Odamlar dindor, namozxon, taqvodor insonlarni yaxshi, insofli odam deb umid qilishadi. Ulardan chiroyli xulq va ibrat boʻladigan “odamgarchilik” kutishadi. Ammo muomala qilishganidan keyin esa koʻplarining hafsalalari pir boʻladi. Bu real hayotda uchrab turadigan ayni haqiqatdir.

Hayotda din boshqa, insoniy muomila boshqa. Aslida, din barcha chiroyli axloqlarga buyuradi, ammo bu degani hamma dindorlar ham yaxshi xulqli degani emas. Din insonning oʻzi bilan Robbisi orasidagi narsa. Odam hayotda dini bilan emas, xarakteri bilan yashaydi. Gohida inson juda taqvodor, Qur’oni karimni toʻliq yodlagan qori boʻlishi, ammo oilasida, yaqinlari orasida, odamlar bilan muomalada juda insofsiz, ziqna yoki teskarisi, – umuman dinsiz boʻlib, odamlarga muomalasi goʻzal, mard inson boʻlishi ham mumkin.

Endi gapimning isbotiga bir nechta misollar keltiraman:

1. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Toifdan qaytayotganlarida Mutʼim ibn Adiy ismli bir mushrikning himoyasi ostida Makkaga kirganlar. Paygʻambarimiz o‘z hayotlarini oʻsha mushrik odamga ishonib topshirganlar va u oʻz oʻgʻillari bilan kelib Rosulullohni Makkaga olib kirib: Ey Quraysh, men Muhammadni himoyamga oldim, kim unga tajovvuz qilsa qarshisida meni koʻradi, degan edi;

2. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida ham oʻzlariga Abdulloh ibn Urayqit Laysiy ismli bir mushrik kishini yoʻlboshlovchi qilib olgan edilar. Vaholanki, Makka mushriklari kim Rosulullohni tutib kelsa yuzta tuya mukofot belgilagan edilar. Ammo oʻsha mushrik odam Rosulullohni sotmadi, balki vaʼdasiga vafo qilib eson-omon Madinaga yetkazib qoʻydi;

3. Ibrohim alayhissalom ayollari Bibi Hojarni goʻdagi bilan choʻlga tashlab kelganlaridan keyin u yerdan Zamzam suvi chiqadi. Ona-bola yolgʻiz yashay boshlaydilar. Oradan bir oz vaqt oʻtgach u yerdan yamanlik jurxun qabilasi katta karvon bilan oʻtib qoladi. Qarasalar yolgʻiz ona-bola, boshqa hech kim yoʻq. Suv bor, yaxshi hayot kechirish uchun hamma imkonlar mavjud. Shunda karvon boshliqlari Hojar onamizning oldilariga kelib shu yerda yashab qolish va suvdan foydalanish uchun izn soʻraydilar. Onamiz ularga izn beradilar.

Qarang, bular ham oʻzlari mushrik, haq eʼtiqodda emas: ular uchun ona-bolani haydab yuborish yoki oʻldirib tashlash qiyin emas. Ammo butparast boʻlsalar ham mardlik, odamgarchilik qilib shu ojiza bir ayoldan izn soʻradilar...

Bu kabi misollar bisyor. Bu holning teskarisiga esa tarixdan dalillar topish juda qiyin. Chunki ajdodlarimiz dinda mustahkam boʻlgan sari, birovning haqidan qoʻrqadigan, insof-adolatli boʻlib boraverishgan. Ammo hozirgi davrda...

1. Bir akamiz qizini uzatdi. Boʻlajak kuyov Qurʼonni toʻliq yodlagan qori ekan, deb xursand boʻlib yurdi. Afsuski, turmushlari bir yilga ham bormadi. Oilaning ichiga kirmayman-u, ammo qiz qaytib kelganida otasining ahvoli ancha ayanchli edi... Endi shu akamiz qori desa xoʻsh deydigan boʻldi...

2. Bir birodar xristian ustadan mening guvohligimda ming AQSh dollari miqdorida qarz oldi – men oʻrtaga tushmaganman, oʻzlari gaplashishgan. Ammo pulni olib, u birodarga men joʻnatib yuborganman. Birodar pulni oldi-yu, izini koʻrsatmay ketdi. Bir kuni shu xristian usta bilan koʻrishib qoldik.

– Men sizlarning Alloh, Alloh deganlaringga umuman ishonmayman, sizlarda din yoʻq, dedi u...

3. Bir tanishim bir ayolning rasmini koʻrsatdi. Rasmni koʻrib qoʻrqib ketdim. Kaltaklangan, tekkan kaltak zarbidan yuzlari shishib ketgan. Itni ham bunday urmaydilar. Kim bu, desam, dugonam, Makkada yashaydigan bir birodarga ikkinchi xotin boʻlib turmushga chiqib ketgandi. Mana ahvoli, dedi...

Koʻryapmizki, yaxshi-yomon, insofli-noinsof, ishonchli-ishonchsiz odamlar dindorlar ichida ham, dinsizlar ichida ham bor. Dindor odam ham qoʻpol, ziqna, baxil, badxulq... boʻlishi mumkin. Har kimning dini oʻzi bilan Robbisi orasida bunyod boʻladi. Insonlarning dini emas odamiyligi muhim.

Shuning uchun ham Umar roziyallohu anhuning oldida bir kishi maqtalganida, “Sen oʻsha odam bilan oldi-bergi qilganmisan, yoki safarda birga boʻlganmisan, yoki qoʻshni boʻlganmisan?”,  deb maqtalgan odamning insoniy muomalaga oid sifatlarini soʻraganlar. Dinini yoki taqvosini surishtirmaganlar...

Hasan TEMIROV