Publitsist Iqbol QOʻSHSHAYEVA bilan telejurnalist Gulmira MUSAJONOVA suhbati

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Gulmira opa, kinoshunos Hamidulla Akbarov otangiz, atoqli adib Farhod Musajonovni taʼriflab, “U televideniyega haqiqatni, rost soʻzni olib keldi”, degan edi. Bugun siz ham rost soʻz uchun kurashayotgan kamyob jurnalistlar safidasiz. Markaziy televideniyeda efirga uzatilayotgan koʻrsatuvlaringizda achchiq haqiqatlardan bahs etasiz. Sizni maishiy muammolardan koʻra ijtimoiy-siyosiy voqelik koʻproq qiziqtirishiga aminman. Keling, “Tafakkur” jurnali minbar berganidan foydalanib, yurakdan bir suhbatlashaylik.

Yevgeniy Yevtushenkoning sovet qoʻshini Chexoslovakiyaga kiritilganiga bagʻishlangan sheʼrida bunday fikr bor: “Bas, dod solmang! “Rus yozuvchisi rus tanki ostida majaqlandi”, deb yozib qoʻying, vassalom”. Chinakam ziyoli oʻzini mudom millat va mamlakat taqdiriga masʼul deb biladi. Bugun bizning oydinlar javobgarlik tuygʻusidan mahrumligi bois jamiyatdagi oʻrnini boy berib qoʻymadimikan? Hay-hay demasangiz, ayrim qalamkashlar tankni “najot qalʼasi” deb alqamoqqa tayyor! Ijod ahlining chekinishi, taʼbir joiz boʻlsa, haqdan yuz oʻgirishi qachon, ne sabab roʻy berdi?

Gulmira MUSAJONOVA: Yozuvchi-shoir, olim-u jurnalistlarimizning “holi taboh”i haqida koʻp oʻylayman. Bir chekkada jim tursa-ku mayli, ammo ayrimlari riyo va munofiqlik, maddohlik va xushomadgoʻylikning kimoʻzar musobaqasida bellashayotgandek... Nega bu koʻyga tushdik? Nazarimda, sabab ikkita: qoʻrqoqlik va nafsga qullik!

Aslida, yoʻqotishlarimiz chor Rusiyasi mustamlakasidan boshlangan. “Xaloskor” niqobini tutgan shoʻro hukumatining yovuzligi  undan-da oshib tushdi. Totalitar tuzumning asosiy dushmani –  mustaqil fikrga ega shaxslar. Hamma yagona gʻoya tegrasida birlashishi, yakrang fikrlashi, yakka partiya aʼzosi boʻlishi, hatto bir xil kiyinishi kerak! Zulm va zoʻravonlikka asoslangan shoʻro davlati ham hurfikrlilikka qarshi urush ochib, millat oydinlarini qatagʻon qildi.

Albatta, hamma ham jasorat bobida Abdulla Qodiriy boʻlolmaydi. Xoʻsh, Qodiriy qoʻrqmagan, tahlikaga tushmaganmi? Menimcha, qoʻrqqan, tahlika qilgan. Biroq xalq, jamiyat oldidagi masʼuliyat tuygʻusi yozuvchiga “ichidagi xoinni oʻldirmoq”qa kuch bergan. Mashʼum oʻttizinchi yillarda ayrim shoir-yozuvchilar shirin joni yoki qorni uchun emas, yaqinlari hayotini saqlab qolish uchun eʼtiqoddan voz kechishga majbur boʻlgan. Ne tongki, bu hozirgi maʼnaviy inqiroz tomon qoʻyilgan ilk qadam edi. “Qatagʻon mashinasi”dan jismonan omon qolganlar esa ruhan majaqlandi. Pajmurda qalblar qanday qilib katta adabiyot yarata olsin?! Lekin bugun boshqa toifa isteʼdodlar ham bor – ularga bosim oʻtkazishning hech hojati yoʻq. Qul bor ekan, quldor topiladi-da. Sirasi, bir asr avval qalam ahli yaqinlarini oʻylab tuhmatnomaga imzo chekkan boʻlsa, bugun moddiy manfaat, imtiyoz-u nufuz vijdonni jiddiy sinovdan oʻtkazayotir.

Dunyodagi eng inobatli tanlovlarda ham baʼzan siyosat aralashayotganini sezib-bilib turasiz. Yegan ogʻiz uyalar deydilar, hukumat yoki biron bir tashkilot sizni taqdirlasa, uni tanqid qilmoqqa istihola etishingiz tayin. Kim bilsin, sizni isteʼdodingiz uchun emas, aynan ogʻzingizni yopmoq uchun siylagandirlar?! Xom sut emgan bandamiz-da, gohida eʼtibor-u eʼtirofning oʻzi odamga huzur bagʻishlaydi. Oʻsha huzurni takror va takror tuyish istagida ijodkor unvon-u mukofotlarga koʻz tikib qolishi hech gapmas. Endi u oʻz-oʻzidan “bildirilgan yuksak ishonch”ni oqlamoqqa bel bogʻlaydi, qoʻli koʻksidan tushmaydigan boʻlib qoladi.

