Xastalik va goʻzallik oʻrtasidagi ziddiyat, insonga inson sifatida qarash zarurati, jamiyatning ajratilgan yetimlari: eronlik mashhur shoira Furug‘ Farruxzodning yagona rejissyorlik ishi – “Uy qora” hujjatli filmi toʻgʻrisida.
Furug‘ Farruxzodni adabiyot ixlosmandlari yaxshi taniydi. Bir qancha sheʼrlari oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan. Ijodiy faoliyati forsiy nazmda alohida sahifa ochgan. Ushbu maqolada uning bir qancha xalqaro festivallarda eʼtirof etilgan, sheʼriy, falsafiy va insonparvar yondashuvi orqali moxov kasalligi bilan ogʻrigan odamlarning hayotini yorituvchi noyob hujjatli filmi haqida soʻz boradi.
“Uy qora” (“Khaneh siah ast”) 1962-yilda suratga olingan boʻlib, Eron kinosining eng yaxshi namunalaridan biri deya eʼtirof etiladi, mamlakat kino sanoatida Yangi toʻlqin harakatining boshlanishi sifatida qaraladi.
22 daqiqalik mazkur qisqa metrajli asar Tabriz shahridagi “Baba bagʻi” nomli moxovlar koloniyasida yashovchi odamlarning hayot tarzi va azob-uqubatlarini tasvirlaydi. Muallif jamiyatda qabul qilinmagan, kasalligi sabab ihotalangan insonlar oldidagi chegarani kesib oʻtadi va ana shu noestetik kartinaga sheʼriy ruhiyatni ham jo etadi. Furug‘ filmda moxov kasalligi bilan ogʻrigan odamlarning ogʻir sharoitlarinigina emas, ularning insoniy kechinmalari, umidi va hayotga intilishini koʻrsatadi. “Xunuklik” deb hisoblangan narsadan goʻzallikni topishga urinadi.