Keyingi vaqtlarda oʻzbek tilining mavqeyi haqida bildirilayotgan koʻplab fikr-mulohazalarni oʻqishimizga toʻgʻri kelayapti. Xullas, soha mutaxassislari ham, oddiy odamlar ham, talabalar ham uning jamiyatimizda egallagan oʻrnidan rozi emas. Muammo shundaki, tilning jamiyatdagi mavqeyini har qancha qaror-u farmonlar bilan ham, janjal-u majlislar bilan ham mustahkamlab boʻlmaydi. Faqatgina jamiyatda kitobxonlikni muttasil rivojlantirish, targʻib etish lozim.
Munavvar qori tayyorlagan boshlangʻich sinf darsligida 50 ga yaqin sodda, lekin ibratli hikoya va sheʼrlarni, Elbekning “Oʻrnak” darsligida yuzdan ortiq maqol va matallarga boy ibratli hikoyalarni sanadim. Ular oʻquvchilarning ongiga milliy qadriyatlar va oʻzlikni singdirgan. Bolalarimizda badiiy tafakkurni oʻstirish uchun bayon va insholarni qaytarish kerak...
Muomalaga yangi soʻz kirib kelayaptimi, jamiyat ongiga muhrlanib ulgurmasidan ziyolilarimiz bu chetsoʻzning oʻzimizga qulayroq boʻlgan shaklini hozirjavoblik bilan taklif etishi kerak. Bu, avvalo, lugʻatlar orqali, qolaversa turli ommaviy axborot vositalari orqali amaliyotga tatbiq qilinishi muhim. Aks holda muammo chigallashgandan chigallashaveradi.
Shu oʻrinda yana jadid bobolarimizning tajribasi bizga qoʻl keladi. Ular oʻtgan asrning boshlarida jamiyatda yangi munosabatlarning qaror topishi jarayonida minglab chetdan kirib kelayotgan yangi soʻz va birikmalarga qarshi oʻzlarining ehtiyot choralarini qoʻllaganlar. Jumladan, 20–30-yillarda kimyo, meditsina, texnika, sanʼat, siyosat, iqtisod, harbiy sohalarga tegishli qator lugʻatchalar yaratib, zudlik bilan ommaviy nashrlar va darsliklarga joriy etganlar.
Taniqli davlat arbobi Nazir Toʻraqulovning 1922-yilda chop etilgan “Rus-oʻzbek tilining siyosiy va iqtisodiy lugʻatchasi” hamda Gʻozi Olim (Yunus)ning 1926-yilda nashr qilingan “Ruscha-oʻzbekcha qisqa huquqiy va siyosiy lugʻat”larini varaqlab koʻrdim. Ular oʻz vaqtida tashabbus koʻrsatib, oʻzbek tilining umrini bir asrga uzaytirib ketdilar, desak aslo xato boʻlmaydi. Garchi, oʻzlari mustabid tuzum qatagʻoni ortida mahv etilgan boʻlsalar-da, shundan soʻng ularning (Fitrat, Elbek, Sattor Jabbor, Nazir Toʻraqul, Gʻozi Olim, Gʻozi Yunus – ularning soni jami 20 ga yaqin) nomlari biror joyda qayd etilmasa-da, taklif etgan soʻzlarining aksarini biz hamon istifoda etib kelmoqdamiz.

Nazir Toʻraqulov lugʻatning asosiy xususiyati, unda har bir soʻzning oʻzbekcha muxolifi bilan bir vaqtda qoʻllaniladigan koʻplab soʻz birikmalarini ham misollar orqali maʼnosini anglatishga tirishadi. Asosan, oʻquvchining siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga harakat qiladi.
Gʻozi Olim (Yunus)ning oʻzi aytsin: “Ruscha-oʻzbekcha qisqa “Huquqiy va siyosiy lugʻat”ni tuzishdan maqsadi huquqiy adabiyotdagi, xususan tarjimadagi, atamalargʻa qatʼiy va muayyan bir shakl berish va shul yoʻl bilan isteloh quramaligʻi – ixtilofini bir daraja boʻlsa-da kamaytirmakdir. Demak, bu lugʻatcha huquqiy atamalarning loyihasi sanalsa boʻladir. Bu birinchi tajriba bilan maydongʻa otilgʻonda biz istilohlarni mumkin darajada oʻzbeklashtirishka tirishdik. Shuning bilan barobar oʻzbekcha soʻzlarning kelishi goʻzal boʻlgʻonlarinigina ola bermadik, balki, bu soʻzlarning xalq adabiyotida yoki eski adabiyotimizda ishlatilganlarini izlab topdiq. Biz oʻz boshimizdan soʻz oʻylab chiqorishdan tarixiy soʻzlarni topib ularni yana turmushqa chiqorishni ortiqroq koʻrdik. Ruscha soʻzlarning huquqiy maʼnosini aniqlash uchun huquqshunoslarning yordamidan foydalandik.

