1. Manyovr – fransuzcha manœuvre soʻzidan olingan. Harbiy yoki texnik harakatni oʻzgartirish, burish maʼnosini anglatadi. Keng maʼnoda biror vaziyatdan chiqish uchun qilingan ayyorona yoki psixologik usul tushuniladi.
2. Limit – lotincha limes – chek, chegara demak. Biror narsa yoki jarayon uchun belgilangan eng yuqori yo eng past meʼyor, miqdor, cheklovni bildiradi.
3. Kofe-breyk – inglizcha coffee break – qahvali tanaffus degani. Yigʻilish, seminar yo konferensiyadagi qisqa dam olish va yengil mehmonnavozlik vaqti.
4. Rezyume – fransuzcha résumé – qisqa xulosa demak. Shaxsning taʼlimi, ish tajribasi va koʻnikmalari haqidagi muxtasar maʼlumotlar jamlanmasi tushuniladi.
5. Shou – ildizi inglizchadagi show – koʻrish, qarash soʻzlariga tutashsa-da, keyinchalik mazmuni kengayib, koʻrsatuv, namoyish maʼnolarini anglata boshlagan. Bugungi kunda koʻngilochar sahnaviy yoki televizion dasturlarning uslubiy nomi sifatida ommalashgan.
6. Professional – tarixan lotincha professio – bayonot, tan olish soʻzlariga borib taqaladi. Hozir oʻz sohasini puxta egallagan, yuqori malakaga ega mutaxassis shunday ataladi.
7. Skaner – inglizcha scanner – tekshiruvchi, koʻrib chiquvchi. Matn, rasm yoki maʼlumotni raqamli shaklga oʻtkazuvchi elektron uskuna degani.
8. Landshaft – nemischa land – yer, schaft – aloqador, koʻrinish degani. Tabiiy hududning tashqi manzarasi va umumiy koʻrinishi tushuniladi.
9. Tyuning – inglizcha tuning – sozlash, moslashtirish. Avtomobil kabi texnikalarning tashqi koʻrinishi yoki texnik xususiyatlarini oʻzgartirish jarayoni anglashiladi.
10. Feys-aydi (Face ID) – inglizcha face – yuz, ID (identification) – aniqlash degani. Insonni yuz tuzilishi orqali tanib, shaxsini tasdiqlaydigan biometrik tizim.
Taniqli shoir Aziz Said tavsiya etadi:
1. Manyovr – oʻrni bilan harakat, chora, tadbir, usul, yoʻl, burilish, hiyla, chap berish, fitna, mahorat koʻrsatish, ayyorlik kabi qator soʻzlar bilan ifodalash mumkin. Manyovrni turli sohalarda turli maʼnolarda ishlatamizki, lugʻatga bitta soʻz bilan yozib qoʻyolmaymiz. Oʻylaymanki, oʻz maʼnosida ham, koʻchma maʼnosida ham yuqoridagi kabi soʻzlarni qoʻllayversak, uning oʻzbekcha muqobillari isteʼmolga oʻz-oʻzidan kirib qoladi.
2. Limit – bu soʻzni ham oʻrniga qarab chegara, meʼyor, had, cheklov, miqdor, hajm, marra, kamida, koʻpi bilan tarzida qoʻllash mumkin. Eng qulay muqobil esa meʼyor va chegara. Ammo matematikada limit osti, limitdan chiqarish degan funksiyalar bor, buning oʻrniga boshqa soʻz ishlatib boʻlmaydi, bu fan atamasi.
3. Kofe-breyk – ushbu soʻzning toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinayotgani gʻashga tegadi. Aslida oddiygina qilib choyga tanaffus desa kifoya. Kimdir chet elliklar-chi deyishi mumkin, ular qaysi mamlakatga kelganini biladi va oʻrganib ketadi.
4. Rezyume – lotinchadan fransuz, rus tillari boʻylab oʻzbek tiliga kirib kelgan ushbu soʻzni shaxsiy maʼlumotnoma, ilmiy maqola va asarlarning qisqacha mazmuni, hatto tadbirlarning kun tartibi sifatida qoʻllayapmiz. Oʻzbek tilida shaxsning olgan taʼlimi, ish tajribasi, koʻnikmalari va yutuqlari aks etadigan bu hujjatni maʼlumotnoma, ilmiy sohada esa mazmuni deb ishlatsa boʻladi.
5. Shou – ommaviy madaniyatning eng samarali vositalaridan boʻlgan va yengil tomoshaga, miyani zoʻriqtirmaslikka moyil qatlamga moʻljallangan sahnaviy, musiqiy, televizion koʻngilochar dasturlarning bu nomini ham tilimizga oʻylab netib oʻtirmay qabul qilayapmiz. Tomoshabop chiqish, jozibali namoyish, badiiy sahna dasturi maʼnolarini bersa ham shouni tilimizda tomosha deb ishlataverish kerak.
6. Professional – XX asrda rus tili orqali tilimizga kirib kelgan bu lotincha soʻzni bahomiz, hayratimiz, qoyil qolganimiz, taʼrifimizni bildirish uchun benazir, eng mohir, mahoratli, beqiyos, bilimdon, haqiqiy usta, tengsiz, oʻta tajribali, malakali degan soʻzlar bilan ifodalaylik. Garchi ongimizdagi bahoning eng nozik maʼnolarigacha ifodalay olmasa-da, professional soʻzining mohir, oʻz kasbining ustasidan maqbulroq muqobili yoʻq.
7. Skaner – texnologik taraqqiyot sharofati bilan tilimizga kirib kelgan bu soʻzning hali oʻzbekchada toʻla maʼno beradigan muqobili yoʻqligi uchun hozir birov-birovga diqqat bilan tikilib qolsa, yonidagisi “skanerdan oʻtkazayapsizmi?” deb luqma tashlaydigan boʻlib qoldi. Soʻz shu qadar singib ketayapti. Ishxonalar, aeroport va bojxonalardagi skanerlarni nazorat qurilmasi deyish, jarayonni nazoratdan oʻtkazish deyish mumkin. Foto, hujjat, matnli sahifalardan elektron nusxa koʻchiruvchi qurilmani oʻz nomi bilan skaner, jarayonni esa nusxa olish deb qabul qilsa boʻladi.
8. Landshaft – landshaft soʻzi joʻgʻrofiya va tabiatni muhofaza qilish (ekologiya) fanlari va sohalarida yer yuzasi, tog‘, oʻrmon, vodiy, oʻsimliklar va dengiz-u daryolarga bogʻliq juda keng tushunchalarni qamrab oladigan aniq ilmiy maʼnoga ega. Shu bois bu atamani ilmda toʻgʻridan-toʻgʻri landshaft deb ishlatsa boʻladi. Adabiyot, rassomchilik, publitsistika va soʻzlashuvda eng muqobil soʻz esa manzara.
9. Tyuning – qayta jihozlash.
10. Feys-aydi (Face ID) – ilgari faqat ayrim rivojlangan mamlakatlarda jinoyatchilikka qarshi kurash va josuslik maqsadlarida ishlatilgan, bugun butun dunyoda qoʻllanayotgan bu qurilmaning oʻzbekcha, bitta soʻzli nomi yoʻq. Hozircha yuzni tanish tizimi, yuz identifikatsiyasi, biometrik yuztanish, yuzni skaner qilish tizimi deb ishlatayapmiz. Menimcha, “yuzni tanish tizimi” desak eng tushunarli ifoda boʻladi.
Men qilaman sakkiz...
Yuqoridagi oʻn soʻzning turk, ozarboyjon, qozoq, turkman, qirgʻiz, tojik, uygʻur tillariga qanday tarjima qilinayotgani bilan qiziqdim. Ular ham izlanayapti, ammo ahvol bizdagiday ekan. Texnologiya va iqtisodga doir soʻzlar deyarli tarjima qilinmayapti. Masalan, manyovr, limit, skaner shundayligicha ishlatilayapti. Rezyume, professional, landshaft, kofe-breyk, shou, tyuning, Face ID kabi soʻzlarning bir soʻzli boʻlmasa-da, muqobillarini ishlatib koʻrishayapti. Shuning uchun globallashuv va texnologiyalar tufayli kirib kelayotgan yangi atamalarning oʻzbekcha muqobillarini izlash, tilimizga joriy qilish jarayonida qardoshlarimiz bu borada qanday yoʻl tutayotganini, qanday istilohlardan foydalanayotganini ham oʻrganishimiz, zarur hollarda maslahatlashishimiz lozim.
Ammo boshqa tomondan biz chetdan kirib kelayotgan soʻzlarni oʻzbekchalashtirib lugʻatimizni boyitish, unutilayotgan soʻzlarimizni tiklashga qancha harakat qilmaylik, soʻzlashuv tilimiz oʻzbekcha, ruscha, inglizchadan iborat qorishiq tilga aylanib borayapti. Bu ijtimoiy tarmoqlardagi, “Instagram”, “Telegram”, “TikTok”, “YouTube”dagi muloqotlar, fikr-mulohazalarda ishlatilayotgan tilda yaqqol koʻrinadi. Demak, maktablarda oʻzbek tili darslari sonini va sifatini oshirish, adabiyot fanidagi har bir yangi mavzu boʻyicha insho va bayon yozdirishni qatʼiy yoʻlga qoʻyish, oʻquvchilarning muntazam badiiy kitob oʻqishini ragʻbatlantirish ham zarur.
