Biz bilgan eng dahshatli urush – Ikkinchi jahon urushi. U yer aholisining 70 milliondan ziyodi qirilib ketishiga olib keldi. Birinchi jahon urushi bilan birga hisoblanadigan boʻlsa, urush yer yuzidan 100 mln atrofida odamni supurib tashladi. Ehtimol, undan-da dahshatli janglarni odamizod koʻrgan, chunki har bir urushning yakuni oʻzidan maʼlum formatdagi yodgorliklarni qoldiradi. Masalan, “Illiada”, “Mahobhorata” boʻlib oʻtgan qonli janglarga atalgan yodgorliklarning matn holatidagi koʻrishidir.

Ikki jahon urushida ham Angliya boshida turgan siyosatchi Uinston Cherchill urushga shunday taʼrif beradi: “U ayrimlarning manfaati uchungina begunoh odamlarning oʻlishidir”. Oyina.uz “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan urush mavzusida yaratilgan yodgorliklarni bir sahifaga yigʻishga urindi.

1. Xolokost qurbonlariga bagʻishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: Dyula Pauer. Vengriya, 2005-yil.

Dunay boʻyiga mixlangan ushbu bronza poyabzallar urushning dahshatli bir voqeasini hikoya qiladi. 1944-yil venger natsistlari bunda ishga yaroqsiz juhudlarni yoʻq qilganlar. Natsistlar oʻqni isrof qilmaslik uchun ikki-uchta odamni bir-biriga bogʻlaganlar va ular orasidan birini otganlar. Dunayga yiqilgan jasad esa oʻzi bilan bogʻlanganlarni ham tubga tortib ketgan.

Natsistlar nazarida poyabzallar ularning egalari jonidan qimmatliroq edi, shu bois har bir oʻlimga hukm qilingan oyoq kiyimini yechgan. Yodgorlik 60 poy erkak, koʻplab ayol va bolalarning poyabzallaridan tashkil topgan.

2. Liditsa qishlogʻi aholisiga bagʻishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: M. Uxitilova. Chexiya, 2000-yil.

82 dona bolalar haykali. Ularning 40 donasi oʻgʻil, 42 donasi qiz boladan iborat va haykallarning bari bolalarning tabiiy tana kattaligini saqlagan.

Ushbu haykal fashistlarning bitta qishloq aholisini partizanlar bilan aloqa qilishda ayblab, butunlay yoʻq qilishini hikoya qiladi. 1942-yilning iyunida SS harbiylari qishloqning 172 nafar 15 dan oshgan erkagini otib tashlaydi, 195 nafar ayol Ravensbryukdagi konslagerga joʻnatadilar. Yodgorlikdagi bolalar esa gaz kameralarida oʻldiriladi.

3. Urush jonivorlari

Haykaltarosh: Bekxaus. London, 2004-yil.

Urushning muhim qatnashchilari orasida hayvonlar ham bor. Ular yuklarni tortish, maʼlumot yetkazish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish bilan shugʻullangan.

Ushbu yodgorlikning Buyuk Britaniyada paydo boʻlishi oʻz-oʻzidan emas. 1942-yildan beri Angliyada “Mariya Dikin” nomidagi hayvonlarga beriladigan oliy harbiy medal mavjud boʻlib, birinchi marta u 60 nafar jonivorga taqdim etilgan.

4. Oila portreti

 Haykaltarosh: Buyte Horvat Istvan. Vengriya, 2014-yil.

Vengriyaning Vakratot qishlogʻida oilaviy portret shaklida bunyod qilingan ushbu yodgorlik Birinchi va Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarga bagʻishlanadi. Yodgorlik oʻzida xorvat oilasi va unda bir odamning, toʻgʻrirogʻi otaning yoʻqolishi haqida soʻzlaydi.

5. Millatlar fojeasi

Haykaltarosh: Zurab Sereteli. Rossiya, 1997-yil.

Moskva shahrida, Gʻalaba bogʻi yaqinida joylashgan ushbu yodgorlik oʻlimga mahkum etilgan yalongʻoch odamlar navbatini koʻrsatadi. Ushbu navbatning oxiri yoʻqligidan tanalar soyalar kabi pastga egilib, qoyatoshlarga evrilib ketgan. Eng boshidagi erkak va ayol esa oʻz farzandini bu qatliomdan asrashni istaydilar, ammo ularning oʻgʻillari koʻzini yopishdan boʻlak imkonlari yoʻq.

Navbatdagi odamlarning barisi yalongʻoch, ortda esa ularning kiyim-kechaklari, oʻyinchoqlari va shaxsiy buyumlari uyumi yotadi. Bu fashistlar oʻlganlarning buyumlarini qayta ishlatish maqsadida saqlab qolganidan darak beradi.

6. Xalqlar doʻstligi monumenti – Shomahmudovlar oilasiga bagʻishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: D. Ryabichev. Oʻzbekiston, 1983-yil.

Toshkent markazidagi Xalqlar doʻstligi maydoniga oʻrnatilgan ushbu yodgorlik urush vaqti yetim qolgan bolalarni asrab olgan temirchi oilasiga – Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahriniso Akromovaga bagʻishlanadi. 

Ikkinchi jahon urushining butun dahshatini boshidan oʻtkazgan avlod – ota-onasidan judo boʻlgan bolalarning mamlakat boʻylab sarson-sargardonligi bilan bogʻliq muammo hal etilishi Shomahmudov kabi oilalarning himmatiga bogʻliq edi. 15 bolani asrab olgan Shomahmudovlar kabi boshqa oʻzbek oilalari ham poyezdlarda urush oʻchogʻidan tashilgan ming-minglab yetim bolalarni asrab oladilar va voyaga yetkazadilar.

7. Oʻldirilgan Yevropa juhudlariga bagʻishlangan yodgorlik

Loyiha muallifi: Piter Ayzenman. Germaniya, 2005-yil.

Bu kabi memorial qurish gʻoyasi 1988-yildayoq paydo boʻlgandi. Yodgorlik Berlin markazida, Brandenburg darvozalari orasida joylashgan. U 2 700 kulrang toshdan tashkil topgan ulkan daladan iborat.