Bugun shiddat bilan oldinga intilayotgan yangi Oʻzbekiston tubi teran, oʻzanlari mustahkam daryoga oʻxshaydi. Jadal ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans gʻoyasi tomirlarimizda azaldan davom etib kelayotgan irfoniy salohiyat, soʻnmas zakovat, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimizga taalluqlidir. Zero, har qanday Milliy Uygʻonish, avvalo, tagzaminga tayanadi. Demak, ilk Sharq Renessansi davri mutafakkirlarining ilmiy-falsafiy merosini har tomonlama oʻrganish, chuqur tadqiq etish bugungi globallashuv davrida oʻta dolzarb masaladir. Eng muhimi, bu izlanishlar yangi Oʻzbekistonning yangi Renessansi yuzaga chiqishida muhim rol oʻynaydi.

Olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, ilk Uygʻonish davrining yorqin namoyandasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish maqsadida 2022-yil 25-avgust kuni Oʻzbekiston Prezidentining “Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi buyuk ajdodimizga chuqur ehtirom sifatida tarixiy qadam boʻldi.

Ajdodlarimiz qoldirgan yuksak ilmiy-maʼnaviy merosni har tomonlama tadqiq qilish yangi Oʻzbekistonning irfoniy va ruhiy asoslarini mustakamlash, yangi tadqiqiotlar va ilmiy maktablarni yaratish va rivojlantirishning muhim omili boʻlib xizmat qiladi.

Kuchli tafakkur egasining dunyoqarashi, ilmi nafaqat oʻz elini yuksak darajalarga olib chiqadi, kerak boʻlsa, jahon tarixini ham oʻzgartirib yuboradi. Abu Rayhon Beruniy ana shunday beqiyos bilim sohibi sifatida millatimizning ulug‘ siymolaridan. Zero, dunyoviy ilm rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, borliq haqidagi eng sof va eng tiniq haqiqatlarni tilga kiritgan alloma bamisli porlagan quyosh kabi asrlar osha biz tomon nur sochib turibdi. Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi aynan mana shunday nurlardan kuch olib oldinga intilmoqda. Chunki Sharq Renessansi davri mutafakkirlarining ilmiy-falsafiy, ijtimoiy-siyosiy merosini mukammal darajada oʻrganish mamlakatimizda zamonaviy taʼlimni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyot tarixi tahlili koʻrsatadiki, insonning shakllanishida muhit, ijtimoiy-siyosiy sharoitlar muhim rol oʻynaydi. Abu Rayhon Beruniy 973-yil 4-sentabrda Xorazmning qadimgi Kot shahrida tugʻiladi. Kot shahri X asrda afrigʻiy xorazmshohlar sulolasi poytaxti va Oʻrta Osiyoning eng yirik savdo markazlaridan biri edi. Xorazm bilan Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Kavkaz va Sharqiy Yevropa oʻrtasida savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivojlangandi. Musulmon Sharqining mashhur olimi Abdulkarim as-Samʼoniy “Kitob al-ansob” (“Nasablar kitobi”) asarida bunday yozadi: “Beruniy degan nisba Xorazmning tashqari qismiga oiddir. Kimki shahardan tashqarida tugʻilgan boʻlsa, bunday odamni “falonchi beruniy” deydilar. Munajjim Abu Rayhon shunday nisba bilan mashhurdir”.

