning adabiyotimizda qiziq bir holat kuzatiladi: yaʼni nasrda eshitmaganman, ammo sheʼriyatimizda shoirlarni jinsga ajratish urfga aylangan...

– Eslaylik, bizning klassik shoiralarimiz Nodira, Uvaysiy, Zebuniso, Mahzuna va boshqalarning ijod namunalarini rahmatli Toʻxtasin Jalolov toʻplab kitob qilgan edi. Aksariyat ayol ijodkorlarni tahlil qilsangiz, figʻon, alam, armon, iztiroblarni boshqacha ohang, ruhda kuylaganiga guvoh boʻlasiz. Qizigʻi, bunday taʼsir Zulfiya opagacha keldi-ku! Hamid Olimjonning 1944-yilgi fojiali oʻlimidan keyingi yozgan sheʼrlarini eslash kifoya. Shoira va shoirni ajratib turadigan eng kuchli xususiyat bu hissiyotdir!

– Nihoyat gap ochildi, Ibrohim aka, keling, shu bahonada endi, XX asr oʻrtalari va XXI asrning oʻn yilliklarigacha oʻzbek milliy sheʼriyatida munosib oʻrin egallab kelgan ikki zabardast shoira – Halima Xudoyberdieva va Oydin Hojieva ijodidagi jangovarlik, goʻzal lirika, faqat ayolgagina xos latofatli hissiyot, qolaversa, vatanparvarlik kabi ruhiy va ijtimoiy mavzularga toʻxtalib oʻtsangiz.

– Lirizmni olasizmi yoki hissiyotlarni qandaydir oʻziga xos nozik ifodalashda ham ular orasida katta farq seziladi. Halimada sof maʼnodagi shiddatli ijtimoiylik, publitsistik ruh gʻoyatda kuchli edi. Uning siyosiy yoxud ijtimoiy mavzularda yozgan sheʼrlarida erk, ozodlikni sogʻinish, millatparastlik hissi yarq etib koʻrinib turardi.  Oydinda esa ayol, onaga xos lirika ustunlik qilardi. Ularning ijodini tahlil va tadqiq qilganda hech qachon bir-biriga qiyoslash yoki qarama-qarshi qoʻyish mumkin emas. Negaki, tarixda hali birorta misol yoʻqki, iqtidorli ijodkor bir-birini takrorlagan boʻlsa. Shu maʼnoda men har ikki betakror shoiramizning adabiyotimiz, nafis sheʼriyatimizga qilgan xizmati va koʻrsatgan taʼsirini hamisha qadrlayman.

– Bilishimcha, siz rahmatli Oydin opa bilan ellik yillik unutilmas umr yoʻllarini bosib oʻtdingiz. Agar izn bersangiz, oila muhiti, onalik baxti haqida keyin bafurja toʻxtalsak-da, hozir xolis bir munaqqid, olim sifatida shoira ijodiga munosabatingizni bildirsangiz.

– Haqiqiy shoira sifatida qachon tushunib, anglab yetgansiz demoqchisiz-da. Talabalik mahalimiz u bizdan pastroq kursda oʻqirdi. Uning birinchi kitobi “Shabnam” (1970)ga bagʻishlab maqola yozganman. Oʻqib koʻrganimdayoq yuragimga shunday tiniq, samimiy tuygʻular toʻkilganki, qattiq taʼsirlanganman. Taqdirni qarangki, keyinchalik umr yoʻllarimiz birlashdi. Oydin umrida har kuni sheʼr yozmagan, qandaydir daqiqada bir narsa yoprilib kelib qoladiki, oʻtirib, burkanib yozaverardi. Daftarlari toʻlib ketardi. Keyin boʻshashib toʻxtardi va boshqa ishlarga andarmon boʻlib ketardi. Soʻng bir, ikki oy jim yurardi. Hatto chalgʻimasdan, haftalab sheʼr ustida oʻtirgan paytlari boʻlgan. Shosha-pisha ovqatga unnab, menga qarashgach, yana stolga mukka tushardi.

