Shunday bir dunyoni tasavvur qilingki, unda shamol daraxtlar orasidan shivirlasin, o‘tlar mayin tebransin va bulutlar osmon bo‘ylab suzib yursin. Bu oddiy tasvir ortida Hayao Miyazaki – jahon animatsiyasida tub burilishni amalga oshirgan, 11 ta toʻliq metrajli film yaratgan, “Oskar” mukofoti sohibi va anime janrini bolalarning oddiy koʻngilochar filmidan teran falsafiy sanʼat darajasiga koʻtargan afsonaviy rejissyordir.

Animatsiya sanʼati bir asrlik tarixga ega, ammo uning ichida Miyazaki fenomeni qanday paydo boʻldi? Qanday qilib u Spirited Away va the Boy and the Heron filmlari bilan “Oskar” mukofotini 2 marta qoʻlga kiritib, Disney imperiyasining monopoliyasiga soya soldi? Nega uning Studio Ghibli tomonidan yaratilgan filmlari 1,5 milliard dollardan ortiq daromad keltirib, 35 dan ortiq tillarga tarjima qilindi?

Miyazaki ijodi madaniy chegaralarni osonlikcha kesib oʻtib, butun dunyoda eʼtiroflarga sazovor boʻldi. Ushbu maqolada biz uning ijodiy olamiga chuqurroq nazar tashlaymiz, tabiat, inson, jamiyat va texnologiya oʻrtasidagi murakkab munosabatlar haqidagi falsafasini tahlil qilamiz.

Miyazaki: Urush farzandidan orzular bunyodkoriga

Hayao Miyazaki 1941-yilda, Ikkinchi jahon urushi avj olgan paytda Yaponiyada tugʻilgan. Bolaligida urushning dahshatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan bu inson keyinchalik oʻz ijodida tinchlik va tabiat bilan uygʻunlik gʻoyalarini markaziy oʻringa qoʻydi. Uning otasi aviatsiya qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod rahbari boʻlgan – bu esa keyinchalik The Wind Rises filmi yaratilishiga turtki boʻldi.

Miyazaki anime sanoatida anʼanaviy uslublarni saqlab qolishga qatʼiy intildi va aksariyat hollarda raqamli animatsiyadan voz kechdi. 1985-yilda u Isao Takahata bilan birga Studio Ghiblini tashkil etdi – bu studiya keyinchalik jahon animatsiya sanʼatining mayogʻiga aylandi.

U oʻz filmlarini yaratishda mukammallikka intiluvchi qatʼiy yondashuvi bilan ajralib turadi. Har bir kadr uning shaxsiy nazoratidan oʻtadi, koʻpincha asosiy animatsiyaning katta qismini oʻzi chizadi va eng mayda detallarni ham nazardan qochirmaydi. 2023-yilda chiqqan The Boy and the Heron uning “soʻnggi filmi” boʻlishi kerak edi, ammo avvalgi “nafaqaga chiqishlar”i kabi, bu ham uzoqqa choʻzilmasa kerak.

Miyazakining hayot yoʻli bevosita uning filmlarida aks etgan. Urush farzandi qanday qilib tinchlik va muvozanat tarafdoriga aylandi? Otasi aviatsiya zavodida ishlagan bola nima uchun texnologiya va tabiat oʻrtasidagi muvozanatni oʻz asarlarining markaziy gʻoyasiga aylantirdi? Quyida Miyazaki animeni qanday qilib oddiy koʻngilochar vositadan falsafiy sanʼat darajasiga olib chiqqanini koʻrib oʻtamiz.

Asosiy masala: Miyazaki animeni qanday yangi bosqichga koʻtardi?