Mirzo Ulugʻbekning shahzodalar bilan oʻzaro yozishmalari bahsli va tadqiq etilishi lozim boʻlgan masalalardan biri. Ulugʻbekning rasmiy maktublari nisbatan kam saqlangan. Biroq, tarixiy manbalar orqali uning siyosiy, ilmiy va oilaviy aloqalarining mazmuni va ahamiyati haqida tasavvur hosil boʻladi.
Ulugʻbekning siyosiy yozishmalari (hududiy boshqaruv, diplomatik aloqalarga tegishli boʻlgan), ilmiy-maʼrifiy yozishmalar (shahzodalar bilan ilmiy-adabiy, fanlar boʻyicha, ularda astronomiya, matematika, adabiyot, tabiatshunoslik), axloqiy-tarbiyaviy mazmundagi (davlatni boshqarish gʻoyalari, oilaviy munosabatlar)ga ajratish mumkin.
Mirzo Ulugʻbek Samarqanddagi madrasaning moddiy taʼminoti uchun yiliga 30 ming kepakiy dinor ajratgan. Bu davrda matematikaga ixtisoslashgan 12 ta maktabda 500 nafar talaba oʻqigan. Harvard universiteti professori Elaheh Xeirandish esa oʻsha davr taʼlim tizimi, madrasalarning moddiy taʼminoti va talabalarning kundalik hayoti xususida toʻxtalib oʻtgan. Elaheh Xeirandish Gʻiyosiddin Koshiyning otasiga yuborgan maktubiga tayanib yozishicha, Samarqand madrasasining yillik taʼminoti uchun 30 ming kepakiy dinor ajratilgan, shundan 10 ming kepakiy dinor esa talabalarning stipendiyalari va oziq-ovqati uchun berilgan. U haftada bir necha bor Samarqand madrasasiga tashrif buyurib, dars mashgʻulotlarini kuzatishni odat qilgan. Unda uchragan masalalarni olimlari bilan muhokama qilgan. Ulugʻbek kitob mutolaa qilishni ham yaxshi koʻrgan. U nafaqat astronomiya, matematikani balki, adabiyot, jumladan, arab va fors adabiyoti, musiqa tarixidan ham xabardor boʻlgan.
Jamshid Koshoniyning taʼkidlashicha, uning xotirasi juda kuchli boʻlgan. Masalan, Sultoniyada oʻtgan bolaligi, haftasi, kunigacha, peshin namozini qayerda oʻqiganligi, tunlari qaysi yoʻl bilan yurganligini aniq aytib bera olgan. Ulugʻbekning mulozimlari uning tarixi yozilgan qaydnomalarni olib kelar, olimlar huzurida oʻqib berganda Ulugʻbek aytib bergani bilan bir xil chiqqan.
Mirzo Ulugʻbek, Boysungʻur mirzo va Muhammad Joʻki mirzolar oʻrtasida gʻazaliyot, falsafa va mantiq fanlari boʻyicha munozarali yozishmalar boʻlib turgan, baʼzi vaqtlarda esa ular ilmiy majlislarda oʻzaro fikr-mulohazalar almashishgan. Shu bilan birga Samarqandda yetuk olim va shoir Muhammad Olim hamda shahzodalar ishtirokida mumtoz adabiyot xususida munozara oʻtkazilgan. 1424-yilning bahorida Samarqandda Navroʻz bayrami munosabati bilan katta tantanalar boʻlib oʻtgan. Unda Sakkokiy, mavlono Badaxshiy va Xoja Abdulmoʻmin ishtirokida Navroʻz mavzusida mushoira boʻlgan. Unda ishtirok etayotgan xoja Fazliddin Keshiy va mavlono Isomiddin Navroʻzni kelib chiqishini muhokama qilishgan. Ular bu masalani Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi maʼlumotlar asosida tahlil qilishgan. Ushbu maʼlumotlar yirik amaldorlar ham tarixiy asarlarni mutolaa qilishgani va ular asosida bahslasha olganliklari haqida tasavvur beradi.
Undan tashqari, shahzodalar oʻrtasida tabiatshunoslik fani boʻyicha ham munozaralar boʻlib turgan. Xususan, Mirzo Ulugʻbek ushbu sohada chuqur bilimga ega boʻlgan. U ovga chiqqan vaqtida qanday hayvonlarni ovlagani, ularni mamlakatning qaysi qismida koʻproq boʻlishi, oʻsha hududning joylashuvi, tabiati, oʻsimlik dunyosi toʻgʻrisida bilganlarini qayd qilib borgan. Mirzo Ulugʻbekning shu kabi maʼlumotlar qayd etilgan daftari yoʻqolib qoladi. U kotiblarga daftarda yozilgan maʼlumotlarni barchasini aytib beradi. Keyinroq topilgan nusxasi bilan solishtirilganda, ikkisi ham bir xil boʻlgan. Bu maʼlumot orqali uning xotirasi naqadar kuchli boʻlganligini taxmin qilish mumkin.
Boysungʻur mirzo asarlarni mutolaa qilish bilan birga ularni chuqur oʻrganishga ham harakat qilgan. Xususan, shahzoda ikki “Xamsa”ni ilmiy jihatdan tahlil qila olgan. Hattoki, bu mavzu boʻyicha Mirzo Ulugʻbek bilan koʻp bora bahs-munozaralarga kirishgan va maktublar almashishgan. Ushbu maʼlumotni asoslash uchun ayrim manba va tadqiqotlarni tahlil qilsak: Davlatshoh Samarqandiy oʻz asarida shahzodalarning adabiy tortishuvlari haqida “Amirzoda Boysungʻur Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”sini Shayx Nizomiyning “Xamsa”siga tarjih qilur erdi va Ulugʻbek bahodir bu maʼnini qabul qilmas erdi va Shayx Nizomiygʻa muʼtaqid erdi va bu ikki podshohning orasida karrotu marrot taassub hosil boʻlgʻon, har birlari bir shoirga himoyat boʻlgʻon erdi”, deb yozadi.
Bundan kelib chiqadi-ki, Boysungʻur mirzo Xusrav Dehlaviy ijodini afzal koʻrgan, Mirzo Ulugʻbek esa Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”siga yuqori baho bergan. Ularni baytma-bayt qiyoslab chiqishgan, Samarqand va Hirot saroyida oʻtkazilgan adabiy kechalarda ham yirik adabiyotshunos olimlar ishtirokida muhokama qilingan. Aslida, mazkur tortishuvlar ularning shaxsiy qiziqishlari asosida yuzaga kelgan. Nizomiy Ganjaviyda astronomiya fani va osmon jismlariga doir, Xusrav Dehlaviy asarida tasviriy sanʼat sohasiga oid maʼlumotlarning berilishi shahzodalar eʼtirofiga sazovor boʻlgani, shubhasiz.
Ozodaxon ABDUNOSIROVA,
Fargʻona davlat universiteti katta oʻqituvchisi, PhD