Shahnoza Rahmon: Taʼlim jamiyat taraqqiyotining poydevori ekani maʼlum. Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlimida koʻplab yutuqlarga erishildi, ammo hali shunday muammolar borki, ular taʼlim sifatini yanada yaxshilash, takomillashtirishni talab etadi. Mazkur soha ham, muammolar ham bundan yuz, hatto ellik yil oldingisidan keskin farq qiladi: bugun dunyo hamjamiyati insonning yashash joyi, eʼtiqodi, tahsil turi va darajasidan qatʼiy nazar, taʼlimning umumjahon strategiyasini shakllantirishni koʻzlagan. Boz ustiga, hamma sohada aqlli robotlar-u sunʼiy intellektni boshqara oladigan kadrlarga ehtiyoj ortyapti... Istiqbolda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini mutaraqqiy davlatlar darajasiga koʻtarmoq uchun hozirdan nimalarga ahamiyat berish kerak?
Mashhura Sheraliyeva: Savolingizga talabalar bilan ishlash tajribasiga tayanib javob bersam. Taʼlimning natijasi koʻp jihatdan professor-oʻqituvchi va talaba oʻrtasidagi munosabat qanday tashkil etilishiga bogʻliq. Oʻqituvchi taʼlim natijasiga – sifatli kadr tayyorlashga masʼul, buning uchun esa zamonaviy shart-sharoit lozim. Oliy taʼlimda murabbiylik vazifasining tyutorlarga oʻtkazilishi bu yoʻlda dadil qadam boʻldi. Professor-oʻqituvchi endi oʻzini nazoratchi emas, chinakam bilim beruvchi ustoz maqomida his eta boshladi. Biroq taʼlimda jahon standartlari darajasiga yetmoq uchun bu kamlik qiladi, albatta.
Dunyo boʻyicha yuqori 300 talik reytingga kirgan Koreya ilgʻor texnologiyalar institutida (KAIST) talaba haftada bitta oʻquv adabiyotini oʻzlashtirib topshirishi kerak ekan. Professor-oʻqituvchi hamma talabaning bilimini birma-bir tekshirishga ulgurmasligi tabiiy. Shu bois oʻqituvchiga yuqori kurs talabalaridan yordamchilar tayinlanar, ularga maosh ham berilar ekan. Bizda esa hozir tejash prinsipi ustuvor: guruhlarda talaba sonini oshirish, oʻquv yuklamasi hajmini orttirish, auditoriya mashgʻulotlari oʻrniga pul toʻlanmaydigan mustaqil soatlarni koʻpaytirish... Shaxsiy tajriba va hamkasblar faoliyatini kuzatishdan chiqargan xulosamga koʻra aytsam, oʻqituvchi semestr davomida talabalarning bir yoki ikki oʻquv adabiyoti boʻyicha bilim-koʻnikmasini tekshirishga ulguradi, xolos. Roʻyxatda esa kam deganda oʻnta adabiyot koʻrsatiladi (jahon andazalari darajasiga chiqmoq uchun xorijiy adabiyotlardan foydalanish shart qilib qoʻyilgan). Ha, shunchaki koʻrsatiladi, chunki ularni oʻzlashtirish muhim emasdek. Xorijiy adabiyotlarni oʻrganish, mustaqil taʼlimni joriy etish, vazifalar ijrosi yuzasidan komissiya tuzish, dars soatlari yuklamasini oshirish kabi choralar bilan mutaraqqiy davlatlar darajasiga koʻtarilib qolmaymiz. Bizda ham, deylik, Koreya ilgʻor texnologiyalar institutidagi kabi kiroyi sharoit yaratish lozim.
Fanlarga ajratilgan soatlar keskin qisqargani sababli bitta oʻqituvchi besh-olti fandan mashgʻulot olib boryapti. Bu esa taʼlim sifatiga salbiy taʼsir etadi, ixtisoslashuvga yoʻl bermaydi. Kuniga oʻrtacha toʻrt soat dars ham oʻqituvchining bor quvvatini olib qoʻyadi – na ilmiy izlanishda, na iqtidorli talabalar bilan ishlashda samara boʻladi.
Universitetimizning “Ilmiy xabarnoma” jurnalida masʼul kotibman. Yaqinda tahririyatimizga tilshunoslikka oid birdaniga oʻn bitta maqola kelsa deng. Hammasi risoladagidek, lekin... oʻzbek mardum yozganga oʻxshamaydi. Maʼlum boʻlishicha, maqolalarning barchasi sunʼiy intellekt mahsuli ekan. Kechagina magistraturani bitirib, bugun universitetda dars berayotgan oʻsha “mutaxassis”lar ilmiy ishni ham shu yoʻl bilan tayyorlashiga shubha qilmayman. Bu hol ertaga oliy taʼlim kimning qoʻliga oʻtar ekan degan xavotirli oʻylarni uygʻotadi.
Sh.R: Endi adabiyotga kelsak... Zamonlar oʻtsa-da, qimmatini yoʻqotmaydigan mumtoz romanlar mutolaasi insonning ruhiy olami va murakkab tabiatini anglashga yordam beradi. Kitobxon boy til, betakror obrazlar, pishiq-puxta syujet vositasida turli davrlardagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy voqelikni idrok etadi. Biroq bugungi romannavis tasvirdan koʻra tadqiqqa berilib ketgandek. Gohida esa jamiyatdagi adolatsizlikni fosh etish istagi ustunlik kasb etadi. Qahramonni jabrdiyda oʻlaroq koʻrsatish maqsadida yasalgan qoʻlbola sahnalar, zoʻrma-zoʻrakilik hafsalangizni pir qiladi. Gʻoya “hidi”-yu publisistika “rang”larining barq urib turishi, hayotiylik daʼvosida faktlarning qalashtirilishi kabi qusurlar kitobxonni asl sanʼat namunasi boʻlgan romanlardan uzoqlashtiradi. Yodingizda boʻlsa, belorus yozuvchisi Svetlana Aleksiyevichning “Urushning ayolga yot qiyofasi” degan asariga nufuzli Nobel mukofoti berilganida (2015) “badiiyatdan yiroq, romanga xos xususiyatlari yoʻq”ligi bois keskin tanqidga uchragan edi. Romannavislikning bu xil “rivoj”i haqida qanday fikrdasiz?
M.Sh: Mumtoz romanlar yozilgan davrlarda yuzlab boʻlmagʻurlari ham dunyo yuzini koʻrgani bor gap. Masalan, ulug‘ adib Onore de Balzak yiliga oʻnlab romanni qatorlashtirib tashlaganki, oxir-oqibat munaqqid Jyul Renarning “Yomon yozishga, ehtimol, birgina Balzak haqlidir” degan kinoyasiga nishon boʻlgan. Dostoyevskiy qimorda orttirgan qarzlarini toʻlash uchun yozgan asarlarning barchasi ham mumtoz maqomda emas, albatta. Sirasi, biz sevib oʻqiydigan romanlar davr sinovidan oʻtib, saralanib yetib kelgan. Shu kunda yaratilayotganlari ham vaqt gʻalvirida elanadi, asl sanʼatga daxldor boʻlmaganlari oʻz-oʻzidan unutiladi. Hozirgi romanlarning oʻn, yigirma va hatto elliktadan bittasi qolsa ham, shuning oʻzi adabiyotimizni boyitish uchun yetarlidir.
“Tasvirdan koʻra tadqiqqa berilib ketish” haqidagi fikringizga qoʻshilolmayman. Romandagina emas, umuman, badiiy asarda tadqiqni tasvirdan ajratib boʻlmaydi. Chinakam sanʼatkor tasvir orqali hayotni badiiy tadqiq etadi. Gʻoyaning joʻn ifodasi, publisistik ruh yetakchiligi, zoʻrma-zoʻrakilik – voizlik ustun kelayotganidan. Bu hol voqelikni badiiy idrok etmoq uchun jiddiy toʻsiq mavjudligini ham koʻrsatadi. Menimcha, buning ikki asosiy sababi bor. Birinchisi – axborot oqimi, koʻlami odamlarni teran oʻylash, mushohada etish imkonidan mahrum qilayotir. Shiddatkor zamon axborotni tanlab, saralab olishga izn bermaydi. “YouTube”da qatorasiga video koʻrgan, “Facebook”dagi turfa xil postlarga koʻz yugurtirib chiqqan, “Telegram”dagi bahs-munozaralarda qatnashgan kishining miyasi bir-biriga mutlaqo aloqasiz maʼlumotlar bilan toʻladi, bu maʼlumotlarning katta qismi ongostiga choʻkadi. Odam boshqa yumushlarni qilayotganida yoki hatto uxlayotganida ham ongosti oʻsha axborotni qayta ishlashda davom etadi. Neyrofan va psixolingvistika sohasida tadqiqotlar olib borgan Tatyana Chernigovskaya aytadiki, miyaga kirgan maʼlumot unda muqim oʻrnashadi. Shu bois uni keraksiz axborot – “chiqindi” bilan toʻldirmaslik kerak. Endi ijodkor odamning holatini tasavvur qiling...
Ijod jarayonida ongosti muhim vazifani bajaradi; u tabiatiga koʻra ramz, metafora, obrazlar dunyosidir. Miyasini keraksiz axborot egallagan odam esa ijodiy salohiyatini toʻliq safarbar etolmaydi. Marhum adib Ahmad Aʼzam bir asarini ishdan boʻshab olib, xotirjam oʻtirib yozganini aytgan edi. Ijodkor uchun zarur vaqtda uzlatnishinlik qanchalar ahamiyatli! Deylik, 1980-yillarga qiyoslasak, bugungi ijodkor uchun uzlatnishinlik, axborotdan parhez qilish yanada muhim ekani ayonlashadi.
Ikkinchi sabab: bugun xorijiy serial, filmlarni koʻrish keng ommalashdi. Ularning aksarida “zabunlikdan yuksakka”, “adashgan oʻgʻilning qaytishi” kabi syujet sxemalari takrorlanadi. Romanlarda “adolatsizlikni fosh etish istagi ustunlik qilishi”, “qahramonni jabrdiyda oʻlaroq koʻrsatish maqsadida yasalgan qoʻlbola sahnalar” – syujet sxemalarining vosita ekanini unutib, ularni maqsadga aylantirib olish natijasidir.
Odamning oʻrnini sunʼiy idrok biratoʻla egallab oladi degan xavotir bor. Endilikda sunʼiy idrokning odamga oʻxshab asar yozishi mumkinligi emas, balki odamning SI singari sxematik asar bitayotgani, unda ijodiy tafakkurning yemirilib-parchalanib-yoʻqolib borayotgani xatarliroqdir.
Zamonaviy oʻzbek romanchiligiga soʻnggi chorak asrda yozilgan “Dinozavr”, “Bozor”, “Muvozanat”, “Shovqin”, “Roʻyo yoxud Gʻulistonga safar”, “Jaziramadagi odamlar”, “Boqiy darbadar” kabi asarlar misolida baho berish qulayroq menga. Ushbu romanlarda matn – muallif yoki qahramonning koʻngil izhori, gʻoyaning yalangʻoch ifodasi darajasida qolib ketmagan, bilʼaks, yaxlit badiiy konsepsiya hayotni anglash, ijtimoiy muammolar haqida xolis, haqqoniy mushohada yuritish imkonini beradi.
Ilgari gazeta-jurnal tahririyatlari, nashriyotlarda nashʼu namo topgan adabiy muhit endi yoʻq hisobi: 90-yillarning adabiyotga oʻgay sharoitida asta-sekin barham topdi. Qirq yoshni qoralaganlarning roman bitmoqqa jurʼat etmayotgani, oʻttiz yoshlilarning yozgani janrning “katta hajmli voqeaband asar” degan ibtidoiy talabidan nari oʻtmayotgani sababi qalam ahlini nosir sifatida shakllantiradigan adabiy muhit boʻlmaganidadir?! Ustoz–shogirdlik munosabatlarida ham muntazamlik, izchillik yoʻq... Nazarimda, oʻzbek adabiyoti badiiy tafakkur rivojida erishgan darajani saqlab qolish, uni keyingi bosqichga koʻtarish koʻproq yakka ijodkorlarning saʼy-harakatiga bogʻliq.
Svetlana Aleksiyevichning romaniga kelsak... Ikkimizga ham yaxshi maʼlumki, u asar badiiyati uchun emas, “Nobel beruvchilar”ning siyosiy manfaatlariga muvofiqligi sabab mukofotga noil etilgan. Keyingi yillarda siyosiy mezonga ustuvorlik berish odatga aylangandek. Adabiyot oʻz qonuniyatlari asosida rivojlanaveradi. Nobel mukofotining esa soʻz sanʼati taraqqiysiga na ijobiy, na salbiy taʼsiri boʻlgan.
Sh.R: Anʼanaga koʻra, adabiyotda ayol baxti oilaviy qadriyatlar prizmasi orqali talqin qilinadi: sevish, juftiga sadoqat, oila ahliga xizmat qilish, farzand tarbiyasi, masʼuliyat, javobgarlik, fidoyilik... va hatto qurbonlik. Bunday “qismat”ga hatto temirtan Alomat ham dosh berolmadi! Darvoqe, Sharof Boshbekov “Temir xotin” asarida ilk marotaba oʻzbek ayoli uchun oilaviy baxt oʻzni unutib yashash ekanini koʻrsatdi, “Bu baxtmi yo baxtsizlik?” qabilidagi mushohadalarga turtki berdi. Aligyeri Dante “Ilohiy komediya”da ideallashtirgan Beatriche oʻz oʻrnini yuqori ijtimoiy maqomga erishish yoʻlida hech narsadan qaytmaydigan shuhratparast Skarlett OʻHara-yu Bekki Sharpga oʻxshash obrazlarga boʻshatib berganiga ancha zamon boʻldi. Bugun milliy adabiyotimizda ham shu tipdagi qahramonlarni yaratishga urinish mavjud. Masalan, yozuvchi Zulfiya Qurolboy qizi “Oyimtilla” romani orqali oʻzbek adabiyotiga biz koʻnikkan, hatto oshkor yo pinhon xohlagan ayol timsoli – qoʻllari qadoq Qumriga mutlaqo teskari bir qiyofani olib kirdi. Biroq ushbu roman ham “dunyo temirday mustahkam va kuchli odamlarniki” ekaniga ishonadigan, hamisha baland dorga osilishni koʻzlaydigan nilufarlarning hayot tarzi ayol uchun baxtmi yo baxtsizlik degan savolga javob bermaydi...
M.Sh: Sharq boʻladimi yoki Gʻarb – bundan qatʼiy nazar, jamiyatni erkaklar boshqaradi. Jamiyat taqdiri erkaklar birdamligi nimaga (yaxshilikkami yoki yomonlikka) xizmat qilishiga bogʻliq. Davlat va jamiyat boshqaruvi kollektiv ongda erkak kishi obrazi (“ota” arxetipi) orqali ifodalanadi. Shu bois insoniyat tarixining ayollarga doxil qismi erkaklar fikriga taʼsir etishga urinishlardan iborat desak adashmaymiz.
Ijtimoiy iyerarxiya – mohiyatan erkaklar jamoalari iyerarxiyasidir. Har bir soha, har bir jabhada ichki pogʻonaga ega erkaklar jamoalari – norasmiy guruhlar shakllanadi. Oʻgʻil bolalar oʻsmirlik davridayoq oʻsha guruhlarga kirib boradi. Jamoa aʼzolarining qobiliyati-yu imkoniyatiga qarab ularning vazifasi va iyerarxiyadagi oʻrni belgilanadi. Har bir erkak oʻzining yashab qolishi tizimning bexato ishlashiga bogʻliq ekanini yaxshi anglaydi. Vaqt oʻtishi bilan oʻrin almashuv sodir boʻlishi tabiiy, chunki kuchlar nisbati oʻzgarib turadi. Oʻsmirlikda yakkash jismoniy kuch-quvvat asosiy mezon boʻlsa, keyinroq uning oʻrnini boshqa omillar egallaydi. Avstriyalik faylasuf Gerxard Shvars erkaklarning bu xil norasmiy guruhlari ildizini qadimda jamoaviy ov qilish, birlashib dushmanga qarshi kurashish natijasida shakllangan koʻnikmalarga bogʻlaydi. Uningcha, “Ayol kishi yakka holda kuchli, erkaklar esa birgalikda qudrat kasb etadi”. Eʼtibor bersangiz, oʻzaro yaxshi tanish ayollardan koʻra notanish erkaklar bir-birini tezroq, osonroq tushunadi. Erkaklarda ming yillar davomida shakllanib, oʻzgarmay kelayotgan koʻnikmalar allaqachon ulardagi jamoaviy ongsizlik arxetiplariga aylanib ulgurgan-da.
“Temir xotin”dagi Qumrining hayoti nega toʻkis emas? Uyim-joyim, bolam-chaqam deydigan ayol boʻlgani uchunmi? Yoʻq, unday emas. Manfaatlari mudom hisobga olinmaydigan, ijtimoiy iyerarxiyaning eng quyi pogʻonasidagi erkakning xotini boʻlgani uchun! Ayollar muammosi koʻtarilgani, “Temir xotin” deb nomlanganiga qaramay, asar bosh qahramoni – Qoʻchqordir.
“Oyimtilla”dagi Nilufar ham dastlab Qumri kabi qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib, eri, qaynonasi va boshqalarning xizmatini bekam-u koʻst bajaradi. Ikkinchi erining bolalarini oʻz farzandidek koʻrib, mehr berishga intiladi. Muallif “u paytlarda oʻzi ham, tuygʻulari ham tozaroq edi” deb yozadiki, qahramonning “dunyo temirday mustahkam va kuchli odamlarniki” ekaniga ishonch hosil qilishi, yanada balandroq martabalarga intilishi, bu yoʻlda odamiyligi, iffat-nomusini ham qurbon qilishdan qaytmaslikka oʻrganishi keyinroq, asta-sekin sodir boʻladi.
Nilufar obrazi orqali ijtimoiy iyerarxiyaning yuqori pogʻonasidagi erkakdan foydalanib baland maqom-martabaga erishgan ayollarning faqat bitta tipi koʻrsatilgan. Hayotda bunday ayollarning kamida uch xilini uchratamiz: 1) Nilufar tipi; 2) ushbu romandagi kabi “katta lavozimda ishlaydigan adasi va eri”ning (akasi, togʻasi, amakisi...) soyasida martabaga erishgan Risolat tipi; 3) pora yoki boshqa xizmatlari badaliga mansabdor erkakdan homiy yasab olgan, yaʼni yuqori lavozimni sotib olgan ayollar. Uchala toifa vakillari ham yuqori mansabga oʻz qobiliyatini namoyon etish, umum manfaatiga xizmat qilish uchun emas, balki shaxsiy manfaat (uy-joy, betashvish hayot, shon-shuhrat...) deya intiladi. Ular oʻziga homiylik qilgan kishinigina erkak oʻlaroq hurmat qiladi. “Oyimtilla” asari qahramonining aynan vazir oʻrinbosariga tobelikni tan olishi sababi ham erkakning shaxsiyati emas, yuqori lavozimi, xolos. Shoʻrlik muovin ertaga ishdan ketsa, Nilufar hech ikkilanmay undan voz kechadi. Bu bir qarashda jamiyatning hozirgi ravish-raftori, taraqqiyot taʼsirida ayol kishida yuz bergan emansipatsiyadek koʻrinadi. Aslida esa bu – regressiya. Regressiya boʻlganida ham, besh yuz yoki ming yil emas, million yil ortga, yaʼni ayol kishi oʻzini eng kuchli erkak – qabila boshligʻining mulki sifatida tabiiy qabul qilgan ibtidoiy davrga qaytish demakdir.
Roʻzgʻoriga harom pul aralashishini xohlamaydigan xotinidan koʻra manfaatparast Nilufar oʻziga maʼnan yaqin ekanini yuksak martabali “homiy” Akobir Saydaliyevichning oʻzi ham biladi. Kishining vakolati qancha koʻpaysa, masʼuliyati ham shunga yarasha ortadi. Buni anglamaslik yoki tan olmaslik bilan zimmadagi masʼuliyat soqit boʻlmaydi. Saydaliyevich oilasi farovonligi, yaqinlarining kelajagini taʼmin etmoq uchun lavozimidan koʻp va xoʻb foydalanadi. Nilufarni ham nufuzli lavozimga koʻtarib, noqonuniy qilmishlarini xaspoʻshlashga koʻmaklashadi. Roman voqealari davomida maʼlum boʻladiki, Saydaliyevich bir oila boshligʻi qadar kamolga yetgan, lekin katta bir sohani boshqarish darajasida ulgʻaymagan ekan.
Nilufar kabilarga baxtiyor sifatini qoʻllab boʻlmasligi aniq. Maqsadga yetmoq yoʻlida koʻngli suymagan erkak bilan munosabatga kirishish ayol ruhining vujud bilan aloqasi uzilganidan darak beradi. Nilufar esa tuygʻularini sovuqqonlik ila idora etmoqqa oʻrgangan. Hayot tarzi baxtsizlik ekanini his qilmaslik, anglamaslik oʻngʻayroq ham unga.
Qumri va Nilufar qarama-qarshi qutbdagi ayollar boʻlsa-da, har ikkisi ham erkak kishida “toʻgʻri yashayapmanmi?” degan ishtiboh tugʻdirmaydi, uni erkakcha qadriyatlardan (adolat, qatʼiyat, masʼuliyat, javobgarlik) uzoqlashib ketayotgani haqida oʻylashga undamaydi. Shu ikkisi oraligʻidagi ayol esa ham shaxsiy, ham ijtimoiy munosabatlarda ulardan farqli muammolarga duch keladi: koʻr-koʻrona itoatkor boʻlmagani yoxud shaxsiyati, nomusini mansab, soxta obro‘ va moddiy neʼmatlar yoʻlida qurbon qilmagani bois u erkag-u ayollar tomonidan birdek inkor etilishi mumkin.
Modomiki, ayollar obrazining tadriji haqida soʻz ochilgan ekan, adabiyotimizdagi gʻalati bir tendensiyaga diqqatingizni tortmoqchiman. Hech eʼtibor qilganmisiz, yangi oʻzbek nasridagi aksar asarlarda qahramon hayotida ikki xil ayol mavjud (“Kecha va kunduz” – Choʻlpon, “Erk” – P.Qodirov, “Shovqin”, “Parizod” – E.Aʼzam, “Muvozanat”, “Isyon va itoat” – U.Hamdam, “Parim boʻlsa...” – A.Yoʻldoshev). Hatto eng diyonatli qahramonimiz Normurod Shomurodov (“Diyonat” – O.Yoqubov) ham istisno emas. Bu yerda gap “Oʻtkan kunlar” yoki “Sarob”dagi kabi qahramon sevgan va sevmagan ayol haqida emas, aksincha, u uchun birdek qadrli boʻlgan, birini tanlab, ikkinchisidan voz kechib boʻlmaydigan ayollar haqida.
Ayol kishi erkak bilan munosabatda (shaxsiy yoki ijtimoiy ekanidan qatʼiy nazar) hamisha oʻzga sifatida uning ruhiyatidagi anglanmagan, qorongʻi tomonga ishora qilib turadi. Koʻp hollarda ayolning aybsiz aybdor boʻlib qolishi shundan – u oʻzi anglamagan holda erkak ruhiyatining muvozanatiga putur yetkazishi, botiniy ziddiyatlarning yuzaga qalqib chiqishiga turtki boʻlib qolishi mumkin. Yuqorida sanalgan asarlarda ham ana shunday holat kuzatiladi – qahramon hayotidagi ikki ayol uning ruhiyatidagi boʻlinishni yuzaga chiqaradi. Bu ayollarni ikki qutbga ajratib boʻlmaydi. Asosiy masala ularning ikki xil tip ekanida emas, balki qahramon ruhiyatining bir qismi bir ayol bilan munosabatda, boshqa qismi ikkinchisi bilan munosabatda reallashayotganida. Bu hol qahramonning butun odam boʻlib yashay olmayotganini bildiradi.
Agar erkak ruhiyatining bir-biridan ayro qismlarini oʻzaro bogʻlash, uygʻunlashtirishga erisholmasa, ikkiyoqlama hayotga mahkumdir. Oʻz navbatida, ayol kim, qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, erkak hayotida yagona boʻlolmaydi. Tabiiyki, bunday qismat hech bir ayolga toʻkis baxt tortiq etmaydi.
Sh.R: Nobelchi adib Tomas Eliot adabiyotda umrboqiy asarlar yaratilishini tarixdagi muhim voqealar, mustabid tuzumlar va zolim podshohlar davri bilan bogʻlaydi. Demak, isteʼdoddan tashqari, yozishga undaydigan kuchli dard, iztirob ham boʻlmogʻi lozim ekan. Alisher Navoiy dahosining paydo boʻlishiga temuriylar tanazzuli bilan bogʻliq voqealar katta taʼsir koʻrsatgan. Bobur Mirzo ijodi haqida ham shunday desa boʻladi. Yoxud Lev Tolstoy muhoraba koʻrmaganida, dunyo adabiyoti “Urush va tinchlik” singari muhtasham asar bilan boyimagan boʻlardi ehtimol. Mashhur Gabriel Garsia Markes hamkasbi Mario Vargas Losa bilan suhbatda “Kolumbiyada oʻn bir marta fuqarolik urushi yuz bermaganida, “Yolgʻizlikning yuz yili” romani yozilmasdi...” deya tan olgan. Olmon adibasi Herta Myuller taʼkidicha, oilasi stalincha mustabid tuzum tomonidan xoʻrlikka uchramaganda, kitoblari bu qadar muvaffaqiyat qozonmagan boʻlardi. Adolf Hitlerning vahshiy siyosati qurboniga aylangan vengriyalik yozuvchi Imre Kertes ham “Qismatsiz” romani Holokost davridagi azob-uqubatlarining hosilasi ekanini qayd etadi...
Biz yashayotgan asrda ijtimoiy fojialar koʻlami yanada ortgan. Odamzod toʻxtatish imkonsiz boʻlgan xavfli oʻyin girdobiga tushib qolgandek. Tillar-u madaniyatlarning oʻlimi, oʻzligini yoʻqotayotgan millatlar, ekologik falokatlar, XXI asrda ham tinmayotgan urushlar, ocharchilik, koʻz koʻrib quloq eshitmagan xastaliklar... moddiyunchilik changalidagi dunyo inqirozi kuchayayotganini koʻrsatayotir. Eng dahshatlisi esa – shiddat! Hamma fojialardan xavflirogʻi shu, nazarimda. Chunki inson tafakkuri dunyo sahnasida roʻy berayotgan tezkor voqealarni idrok etmoqqa ojiz. Shu bois u gohida befarq, gohida karaxt... Yozuvchilarning oʻz davri muammolaridan koʻra koʻproq oʻtmishga murojaat qilayotgani sababi ham shudir balki? Shiddat shunchalikki, kitob yozib tugallanmay mavzu eskirib qolayotir – ehtimol shu ham davr dramalari-yu fojialarini qalamga olmoqqa toʻsqinlik qilayotgandir?
M.Sh: Mulohazalaringizni oʻqigan mushtariyda yuksak badiiyat namunalari dunyoga kelmogʻi uchun ijtimoiy fojialar roʻy berishi kerak ekan-da, degan xulosa paydo boʻlmaydi, deb umid qilaman. Zotan, ijtimoiy fojia qurbonlari – urush uqubatini tortgan, stalincha tuzumdan zulm koʻrgan, hitlercha vahshiylik qurboni boʻlganlarning barchasi mazkur falokatlarning bor koʻlami, sababi-yu oqibatlarini birdek anglab yetmagani kabi, ularning hammasi ijodkor boʻlib ketgani, boshdan kechirganlarini badiiy asarga muhrlagani yoʻq. Demak, bu oʻrinda isteʼdod kuchi-yu ijtimoiy dardning shaxsiylanish darajasi haqida gapirmoq joiz.
Ustozlar badiiy asarning poetik xususiyatlarini ijtimoiy shart-sharoit belgilab berishini taʼkidlagan. Ijodkor fenomeni yoki adabiy avlodni shakllantiradigan eng muhim omil ham davr ijodkor oldiga qoʻyadigan missiyaning anglanishi va qabul qilinishidir. Jadid maʼrifatparvarlari, Abdulla Oripov fenomeni yoki 70-yillar adabiy avlodining maydonga chiqishi ana shunday missiyani anglash natijasi edi.
Ijtimoiy voqelikning adabiyot taraqqiyotiga taʼsiri zohiriy alomatlardan koʻra murakkabroq boʻladi. Siz esga olgan davr shiddati, yozuvchilarning koʻproq oʻtmishga murojaat qilishi haqida ham shu gapni aytish mumkin.
Aslida, adabiyotning vazifasi davr voqeligi, dramalarini tasvirlash emas. Agar buning aksi deb hisoblasak, u holda vositani maqsad deb sanagan boʻlamiz. Zero, tasvirlanayotgan voqelik muallif uchun, badiiy konsepsiya ifodasi uchun vositadir. Shunga koʻra, davr dramalarini aks ettirmaslikni ichki yoki tashqi senzura natijasi deyish ham toʻgʻri boʻlmaydi. Adabiyot oʻz tabiatiga koʻra mudom oʻtmish bilan ish koʻradi – unda yaqin yoki uzoq tarix tasvirlanadi. Voqelikni badiiy idrok etmoq uchun ijodkor undan uzilishi lozim-da. Qolaversa, badiiy asarda qalamga olingan oʻtmish pirovardida bugungi kunni anglash, tadqiq etish, baholashga xizmat qiladi.
Hozirgi zamon shiddati yuzadagi oʻzgarishlarga doxil, nazarimda. Inson mohiyatan oltmish yil oldingi odamdan u qadar farq qilmaydi, oltmish yil avvalgi muammo hali yechim topib ulgurgani yoʻq.
Fransuz adabiyotshunosi Jan-Fransua Liotarning metanarrativlar inqirozi, sotsiolog Jan Bodriyyarning simulyatsiya va faylasuf Gi Deborning “spektakl jamiyati” (“tomosha jamiyati”) haqidagi nazariyalarida 1960–1970-yillardagi ijtimoiy vaziyat yaxshi tavsiflangan: oʻsha xulosalar ikki siyosiy lagerga mansub mamlakatlarga birdek taalluqli. Kommunistik mafkura shaklidagi metanarrativ inqirozini anglash natijasida oʻzbek adabiyotida maydonga chiqqan 70-yillar adabiy avlodining asosiy missiyasi – “spektakl jamiyati”ning taʼsiriga berilmaslik, uning mazmun-mohiyatini idrok etish edi. Siyosiy qutblar orasidagi chegaraning yoʻqolgani vajhidan mazkur missiya yanada oʻtkirlashdi – totalitar davr asoratlaridan xalos boʻlib ulgurmagan jamiyatimiz kapitalizmga xos isteʼmolchilikka asoslangan “spektakl jamiyati”ning xususiyatlarini oʻzlashtirdi. Nazarimda, 70-yillardan keyin ijodkorlarning adabiy avlod sifatida shakllanmagani sababi isteʼdod kuchidagi tafovutda emas. Jamiyat taraqqiyoti mobaynida keyingi avlodlar oldiga boshqa muhimroq vazifa qoʻyilmadi, yaʼni 70-yillardagi maslak haligacha oʻz kuchida turibdi. Oʻshanda mohiyati fosh boʻlgan “spektakl jamiyati”ning xususiyatlari avloddan avlodga uzatilyapti, bunda jamiyatning har bir qatlami ishtirok etyapti. Badiiy adabiyotda “mavzuning eskirib qolgandek” tuyulishi boisi ham shu. Mavzu goʻyo yangilanmagandek – ellik-oltmish yil avval adabiyot oldiga qoʻyilgan muammoni badiiy idrok etishga qayta-qayta urinishlar boʻlmoqda.
Adabiyotshunoslar Shahnoza RAHMON va
Mashhura SHERALIYEVA suhbati.
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.