Atoqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul jurnalimizning salkam oʻttiz yillik faoliyati mobaynida hamisha unga maslakdosh boʻlgan faol va inobatli mualliflarimizdan edi; talay yil tahrir hayʼatining aʼzosi sifatida ham yaqindan hamkorlik qilib keldi. Olimning navoiyshunoslikka, mumtoz hamda zamonaviy oʻzbek adabiyoti va jahon adabiyoti masalalariga oid koʻpdan-koʻp maqolalari, shuningdek, ijtimoiy-falsafiy mavzudagi dolzarb publitsistikasi jurnal sahifalarini bezaganini marhum safdoshimizning unutilmas xotirasi haqqi, minnatdorlik ila qayd etishni farz deb bilamiz.

Oʻzbek adabiyotshunosligida Ibrohim Haqqulchalik sermahsul va koʻp kitob yaratgan ijodkor sanoqlidir. Sadoqatli izdoshlari olimning ana shu ulkan ilmiy-ijodiy bisotidan asl ibratli fikrlarni saralab, “Ibrohim Haqqul haqiqati” degan nom bilan toʻplam nashr ettirdilar. Biz bu himmatga ofarin aytib, ziyoliman deganga har tomonlama manfaatli ushbu kitobni jamoatchilikka tanishtirarkanmiz, jurnalimizda undan chashna yoritmoqni lozim topdik.

Erkin Aʼzam

Fahm-u farosati oʻtkir ijodkorning birinchi “dushmani” – oʻzi! Boshqalar unga mehr-shafqat koʻrsatib, asarini har qancha koʻkka koʻtarmasin, u baribir oʻziga oʻzi birinchi “gʻanim” boʻlib qolaveradi.

•••

Ulug‘ odam beomon ruhiy zahmat, tushkunlik va nekbinlik mashaqqatlari ichidan yolgʻizlik marrasiga koʻtariladi. Hamma narsa pul bilan oʻlchanadigan, mansab, vijdon va eʼtiqod manfaat-u obroʻga sotiladigan, muomala-munosabat samimiyati yemirilgan jamiyat kishilari davrasida vijdoni uygʻoq ijodkor yanada yolgʻizdir.

•••

Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir kabi sanʼatkorlarga ega adabiyot – buyuk adabiyot. Ularning ijodida oʻlmas va parchalanmas Turkiston ruhi hukmron. Soʻnggi nafasiga qadar “Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi...” deya yurt dardiga darmon axtargan ular.

•••

Istaymizmi-yoʻqmi, haqiqiy yozuvchi shaxsiyati ochiqlikni xush koʻradi. Shuning uchun u har qanday yopiq jamiyat bilan chiqisha olmaydi, hamma jabhada ochiqlik boʻlishini xohlaydi. Bunday ijodkor, hatto ortidan bolta koʻtarib yugursalar ham, oʻz soʻzi va jurʼatiga sodiq qoladi.

•••

Menga qolsa, shoirlarni ikki toifaga ajratgan boʻlardim. Birinchisi – vatan haqida qancha koʻpirib satr tizmasin, siyrati baribir boʻm-boʻsh qofiyabozlar. Ikkinchi toifa esa, vatanini topgan yoki uni anglashga intilayotgan, yuragida vatani yashaydigan shoirlar. Bular, shubhasiz, sheʼriyatni qismat bilgan, qalb va vijdon amri bilangina qalam tebratadigan yuksak isteʼdodlardir.

•••

Haqiqiy shoir ovozi – favqulodda uygʻotuvchan ovoz.

•••

Eʼtiqod va unga sadoqat inson farzandini azal-azaldan kurashga undab kelgan. Eʼtiqodning feʼl-atvori hamma zamonlarda aytarli bir xil. U hech vaqt ehtiyot koʻrpasiga burkanib yashamagan. Doimo uning murosasi – murosasizlik, qudrati – liqildoq haqiqatlarga suyanmaslikdir. Asosiy shiori – qarshilikni qarshilik kuchi bilan yengish.

•••

Dunyodagi eng kechirilmas qabohat – sheʼrini yolgʻonga koʻndirish.

•••

...Oʻzni topish – gʻam-u alamlar salmogʻini aniq his qilish hamdir. Jahonda gʻam koʻp. Kulfat istalgandan ziyoda. Armon soʻngsiz. Ammo ularni bagʻriga sigʻdirishga qodir yurak kam.

•••

Chinakam ozodlik bu – inson siyratining tashqi taʼsirlardan ozod boʻlib, oʻz koʻnglida mutlaq xoʻjayinga aylanmogʻidir.

•••

Bizning tanqidchi, adabiyotshunos va ijodkorlar orasida gʻalati bir qitmirlik mavjud: oʻzi tushunmagan asarlardan yo ayb axtaradi, yoki befarosatlarcha inkor etadi.

•••

Isyon ruhidan mahrum olomonni xohlagancha ezish, istagan yoʻsinda tahqirlash mumkin. U chidayveradi. Chidam – erksizlikning ikkinchi nomi.

•••

Tariximizdagi barhayot siymolarning deyarli barchasi eng ogʻir, eng murakkab shart-sharoitlarda ham aqlni kishanlardan ozod aylash, fikr hurligiga yetishish, vijdon erkinligiga yoʻl ochish uchun kurashgan.

•••

Yaqinda men bir yigitchani oʻzimcha ragʻbatlantirgan boʻlib, “Odam yoshlikda koʻp narsani oʻqishga, bilishga urinmogʻi kerak”, desam, u “Yoʻq, domla, odam faqat naqd foyda chiqadigan narsaga vaqt sarflashi lozim”, dedi. Men bu gapni eshitib jimib qoldim. Demak, kitob oʻqishdan hech foyda yoʻq, kitobsiz ham yaxshi yashash mumkin, deb oʻylaydigan va shunga qatʼiyan ishonadigan avlod shakllanayotir!..

•••

Iniga choʻp suqilsa, ari ham odamga yopishadi, talaydi. Yurt bosib olinsa, vayron etilsa, elning qoni toʻkilsa, hokimiyat zoʻravonlikka, qaramlikka asoslansa, odam farzandi ari qadar qarshilik koʻrsatmasinmi, arichalik ham qahri yoʻqmi uning?!

•••

Vatan avomlik balosidan forig‘ boʻlganda qudratli yurtga aylanadi. Vatanda... hech kim olomondan tayanch axtarmasa – bu oʻlkaning har goʻshasi maʼrifat va maʼnaviyat, tafakkur va haqiqat poytaxtiga aylangusi. Zero, millatning ulug‘ saodati va hurriyati ham shudir.

•••

Hayotda bosh haqiqatlar bor: Vatan, Tarix, Til, Xalq, Erk, Ishq... Bularning har biri qismatni hal etadigan tushunchalar. Shunday tushunchalarga umrini tikkandagina inson kurashchiga aylanadi. Shundagina hayotda nima muhim, nima nomuhim – xatosiz farqlanadi.

•••

“Vatandosh boʻlmasa, vatan boʻlmaydi”, deydi Ibn Arabiy. Demak, har qanday vatanning tarixi, buguni va kelajagi vatandoshlik tuygʻusining qanday shakllangani, nechogʻlik kuch-qudratga ega ekaniga bogʻliq. Haqiqiy vatandoshlikdan mudom maslakdoshlik tugʻiladi. Maslakdoshlik esa oʻzni anglash va oʻziga ishonishga, hech narsadan choʻchimay, qoʻrqmay yashashga ruhlantiradi.

•••

Gʻaddor dunyo eng kurashchan shaxslarni-da charchatadi. Koʻpincha shular ham yaxshi-yu yomon, yolgʻon-u rost, arzirli va arzimas – hamma-hammasiga etak silkigisi keladi. Ammo har qanaqa holatda ular koʻnglida hayot sevgisi, yurt mehri, inson muhabbati chaqnab-charaqlab turadi.

•••

Adabiyot tarixiga bir nazar tashlang, talantsiz qalamkashlarda shijoat va kurashchanlik tuygʻusi boʻlganmi? Boʻlmagan. Shuning uchun oʻzidagi maʼnaviy kuch va imkoniyatga emas, balki boshqalarning shafqat va muruvvatiga suyanib, ich-ichdan yaltoqlanib yashagan. Isteʼdodning tabiati esa boshqa. Uning kuch-quvvati – oʻziga, eng ogʻir vaziyatlarda ham oʻz haqligiga ishonchda.

•••

Adabiyot – diyonatli yurak ishi.

•••

Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bogʻliq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmogʻi lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab soʻz sanʼati malham topadi.

•••

Yozuvchi ham inson: qoʻrqadi, fikr-qarashini oʻzgartiradi, adashadi. Ammo adabiyot qoʻrqoqlikni koʻtarmaydi. U tub mohiyatda adashmaydi, harakatdan toʻxtamaydi, har qanday qarshilik yo toʻsiqni yengib yangilanaveradi.

•••

Adabiyotning ulkan vazifasi bor: u har qanday sharoitda ham, oʻzini himoya etolmaydigan, maʼnaviy huquqlari toptalgan kishilar uchun kurashmogʻi shart. Adabiyotning oʻz ozodlik muhiti, dunyodagi jamiki yolgʻonlarga nafrati... bor.

•••

Agar bir-birini maqtab koʻklarga koʻtarishdan adabiyotga manfaat yetganida edi, hozir oʻzbek adabiyotidan koʻra taraqqiy topgan adabiyot boʻlmasdi.

•••

Isteʼdodsizlarning oldinga chiqishiga loqayd boʻlmaslik kerak.

•••

Yashash uchun fikrlash boshqa-yu, fikrlash uchun yashash boshqa narsa.

•••

Mashhur turk shoiri Mehmed Akif Ersoy “Biz asarlarimizni nomusli oilalarda oʻqilishini koʻzlab yozurmiz. Zotan, ijtihodimizga koʻra, adabsizlik boshlangan nuqtada adabiyot tugaydi”, degan edi. Axloq-odob buhroni adabiyotni tanazzulga mahkum aylashi shubhasiz. Ammo adabiyotni yemiradigan, oʻldiradigan asosiy falokat iymonsizlik va eʼtiqodsizlikdir.

•••

Millat ongi va axloqini illatlardan poklash uchun, eng avvalo, adabiyot tilyogʻlamalik va yolgʻondan tozalanmogʻi kerak.

•••

Adabiyot hech qachon hech bir xalq qornini toʻydirib, ust-boshini but qilmagan, qilolmaydi ham. Adabiyotsiz yashash mumkin, badiiy kitob oʻqimasa ham kun oʻtaveradi. Ammo bu – kun emas, zulmat boʻladi! Ruh va koʻngil zulmati, aql va tafakkur qorongʻiligi! Boshqa nomlari ham bor uning: gʻaflat, jaholat, avomlik! Did, saviya va idrokni adabiyot tarbiyalamasa, nima tarbiyalaydi?!

•••

Axir, har qanday millat buyuk adabiyot sohibi boʻlgandagina kurashchan, jasur, maʼnaviyat va tafakkuri yuksalgan millat mavqeini egallaydi. Chunki millatning butun madaniy va ruhoniy yutuqlari, yaratuvchanlik salohiyati uning adabiyotida mujassamlanib, boqiylik kasb etadi.

•••

Adabiyotsiz yashashni koʻzlash – millat qismati, maʼrifat, maʼnaviyat, ruhoniyat borasidagi fikrlarning bari omonat va keraksiz deganidir... Holbuki, adabiyotga ishonch oʻta mustahkam diniy-ilohiy ishonch qadar bezavoldir.

