1. Donat – inglizcha donation feʼlidan olingan, hadya, ehson maʼnolarini bildiradi. Internetdagi sahifa egalarini moddiy qoʻllash tushuniladi.

2. Xeyter – inglizcha hate feʼlidan olingan, maʼnosi – nafratlanmoq. Taniqli insonlarni ijtimoiy tarmoq orqali asossiz tanqid qiladigan, chiqishlariga atay salbiy fikr bildiradigan odamlar tushuniladi.

3. Troll – shu nomli afsonaviy maxluq bor, ammo zamonaviy talqini inglizcha trolling – baliq ovlamoq soʻzi bilan bogʻlanadi. Baliqchi xoʻrak tashlab oʻljasini chalgʻitgani kabi ijtimoiy tarmoqda odamlarni chalgʻitib, fikrini boshqa tomonga yoʻnaltiradigan yollanma odamlar tushuniladi.

4. Startap – inglizcha soʻz boʻlib, umumiy maʼnoda boshlangʻich degani. Yosh tadbirkorlar amalga oshirmoqchi boʻlgan gʻoya, loyihalar tushuniladi.

5. Battl – lotincha battalia soʻzidan kelib chiqqan, kurash, jang degani. Bugungi kunda xonanda, soʻz ustalari, kibersportga qiziquvchilar oʻrtasidagi bahs, munozara tushuniladi.

6. Treyding – inglizcha trade – savdo qilmoq feʼliga asoslangan. Qimmatli qogʻoz, valyuta, kriptovalyutalar bilan savdo qiladigan onlayn moliyaviy faoliyat turi.

7. Broker – fransuzcha brocuer – vositachi degani. Savdo operatsiyalarini bajaruvchi, xaridor va sotuvchi oʻrtasida dallollik qiluvchi shaxs yoki tashkilot.

8. Dispetcher – fransuzcha dispatcher – muvofiqlashtiruvchi, tarqatuvchi degani. Transportlar yoʻnalishini, yuklar yoki xizmatlarni boshqaruvchi, tartibga soluvchi masʼul shaxs.

9. Plagiator – lotincha plagiarius – oʻgʻirlovchi degani. Boshqa bir insonning intellektual mulkini oʻziniki qilib koʻrsatadigan odam.

Tarix fanlari doktori, OʻzFA akademigi Azamat Ziyo tavsiya qiladi:

1. Donat – ehson. Ushbu soʻz koʻp ishlatiladi. Maʼnodoshlari ham moʻl: xayriya, sadaqa, inʼom va boshqalar. Joyiga qarab tuhfa, hadya, sovgʻani ham qoʻllasa boʻladi. Ehson soʻzini shartli ravishda berdik. Atamachiligimiz muammosi oʻlaroq fikrlasak, oʻxshash holatlarda maʼnodosh soʻzlarni ishlatish ustuvorligi ilmiy vazifasini tizimli koʻrib chiqish lozim.

2. Xeyter – jirtaki. Xeyterlik oʻzligimizga ham, soʻzligimizga ham yot boʻlgani uchun uning oʻzbekchasini topish juda qiyin. Ichi va tashiga koʻra jirtaki toʻgʻriroqdek tuyuldi.

3. Troll – uydirmachi. Ushbu holat boʻyicha ham soʻz boyligimiz yetarli: yolgʻon, yolgʻondakam, yasama, soxta... Qoʻllash uchun uydirmachi tuzukroq.

4. Startap – startap. Bu faoliyat bironta jozibali gʻoyani bajarish uchun pul tikib, tezda natija va moʻmay daromad topishni bildiradi. Tarix va zamonamizdan bunga oʻxshash, gʻirt oʻzimizniki boʻlgan ifodani topolmadik.

Biz soʻzligimizning chet atamalar evaziga boyishiga qarshi emasmiz. Iloji yoʻq kezlarda chet soʻzlarni “til qoʻrgʻonimiz”ga kiritish mumkin. Oʻshanda ham oldin turkiy xalqlarda bor (saqlanib qolgan) soʻzlar, agar ularda boʻlmasa, forscha, soʻng arabcha, arablarda ham boʻlmasa, keyin gʻarbcha atamalarga oʻtilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

5. Battl – aytishuv.

6. Treyding – oldi-sotdi.

7. Broker – oʻrtakash. Ushbu maʼnoda qoʻllanadigan soʻzlarimiz yetarli: dallol, oʻrtakash, vositachi va boshqalar. Oʻrtakash maʼqulroq.