Keyingi paytlarda Oydinning ijodiy merosi miqyosi, masshtabini koʻpam tushunib-tushunmay tahlil qilinayotgan holatlarga ham guvoh boʻldim. Bir shoira tuppa-tuzuk yozgan maqolasida uning ijodini umumlashtirib, “sibizgʻa sheʼriyat” deb atabdi. Bu fikrga umuman qoʻshilmayman. Sibizgʻa orkestrga joʻr boʻlguvchi bitta kichik soz, xolos. Gʻalati oʻxshatish bu. Axir Oydin Hojiyevaning bir xil ohangdagi sheʼrlari kam-ku! Kengroq qarash lozim edi. Masalan, jizzaxlik adabiyotshunos Nasiba Rizayevaning shoira ijodiga bagʻishlangan chuqur tahlillari ancha pishiq va puxta yozilgan. Naim Karimov, Muhtarama Ulug‘, Qutlibekaning eʼlon qilgan maqolalari ham koʻpchilikka manzur boʻlgan.

– Oydin opa xastalikka chalinganidan soʻng ham ijoddan toʻxtamagan ekan...

– Yetti yilcha avval oyoqlari qattiq ogʻrib, bir muddat davolanib yurdi. Shundayam yozaverdi. Jasorat deyinmi yoki adabiyotga fidolik deyinmi, baribir sogʻligʻidan koʻra yozgan va hali qoralama holida tugamay qolgan asarlari taqdirini koʻproq oʻylardi. Matbuotni tinmay kuzatardi. Qanday oʻtkir maqola yo sheʼr, doston chiqqani bilan qiziqardi. Oʻzi koʻp yillar bosh boʻlgan “Saodat” va boshqa joylarda ishlayotgan oqibatli shogirdlari dam-badam holidan xabar olib turishdi. Barchalarini doim duo qilardi. Hech qachon nolimadi, Ollohga shukr qildi. Yuragi tiniq oynaday toza edi Oydin opangizning!

– Endi ayting-chi, ikki ulkan ijodkorning bir-birini tushunib yashashi, oila, roʻzgʻor, ota-onalik vazifalari, ustiga ustak, ijod bilan mashgʻul boʻlishi osonmi?

– Mushkul desam noshukrlik boʻladi. Qaysi bir oilada notinchlik, mashaqqatli kunlar boʻlmagan?! Hammasini mardona yengib oʻtish oson emas. Ammo biz, avvalo, ijodkor qavmidanmiz, odamlar, el-ulus nazaridagi insonlar edik. Toʻgʻrimi? Shuning uchun imkoni boricha boshqalarga ibrat boʻlmogʻimiz lozimligini bilardik. Bizlar ikkita daraxtday bir-birimizga tirgak boʻlib suyanib yashadik. Ishonasizmi, yarim asr birga yashab, turmushda har narsa boʻladi-ku, Oydin biror marta menga olayib, burnini jiyirib yo qovogʻini uyib qaraganini eslolmayman. Farzandlarimiz, nevaralarimizga ham umuman qattiq gapirmagan. Yana bir narsa meni haligacha hayron qoldiradi, u hech qachon yigʻlamagan. Shu darajada irodali, sabrli ekanki, besh yildan koʻproq toʻshakka mixlanib, shuncha dard, azob chekkan boʻlsa-da, koʻz yoshini koʻrsatmadi...

– Soʻnggi savolim: Ibrohim aka, siz professional ijodkorsiz, badiiy tanqidda qancha shov-shuvli maqolalar yozganingiz hamon eslanadi. Adib yo shoirligingiz alohida mavzu. Oʻzbek tarjimashunosligida oʻziga xos maktab yaratganingiz ham ayon. Xoʻsh, umrining asosiy qismini tarjimaga bagʻishlagan inson sifatida ayting-chi, bu mashaqqatli, azob va iztiroblarga toʻla mehnat sizga nima berdi?