Har doim ham fikrlovchi, isyonkor, vijdonli ziyolilar xalqni uygʻotgan, olgʻa boshlagan. Endi tasavvur qiling, kiroyi mansab, shinam markab va boshqa turli imtiyozlar domidagi odam Yevtushenkoning adabiy qahramoni singari xalqqa qarata oʻq uzishga shay turgan tank ostiga oʻzini tashlay oladimi?!

Isyonsiz ijod – chin ijod emas. Ayrim qalamkashlarning ochiqchasiga maddohlik qilayotganini koʻrib oʻylab qolaman: nima jin urdi uni, boyoqish gaplariga oʻzi ishonarmikan? Lenin va Stalin nomidagi davlat mukofoti sohiblarining asarlari hozir oʻqilyaptimi? Nega xulosa chiqarmaymiz, axir?! Kitobxonning milliy adabiyotdan uzoqlashib borayotganida shunday qalamkashlarning ham aybi bor deb hisoblayman.

Hayotda har bir odamning oʻz missiyasi boʻladi. Zimmaga olingan ul majburiyatni bajarmoq qarz-u farz! Shoir-yozuvchi esa missiyasidan, maslagidan chekinar ekan, oʻzigina emas, xalqni ham Haqdan yiroqlashtiradi. Unutmaylikki, Xudo kimga moʻl isteʼdod ato etsa, soʻroq-savoli ham shunga yarasha ogʻir boʻladi.

Uygʻonish-chi, nimadan boshlanadi u? Fikrdan! Fikrlashdan! Fikr uygʻonsa – ijod nashʼu namo topadi, kashfiyotlarga yoʻl ochiladi. Ijodkorda fikr bilan birga vijdon ham bedor boʻlmogʻi lozim. U oʻzi va soʻzi uchun masʼul ekanini teran anglamas ekan, erkin fikr, adabiy yuksalish haqidagi  gaplar quruq safsataga aylanadi.

Albatta, adabiyot ahliga koʻmak koʻrsatish, gʻamxoʻrlik qilish kerak. Nazarimda, buning eng toʻgʻri yoʻli – risoladagidek qalam haqi tizimi yoʻlga qoʻyilishi kerak. Ana shunda ijodkor tirikchilik uchun oʻzini har koʻchaga urmaydi.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Shoira Zulfiyaning “Ona qalbi oyoqqa tursa, / Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush!” degan misralarida jon bordek. 2022-yilda ikki birodar xalq oʻrtasida boshlangan urushga yevropalik ayol siyosatchi Ursula fon der Lyayen birinchilardan boʻlib qarshi chiqdi. Hamon maslagida sobit u. Ana shunday qaltis pallalarda ayollar tavakkalchilikni dadil boʻyniga olganiga koʻp bora guvoh boʻlganman. Siyosiy oʻyinlar, qirgʻinbarotlar bir kun kelib tugar, lekin ungacha zambarak oʻqidan koʻksi pora boʻlgan ona zamin nonkoʻr bolalaridan oʻch olmaydimi?! Dunyoning tinchligi, sayyoraning omonligi, boringki, insoniyatning azob-uqubatlarini yengillatmoq uchun ham ayollar siyosat bilan koʻproq mashgʻul boʻlishi kerakka oʻxshaydi...

Gulmira MUSAJONOVA: Bahstalab mavzuni qoʻzgʻadingiz. Oʻtgan yili qoʻshni oʻlkaga urush ochgan shimoldagi davlat oʻz armiyasiga “koʻngillilar”ni majburan yolladi. Oʻshanda aksar onalar farzandlarini faxr bilan oʻzga yurtni talon etmoqqa yubordi. Lekin Rasul Hamzatov vatani onalari oʻgʻillari qotil boʻlishini istamadi, ayol boshi bilan bu bedodlikka qarshi chiqdi ular.

Ilgarilari ayolning bir ogʻiz soʻzi bilan urushlar tugatilar, nizolar barham topar edi. Ayollar erkaklarga kuch beradi, ularni jasoratga chorlaydi, ilhomlantiradi. Lekin nega koʻpincha hayot-mamot masalasi hal boʻlayotgan pallada erkaklar ikkilanadi? Balki asosan mantiq kuchiga tayangani boisdir? Bu yerda ayolning aynan ona ekani alohida ahamiyatga ega, nazarimda. Ona – yaratuvchi, tiriklik timsoli, hayot daraxtining ildizi. Tugʻish-tugʻilish qanday azob ekanini vujudida his qilgan ming bir jon egasi “oʻlim-oʻlim” oʻyiniga tomoshabin boʻlib tura olmaydi-da!

Ayollarning siyosatda yanada faol boʻlishini qoʻllayman. Ular mansabni  bezovchi chiroyli qoʻgʻirchoq boʻlib qolmasin! “Bizdayam siyosatchi ayollar bor”, deb kerilish uchungina ulardan foydalanmaylik. Chunki dunyoni ayolning husni emas, maʼsum qalbi qutqaradi.

Xonasi kelib qoldi, ayol qavmi ham xos xilqat emasligini tushunishimga sabab boʻlgan bir tarixiy voqeani eslab oʻtsam.

1979-yilda sovet qoʻshini Afgʻonistonga bostirib kiradi. Oʻshanda taniqli akademik, Nobel mukofoti sohibi Andrey Saxarov bu hodisani qoralab bayonot beradi... 1989-yilda boʻlib oʻtgan SSSR xalq deputatlari syezdida esa oʻzbekistonlik deputat ayol akademik Saxarovning shaʼniga haqoratlar yogʻdirgani hamon koʻz oldimda. Bilmadim – u oʻz xohishi bilan minbarga chiqqanmi yoki kimdir majbur qilganmi, lekin oʻsha dam yurtdoshimning, hamjinsimning qilmishidan yerga kirgudek boʻlganman...

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Darvoqe, 1989-yilgi tarixiy syezdda jahonga dongʻi ketgan akademikni “vaysaqi chol” atab, uni zabun holga solgan yana bir oʻzbekistonlik xonim bor. Mashhur balerina, xalq artisti! Lekin negadir koʻpchilik uni eslamaydi. Holbuki, internetda “Saxarov – syezd” deya qidiruv berilsa, nuqul u aks etgan videolavha chiqadi.

Gulmira MUSAJONOVA: Balerinamizning chiqishi ham esimda. Ehtimol, andishaning toshi ogʻirligi vajidan bu mavzuga koʻpchilik daxl etmas... Alqissa, oʻshanda deputat degan nom hamisha vijdonli, saviyasi baland ziyolini anglatmasligiga iymon keltirganman. Gohida manfaatning umumiy qozonida erkag-u ayol, sanʼatkor-u soxtakor – hammasi bir tusga kirar ekan. Deputat xonimning ogʻiz koʻpirtirishidan keyin zalda yangragan gulduros qarsaklarni eshitib esa, chapaklar har doim ham zoʻr fikr yoki haqiqat uchun chalinmasligini anglaganman. Demokratiya, soʻz erkinligi sarhadi toraygan sari qarsaklarning jarangi ortib boraveradimi deyman...

Gohida kichik bir jussada butun insoniyatning qaygʻusi mujassam boʻlishi mumkin. 1982-yilda Samanta Smit ismli amerikalik qizcha SSSR rahbari Yuriy Andropovga maktub yozib, ikki yirik davlat oʻrtasida yadro urushi boshlanib ketishidan xavotirda ekanini bayon qiladi. “Siz urush tarafdorimisiz yoki unga qarshimisiz? Agar qarshi boʻlsangiz, uning oldini olish yoʻlini bilasizmi?” deya savol beradi Samanta SSSR rahbariga. Oʻn yashar qizaloq urush odamzodga kulfat keltirishini anglab yetganini qarang!

Hozir-chi? Urush borasida pozitsiyangiz qanday deb soʻralsa, ayrim erkak ijodkorlar chuchmallanib tursa, yana ayrimlari bosqinchilikni oqlamoqqa urinsa!.. Nahotki, birovning zaminiga bostirib kirib, uni vayron etish mudhish jinoyat ekanini Navoiy, Qodiriy, Dostoyevskiy, Chexov, Hemingueylarni oʻqigan, Bergman, Fellinining filmlarini koʻrganlar tushunmasa?! Ochigʻi, shunday lahzalarda adabiyot va sanʼatning xaloskor kuchiga shubha bilan qaray boshlaysiz. Sanʼat yogʻdusi tafakkur va  qalb zulmatini yorib oʻtolmaydimi?..