•••

Adabiyot qachon ruhiy qashshoqlik, soxta chechanlik ofat-u balolaridan oʻzini qutqazadi? Qachonki, haqiqatni haqiqat, yolgʻonni yolgʻon suvratida, qaygʻuni qaygʻu, shodlikni shodlik rangida koʻrsata olsa; qachonki, nurni, yorugʻlikni sharaflab, zulmat-u qorongʻilikdan koʻz yummasa, baxtni baxtsizlikdan ajratib, xursandlikni musibatga tobe koʻrmasa!

•••

Adabiyotning hozirgi ahvoli... Kim nimani xohlasa, shuni yozayotir. Kim eplasa, oʻsha kitob chiqarayotir. Yaroqlisi qaysi, qay birlari yaroqsiz – bu xususda bosh qotiruvchi ham, gapiruvchi ham topilmaydi. Bu holat yana maʼlum muddat davom topsa, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik nomini eslatishga ham hojat qolmas.

•••

Haqiqiy adabiyot – madaniy-maʼnaviy tamali baquvvat saltanatning oʻziga xos muhtasham koʻzgusi boʻlgani singari, erk, adolat, insonparvarlikka tayangan saltanat ham qon-u jonida haqiqat hissiyoti joʻsh urgan adabiyotning odil gʻamxoʻri hisoblanadi. Ilm-fan, madaniyat, sanʼat, ayniqsa, adabiyotning jamiyatdagi umumiy ahvoliga qarab, har qanday davlat yoxud hokimiyatning ichki dunyosi, ijtimoiy-siyosiy boshqaruvdan koʻzlangan tub maqsadini bemalol anglasa boʻladi.

•••

...Sharqning buyuk farzandlari iymon va eʼtiqoddan chekinishdan koʻra oʻlim tomon dadil bormoqni afzal va ustun koʻrgan.

•••

Tarixga nazar tashlash – yurakka igna sanchishday bir gap, deyishadi. Agar koʻzni kattaroq ochib, xalqimiz oʻtmishiga qaralsa, yurakka nayza sanchiladi. Chunki gʻam, alam, kulfat va tengsizlik shu qadar koʻp!..

•••

Insonning fikrlashiga qarshi ishlaydigan eng ayovsiz va dahshatli “qurilma” bu – byurokratiya. U hur fikr va demokratiyaning jallodi erur.

•••

Oʻzbek ziyolilariga xos bir xususiyat bor: haq soʻz uchun jazo berilmasligiga aniq ishonch hosil qilmaguncha, aksari haqiqatdan soʻz ochmaydi.

•••

Qoʻrquvning zanjirlari koʻp. Haqsizlik va zulmdan qoʻrquv, amal va amaldordan qoʻrquv, jallod va josusdan qoʻrquv, hokimiyat va oʻlimdan qoʻrquv – shunga oʻxshash yuzlab qoʻrquv kishanlaridan ozod boʻlmagan xalqning qismati ayanchlidir. Bunday xalqqa “Qoʻrqmang!” deyish qoʻrquvga undash bilan barobar.

•••

Fikrda, ishda, yashashda hurlikka erishmoq – komillikning tamali ana shu. Balandparvozroq eshitilsa ham aytish kerakki, erkinlik yoʻli – maʼno va maʼnaviyat, haqiqat va ruhoniyat yoʻli.

•••

Oʻlimni bilmoq – undan qoʻrqish yoki dunyo zavqi, hayot goʻzalliklaridan koʻz yumib, qabrga yuz burmoq degani emas. Aksincha, tiriklik va goʻzallikni sevish, vaqtni gʻanimat bilib, ezgu ishni kechiktirmay bajarish, foniy umrni yuksak haqiqatlarga bagʻishlashdir. Oʻlimni Haq hadyasi sifatida qabul qilishga tayyorlanmagan kishi Maʼrifat sirlarini oʻzlashtirmoqqa ham ragʻbat etmaydi.

•••

Inson umri – ruhoniy olamdan borliq olamiga, undan yana oxirat dunyosiga muborak bir safardir. Shu sababdan ham uning hayoti va taqdir yoʻli bir hijrat, bir safar, bir xotira mazmuniga ega...

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Haqqul haqiqatlari” maqolasi