8. Dispetcher – ishboshi.

9. Plagiator – oʻyoʻgʻri.

Soʻngsoʻz sifatida “Maʼnaviy hayot” jurnalining tilimiz tabiiyligi, tozaligi va goʻzalligini asrash, chet soʻzlarning bosqiniga qarshi turish, soʻzligimiz kuchiga kuch qoʻshish yoʻlidagi izchil urinishlarini olqishlaymiz. Masalaning tubiga koʻz tashlasak, maʼnaviy turmushimiz bosh quroli aslida til va yozuvdir.

Shu bilan birga, ushbu ezgu ishni tilshunos, adabiyotchi, tarixchilarimiz gʻayrat va imkonlarini birlashtirib, tizimli va ilmiy yoʻsinda yoʻlga qoʻyishi, jurnal esa bu tarixiy yumushning oʻchogʻi boʻlishi kerak.

Filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonova tavsiya qiladi:

1. Donat – haq. Chunki ushbu xorijiy soʻz ifodasida qoʻllash maʼnosi yashirin. Har qanday mehnatga, faoliyatga toʻlanadigan haq negizida ham qoʻllash mazmuni yotadi.

2. Xeyter – badbin. Toʻgʻri, u forscha soʻz boʻlib, bad – yomon, bin – koʻrmoq soʻzlaridan yasalgan. Xorijiy tillardan kirib kelgan soʻzning esa avvalo turkiy muqobilini topmoq zarur. Ammo turkiy muqobil boʻlmaganda forscha, arabcha soʻzlarni qoʻllagan maʼqul. Chunki mazkur tillardan oʻtgan soʻzlar tilimizda ming yillardan beri qoʻllanib kelmoqda va ularga oʻzbek tili sohibi idrokiga xos maʼnolar yuklangan.

3. Troll – chalgʻituvchi. Dastlab bu soʻzni termin sifatida qoʻllash erish tuyulishi mumkin. Ammo maʼlum muddatdan soʻng, takror-takror qoʻllash omili asosida koʻnikma hosil boʻladi. Umumisteʼmoldagi soʻz terminga aylanadi. Terminlar tizimi ichki manba hisobiga ortadi. Tadbirkor, buyurtmachi terminlari shu tariqa, ichki imkoniyat asosida yuzaga kelgan.

4. Startap – startap. Xalqaro doirada faol qoʻllanadigan termin. Bu soʻz ommalashib boʻldi. Shu oʻrinda xalqaro doirada faol qoʻllanadigan terminlar lugʻatiga ehtiyoj borligini taʼkidlab oʻtamiz.

5. Battl – raqobat. Bugungi kunda xonanda, soʻz ustalari, kibersportga qiziquvchilar oʻrtasidagi ijodiy bahs raqobat soʻzi bilan ifodalangani maʼqul.

6. Treyding – treyding. Xalqaro doirada faol qoʻllanadi, oʻz holicha qolgani maʼqul.

7. Broker – vositachi. Bu soʻz maʼnosiga mos keladigan dallol soʻzi ham qoʻllanadi. Biroq dallol soʻzida terminlik boʻyogʻi aks etmaydi, soʻzlashuv uslubiga xos atama. Salbiylik boʻyogʻi ham bor. Shuning uchun bu soʻz faqat shaxsga nisbatan qoʻllanadi, tashkilotga nisbatan ishlatib boʻlmaydi. Savdo operatsiyalarini bajaruvchi, xaridor va sotuvchi oʻrtasida vositachilik qiluvchi shaxs yoki tashkilotni vositachi degan maʼqul.

8. Dispetcher – muvofiqlashtiruvchi.

9. Plagiator – koʻchirmachi. Oʻzbek tilida oʻzlashtiruvchi soʻzi ham plagiator tushunchasini beradi. Lekin unda salbiy boʻyoq kam. Qolaversa, taʼlimda, psixolingvistikada soʻz oʻzlashtirish bilan bogʻliq oʻzlashtiruvchi atamasi ham ishlatiladi. Shu bois plagiator tushunchasini koʻchirmachi soʻzi bilan ifodalagan maʼqul. Shunda salbiylik boʻyogʻi ham aks etadi.

Bayram ALI tayyorladi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Eshiklar ochiq, ammo...” maqolasi

Foto: Abdumannon Muhammad