– Koʻnglimdagi savolni oxiri berdingiz-da. Boshqa tarjimalarni sanab oʻtirmayman, “Iblislar”ga qoʻl urayotganimda, azbaroyi oʻzbek oʻquvchilari shu romanni oʻqisa aqliga aql, ilmiga ilm, tafakkuriga tafakkur qoʻshiladi degan umidda tili, yozilishi juda ogʻir boʻlsa-da, ikki yil mix ustida oʻtirganday chidab, ona tilimizga shu asarni oʻgirganman. Ishonasizmi, besh million soʻm qalam haqi tekkan qoʻlimga. Odamlar Gʻafurov jinni boʻlibdi, oʻqish tugul, hatto tarjima qilib boʻlmaydigan asarni oʻzbekchalashtiribdi-ya, degan. Mayli, ruschasini hammayam tushunmas, axir men oʻz tilimizda sodda qilib oʻqiydigan darajada tayyorlab berdim-ku!

Tarjimonlik baʼzilar oʻylaganidek oson ish emas. Oʻzimdan qiyos, ziyollar qatlami, savobdli oʻquvchilarimiz mutolaa qilsin, deb dunyo adabiyotining eng ulug‘ namunalarini rus tilidan oʻgirdim. Jeyms Joysning “Uliss sarguzashtlari” romani jahonda eng mashhur birinchi kitob sanaladi. Qariyb 900 betlik ana shu jozibador asarni bizning xalqimiz ham oʻqisin, qalbiga singdirsin, qon tomiriga olib kirsin, degan umidda ming azoblar ichra tarjima qildim. Qani endi bu ajoyib romanni oxirigacha oʻqib, tahlil qilayotgan odamni menga topib bering, bormi?

Qolaversa, men bu nodir kitoblar tarjimasiga qoʻl urayotib, vijdonim oldida aytaman, ayrimlarga oʻxshab, moʻmay daromad topish yoki biror narsalarni taʼma qilish haqida oʻylab ham koʻrmaganman. Aksincha, jadid bobolarimiz xalqimizni maʼrifatli qilish, mamlakatni ozod etish va mustaqil yurtning munosib egasi boʻlmoq uchun qanday kurashgan boʻlsalar, men ham bu tarjimalarni roʻyobga chiqarishda xuddi shunday maqsadlarni koʻzlaganman. 

Sizga yana bir haqiqatni aytaymi, davlatimizning eng oliy unvoni – Oʻzbekiston Qahramoni, mening oʻylashimcha, aslida jahon adabiyotining buyuk namunalarini oʻzbek tiliga oʻgirganim uchun berilgan boʻlsa ne ajab? Istaymizmi-yoʻqmi, bu durdona asarlar Oʻzbekiston madaniyati tarixi uchun katta yangilik. Yoki toʻrt tomlik “Aka-uka Karamazovlar”ni oling, toʻrt-besh yillik umrimni sarfladim. Buning uchun ketgan vaqtim, asabimni nima bilan oʻlchash mumkin? Tagʻin deng, boʻlib-boʻlib berilgan oʻn besh million atrofidagi “gonorar” shuncha yillik azobli mehnatimni qoplarmikan? Butun umrimni ana shunday ulug‘ asarlarga bagʻishlaganimni faqat va faqat yolgʻiz Xudoyim biladi. Bunday qora mehnatni, sizga kafolat berib aytaman, doʻstim, boshqa hech kim oʻlgandayam, oʻlmagandayam qilmaydi, qilolmaydiyam! Mana shu gapimni hali eslab yurasiz, Norqobil!

Suhbatimiz nihoyasiga yetmay chala qolganini sezyapsizmi? Bu tabiiy edi, albatta. Chunki oldinda hali yana qancha ochilmagan mavzular – xazinalar turibdi. Ibrohim Gʻafurov kabi donishmand, alloma zotlar har kuni tugʻilavermaydi. Demak, gurungimizning yana davom etadi!

Norqobil JALIL,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist