Mehmon kutish va kuzatish odati dunyodagi aksariyat millatlarga xos xususiyat. Oʻzbek xalqi esa bu borada hamisha eʼtirofga sazovor boʻlib kelgan. Bu joʻmard odat juda qadim zamonlardan boshlab ixtiyor etilgan. Madaniyatimizning koʻhna manbalarida mehmondorchilik insonning, oilaning, qabila va xalqning odamiyligi , madaniy va maʼnaviy munosabati va muloqot mezoni sifatida juda katta ehtirom bilan tilga olingani ham bejiz emas.
Sharq xalqlari orasida mashhur boʻlgan Hotami Toy hikoyatlar, Alisher Navoiy asarlari orqali koʻpchilikka tanish. Ularda eng soʻnggi luqmasigacha saxiylik bilan mehmonga tutqazgan, oila va qabila shaʼnini saqlab qolgan inson haqida hikoya qilinadi. Xalqimiz qadim zamonlardanoq “Mehmon otangdek ulug‘” degan aqidaga amal qilgan holda mehmonni xushtavoze, koʻngli ochiqlik bilan kutib olgan (Quvonova F. Mehmon kutish sanʼati. − T., “Yangi asr avlodi”, 2007. −B. 5).
Tariximizga nazar tashlab mehmondoʻstlikning ibratli namunalarini uchratishimiz mumkin. Qadimdan Sharqda maxsus musofirxonalar, karvonsaroylar mavjud boʻlgan. Oʻzga shahar va mamlakatlardan kelgan sayyohlar, savdo-tijorat ahllari, musofirlar bu maskanlarda boshpana topishgan. Oʻziga toʻq ota-bobolarimiz shahar va qishloqlarni tutashtirib turuvchi yoʻllarning boʻylarida rabotlar qurishgan. Yoʻlovchilar ana shu rabotlarda hordiq chiqarib, yana yoʻllarida davom etishgan. Hozirda ham qadimgi “Buyuk ipak yoʻli”, Termiz-Qarshi avtomobil yoʻlining Dehqonobod tumanidagi Oqrabot qishlogʻida shunday rabotlardan birining devorlari saqlanib qolgan. Qishloq ilgari “Oxir Rabot”, keyinroq “Oq Rabot” deb atala boshlagan (Dala yozuvlari. Dehqonobod tumani, Oqrabot qishlogʻi. 2018-yil).
Karvon yoʻllarining chorrahalarida musofirxonalar, karvonsaroylar (maʼlumotlarga qaraganda har 24 km. masofada, yaʼni bir kunlik tuya yoʻli hisobida qoʻnalgʻalar qurilgan) boʻlgan. Qadimda har bir boy xonadonning tashqarisida mehmonxona joylashgan. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida margʻilonlik savdogar Mirzakarim qutidorning mehmonxonasi haqida։ “Hovlining kun chiqarida kun botishiga qarab solingan, uncha maxtarlik boʻlmasa ham ammo zamonasining oldingi binolaridan hisoblangan bir ayvon bilan bir uyga koʻz tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan boʻsh, shuning uchun bu hovli oilaning tashqari qismi – mehmonxona ekanligi anglashilur” (Qodiriy A. Oʻtgan kunlar. −T.: “Hilol media”, 2019.−B.26). Oddiy xonadonlar ham uyining bir xonasini mehmonlar uchun alohida ajratib, shunga yarasha jihozlab qoʻyishgan. Bu xona imkon qadar qulayliklar bilan taʼminlangan (Usmon Hosil. (Qoraboev). Odatnoma. −T., “Oʻzbekiston”, NMIU, 2016. −B. 141). Alohida mehmonxona uchun xona ajratish imkoni boʻlmagan xonadonlar chiroyli matolardan tikilgan 3-4 koʻrpacha, 3-4 bolishni (yostiqni) xonalardan birining burchagiga taxlab, qoʻyishgan. Bu koʻrpacha va yostiqlar mehmonlar kelgandagina ishlatilgan.
Xalqimizda xonadonga mehmon kelishi maʼlum maʼnoda sharaf hisoblanadi. Koʻp mehmon keladigan oilalarga nisbatan “eshikli uy”, “keldi-ketdisi koʻp”, “mehmondoʻst”, “mehmonnavoz”, “dasturxoni ochiq uy” degan xayrli iboralar ishlatiladi. Ota-bobolarimizning mehmon kutish odatlari kelayotgan kishining obro‘-eʼtibori, jamiyatda tutgan mavqeiga yoki yaqinligiga qarab turlicha boʻlgan. Kimgadir oddiy choy-non qoʻyilgan. Yuksak hurmatga munosib mehmonlar boʻlsa, qoʻy soʻyilib, qoʻni-qoʻshni va yaqinlar chaqirilib, ziyofat berilgan. Katta amaldorlar orasida mehmondorchilik hatto toʻn berish darajasigacha koʻtarilgani tarixdan maʼlum (Usmon Hosil. (Qoraboev). Odatnoma. −T., “Oʻzbekiston”, NMIU, 2016. −B. 141). Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida” degan asarida sohibqiron Amir Temurning mehmonlarga koʻrsatgan hurmat-eʼtibori haqida maʼlumotlar keltirilgan։ “Ispaniya va boshqa turli mamlakatlardan kelgan elchilarni oʻtqazishib boʻlganlaridan soʻng, koʻpgina qaynatilgan, dimlangan, qovurilgan qoʻy goʻshtidan va qovurib pishirilgan ot goʻshti bilan mehmon qilishdi. Bu qoʻy goʻshtlarini tutqichli katta terida olib kelishdi. Sohibqiron goʻshtdan tanovul qilishni istasa, xizmatkorlar terini ustidagi taomi bilan uning oldiga olib borishar, chunki goʻsht koʻpligidan terini koʻtarsalar yorilib, yirtilib ketishi mumkin edi. Sohibqironning oldiga yigirma qadamcha qolganda xizmatkorlar toʻxtadi va goʻshtni nimtalash uchun qassoblar qoʻllariga teri qoʻlqop kiygan holda keldi va tiz choʻkib goʻshtlarni nimta-nimta qilishdi, boʻlaklarini birma-bir mis, sopol, kumush, tilla va qimmatbaho chinni idishlarga solishdi.
Yaxshi koʻrib yeydigan ovqatlari pishirilgan ot goʻshti boʻlib, u otning bel qismidan, suyaksiz holda pishirilgan bu taomni tilla va kumush idishlarga qoʻy goʻshti bilan yonma-yon solishdi, yana yoniga mushtday keladigan pishirilgan ot jigari hamda qoʻy kallalaridan solishdi. Shunga oʻxshatib tayyorlangan boshqa taomlarni ham yonma-yon qoʻyishdi. Keyin xizmatkorlar idishlarida shu taomning shoʻrvasini olib kelishib, haligi goʻshtlar ustidan qoʻyib, taomlarning ustiga toʻrttadan yopilgan nonlardan qoʻyib, ikkita va uchtadan boʻlishib taomlarni Sohibqironning va mehmonlarning oldiga olib borishdi. Sohibqiron hurmat yuzasidan oldidagi taomlardan ikki xilini elchilarning oldiga olib qoʻydirdi. Shu goʻshtni qoʻyishi bilanoq, unisini olishib, yana boshqa goʻshtni olib kelib qoʻshdi. Birinchi qoʻyilgan goʻsht odat boʻyicha mehmon oʻzi bilan olib ketishi uchun qoʻyilar, lekin koʻpligidan uni koʻtarib ketishning oʻzi boʻlmas edi. Agarda elchilarning oldiga qoʻyilgan goʻshtlarni olib ketishning iloji boʻlganda edi, ular uchun bu yarim yilgacha yetar edi. Qovurilgan va pishirilgan qoʻy goʻshtini olib oʻrniga dimlab pishirilgan qoʻy goʻshti va har xil taomlar bilan mehmon qilib, soʻngra shirin-shakar hoʻl mevalardan-olma, uzum, shaftoli, tarvuz, qovun, keyin oltin va kumush koʻzalarda qand solingan ot suti olib kelishdi. Aytishlaricha, juda shirin, mazali bu ichimlik asosan yozning issiq kunlarida koʻproq ichilar ekan... Elchilar qabul qilingan bogʻning nomi “Dilkusho” edi” (Rui Gonsales de Klavixo. Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida. –T., “Zamin nashr”, 2019. −B. 118˗120).