Taniqli jurnalist Husan Nishonov tavsiya etadi:
1. Manyovr – 99 foiz odam “manyovr” xalqaro soʻz, oʻzini ishlataversak boʻladi deyishi mumkin. Men esa oʻrniga “hiyla”ni taklif qilaman. “Manyovr” maʼnosini toʻliq bera olmaydi desangiz ham. Quloq oʻrgansa, oʻrnini toʻliq egallaydi.
2. Limit – bu soʻz shu qadar oʻzbekchalashib ketganki, ayni shu soʻz qachon qoʻllansa ongimizda beixtiyor “oʻlchov”, “meʼyor” soʻzlari va ular tashiydigan maʼnolar paydo boʻladi. Oʻz-oʻzidan oydinlashadiki, “meʼyor” yoki “oʻlchov”ni bemalol qoʻllashimiz mumkin.
3. Kofe-breyk – Namanganda bolalar bogʻchasida tushlikdan keyin, bolalar uyiga ketishdan oldin beriladigan yengil taom, yemakni “tolma” deyishar ekan. Samarqandda nonushta va tushlik orasida yengil taomlanishni “tatildirik” deydi. Ikkalasi ham “kofe-breyk”ning oʻrnini bosadi.
4. Rezyume – tanitma. Kishining kimligi, nimalar qilgani va nimaga qodirligini shu soʻz ifodalay oladi.
5. Shou – tomosha. “Shou” oʻrniga “tomosha” ishlatilayapti oʻzi anchadan beri. “Shou”dan uzil-kesil voz kechsak ham boʻladi.
6. Professional – usta. “Usta” deganda odatda quruvchi, duradgor yo santexnikni tushunamiz. Xorazmda esa hamma sohaning eng zoʻr sohiblarini “usta” deyishadi.
7. Skaner – nusxalagich. Futbol sharhlovchilarimiz “falonchi maydonni skanerlab, keyin toʻpni jarima maydoniga uzatdi” qabilidagi gapni koʻp ishlatadi. Matn, rasm yoki maʼlumotni raqamli shaklga oʻtkazuvchi elektron uskuna – “skaner”ni “nusxalagich” deb tarjima qilsak, oʻz maʼnosini saqlagan boʻlamiz.
8. Landshaft – koʻkalam; manzara. Tabiiy hududning tashqi manzarasi va umumiy koʻrinishi “landshaft”ni ilk maʼnosida “koʻkalam” deydi bizning shevada. Boshqa maʼnolarida “manzara” deb qoʻllash ham mumkin.
9. Tyuning – sozlash. “Tyuning”ning oʻzbekcha muqobili yoʻqdek tuyuladi. Lekin “sozlash” muayyan darajada shu maʼnoni beradi.
10. Feys-aydi (Face ID) – bunday oʻylab koʻrsak, “feys-aydi” degani “yuztanuv” deganidir. Yangi soʻz yasashdan choʻchimaylik!
Oʻzbek tili kambagʻal emas!
Navoiy bilan faxrlanamiz, jahon shoirlari orasida eng koʻp soʻz ishlatgan, “Muhokamatul-lugʻatayn”da turkiy tilning fors tilidan kam emasligi, hatto ustunligini koʻrsatib bergan deb. Lekin hozirgi oʻzbek adabiy tili-chi?
Turklarning “Turkcha lugʻat”i (“Türkçe Sözlük”)da 122 mingdan ziyod soʻz va ibora (madde başı ve madde içi) mavjud.
Qozoq qardoshlar “Qozoq adabiy tilining lugʻati” (“Qazaq әdebi tіlіnің sөzdіgі”)ga 150 mingdan ortiq lugʻat birligi (sөzdіk bіrlіkterі)ni kiritishgan.
Oʻzbek adabiy tilining izohli lugʻatidan esa 90 mingta soʻz joy olgan (yaqingacha 80 mingta edi).
Xoʻsh, oʻzbek tili boshqa qardosh tillardan kambagʻalroqmi?
Aslo! Bizning lugʻat tuzadigan tilshunoslarimiz ziqna!
Xorijiy texnologiya chet tildagi soʻz va istilohlar bilan kirib kelmoqda. Qardoshlarimiz xorijiy soʻzlar oʻrniga oʻz tillaridagi soʻzlarni qoʻllashdan uyalmaydi. Masalan, turk tilida:
kompyuter – bilgisayar;
pasport – kimlik;
aeroport – havalimani;
detal – ayrinti va hokazo.
Ular xorijiy soʻzlarni qabul qilsa ham oʻz tili fonetikasiga boʻysundirib qabul qiladi:
statistik – istatistik;
avtomobil – otomobil;
sport – spor;
ensiklopediya – ansiklopedi...
Biz nega uyalamiz?!
Nega yangi soʻz ixtiro qilishdan qoʻrqamiz?
Nega shevadan soʻz olishdan istihola qilamiz?
Bayramali QOʻLDOSHEV tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.
“Eshiklar ochiq, ammo...” maqolasi