50 yildan ziyod ijodi davomida 600 ga yaqin qoʻshiq yaratgan Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “Fidokorona xizmatlari uchun” hamda “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi, oʻzbek sanʼati afsonasi, tengsiz bastakor, oʻz nomidagi ijod maktabi asoschisi Sherali Joʻrayev 4-sentabr kuni 77 yoshida bu olamni tark etdi. Bu mudhish xabar butun xalqimizni chuqur qaygʻuga soldi. Ijtimoiy tarmoqlar hamdardlik va taʼziya izhorlari yomgʻiri ostida qoldi. Xotirlovchilar roʻyxatida davlat rahbaridan tortib minglab oddiy muxlislar nomini ham uchratish mumkin. Oyina.uz bir hovuch yomgʻirdan sizga ham ulashadi.
.jpg)
Sherali Joʻrayevsiz qolayotgan oʻzbek qoʻshiqchiligi…
Hamdardlik izhorlarida, avvalo, hofizning ijodi va oʻzbek sanʼatida tutgan oʻrni hususida atroflicha fikrlar bor. Prezident Matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilingan hamdardlik nomasida “Sherali Joʻrayev oʻzining noyob isteʼdodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qoʻshiqlar yaratib, xalqimiz oʻrtasida munosib obro‘-eʼtibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning koʻplab sheʼriy namunalarini kuyga solib, oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qoʻshdi”, deyiladi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼatiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan qoʻshiqlari har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borganini va qalblarni zabt etganini eʼtirof etadi. Umuman olganda, marhumning ijodiy merosini madh etish borasida fikrlar umumiyligi mavjud.
Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning fikriga koʻra, bir “choʻponning bolasi” xalqqa shuncha narsa berdi… U qoʻshiqchiligimizda inqilob qildi… Shoir Faxriyor esa Sherali Joʻrayev shaxsini “kimligini koʻrsata olgan va millat hofizi qanaqa boʻlishiga oid “planka”ni osmon qadar yuksaklarga koʻtarib ketgan inson”, deya taʼriflaydi. Yozuvchi Furqat Alimardon buyuk sanʼatkorni oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining chinakam qoyasi deya eʼtirof etadi. U buyuklar vafoti bilan bogʻliq hissiyotlarini ham ifodalashga urinadi: “Biror ulugʻimiz vafot etganda yuragim huvillab qolgandek tuyulaveradi. Oʻsha ulugʻlar mansub sohalarni gʻarib qolgandek his etaman. Abdulla Oripovsiz qolgan oʻzbek sheʼriyati, Bahodir Yoʻldoshevsiz qolgan oʻzbek rejissurasi, mana endi Sherali Joʻrayevsiz qolayotgan oʻzbek qoʻshiqchiligi…”
Fikrlarda umumiylik boʻlsa-da, mualliflar rang-barangligini eʼtirof etmay ilojimiz yoʻq. Taniqli iqtisodchi, bloger Behzod Hoshimov hofizni mustaqilligimiz va davlatchiligimizning muhim ustunlaridan biri deya baholaydi. Oʻz fikrini izohlagan muallifning aytishicha, uning mamlakat uchun qilgan “siyosiy hissasi” Oliy Sovetdagi faoliyatida emas, sanʼati orqali boʻlgan. Chunki Joʻrayev oʻzbekistonliklar tugʻilganidan beri ularning hayotida mavjud bir figura sifatida gavdalanadi va oʻz sanʼati orqali “millat otalaridan biri”ga aylanishga ulgurgan. “Biz Oʻzbeklar uchun Sherali Joʻrayevning sanʼati mamlakatimizning ajralmas ramzlari, bayroq, gerb, madhiya va osh-palov ustida yigʻilishdek, tabiiy va ajralmas boʻlib qolgan”, degan mazmundagi eʼtirofi bilan fikrini toʻldiradi.
Yana bir bloger Shahnoza Soatova Sherali Joʻrayevni shoirlik xususiyatiga eʼtibor qaratadi. Shuningdek, marhum sanʼatkorni “soʻz bilan, kuy bilan tasvir yarata oladigan, uni koʻz oldingizda xuddi suv yuzida qalqqan aksdek chizib bera oladigan noyob daho edi. Shunchaki hofiz emasdi. Undan kattaroq, miqyosliroq shaxs edi”, deya taʼriflaydi.
Aksariyat xotirlovchilar ijodkorning mumtoz sheʼriyatga munosabati, Navoiyni sevishi va qadrlashi xususida ham fikrlar bildirishgan. Xususan, jurnalist Husan Karvonli “Navoiy, Bobur, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon... Deyarli hamma buyuk shoirlar she’rlarini qoʻshiq qilgan boshqa hofiz bormi? Menimcha, yoʻq. Sherali Joʻrayev buyukligining bir sababi shul”, deydi hamdardlik izhorida.
Umuman olganda, Sherali Joʻrayev har bir oʻzbekning yuragida. Behzod Hoshimovga oʻxshagan insonlar uni “4-sinfda tanigan”, bloger Muhrim Aʼzamxoʻjayevga oʻxshagan insonlar esa yosh oʻtgani sayin uning “qanday zoʻr sanʼatkor boʻlganini, qanday oʻlmas qoʻshiqlar aytganini” anglab yetaveradi.
1.jpg)
Oʻjarroq odam…
Izhorlarga birma-bir koʻz tashlasangiz, mazmun tarozisida ijodkorning sanʼati asosiy oʻrinni egallaganiga guvoh boʻlasiz. Ayni paytda Sherali Joʻrayevning shaxsiyati borasida rang-barang fikrlar mavjud. Kimdir uning haqiqatgoʻyligi haqida gapirsa, kimdir kuchli masʼuliyatini eʼtirof etgan.
Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning fikriga koʻra, Joʻrayev oʻjarroq odam boʻlgan va aynan mana shu xususiyati sabab koʻp jabr-u jafolar chekkan. Xonanda oʻzaro shaxsiy munosabatlari haqida ham ikki ogʻiz aytgan: “Buyuk sanʼati borligi uchun “ustoz” deb bildik, lekin ijod borasida men ularga sapchib qolardim… Ular menikini koʻtarardilar…”
Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim ijodkorning cheksiz qobiliyati va oʻta izlanuvchan boʻlganini eʼtirof etgan boʻlsa, jurnalist Abror Zohidov oʻzidan oldingi barcha xonandalarning hurmatini joyiga qoʻyib, “ustoz” deb ataganiga urgʻu beradi.
Internet foydalanuvchilaridan birining fikri ham oʻzini oqlaydi. Sherali Joʻrayev oʻz muammolari va hissiyotlarini ommaga olib chiqmagan, dardini dasturxon qilmagan, oʻziga nisbatan boʻlgan nohaqliklarga ham tayinli munosabat bildirmagan – favqulodda sanʼat va shaxsiy hayotini bir-biriga aralashtirmagan, vazmin odam edi.
Telejurnalist Shoira Shagiahmedovaning xotiralashiga koʻra, hofiz oʻzi bilan birga hamkorlik qilgan sanʼatkorlar haqidagi koʻrsatuvlarda faol ishtirok etgan. Yaxshiligi tekkan insonlarni sira unutmagan va kimlarningdir nazdiga koʻra “kibrli boʻlmagan”.
Facebook foydalanuvchisi Elyor Alimovning ijodkor bilan bogʻliq xotirasi ham eʼtibor tortadi. Uning aytishicha, Sherali Joʻrayev oʻrtamiyona, oylik daromaddan kun koʻradigan oilaning toʻyida xizmatda boʻlgan va uy egalarining kasb-korini bilgach, kelishuvdagi summaning yarmini qaytarib bergan.
Yurtdoshlarimizning aksariyati buyuk sanʼatkor tabiatiga “gʻururli va asosiysi, “paxta qoʻymaydigan” deya taʼrif beradi.

“Xudbinlik” qurboni…
Aksariyat xotirlovchilar Sherali Joʻrayevning taqiqda oʻtgan davri xususida ham fikrlar bildirishgan. Oʻylaymizki, bu qoldirilgan izohlardagi uchinchi mazmun. Maʼlumot uchun, 2002–2016 yillarda Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlari namoyishi oʻzbek telekanallarida batamom toʻxtatilgan.
“Agar eʼtibor bersangiz, u eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi, u uchun “Xalqlar doʻstligi”, “Turkiston” yoki boshqa sanʼat saroylarining eshiklari doim yopiq edi… Karimovning xarakteri juda ogʻir edi. U kimnidir yomon koʻrib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlarini yaxshi koʻrgan. Shunday boʻlsa-da, uni toʻliq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan”, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Shoir Faxriyorning xotiralariga koʻra, ijodkorni taqiqdan chiqarishga bir necha bor urinishlar boʻlgan: “Ustoz Murod Muhammad Doʻst – Islom Karimovdan Sher aka taqiqda boʻlgan paytlari, hech boʻlmasa, ashulalari radioda ketsin deb ruxsat olib berishga jazm qila olgan inson. Bu bizga bayram boʻlgan va Respublika radiosida hofizning qoʻshiqlarini efirga qoʻyishdan rosa xursand boʻlgan edik. Sher akaning qoʻshiqlarini efirga qoʻyib turishni Oʻzbekistonning hozirgi rahbari ham Jizzax viloyati hokimi boʻlib yurgan kezlari iltimos qilgan”.
Sherali Joʻrayev hayotlik davrida jurnalist Rustam Jabborovga intervyu beradi va buni qarangki, uning soʻzlarida Islom Karimovga nisbatan adovatni sezmaysiz. Sanʼatkor birinchi prezident bilan birga Makkada muborak Kaʼbatullohning ichiga kirganini eslaydi. U kishining juda koʻp fazilatlariga guvoh boʻlganini aytib, haqiga duo qiladi.
Talqin turlicha, yurtdoshlarimiz orasida kimdir bu holatni “xudbinlik” deb taʼriflaydi, kimdir “sanʼatkorlarga qattiqqoʻl boʻlish kerak” degan fikrni oʻrtaga tashlaydi.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja esa buyuk ijodkorlarning taqiqqa uchrashini tanqid qilgan holda aytadiki, dunyoda uvol degan tushuncha bor. Suv uvoli, non uvoli. Eng kattasi Inson hayotining uvol boʻlishi. Buning savol-javobi ogʻir boʻlarkan. Saboq qilishimiz darkor, bunday holatlar boshqa takrorlanmasin…

Xulosa har kimning oʻzida. Oʻzbek millati uchun muhim tarixiy shaxs bu dunyoni tark etdi va shu sababdan muhokamalar, xotiralar va hamdardlik izhorlari hanuz davom etmoqda. Koʻp sonli yurtdoshlarimiz fikri bilan aytganda, Sherali Joʻrayev oʻzining yuzlab nodir qoʻshiqlari bilan qalbimizda, xonadonlarimizda, oʻzbek sanʼatida yashashda davom etadi.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz