“Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti, biz esa ularning avlodlarimiz”, degan faxr tuygʻusi oʻzbekman degan har kim qalbida bor boʻlsa kerak. Biroq ularning butun bir millatga gʻurur, dunyoga esa manfaatli ilm, maʼnaviy meros qoldirish yoʻlida bosgan yoʻli, chekkan mashaqqati, umuman, tarixi haqida yetarlicha bilimga egamizmi? Bular haqida taʼlim muassasalaridagina oʻqib-oʻrganganlarimiz bilan cheklanish – munosib tarixdan deyarli bebahra boʻlishdek gap, deyish mumkin.

Tasavvurimizni kengaytirish, bilimlarimizni boyitish uchun ilmiy-maʼrifiy, tarixiy adabiyotlardan tashqari tobora yangilanib, barcha uchun qulaylashtirib borilayotgan muqaddas qadamjolar, majmua va muzeylar bilan tanishish ayni muddao. Shu maqsadda, Turizm qoʻmitasi va Jurnalistlar uyushmasi tomonidan bir guruh jurnalistlar uchun Samarqand viloyatidagi yangidan bunyod etilgan Imom al-Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi.

Betakror meʼmoriy ansambl. Imom al-Buxoriy majmuasi