Karim Mahmudov (1926–1990) oʻtgan asr 80-yillarida chop etilgan “Mehmonnoma” nomli asarida shunday yozadi: “Moʻtabar keksalar bilan suhbatda aniqlandiki, qadim zamonlardan buyon samarqandliklar mehmonni xuddi non-nasiba kabi hurmat qilar ekanlar. Mehmonga atab ataylab maxsus patirlar pishirilgan, nonni tayyorlaganlarida yuzini xamirdan naqshinli kungirador qilib bezatganlar. Hatto baʼzan nonning yuziga sheʼriy misralar va aziz mehmonlarning nomlari bitilgan. Mehmonlar ketar paytida bayot bitilgan, chiroyli bezatilgan nonlarni ularning qoʻliga tutqazishgan. Ushbu nonlarni mehmonlar eʼzozlab sanʼat asari kabi oʻz uylari devorlariga osib qoʻyganlar. Yaxshi mehmondorchilikdan esdalik boʻlgan non yana bezak vazifasini bajarib turgan” (Mahmudov K. Mehmonnoma. –T., “Yosh gvardiya”, 1989. −B. 8).
“Uyga mehmon kelganda dasturxonga juft non qoʻyilgan. Nonni sotib olish (odat) boʻlmagan. Oilada non tugagan boʻlsa yoki shu kuni non pishirilmagan taqdirda, qoʻni-qoʻshnidan bir-ikkita olib turganlar va u erta-indin qaytarib berilgan. Shuningdek, udumga koʻra, kimda-kim non yopsa, albatta, qoʻshniga bitta non chiqargan. Non uzilayotgan vaqtda tandir yonidan biror oʻtkinchi oʻtib qolsa, taomilga koʻra, issiq nondan bir ushatim unga uzatilib, mehmon qilingan.
Ovulga eshon kelganda barcha xonadonlar uni mehmon qilishga harakat qilgan. Odatda, qavm pirlari muayyan xonadonlarga joylashtirilar, har bir xonadon egasi oʻzining eng tansiq taomini eshon qoʻngan uyga olib borar edi. Bulamiq, shirbirinch, qaymoq aholining eng tansiq taomi hisoblangan. Qadrdon doʻstu birodarlar kelganda katta izzat-ikrom bilan mehmon qilishgan. Iloji yetganlar doʻst hurmatiga mol soʻyib, barcha qarindosh, qoʻshnilarini ham chaqirishgan. Ovulda (qishloqda) biron kishi mol soʻyganda, butun ovuldoshlar chaqirilib mehmon qilingan.
Kelgan mehmon uyning toʻrida, mezbon uning qarshisida oʻtirgan. Katta yoshli odam, xoh mehmon, xoh mezbon boʻlsin, birinchi boʻlib hol-ahvol soʻrashni boshlagan. Jiyda yoki behi bargidan choy damlangan. Mezbon choynakdagi choyni uch marta qaytargan. Birinchi piyolani oʻziga olgan, keyin mehmonlarning yoshiga qarab navbati bilan choy uzatilgan. Kambagʻal oilalarda piyola kam boʻlgani uchun bitta piyola navbati bilan aylantirilgan. Ovqat ham shunday yeyilgan bir tovoqqa bir qoshiq qoʻyilib, navbati bilan shoʻrva (qaynatma shoʻrva, lochira shoʻrva) ichilgan. Palov va boshqa quyuq ovqatlar esa qoʻl bilan yeyilgan” (Umarov I. va boshqalar. Surxon vohasida etnik tarix va etnomadaniy jarayonlar (Xatakilar urugʻi misolida). −T.: “Oʻzbekiston milliy kutubxonasi”, 2014. −B. 164˗165).
Uyda, ayniqsa, toʻy-maʼraka va yigʻinlarda dasturxon soladigan, xilma-xil taomlarni dasturxonga chiroyli qilib tortadigan va noz-u neʼmatlarning hammaga baravar taqsimlanishini taʼminlovchi kayvonilar boʻlgan. Toʻy va bayram tantanalarida mehmonlar uchun dasturxon yuksak did bilan bezatilgan.
Oʻzbekcha dasturxon bezatishning oʻziga xosligi shundaki, dastavval, issiq ovqatlardan tashqari hamma xoʻraklar, jumladan, har xil shirinliklar, yaxna ovqatlar, meva-chevalar joy-joyiga qoʻyilishi zarur. Mehmon dasturxoni doimo toʻkin boʻlishi zarur. Buning uchun hamma yeguliklar muhayyo etilib, dasturxonga noz-neʼmatlar birvarakay tortilgan. Bu esa mehmonlarning taomlar xiliga qarab, tegishli ishtahani saqlay olishlari va ovqatlanishning toʻgʻri tashkil etilishiga imkon bergan. Milliy urf-odatimizga binoan mehmonlarni dasturxon atrofiga joylashtirish, asosan, ularning yoshiga va el oldidagi hurmatiga qarab toʻrdan boshlangan. Fotiha oʻqilgach, avval non ushatilib, mehmonga choy beriladi, keyin issiq ovqatlar tortiladi. Ovqat ham dastlab yoshi kattalarga va toʻrda oʻtirganlarga berilgan. Choy har bir mehmonga bir piyola beriladi, janubiy viloyatlarda yashovchi turkmanlarda (masalan, Termiz yaqinidagi Pattakesar turkmanlarida, Qashqadaryoda Pomiq turkmanlarida) har bir kishiga bittadan kichikroq choynak va bittadan piyola beriladi va mehmon oʻz xohishiga koʻra choyni quyib ichaveradi. Koʻpchilik joylarda choyni mezbonning oʻzi quyib beradi yoki bu vazifa mehmonlar orasidagi eng yoshiga yuklatiladi.
Odat boʻyicha, oʻzbek xonadoniga kelgan kishi choy ichib keting, choy qilib beraman, choyga oʻtiring kabi shirin soʻzlar bilan dasturxonga taklif etiladi. Oʻzbeklar qayerda boʻlmasin taomlanayotgan boʻlsa, yaqin kishisini tanish-bilishini oʻz taomiga sherik boʻlishga taklif etadi. Bayram va hayit kunlari xonadonda shirin taomlar pishirilsa, qoʻni-qoʻshnilarga uzatiladi. Bu odat hozirgacha koʻproq qishloq aholisi orasida kuzatiladi. “Bor tovogʻim, kel tovogʻim, bormasang, kelmasang oʻrta yerda sin tavogʻim” – bu maqolni qishloq momolari kelinlari va qizlariga bot-bot qaytarib turadi, bu maqol qoʻshnilar orasida mehr-oqibatni mustahkamlaydi. Bugungacha qishloqlarda bogʻlarida pishgan mevalardan, sabzavotlardan, poliz ekinlaridan qoʻshnilarga ulashiladi, yaʼni “hamsoya tovoq” qilinadi (Jabborov I. Oʻzbeklar: turmush tarzi va madaniyati. −T.: “Oʻqituvchi”, 2003. −B. 60).
Mezbon mehmonni taomlarimizning sultoni — palov bilan siylagan, mehmon shoshib turgan boʻlsayam bitta osh (palov) yemasdan ketmaysiz, deb turib olgan, hozir ham shunday: izzatli mehmonga bitta osh yedirmasdan javob berilmaydi.
Dasht qishloqlari aholisi izzatli mehmonni “jonliq” soʻymasdan uyidan chiqarmaydi. Mehmonning mavqeiga qarab “jonliq” echki, qoʻy, uloq hech boʻlmaganda xoʻroz boʻlishi mumkin. Shaharlarda, katta qishloqlarda qassobxonalar boʻlib, qassoblar goʻshtni bozorlardagi maxsus goʻsht rastalarida yoki uylaridagi goʻsht doʻkonlarida sotishgan. Qassoblik otadan bolaga “meros” hisoblangan yoki ota bolasini qassob boʻlishini istasa, usta qassobga shogirdlikka bergan. Bugun ham bu anʼana davom etmoqda. Jarqoʻrgʻon tumanida yashovchi Sanaqulovlar sulolasi shunday sulolalardan biri hisoblanadi. Katta aka Shaydullo qassob, Narzullo qassob, Sayfullo qassob, Tillohoji qassob, ikkinchi avlod: Saʼdullo qassob, Shuhrat qassob, Sirojiddin qassob, Sanjar qassob, Mansur qassob... Endilikda uchinchi avlod vakillari ota-bobolar ishini davom ettirmoqda (Dala yozuvlari. Jarqoʻrgʻon shahri. 2019-yil).
I.Jabborovning qayd etishicha։ “Qadimgi chorvador oʻzbeklarda mehmon kelganda qoʻy soʻyilsa, dastlab unga goʻsht, jigar-oʻpka, buyraklaridan ozroq yogʻda (jizgʻa bilan, yaʼni dumba bilan) qovurib beradi. Keyin shoʻrva osilib, goʻshti alohida laganda dasturxonga tortiladi. Oʻzbekiston janubidagi dasht oʻzbeklarining bir qismida hozirda ham mehmonga qoʻyning kallasi, oyoq va ichak-chavoqlarini pishirib qoʻyadilar (Jabborov I. Oʻzbek xalqi etnografiyasi.−T.:“Oʻqituvchi”, 1994.−B.163). Mabodo mehmonga qoʻyning kallasi pishirib tortilmasa, mezbon mehmonni eski goʻsht bilan mehmon qilgan, yaʼni hurmatini joyiga qoʻymagan, deb hisoblangan (Oʻzbekiston hududida anʼanaviy etnoslararo jarayonlar (XIX asr oxiri XX asr boshlari). −T.: “Yangi nashr”, 2011. –B. 109).
Bugungi kungacha ham xalqimiz mehmondorchiligida qadimiy anʼanalar maʼlum darajada saqlanib kelinayotgani, bu esa hududlarda oʻziga xos etnik va lokal xususiyatlar mavjud ekanligini koʻrsatadi. Karvonsaroylar soni savdo-sotiqning rivoji bilan bogʻliq boʻlib, Oʻrta Osiyoda Buxoro amirligi alohida mavqega ega edi. XIX asrning 60-yillarida Denovda 5 ta, Sherobodda 3 ta, Boysunda 2 ta, Kitobda 3 ta, Shahrisabzda 7 ta karvonsaroy mavjud boʻlgan boʻlsa, XX asr boshlariga kelib birgina Shahrisabzda ular soni 4 baravarga koʻpayib 28 taga yetdi (Suxareva O. Buxara (XIX-nachalo XX v.). −M.: “Nauka”, 1966. −S. 52). Buxoro amirligining markazi sanalmish Buxoro shahrida karvonsaroylar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar turli manbalarda turlicha qayd etiladi. F.Yefremov Buxoro shahri Chorsusida pishgan gʻishtdan qurilgan 4 ta karvonsaroy boʻlganini qayd etadi (Yefremov F. Devyatiletnee stranstvovanie. −M.: “Nauka”, 1950. −S.26). N. Xanikov savdo-sotiq munosabatlarining oʻsishi natijasida karvonsaroylar soni oshib borganini aytib oʻtadi (Xanыkov N.V. Opisanie Buxarskogo xanstva. −SP b.։ B.I., 1843. −S. 88). XX asr boshlariga kelib, karvonsaroylar soni 60 dan ortib ketgani, M.S.Yusupov maʼlumotlariga qaraganda, ular soni 70 dan ortiq boʻlgan. Ularning ayrimlari haqida qisqacha maʼlumot ham berib oʻtgan. Jumladan, Saroyi jannat makoni, Saroyi domulla Sher, saroyi Hakim-oyim, Saroyi-Xoʻjakalon, saroyi Qushbegi va boshqalar (Suxareva O. Buxara (XIX-nachalo XX v). −M.: “Nauka”, 1966. −S. 54–57).
Bugungi kunda sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilayotgan sharoitlarni birgina Qashqadaryo viloyati misolida olib qarasak, Qarshi shahrida 21 ta, Shahrisabz shahrida 2 ta, Koson tumanida 2 ta, Muborak tumanida 2 ta, Mirishkor tumanida 1 ta mehmonxona ishlab turibdi. Bundan tashqari, Shuningdek¸ 10 ta sayyohlik firmasi mavjud. (Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining ijtimoiy˗iqtisodiy rivojlanishining kompleks oʻrganish natijalari boʻyicha yigʻma tahliliy material. −T.։ “Sano˗standart” −2017. −B. 107).
Mamlakatimiz janubida yashovchi oʻzbeklarning taomlari, pazandachiligi va mehmonnavozlik madaniyati ming yillar davomida shakllanib sayqal topgan. Oʻtgan davrda sodir boʻlgan tarixiy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda roʻy bergan oʻzgarishlar aholi turmush tarziga qanchalik kuchli taʼsir koʻrsatishiga qaramasdan eldoshlarimiz mehmon kutish va kuzatish anʼanalarini hali hanuz eʼzozlab kelmoqda.
Bahodir RAHMONOV,
tayanch doktorant