Beruniyning yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi, qobiliyati kuchli boʻlgan. Tarixchilarning taʼkidlashicha, oʻsha vaqtda Xorazmda fanning turli sohalarida shuhrat qozongan yuzlab olimlar yashagan. Beruniy, shubhasiz, mazkur olimlarda oʻqib, taʼlim olgan boʻlishi kerak. U fanning deyarli hamma sohalari bilan shugʻullangan. Ona tilidan tashqari yana bir qancha – arab, soʻgʻdiy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini mukammal egalladi. Keyinchalik olimning Hindistonda bir muddat hayot kechirishi unga hind madaniyati bilan chuqur tanishish va sanskrit tilini oʻrganib olish imkonini berdi. Qadimgi yunon klassik ilmi bilan tanishdi. Astronomiya, geografiya, botanika, matematika, geologiya, tarix va etnografiya, falsafa va filologiya sohalarini chuqur bilgan yirik olim boʻlib yetishdi. Beruniy shoir va adabiyotshunos ham edi. U zamonasining mashhur olimi Abu Nasr Mansur ibn Iroq qoʻlida taʼlim oladi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya va matematikaga oid bir qancha asar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bagʻishlaydi. U Beruniyni Yevklid geometriyasi va Ptolemeyning astronomik taʼlimoti bilan tanishtiradi. Ustoz bilan shogird oʻrtasidagi doʻstlik uzoq vaqtlargacha davom etadi. Beruniy ustozining nomini hamma vaqt zoʻr hurmat bilan tilga oladi. Umuman, Beruniy ilmiy masalalar, tarixiy voqeliklar va zamondoshlariga nisbatan baho berishda oʻta xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan. Shu sabab hayotda koʻp aziyatlar chekkan, ogʻir turmush kechirgan, ammo nechogʻli mashaqqatli boʻlmasin, oliy maqsad sari intilishda davom etgan, ishonch-eʼtiqodidan aslo chekinmagan.

Abu Rayhon Beruniyning ilm ummoni nechogʻli poyonsiz ekanini uning ulkan qomusiy olim sifatida yaratgan asarlari yaqqol koʻrsatib turibdi. Falsafa ilmi bilimdoni bir vaqtning oʻzida astronom, astrolog, matematik, geolog, geograf, biolog, oʻlkashunos, oʻsimlikshunos, maʼdanshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, jamiyatshunos, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir boʻlgan. Shu bois, akademik I.Krachkovskiy soʻzi bilan aytganda, “Beruniyning shugʻullangan sohasini sanashdan koʻra, shugʻullanmagan sohasini sanash osonroqdir”.

Manbalarga koʻra, olim 150 dan ortiq asarda jamlangan izlanishlardan iborat ilmiy meros qoldirgan. Bugunga qadar uning qoʻlyozma koʻrinishidagi 30 dan ortiq kitobi yetib kelgan, xolos.

Ulug‘ olimning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Saydana”, “Astronomiyaga kirish”, “Masʼud qonuni”, “Geodeziya”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Koʻpaytirish asoslari”, “Ptolemey “Almagest”ining sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va toʻgʻri javoblar”, “Fargʻoniy elementlariga tuzatishlar”, “Oq kiyimlilar va karmatlar haqida maʼlumotlar”, “Al-Muqanna haqidagi maʼlumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” singari asarlari jahon fani va madaniyati yuksalishida ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan. Xususan, mazkur asarlar musulmon Sharq madaniyatining soʻnggi rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Bayhaqiy, Shahrizuriy, Qiftiy, Yoqut Hamaviy kabi mashhur olimlarning arab va fors tillarida yozilgan asarlarida Beruniy haqida muhim maʼlumotlar keltiriladi.

XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Ioann Bar Ebrey (1226–1286) Beruniyga bunday baho beradi: “Oʻsha oʻtgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib oʻtgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy oʻtmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis boʻlib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning sanʼatini oʻrgandi va ularga yunon falsafasini oʻrgatdi. Uning asarlari nihoyatda koʻp, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Oʻz davridan to bugunga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asoslarini chuqur biladigan boshqa bir olim boʻlmagan”.

“Hindiston” asari ustida ishlagan vaqtda Beruniyning ilmiy uslubi – materialga tanqidiy yondashuv yaqqol namoyon boʻlgan. U 45 yoshida sanskrit tilini oʻrgana boshladi, bir necha marta Hindistonda boʻldi. Yevklidning “Elementlar” hamda oʻzining astronomik asarini sanskrit tiliga tarjima qildi. U tarjimasi muvaffaqiyatsiz chiqqan deb hisoblagan “Panchatantra”ni arab tiliga tarjima qilmoqchi boʻladi. Uning Hindiston toʻgʻrisidagi ishi XI asr tarixini oʻrganishda muhim manbaga aylandi.

Beruniyshunos olimlarning dalolat berishicha, alloma “Hindiston” asari ustida ishlayotgan vaqtda sanskrit tilidagi yuzdan ortiq manbadan foydalangan. Bu juda ulkan va mashaqqatli ish edi. Bugungi nuqtai nazaridan olib qaraganda ham “Hindiston”dek asarning yaratilishi olamshumul voqea boʻlgan. Shu bois, “Hindiston” mashhur fundamental tadqiqot sifatida hind aql-zakovati durdonalarini dunyoga targʻib qilishda beqiyos manba boʻlgani shubhasiz haqiqatdir. Zero, hind jamoatchiligining taniqli vakili Hamid Rizo eʼtirof etganidek: “Oʻrta asr va yangi zamon tadqiqotchilaridan birortasi ham hind madaniyatining chigal masalalarini chuqur ilmiy ruhda tushunishda Beruniy erishgan yutuqlarni qoʻlga kirita olmagan. Muallifning “Hindiston” asari shu yoʻnalishdagi tadqiqotlar tarixida klassik namuna boʻlib qolishi bilan birga ijodkorning hind fani va madaniyatiga qilgan katta tortigʻi hamdir”.

XIX asrdan boshlab Yevropa va Osiyo mamlakatlarida Beruniy merosi bilan qiziqish yanada keng tus oldi. Uning asarlari, fransuz, italyan, nemis, ingliz, ispan, rus, fors, hind, urdu, yapon turk tillariga tarjima qilina boshlandi. Yevropalik olimlarning Beruniy asarlariga bagʻishlangan kitoblari, tarjimalari nashr etildi. Dunyoning yetakchi olimlari Beruniy ijodiga juda yuqori baho berdilar. Amerikalik tarixchi olim J.Sarton Beruniyni oʻz davrining jahondagi birinchi donishmandi deb baholaydi va XI asrni “Beruniy asri” deb taʼriflaydi. Bunday yuksak va haqli baho, avvalo, qomusiy tafakkur sohibi boʻlmish vatandoshimizning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi. Atoqli sharqshunos V.Rozen esa uning “ilmiy qarashlari taajjub qolarli darajada kengligi, hozirgi maʼnodagi haqiqiy fanning ruhiga xosligi”ni qayd etadi.

Abu Rayhon Beruniy ilk asari “al-Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” – “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ni Jurjonda muhojirlik vaqtida, yaʼni 1000-yili 27 yoshga kirgan paytida yozib boʻlgan edi. Bu asarni birinchi marta mashhur nemis sharqshunos va beruniyshunos olimi Eduard Zaxau (1845–1930) oʻrgandi. U 1876–1878 yillarda Leypsigda “Osor al-boqiya”ning arabcha nusxasini ilk bor nashr etdi. Olimlarning taʼkidlashicha, Beruniy birgina ushbu asari bilan nomini jahon ilm-u fani tarixiga abadiy muhrladi. Chunki uning qiymatiga teng keladigan salmoqli asar hali yaratilmadi.

Beruniyning davlat va jamiyat haqidagi qarashlari diqqatga sazovor. Olim “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida maʼnaviy qarashlarini bunday ifodalaydi: “Yaxshilik xislatlari: taqvodorlik, toʻgʻrilik, oʻzini saqlash, dindorlik, odillik, insoniy kamtarlik, latofat, sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, muloyimlik, siyosat va boshqarish ishlarida bilimdonlik, tadbirkorlik, toʻgʻri taxmin qila bilish va bulardan boshqa aqlga sigʻmaydigan, kishi bayon etib tugata olmaydigan (yaxshi) sifatlardan iboratdir”.

Demak, inson oʻz umri davomida taqvo bilan toʻgʻri yashashi, oʻzini turli fitnalardan saqlashi, adolatga tayanishi, kamtar-kamsuqum va latofatli boʻlishi, sobitqadamlikdan chekinmasligi, har bir ishda ehtiyotkorlikni qoʻldan bermasligi, saxiylikni kasb etishi, muomalada muloyim boʻlmogʻi, boshqaruv siyosatida esa bilimdon va tadbirli boʻlib, taxminda toʻgʻri boʻlishi shart.

Buyuk faylasufning nazariyasiga koʻra, aynan mana shu xislatlar inson kamoloti darjasini belgilab beradi. Yaʼni jamiyat hayotida sinf va tabaqalar asosida boylik va nasl-nasabning ulugʻligi emas, balki tegishli vazifa-mashgʻulot va hunar yotmogʻi, xalqlar doʻst, inoq, ittifoq boʻlib yashashi lozimligini uqtiradi. Aytish mumkinki, “Yangi Oʻzbekiston” tamoyili zamirida ulug‘ ajdodimiz ilgari surgan insonparvalik gʻoyalari mujassam.

“…Faxrlanish haqiqatda yaxshi xulqlar va oliy feʼllarda oldin ketish, ilm-u hikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud (nopokliklardan) tozalanishdir. Kimda shunday (sifatlar) topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga boʻladi”, deb yozadi olim “al-Osor al-boqiya”da. Ushbu qarashlarni bugungi kun nuqtai nazaridan tahlil etadigan boʻlsak, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz, oʻsib kelayotgan yosh avlod ilm-u hikmatni toʻla egallashi, yaxshi xulq egasi boʻlishi, oliy feʼl – maʼnaviyatimizni yanada yuksaltirishimiz va jamiyatni zararli illatlardan pok tutishimiz shartdir. Ushbu vazifalar nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajagimizni ham belgilaydi, jadal suraʼtlardagi islohot va yangilanish jarayonlariga ijtimoiy maʼno-mazmun bagʻishlaydi.

Dunyo olimlari tomonidan Oydagi kraterlardan biriga Abu Rayhon Beruniy nomi berilishi ham beʼjiz emas. 1986-yilda Quyosh tizimida kashf etilgan va Garvard markazida 9936 raqami bilan roʻyxatga olingan kichik osmon jismlaridan biriga ham Beruniy nomi berilgan. Bu jahoniy ilm-fan markazlarining Beruniy dahosiga koʻrsatgan ehtiromi va eʼtirofidan dalolatdir.

Olimning toʻyi – olamning toʻyi, degan naql bejiz aytilmagan. Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi nafaqat yurtimizda, balki UNESCO shafeʼligida xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda. UNESCO Ijroiya kengashining 211-sessiyasida buyuk olim tavalludi sanasi tashkilot shafeʼligida 2022-2023-yillarda keng nishonlanishi boʻyicha qaror qabul qilindi va, oʻz navbatida, xalqaro yubileylar roʻyxatiga kiritildi.

4–8 sentabr kunlari Parij shahrida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazildi. Allomaning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish maqsadida mamlakatimizda olim hayoti va ijodiga taalluqli kitoblar, ilmiy nashrlar chop etildi. Uning asarlaridan iborat toʻplamlar tayyorlandi. Merosini oʻrganish maqsadida xalqaro miqyosda keng koʻlamli ilmiy izlanishlar olib borilyapti va ularning natijalari eʼlon qilinyapti.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr olim faoliyatining ahamiyatini yuqori baholadi – Beruniyning merosi oʻz miqyosi va koʻp jihatdan aniq fanlar rivojlanishini oldindan koʻra olgani bilan haqiqiy qiziqish va hayratga sabab boʻladi. Uning asarlari tabiatshunoslik sohasidagi keyingi kashfiyotlar uchun kuchli turtki va asos boʻlib xizmat qildi.

Amerikalik tarixchi J.Sarton buyuk olim haqida: “Astronomiya va matematika, astrologiya va jugʻrofiya, antropologiya va etnografiya, arxeologiya va falsafa, botanika va minerologiya uning buyuk nomisiz qashshoqlashib qolgan boʻlardi”, degan edi.

Beruniy bobomizning ilmiy gʻoyalari va konsepsiyalari hozirga kelib ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Olim koʻtargan koʻplab masalalar, ulug‘ bashoratlari va farazlari ilm-fan rivojida muhim boʻlib, qator masalalarga yechim topishda qimmatli hodisa, dunyoni anglashda butun bir davrga teng, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi!

“Bugun biz intilayotgan yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish – bu shunchaki orzu emas. Bu – aniq strategik maqsad va umumxalq harakatiga aylanib borayotgan beqiyos amaliy jarayondir”, deya taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, Sharqda Birinchi Renessans asoschilaridan boʻlgan ulug‘ ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy asarlarida ilgari surilgan ezgu gʻoyalar inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston davlatini barpo etishda, aniq strategik maqsadalimizni belgilab olishimizda muhim oʻrin tutadi.

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari,

Oliy Majlis Senati aʼzosi

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 22-sentabr, 194-son.