Bu asarni tuzganda men ushbu asarlardan foydalandim: Budogʻilufning ikki jildlik “Turkiy lugʻati”dan, aqademik Radlofning “Turk lahjalarining qiyosiy lugʻati”dan, “Tuzuki Temur”dan, “Halilul lugʻati Navoiy”dan, ruscha buyuk qomusdan va yana bir necha ruscha lugʻatlardan foydalanishga toʻgʻri keldi.
Biz yuqorida bu birinchi tajriba deb edik, har tajriba ishida kamchiliklar boʻlishi mumkindir. Shuning uchun oʻz amalidan asarimizga diqqat bilan qarab bizdan oʻtgan kamchiliklarni koʻrsatishlarini soʻraymiz.
Natijada bu asarni tuzishda oʻzlarining huquqiy maʼlumotlari bilan menga yordam etgan huquqshunos Toshpoʻlot Norboʻtabekof oʻrtoqgʻa va O.O.Dobrosmichluf oʻrtoqgʻa samimiy tashakkurimni bildiraman”.
Shu oʻrinda Nazir Toʻraqulovning “Rus-oʻzbek tilining siyosiy va iqtisodiy lugʻatchasi”dan namunalar keltirsam:
Avtonomiya – muxtoriyat;
Agitatsiya – tashviqot, targʻibot;
Agressiviy – tajovvuz;
Agrikultura – ziroat, ekinchilik;
Allegoriya – timsol, kinoya;
Amnistiya – afv umumiy;
Deputat – vakil;
Dialog – muhokama;
Diktator – hokimi mutlaq;
Disput – mubohasa;
Dogma – aqida;
Initsiativa – tashabbus;
Insident – voqea;
Irratsionalniy – gʻayri aqliy;
Kandidat – noib;
Legion – qoʻshin;
Nigilist – shakkok, munkar, inkor qiluvchi;
Novator – yangilik tarafdori;
Oppozitsiya – muxolif;
Petitsiya – ariza;
Prezidium – rayosat;
Pressa – matbuot;
Problema – jumboq;
Rasa – urug‘;
Sotsialist – ijtimoiy;
Fabrika – korxona;
Federatsiya – ittihod;
Sex – kasaba.
Gʻozi Olimning “Ruscha-oʻzbekcha qisqa huquqiy va siyosiy lugʻat”idan namunalar:
Aksiya – ulush hujjati;
Aliment – nafaqa;
Arbitraj – bitimchilik;
Arenda – ijara;
Arestant – bandi, mahbus;
Bank – xazina;
Bilet – patta;
Birja – savdo oʻrni;
Makler – dallol;
Verxsud – ulug‘ yorgʻu, oliy sud;
Veshniy iks – moddiy talab;
Vzyatka – pora, rishvat;
Voenniy tribunal – harbiy yorgʻu;
Volost – kent;
Votum – koʻpchilik qarori;
Visilka – surgun;
Garantiya – kafillik;
Gerb – tugʻro, tamgʻa;
Grajdan – biylik;
Grajdanskoe pravo – biylik huquqi;
Davnost – daʼvo muddati;
Dobrovolniy – koʻngilli;
Doverennost – inonch, vakolatnoma;
Znak – belgi, nishon;
Inventar – asbob-uskana;
Istes – talabgor;
Kodeks – tuzuk;
Konfiskatsiya – musodara;
Opekun – vasiy;
Plan – reja;
Plata – toʻlov;
Pochta – chopar;
Rasxod – chiqim;
Respublika – jumhuriyat;
Sabataj – oʻchakishmak;
Sledovatel – tergovchi;
Texnichesie pravila – amaliy nizomlar
Ekipaj – araba;
Ekspertiza – sinash;
Yuriskonsult – kengashchi huquqshunos.
Demoqchimanki, biz yangi zamonda yashayapmiz. Bugun iqtisodiyot, kompyuter texnologiyasi, turli yangi-yangi sohalar, ilm-fan va sanʼatlar bilan bogʻliq ulkan chetsoʻzlar boʻhroni kirib kelmoqda. Hozir mayda-chuyda gaplar bilan ovvora boʻlsak qisqa vaqtdan soʻng avlodlarimiz bugungi adabiyotimizni ham tushunmay qolishadi. Oʻylaymanki, bu bitta bizning muammomiz emas. Bugun birlashish vaqti kelgan. Turkiy tilli davlatlarning barcha tilshunos ziyolilarini bir kengashga toʻplagan holda yirik-yirik lugʻatlar tuzib yoshlarimizga taklif etsak, kelajakdagi katta muammolarning oldini olgan boʻlar edik (chunki asosiy manbamiz ham bir: turkiy til, uning sheva va lahjalaridir).
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori