Avval boshidan ayta qo‘yay, “Sen kimsan-u, Mirzo Ulugʻbek kim, undan nuqson qidirgani?”, deb yurmang. Mirzo Ulugʻbekni hech biringizdan oz hurmat qilmayman, bu ulug‘ ajdodimiz nomi bilan koʻnglim tuyadigan faxr oʻzini uning vorislari sanaydiganlar iftixoridan kam emas. Lekin gurung qadimiy tilimiz obroʻsi, soʻzlarimizning tub maʼnosi toʻgʻrisida borar ekan, shoir Xorazmiy aytganidek, “Bu yoʻlda sabr yoʻq, gar pesha qilsam”. Qolaversa, asosiy masala tilimizda yaratilgan soʻz-atamalarning asl mazmunini tiklash orqali chinlikka erishish, ulug‘ bobomiz yozganlaridan “oʻtiruk” izlash esa yuzinchi masala ham, umuman, maqsad ham emas.

Tilning obroʻsi oʻsha til tashuvchilarning har birining obroʻsidan yuqori ekaniga hech kim gumon etmasa kerak. Bu chiqishim bilan men haqman, Mirzo bobomiz yanglishgan, deb uzil-kesil xulosa qilishga daʼvom ham yoʻq: mashhur manbadan kerakli koʻchirma keltiraman va bu boradagi oʻylarimni aytaman, sizlar esa bularni ong-fahm morlisidan (prototurkiy soʻz; ipakning yupqa xilini morli deganlar, qadimda morlidan juvoz moyini suzib, tinitishda foydalanishgan) oʻtkazib, aql tarozingizda tortib, xolis yakunga kelasizlar. Arastu ayganiday, “Aflotun – doʻstim, lekin haqiqat ustun”.

Demak, soʻzimiz oʻroli Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” (Tarixi arba’ ulus) kitobi, aniqrogʻi, oʻsha asarda keltirilgan turkiy jirning bir satri va muallifning bu misra maʼnosini qanday talqin qilgani haqida. Bu oʻrinda ikki fikrimni qistirma qilib oʻtishim kerak.

Joʻjining oʻlimi haqidagi jir bir necha turkiy xalq-elatlar orasida ozgina oʻzgarishlar bilan hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan. “Toʻrt ulus tarixi”da bu mashhur jirning birlamchi kabi (turkiy kab – shakl, forma)ga yaqin boʻlgan XV asrdagi ulgusi bitilgan. Mirzo Ulugʻbekning asari turkiy xalqlar, turkiy tillar tarixi uchun, jumladan, Chingizxon toʻgʻrisidagi jirning dastlabki yozma matni keltirilgan manba sifatida ham osha qimmatlidir.

Aytmoq bo‘lgan keyingi qistirma fikrim ham ushbu jir bilan bogʻliq. Ayrim tadqiqodchilar orasida Ulugʻbek bu kitobni oʻzi yozmagan, bir necha olimlarning jamoaviy mehnati mahsulidir, degan koʻzqarash bor. Mening sal keyin bildiradigan oʻy-fikrlarim esa asarni Ulugʻbekning shaxsan oʻzi bitgan degan xulosaga yetaklaydi. Faqat ushbu maqolani oʻqib tugatgandan soʻng “Buyurtma berib jamoaviy asar yozdiradigan Mirzo Ulugʻbekdek podshohga kerak oʻrnida turkiy tilni (qipchoq lahjasini) teranroq anglaydigan bir yozar topish qiyin ekanmi?” degan savol qoʻyish yodingizdan chiqmasin.

“Toʻrt ulus tarixi” (Toshkent: “Choʻlpon” nashriyoti, 1994) kitobi 220-221-betlaridan turkiy jirning qoʻsh misrasini va Ulugʻbekning talqini tarjimasini keltiraman. Diqqat qiling:

Qulon olgʻon quvlondi, qulunimdan ayrildim,

Ayrilishqon anqudi er ulumdan ayrildim!

Yaʼni: “Ov qilish uchun ov maydonida quvlanayotgan qulonga oʻxshayman, qulon oʻzi qochadi, ammo bolasi qoladi, men ham xuddi qulon kabi bolamdan judo boʻldim! Men bir soddadil odamga oʻxshayman, soddadil kishi doʻst deb fahmlab, dushman oʻrtasida qolib, hamrohlaridan ayriladi, men esa mardona farzandimdan judo boʻldim!”.

Jirning birinchi satridagi “qulunimdan ayrildim” iborasining “...bolamdan judo boʻldim” tarzida talqin qilinganini payqash uchun ortiqcha zoʻriqishga hojat yoʻq, faqat “qulon kabi” sifatlamasining tegishlilik oʻrnini oʻylab koʻrish ehtiyoji bor siyoqli. Xolis boʻling, ayting: jirdagi “Qulon olgʻon quvlondi” iborasini “Ov qilish uchun ov maydonida quvlanayotgan qulonga oʻxshayman, qulon oʻzi qochadi, ammo bolasi qoladi, men ham xuddi (qulon kabi)...” qabilida izohlash mumkinmi sira? Nima boʻlgan oʻzi, nima majburlagan buyuk bobomizni uch ogʻiz turkiy soʻzning bunchalik erkin, bunchalik koʻlamli talqinini keltirishga?! Menimcha, bu holga jir matnidagi “quvlondi” soʻzining “quvalandi”, “quvildi” maʼnosida idrok etilishi sabab boʻlgan. Endi bu jumlani “qulon olgʻon quvlon edi” tarzida oʻqib koʻring. “Olgʻon” ifodasining ovchilar tilida “otib olmoq”, “ushlamoq”, “tutmoq” singari maʼnolari borligini yodga keltiring. Bu bilan “quvlondi” soʻzini “chopqir edi”, “chaqqon edi”, “tezkor edi”, “qulonlarni quvlab ovlaydigan shiddati bor edi” mazmunida qabul qilishingiz oson kechadi. “Quvlon” soʻzini yuqoridagi maʼnolarda hozirgi tilimizga ham kiritishimizga (tiklashimizga) hech narsa halaqit bermaydi.

Keyingi satrdagi “Ayrilishgʻon anqudi” iborasining “Men bir soddadil odamga oʻxshayman, soddadil kishi doʻst deb fahmlab, dushman oʻrtasida qolib, hamrohlaridan ayriladi...” deya talqin etilishiga, fikrimcha, “anqudi” soʻzini anqov edi (talqindagi soddadil kishi) deb idrok qilish sabab boʻlgan. Anqu asli ongqu, ya’ni ong(ov)ga solinadigan yirqich qushlarning jamlama oti. Bu turdagi qushlar tuxum ochgan inidan erta ayriladi, toʻdalanmasdan yolgʻiz yashashga, oʻz kunini oʻzi koʻrishga koʻnikkan boʻladi. Jirda Joʻjining toʻngʻich oʻgʻil ekaniga ishora qilinmoqda. Ongqu degan qadimiy soʻzimizni ham bemalol hozirgi tilimizga koʻchirib olish mumkin.

Endi ushbu turkiy jirning toʻliq matni bilan tanish boʻlmaganlarga bir-ikki ogʻiz qoʻshimcha soʻzim. Qoʻshiq oʻrtasida Chingizxon Joʻjining oʻlganini nihoyat anglab yetadi va turkiy odat boʻyicha yoʻqlov ayta boshlaydi. Yoʻqlovning xususiyati shuki, asosiy eʼtibor marhumni ulugʻlashga, uning xislat va iqtidorini oshirib maqtashga qaratiladi, azadorning qiynalayotgani, ruhiy kechinmalari ikkinchi darajali. Chingizxon aytgan marsiya ham kamina talqinida Joʻjining bu hayotda sayd emas, sayyod boʻlib yashaganini taʼkidlashga qaratilgan, Chingizxonning iztiroblarini koʻrsatishga emas. Shunga diqqat agʻdarishingizni tilar edim.

Jirning boshqa joylarida ham biroz izohtalab va imloviy tahrirtalab oʻrinlar bor. Agar qachondir tadqiqodchilarimiz bu ajoyib tarix va til yodgorligimizning toʻliq matnini Mirzo Ulugʻbekning kitobi ulgusi asosida alohida nashr qilmoq niyatiga kelsalar, shu tomonlarini ham eʼtiborga olishlarini soʻrayman. Sababi, ulugʻlarimiz soʻzlagan til hammamizdan ulug‘!

Orolli OʻZBEK