Soʻz ayol va siyosat mavzusida ketar ekan, bir zamondoshimizni yodga olmasam boʻlmaydi. Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova nafaqat betakror ijrosi, siyosat-u sanʼat bobidagi dadil fikrlari bilan ham tilga tushgan. Dilorom opa “Birgalikda koʻramiz” teledasturimizning doimiy ishtirokchilaridan. Afsuski, fikriy yakranglik televideniyemiz, jamiyatimizga xos holat. Toʻgʻrisoʻz, zakovatli aktrisamizning fikrlari ana shu yakranglikda bir parcha olovdek koʻzga tashlanadi.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Oʻzim hali bir toʻxtamga kela olmagan bir mavzuda ham fikringizni bilsam. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda mutaassib dindorlar va radikal feministlar toʻqnashuviga tez-tez duch kelmoqdamiz. Ochigʻi, nihoyasi yoʻq bu bahslarga koʻpincha eʼtibor bermayman. Chunki ikkala tomon fikr-qarashida ham teranlikdan yiroq qaysarlik, oʻrlik manaman deb turadi. Muxtasar aytganda, inkorlar jangi! Nazarimda, oltin halqa – uygʻunlik buzilayotir. Shaxsan men ayol falsafasini kecha – bugun – erta birligida, qadriyatlar, tiriklik va taraqqiyot mushtarakligida koʻraman. Sizningcha, feminizm ayolga imtiyozmi yo jazo? Shaxs va ayollik chegarasi, uygʻunligi qay jihatlarda namoyon boʻladi?

Gulmira MUSAJONOVA: Hamma narsada meʼyor boʻlgani, oltin oʻrtalik topilgani yaxshi. Feminizm ham meʼyordan oshsa imtiyozdan jazoga aylanadi. Bundan nafaqat ayol, balki jamiyat ham jabr koʻradi. Umuman, tabiatda uygʻunlik, mutanosiblik yoʻqolsa, muqarrar halokat yuz beradi. Inson avvalo oʻziga, tabiatiga qarshi bormasligi kerak. U botinida qanday tuygʻular kechayotgani, koʻngli nimani istayotganini yaxshi anglaydi. Ayol feministlikni hayot mazmuni deb bilyaptimi, uni sindirish kerak emas, atrofdagilarga ziyon keltirmasa boʻlgani. Ammo feminizm bizning jamiyatda imtiyoz sanalishiga hali ancha bordek. Chunki bizda bu taʼlimotga ijobiy, hatto betaraf munosabatda boʻladiganlar safi siyrak. Turgʻun tasavvur va qarashlar hukmron boʻlgani bois feminizm ayol uchun jazoga aylanishi hech gapmas. Ammo ayol botiniy talab-ehtiyojga koʻra emas, bu tushuncha rasm-rusumga aylanib, dunyoda keng quloch yoyayotgani uchungina uni bayroq qilsa, bu hol oʻziga kulfat keltiradi. Zamon shiddatiga hamqadam boʻlaman deb insonning oʻz tabiatiga qarshi borishi hamisha fojia bilan tugaydi.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Siz bolalikdan kino dunyosi bilan hamnafas oʻsgansiz, bugun ham unga begona emassiz. “Birgalikda koʻramiz” teledasturidan asosan jahon kinosiga moyilligingiz seziladi. Hatto oʻzaro suhbatlarda ham keyingi yillar oʻzbek kinosi haqida lom-mim demaysiz. Bilaman, “afsonaviy” deb sifatlanadigan kinorejissorlarimiz ijodiga muxlislik maqomidan allaqachon oʻtgansiz. Lekin baribir qiziq-da, sukutingizning boisi ne?

Gulmira MUSAJONOVA: Oʻzbek kinosi men uchun dardli mavzu. Siz nazarda tutgan ustoz rejissorlarning aksari shoʻro tuzumi davrida ijod qilgan, ularning aksar filmlari ham oʻsha mafkura mahsuli. Kinochilar oʻz ijodiy ishlarini  farzandim deyishni yaxshi koʻradi. Lekin men baʼzi filmlarni oʻzbekning oʻgay bolasiga oʻxshataman, yuragimda ularga nisbatan iliqlik yoʻq. Chunki bu filmlar tomoshabinda mehr uygʻotmaydi. Oʻtkinchi gʻoya targʻib qilingan kinokartinalarda xalqimizga hamdardlik, yaqinlik tuymaysiz. Oʻzbekning ismi bor-u, oʻzi yoʻq...

Bugun millatga koʻzgu boʻla oladigan haqqoniy kinoasarlar kerak. Yuksalishning yoʻli faqat shu! Buning uchun rejissor avvalo shaxs boʻlmogʻi darkor. Bizda esa aksar kinochilarimiz yo “tepa”, yo ommaga yoqish ilinjida film suratga oladi. Soʻnggi yillarda buyurtma filmlarga ruju qoʻyilayotir. Davlat buyurtmasini birov iqtidori darajasida durust bajarayotgani, yana birov haminqadar film olib ham, uyalmay uni koʻz-koʻz qilib yurganining guvohi boʻlyapmiz. Boz ustiga, yuzaki yondashuv, joʻn talqin, bachkanalik... tomoshabin umidini puchga chiqarmoqda. Ijod va buyurtma bir-biriga zid tushunchalar, asli. Har qancha dohiyona isteʼdod sohibi boʻlmasin, ijodkor anchayin ijrochiga aylansa, yaxshi kartina yarata olmaydi. Chunki oʻlik ruhdan faqat oʻlik asar tugʻiladi.

Milliy kino ravnaqiga fikr sayozligi, ijodkor dardining mahdudligi, shaxsiyat maydaligi ham toʻgʻanoq boʻlayotir. Katta qalb egasi boʻlmish ijodkor boshqa millatlar dardini ham his qiladi, oʻzini sayyora grajdani deb biladi. Professionalizm-chi, deb soʻrashingiz mumkin. Agar ijodkor – shaxsi butun, fikri teran boʻlsa, professionalizm ham albatta boʻy koʻrsatadi.

Jahon sanʼatining yuksak mezonlarini qoʻyaturing, hozir suratga olinayotgan kinokartinalarimiz oʻzbek tomoshabinining kamtarona talabiga javob beryaptimi? Nazarimda, filmlarimiz na sanʼat darajasiga chiqa olyapti, na sanoat oʻlaroq daromad keltiryapti. Kinoga masʼul dargohni ham ijodxona, ham korxona deb atash mumkin. Demak, ijod ahlini tushunib, uni himoya qila oladigan, shu bilan birga, korxona ishini halol yuritadigan kadrlar kerak.

Kino sanʼati vakillari – rejissor, ssenariynavislarimizni qanday oʻylar oʻrtayapti? Ular bizga, dunyoga qanday savollar bilan murojaat etyapti? Umuman, bugungi oʻzbek kinosi zamondoshlarimiz tafakkuri, qalbini nima bilan oziqlantiryapti?..

Bugungi kunda Eron rejissorlari nafaqat oʻz xalqi, balki butun insoniyatga koʻzgu tutib, tahlil-taftishga undayapti. Fors jamiyatidagi kabi dard-iztiroblar bizda yoʻqmi? Agar ijodkor koʻngli sarkash savollardan bedor boʻlmas ekan, filmi ham dardsiz chiqishi aniq. Deylik, Yusuf Roziqov, Sobir Nazarmuhammedov, Jahongir Qosimov, Ayub Shahobiddinovda fikr bor, dard bor, lekin ularga ham nedir xalal berayotgandek.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: “Men bilgan haqiqatlar” koʻrsatuvingiz uzoq vaqt suratga olinadi. Qahramoningizdan kerakli gapni sugʻurib olmaguncha uni ekranga chiqargingiz kelmaydi. Koʻnglingiz toʻlmagan holatlar ham boʻlib turadi deb eshitaman. Suhbatdoshingizdan koʻproq jurʼat kutasizmi yo fikr? Siz uchun shaxsiyat muhimmi yo tafakkur?

Gulmira MUSAJONOVA: Xotirjamroq ishlashimiz rost. Boshqa bir “ayb”imni ham boʻynimga olsam – qahramonimga asosan oʻzimga tinchlik bermayotgan savollarni beraman. Sirasi, koʻrsatuvni ruhiy kechinmalarimga koʻra tayyorlayman, shunga mos qahramon – darddosh qidiraman. Ehtimol, bu unchalik toʻgʻri emasdir, koʻrsatuvda qahramonni tomoshabinga yaqindan tanitish asosiy maqsad boʻlmogʻi lozimdir. Lekin baribir oʻzingiz uchun toʻgʻri javob, maqbul yoʻl topmoq uchun zakiy odamlarning ham fikr-munosabatini bilishni istarkansiz.

“Jurʼatmi yo fikr” masalasiga kelsak, suhbatdoshning jurʼati moʻl-u, fikri sayoz boʻlsa-chi? Yoki fikri quvvatli-yu, jurʼati zaif boʻlsa? Xullas, ikkisiyam muhim.  Odamning maslagi kuchli boʻlsa, unda fikr ham, jurʼat ham poydor keladi. “Butun odam” deganimiz ham asli shu. Hozirga qadar fikrsiz yoki jurʼatsizlarni ekranga olib chiqmadik degan umiddaman. Toʻgʻri qayd etdingiz, fikr va jurʼat obi-tobiga yetmagunicha, savollarim  puxta boʻlmadi, oʻzimdan koʻnglim toʻlmadi, deb qayta-qayta suhbatga taklif qilaveraman. Afsuski, shaxsiyati mayda ijodkorlar ham uchraydi. Koʻp kitob oʻqigan, aqlli, dunyoqarashi keng, ammo shaxsiyati kemtik. Oʻzi bilan kurashda magʻlub boʻlgan bunday odamlarga ham rahmingiz, ham hayfingiz keladi.   

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: “Vatan xoini”, “xorijiy agent” kabi tushunchalar biryoqlama gap, asl dushmanlik ichkarida ham kechadi. Masalan, bizda nodir bisot – arxivga munosabatni millatga xiyonat deb baholagingiz keladi. MTRKning “oltin fondi”da koʻplab spektakllar, portret-koʻrsatuvlar saqlanib qolmagan. Nazarimda, uch sababga koʻra xalq xotirasiga ziyon yetkazilgan: shaxsiy xusumat vajidan, “texnika tanqisligi” bahonasi bilan noyob tasvirlar oʻchirib tashlangan; befarqlik va qoʻrqoqlik. Hozir ham allaqanday “qora roʻyxat” sabab ayrim adabiyot va madaniyat arboblari  suhbatlarini tasmaga muhrlashga jurʼat etmayapmiz. Bu borada oʻzingizni ham aybdor  his qilasizmi? Tarozining bir pallasiga turli bunyodkorlik ishlari-yu Oʻzbekiston bayrogʻining olimpiadalarda hilpirab turishini, ikkinchi pallaga nomatlub nomlar-u OAV va kinodagi senzurani qoʻying – qay birining toshi ogʻir keladi?

Gulmira MUSAJONOVA: Javobni oʻzimni aybdor his qilishni tan olmoqdan boshlasam. Oʻylab qoʻygan bir loyihamni dangasaligim sabab bir yildan beri amalga oshirolmay yuribman. Holbuki, hozir xususiy studiyalar koʻp, texnikani ijaraga olib, nomi “roʻyxat”ga tirkalgan moʻtabar shaxslar bilan kelajak uchun bemalol suhbat qilib qoʻysa boʻladi.

Sir emas, ilm-fan, madaniyat ahli xoʻrlangan, taʼqibga uchragan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Hur fikr, erkin soʻz boʻgʻilgan, ziyolilari uzlatga chekinishga majbur boʻlgan jamiyat nainki maʼnaviy, iqtisodiy tanazzulga ham yuz tutadi.

Siz esga olgan “qora roʻyxat” bizga bolsheviklardan meros qolgan balo, qanchalar johil ekanimizni tasdiqlovchi “vasiqa”! Mustaqil boʻlganimizga oʻttiz ikki yil boʻlyapti, ammo hanuz mustabid tuzumning ayrim illatlaridan voz kecholmayapmiz. Shunday roʻyxatning boʻlishidan birovlar manfaatdormikan degan xayolga boraman. Harqalay, ular millat saviyasi, xalq kelajagi haqida qaygʻurmayotgani aniq. Xoʻsh, unda maqsad-muddao ne? Qoʻrquv, tahlika muhitini saqlab qolishmi? Abulqosim  Firdavsiy “Haqiqat – kuchliligimizdan dalolat, yolgʻon – zaiflikni koʻrsatar faqat”, deb yozgan edi. Demak, kuchli boʻlish uchun ham sharmandali roʻyxatlarni yoʻq qilishga iroda topmoq lozim!

Milliy teleradiokompaniyamiz adabiyot, fan arboblari, umuman, millat oydinlarini tasvirga muhrlashni oʻzining asosiy vazifasi deb hisoblashi kerak. Bu xayrli yumushga befarqlik yaramaydi. Teleradiokompaniya fondida shunday koʻrsatuv, videomateriallar saqlanishi shart. Taassufki, isteʼdodlilarning taqdiri gohida isteʼdodsizlarning qoʻlida boʻladi. Rus tilida “порядочность” degan soʻz bor. Or-nomus, insof-diyonat degani. Ana shu sifat bizda kamyob boʻlib ketyapti. Ziyoli faqat bilimi, tafakkuri kengligi bilan emas, or-nomusi, insof-diyonati bilan tom maʼnoda ziyolidir.

Chinakam demokratik davlat qurishni istagan jamiyatda avvalambor ommaviy axborot vositalari erkin boʻladi. Demak, soha rahbarlaridan ham shaxsiy jasorat, siyosiy iroda koʻrsatmoq talab etiladi.

Sportchilarimizning gʻalabalari bilan faxrlanaman, Oʻzbekistonning dovrugʻini dunyoga yoyishda ularning xizmati katta. Zafarlarga erishish yoʻlidagi mehnat-u mashaqqatlarini eʼtirof etgan holda bir narsani aytishim shart: jismonan kuchli, lekin ilm-fan, adabiyot, madaniyat, sanʼatga ixlossiz odamni raso demoqqa tilim bormaydi. Qolaversa, maqtanishga arzigulik yutuqlar faqat sport bilan cheklansa, boshqa sohalarda taraqqiyotni kutish foydasiz.

Iqtisodi haminqadar boʻlgan mamlakatlarda ham ayrim sport turlari rivojlanar ekan. Taʼlim tizimi qoloq jamiyat yoshlari uchun sport pul topish, dunyo koʻrishning yagona yoʻliga aylanadi. Mutaraqqiy, oʻziga toʻq davlatlarda esa odamlar sport bilan shaxsiy kamolotini koʻzlab shugʻullanadi. Medal olmasa, bundan fojia yasamaydi. Musobaqada gʻalaba qozonsa, hukumat uy ham, mashina ham bermaydi. Zotan, yaxshi oʻqisa, munosib mehnat qilsa, bariga oʻz kuchi bilan erishishi mumkin.

Bizda ham taʼlim muammolari hal qilinsa, koʻp masalalar oʻz-oʻzidan yechim topadi. Hatto poytaxt Toshkentda maqtanishga arziydigan maktablar sanoqli, ularda ham asosan hukumat aʼzolari, senator, deputat va puldorlarning farzandlari taʼlim oladi. Imkoni borlar esa bolalarini chetda oʻqitadi. Bunday katta-kichik mansabdorlar oʻzi, farzandlari kelajagini Oʻzbekistonda koʻrsagina chinakam rivojlanish boʻladi.

Iqbol QOʻSHSHAYEVA: Oʻtgan asrning qirqinchi yillarida suratga olingan bir necha yapon filmini tomosha qildim. Birida muhabbat motivi orqali yapon jamiyatidagi siyosiy vaziyat, ijtimoiy hayot aks ettirilgan. Xalq bilan bir chaqalik ishi yoʻq partiyaning nomi – “Xalq birdamligi”! Holbuki, u uch-toʻrttagina odam manfaatiga xizmat qiluvchi toʻda, xolos. Yana bir filmda anʼanaviy kabuki teatridan keyin zamonaviy sahna sanʼati, ijodiy novatorlik qanday mashaqqat bilan vujudga kelgani hikoya qilingan. Tomosha asnosida kino sanʼati yapon uygʻonishi, milliy tafakkurga qanchalik taʼsir etgani haqida oʻyladim. Oʻz-oʻzidan  bugungi oʻzbek jamiyati koʻz oldimga keldi: xalqi – siyosatchisiga nisbatan vatanparvar, shoir-yozuvchisidan koʻra ziyoli, hokimidan maʼrifatli, maʼnaviyatchisidan maʼnili, sanʼatkoridan ilgʻor, jurnalistidan dadil jamiyat. Albatta, bu oʻta subyektiv kuzatuv...

Gulmira MUSAJONOVA: Mulohazalaringizni tinglayapman-u, “jamiyatimiz xasta” degan oʻjar fikr kelmoqda xayolimga. Eʼtibor berganmisiz, xalqning haqqini yeyishga ruju qoʻygan, uchiga chiqqan poraxoʻrlar vatanparvarlik, insof-diyonat haqida koʻp gapiradi. Ehtimol, shu bois ham yoshlar bizga ishonmay qoʻygandir. Gapimiz bilan amalimiz boshqa-boshqa-da! Kattalar mudom yoshlarning tarbiyasizligi, bilimi pastligidan noliydi. Ular shunday ekaniga avvalo oʻzimiz aybdormiz-ku! Yoshlar hamma masalada kattalardan andaza oladi, axir.

Iqtidorli, bilimli yoshlarimiz oʻz kelajagini Oʻzbekiston bilan bogʻlashni istamayotgani – jiddiy muammo. Bu haqda bosh qotiryapmizmi? Korrupsiya, koʻzboʻyamachilik ildiz otgan, qonun oldida hamma tengligi toʻliq taʼmin etilmagan muhitda yashashni istamagani uchun yoshlarni ayblash toʻgʻrimi?..

Jamiyatimizga chinakam shaxslar zarur deb takrorlashdan charchamayman! Shaxs – har bir masalada mustaqil fikrga ega inson. Hatto kiyinishida ham u shaxs ekani bilinib turadi. Rahmatli rejissorimiz Bahodir Yoʻldoshev sanʼat va madaniyat instituti talabalariga oq koʻylak, qora shim shart emas, ular  “men”i, ichki dunyosi, individualligini koʻrsatuvchi kiyimda yurgani maʼqul, deb aytardi. Chindan ham, boʻlajak ijodkor jillaqursa kiyinishda erkin boʻlishi kerak-ku!

Dunyo evrilishga yuz tutyapti. Buni oxirgi vaqtlarda yanada yaqqol his qilyapman. Jadal taraqqiyotga monand odimlamasak, holimizni oʻzgartirmasak, qoloqlikdan qutula olmaymiz.

Iqbol QOʻShShAEVA: Gulmira opa, gohida “qayta qurish” yillarida boshqa millat adiblarining gʻaladonidan qoʻlyozmalar topildi, lekin bizdan hech narsa chiqmadi, degan maʼnodagi nadomat quloqqa chalinib qoladi. Bu boʻshliqning sababini endi tushungandekman. Qaysi bir mashhur shoirning ayoli azbaroyi eriga “yaxshi boʻlishi uchun” sheʼrlariga qalam urgan, yana bir atoqli adibimizning rafiqasi turmush oʻrtogʻi vafot etgandan keyin uning qoʻlyozmalarini oʻqib, dahshatga tushganidan yoqib yuborgan, degan gaplar yuradi. “Otasi,  qoʻying, bunaqa qaltis sheʼr-u maqola yozmang,  bizni oʻylang” qabilidagi gaplar hur fikrga moyil ijodkorlarning oilasida tez-tez takrorlanadi. Yoki yana bir katta shoiramizning turmush oʻrtogʻi uning har bir satrini siyosatchi senzor koʻzoynagi bilan oʻqib chiqardi. “Hayotimni mahv etgani yetmaganidek, xayollarim, oʻy-fikrimni ham tahrir qiladi”, deb yozgʻirgan damlari ham boʻlgan...

Adabiyotimizning yaqin tarixidagi maʼnaviy magʻlubiyatlar, bugungi yutqiziqlar ildizini tahlil qilaturib, oʻylab qoldim: agarda “Ityurak”, “Usta va Margarita”, “Doktor Jivago” kabi romanlarni yozish saodati oʻzbek yozuvchilarining chekiga tushganida bu noyob asarlar xonadon ostonasidan hatlab chiqarmidi? Yoki qoʻlyozmalar faqat oila oʻchogʻining koriga yararmidi? Haqrost, ijodkorning vafodor ayoli, bolalarining mehribon onasi boʻlish hammaga ham nasib etmaydigan tole, ogʻir  va sharafli imtihon! Lekin sadoqat tuygʻusi maishiy biqiqlikdan yuksalib, ijtimoiylashuvi butkul boshqa masala. Masalan, Margaritaning prototipi boʻlmish Yelena Bulgakova ziddiyatliroq siymodir, biroq aynan uning sharofati bilan yozuvchining qoʻlyozmasi “yonmadi”, dardi va hayoti tahrirga uchramadi-da...

Gulmira MUSAJONOVA: Shoir Osip Mandelshtamning rafiqasi Nadejdani  ham farishta deb boʻlmasdi, ammo eri hibsga olingach, uning ijodiy merosini saqlab qoldi. NKVD xodimlari qoʻliga tushsa yoʻq qilinishini bilgan ayol turmush oʻrtogʻining nafaqat sheʼrlari, balki nasriy asarlarini ham yodlab olgan ekan. Keyinchalik ularni biron soʻz, biron satriga xiyonat qilmay chop etdi. Shu ayolning matonati sabab Mandelshtam asarlari bizgacha yetib keldi.

Umr yoʻldoshining ijodiga umuman qiziqmaydigan, biror asarini oʻqimagan ayollar ham bor. Toʻgʻrisi, aralashib, ijodiga xalal bergandan koʻra bilmagani, oʻqimagani ham yaxshi. Biroq oʻzini dono,  siyosiy hushyor, maʼnaviyatning ishonchli qoʻriqchisi deb hisoblasa – ana unda urdi Xudo! Bunday ayol oʻzining tang-u tor, daqqi qarashlardan iborat dunyochasiga erini egib-bukib sigʻdirishga harakat qiladi. Oqibatda ne-ne asarlar dunyoga keliboq boʻgʻiladi, yo tugʻilmasdan oʻladi.

Bordi-yu ayoli shon-shuhrat,  moddiyat, yaltiroq narsalarga oʻch boʻlsa-chi? Va erini zamonasozlik qilish, yolgʻon yozishga undasa-chi?.. Har jabhada ijodkorni tushunadigan, hamdard-hamfikr boʻladigan, qoʻllab-quvvatlaydigan insonni topish qanday saodat!

Ijodkorga hamnafaslik yukini hamma ham koʻtara olmaydi. Aynan shu ikki odamning bir-biriga munosabati kezi kelganda millat adabiyotining taqdirini  hal qiladi. “Boshqa chorang qolmasa, dod sol! Sukut saqlash – insoniyatga nisbatan jinoyatdir”, deb yozgan edi Nadejda Mandelshtam “Esdaliklar”ida. Toʻgʻri, sukut saqlash – donolik alomati, harholda, yolgʻon soʻzlash, tilyogʻmalik qilishdan koʻra afzal. Ammo hayotda jim turish noravo, baralla gapirish shart boʻlgan holatlar ham bor. Sukutimiz sabab adolatsizlik tantana qilmasligi uchun ham qoʻrquvni yengishimiz kerak.

Suhbat davomida bu tuygʻu haqida qayta-qayta gapirdim, a? Chunki menga ham qoʻrquv begona emas. Qani edi, uni butkul yenga olsam!..

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Andishaning toshi ogʻir” suhbati