Insonning aqliy takomilida fanning, ruhiy kamolotida maʼnaviyatning ishtiroki muhim. Aqliy takomilga erishgan inson oʻzining moddiy olamini bekam-u koʻst qilishi bor gap, biroq kam-koʻstsiz bu olam maʼnaviyatsiz butun boʻlmas. Maʼnaviyat qushning ikki qanotiga mengzalgani bosh sababi ham shudir. Odamiylikning chin omili sanalgan maʼnaviyat odam bolasini shaxs sifatida shakllantiradi, biologik mavjudotdan insonlik rutbasiga koʻtaradi. Bu rutbaning yoʻrgagi axloqiy va ruhiy tarbiya boʻlsa, beshigi til va adabiyotdir. Bugungi globallashgan dunyoda millat tiliga milliy oʻzlikni asrashning bosh sharti deb qaralayotgani ham shundan.
Biz bilgan, oʻqigan adabiyotlarda maʼnaviyat katta tushuncha ekani, insonning butun axloqiy-ruhiy olamini oʻzida jam etishi aytib kelinadi. Bu toʻgʻri, ammo uni aniq tasavvur qilish va tushunish uchun bunday talqin yaramaydi, aslida maʼnaviyatni inson axloqiy-ruhiy olamining aynan oʻzi, deb tushunish maqsadga muvofiq. Yaʼni maʼnaviyat kishi axloqiy-ruhiy faoliyatining mahsuli emas, insonning ayni shunday faoliyati – tutumidir. Ona tili esa odam bolasining bunday olamlarini yaratuvchi, uni takomilga eltuvchi imkondir.
Soʻnggi yillarda olimlar, jurnalistlar, keng jamoatchilik koʻp tilga olgan mavzulardan biri – davlat tili va uning amaliyotga tatbiqi muammosi. Bu borada televideniye, radio hamda matbuotda koʻp va xoʻb chiqishlar qilindi va hozir ham davom etmoqda, biroq foydali ish koeffitsiyenti biz kutgandek boʻlgani yoʻq. Xoʻsh, qanday takliflar ilgari surilgan, nimalar tavsiya qilingan? Eng avvalo, davlat tilining amaliyotga tatbiqi boʻyicha ishlarni jonlantirish kerak. Tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni lozim darajada oʻzgartirish, davlat tili tatbiqida til mutasaddilari jidd-u jahd qilishi, irodali boʻlishi zarur. OAVda targʻibot tadbirlarini kuchaytirish bilan birga, muammolarni ochiq aytish kerak. Mazkur taklif-u tavsiyalarni biz ham qadrlaymiz, chunki ular oʻz ona tilini muqaddas bilgan yoniq qalbdan chiqqani aniq. Shuning uchun bu tarz tavsiyalarning amaliyotga tatbiqi oʻzbek tili rivojida va davlat tilining toʻlaqonli amal qilishida muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.
Faqat “faqat” degan ishtiboh bor. Xoʻsh, zikr etilgan choralarni koʻrish, zikr etilgandek ish tutish bilan davlat tilining tag zamini tom maʼnoda mustahkamlanadimi? Vaqt oʻtishi bilan “eski hammom, eski tos” muammolarga duch kelmaymizmi? Negaki, tobora chuqurroq globallashayotgan dunyoda “baquvvat”, “har nega qodir” deb bilinadigan tillarda ham bizdagidek muammolar paydo boʻlmoqda. Bizningcha, davlat tilining amaliyotga tatbiqi muammosini bu tarzda yechish bilan bugunning muammosi hal qilinadi. Hechdan koʻra bu ham yaxshi, bu ham kerak, chunki bolalarimizga sogʻlom til qoldirishimiz lozim. Shu bilan birga, bolalarimiz ham ajdodlar tilini omon saqlashi joiz-ku?! Tilimizning ellik-yuz yillar narisini ham unutishga haqqimiz yoʻq.
Aslini olganda, oʻzbek tilining davlat tili sifatida amaliyotga tatbiqi, kundalik hayotimizdagi oʻrni borasidagi muammoning asosiy sababini tilimizning oʻzidan izlashimiz – nodurust yumush. Aksincha, muammoning tub ildizini shu tilni qoʻllaydigan egasidan, oʻzbek tilini ishlatayotgan odamning lisoniy tarbiyasi qanday kechayotganidan qidirganimiz – maʼqul ish. Negaki, har qanday til oʻz egasi bilan birga yashaydi, sohibi undan oʻzi xohlagandek foydalanadi, unga oʻzi xohlagandek munosabatda boʻladi. Tilni bu tarz qoʻllash, tilga bu tarz munosabatning biz oʻylagandek, biz kutgandek boʻlishi til sohibining maʼnaviyatiga, lisoniy tutumiga bogʻliq. Ona tilini ich-ichidan sevish, uni har xil qutqulardan qoʻrish, qonunan himoyalangan rasmiy tilgina emas, davlat ramzi, davlatchilik sharti sifatida qabul qila olish uchun esa kishiga til maʼnaviyati degan malaka zarur. Afsuski, uzoq vaqtlardan beri oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishda til maʼnaviyati va til egasi tushunchalariga baqamti qaraganimiz, oʻzbek tili sohiblarida shunday zehniyatni shakllantirishga diqqat qilolganimiz yoʻqki, bu xuddi yerga ishlov bermay moʻl hosil kutishday gap.
Til maʼnaviyati til egasini lisoniy tarbiyalashdan boshlanadi va bunda quyidagilar muhim.
Maʼnaviyatning bosh ustuni boʻlgan tarbiya oiladan boshlanadi, til maʼnaviyati ham oilada kurtak otib, gulga kiradi, meva beradi, taʼlim-tarbiyaning keyingi boʻgʻinlari uni takomilga tortadi. Shu jihatdan, avvalo, oilada tilga munosabatni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olish kerak. Ota-onaning oʻzi farzandiga toʻgʻri til tarbiyasi borasida ibrat boʻlishi zarur, chunki “qush uyasida koʻrganini qiladi”. Oilada til tarbiyasi notoʻgʻri yoʻlga qoʻyilishining tipik namunasi bu – lisoniy muhitning gʻayrioʻzbekchaligi. Oila boshlarining gʻarbcha tutumi, ota-onaning qurama nutqi, muomalada yot tilni afzal koʻrishi farzandni ham shunday tutumni mahkam tutishga, shunday lahjada chuldirashga oʻrgatadi. Bunday muhitda oʻsgan bola olamni oʻta milliy andozada emas, oʻta gʻarbcha qolipda koʻradi. Eng achinarlisi, farzand oʻz tutumlarining gʻayrimilliyligini mutlaqo idrok etmay qoʻyadi, olam va odamga milliy nigoh yoʻqoladi. Bundan taʼlim maskanining mashaqqati ortadi, xolos. Agar ota-ona farzandiga oʻzbekcha tutum, oʻzbekcha muomala namunasini koʻrsata bilsa, bolada bunday koʻnikmalar shakllanadi.
Donishmand shoir Furqat oʻz sheʼrlaridan birida bejiz “Mening maktab aro buldur murodim, Xatimdek chiqsa imlo-yu savodim”, demagan edi. Maktab taʼlimi, xususan, ona tili darslari til maʼnaviyatini kamol toptirishi “haqqast rost”. Ona tili darslari bolaning oilada shakllangan til sezgilarini, milliy tutumlarini tarbiyalaydi, oʻz tiliga aql koʻzi bilan qarashni oʻrgatadi. Bunga maktablarda til darsi sifatini oshirish bilangina erishiladi. Afsuski, bugun maktab taʼlimida ona tili darsi sifati va samaradorligi taʼlim standartlarida belgilanganidek emas (albatta, biz sidirgʻasiga shunday demoqchimasmiz!). Mavridi keldi deb darsliklarni yangilayverishdan tiyilib, sinfxonada darslarning sifatini oshirish payida boʻlish kerak. Qolaversa, taʼlim muassasalarida ona tili oʻqituvchilarining oʻzaro dars tahlillariga kirishini jonlantirish lozim. Bir oʻqituvchining boshqa hamkasbi darsini kuzatishi, yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishi muallimning darsga puxta tayyorlanishiga, sidqidildan dars oʻtishiga tabiiy majburiyat uygʻotadi. Agar biz tilimizni yigirma yildan keyin qanday koʻrishni istasak, bugundan oʻsha moʻljalga mos ona tili taʼlimini yoʻlga qoʻyishimiz joiz. Bordi-yu shunday qilinmasa, davlat tomonidan koʻrilgan choralar ora yoʻlda qolib ketaveradi. Axir keyingi uch-toʻrt yilning badalida oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, uni rivojlantirish, til siyosatini takomillashtirish borasida oʻndan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilingani til muammosining yanada dolzarblashayotganini koʻrsatadi.
Til maʼnaviyatini shakllantirishda kitobning, adabiyotning taʼsiri favqulodda muhim. Prezidentimiz davlat rahbari sifatida ish boshlagandayoq bolalarni kitobga oshno qilish, xalqimizga xos kitobxonlik madaniyatini tiklash yoʻlida tashabbus koʻrsatishi til maʼnaviyatini kamol toptirishdek yumushda ham qoʻl keladi. Davlatimiz rahbarining: “Men shunga aminman – kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib boʻlmaydi. Kitob oʻqimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yoʻq” tarzida jaranglagan pandi – til maʼnaviyatini adabiyot orqali shakllantirishda zoʻr dastak. Negaki, adabiyot kishining ruhiy olamini boyitadi, odamni olamga milliy nigoh bilan qarashga oʻrgatadi, soʻz boyligini oshiradi. Ona tili sezgisi, til tarbiyasi, lisoniy malaka-yu koʻnikmalarni milliy adabiyot tarbiyalaydi.
Inson aynan milliy adabiyot orqali borliqni oʻzbekcha koʻrishni, oʻzbekcha tushunishni oʻrganadi. Turli hayotiy-nohayotiy tushunchalarning oʻzbek tilida qanday ifodalanishi bilan tanishadi. Xullas, milliy adabiyotning til maʼnaviyatini shakllantirishi – bir tomon, kishini vatanparvar qilib tarbiyalashi – yana bir tomon. Buyuklar aytganidek, biz bolalarga kitob oʻqishni oʻrgatib qoʻysak boʻldi, qolgan hammasini, hatto til maʼnaviyatini ham kitobning oʻzi oʻrgatadi.
Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei oliy taʼlim davrida teran anglanadi. Shu maʼnoda, Oʻzbek tilini 2020–2030-yillarda rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida 2020-2021-oʻquv yilidan boshlab oliy oʻquv yurtlarining taʼlim boshqa tilda olib boriladigan guruhlarida davlat tili saboqlari berib kelinmoqda. Mazkur konsepsiyada 2025-yilga qadar davlat maktabgacha taʼlim tizimida oʻzbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga, 2030-yilga qadar umumtaʼlim maktablarida oʻzbek tili fanini haftasiga 84 soatdan 110 soatgacha yetkazish lozimligi taʼkidlangan. Bu yaxshi, ammo ushbu darslar sifati talab darajasidami? Ana shu narsa – muammo. Hatto 2021-2022-oʻquv yilidan ayrim oliy oʻquv yurtlarida davlat tili taʼlimi bilan bogʻliq dars soatlarini qisqartirish boshlangani til maʼnaviyatini shakllantirish ishlarini sekinlashtirishi aniq. Shu bois, taʼlimning bu boʻgʻinida ham ona tili va davlat tili boʻyicha darslarni boʻshashtirmaslik, lingvistik bilimlarni lisoniy madaniyatga, lisoniy maʼnaviyatga aylantirishimiz kerak.
Bugun dunyoning aksar davlatlarida til bilan bogʻliq muammolar dolzarblashgan. Katta davlatlarning katta tillari hayot surʼatlarining gʻoyat tezlashuvi bilan boshqa xalqlar tillariga baʼzan obyektiv, baʼzan subyektiv omillar oʻlaroq taʼsirini oʻtkazmoqda. Asosan, milliy tillar lugʻati tarkibida chet soʻzlar koʻpayib ketishi fonida kuzatiladigan bunday taʼsirlar bora-bora milliy tillarning ichki imkoniyatlaridan foydalanish mexanizmlarini ishdan chiqarishi mumkin. Yangi paydo boʻlgan tushuncha uchun tayyor leksemani oʻzlashtirish zinhor tendensiyaga aylanmasligi lozim. Bugun oliy taʼlim talabalari nutqini qoʻya turaylik, hatto markaziy nashrlarimizda ham “hesh-teg”, “kreativ”, “chellenj”, “post”, “feyk”, “platforma”, “tyutor”, “vaksinatsiya”, “kompetensiya”, “trening”, “messenjer”, “kontent” kabi olinmalar soni ortmoqda. Tabiiyki, tilning oʻzi bunday tashqi taʼsirlarga qarshi turolmaydi, chunki hech bir tilning fitratida shunday xususiyat yoʻq. Tilni chet soʻzlar bosqinidan milliy lisoniy immunitetli egasi qoʻriydi. Komillikning bosh shartlaridan boʻlgan til maʼnaviyati insonni ana shunday immunitetga sohib qiladi.
Xullas, til maʼnaviyati davlat tili boʻyicha mavjud muammolarni bartaraf qilishda ham, oʻzbek tilining chorak yoki yarim asrdan keyingi taqdirini tayin etishda ham asosiy dastakdir. Bunday maʼnaviyatni shakllantirishga til ilmi ham, til taʼlimi ham birday masʼul. Fan esa til amaliyotiga yelka tutishi lozim.
Yorqinjon ODILOV,
OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti boʻlim mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022 yil 21 avgust, 170-son.
“Til maʼnaviyati
yoxud milliy lisoniy immunitet hosil qilishimiz zarur!” maqolasi