Yangi yil bayrami arafasida kishi oʻzini hech nimaga ulgurmagandek his qiladi. Keyin bu oʻylar oʻrnini falsafiy xayollar egallay boshlaydi. Bu dunyo qonun-qoidalari oxir-oqibat odamzodni chalgʻitishga qaratilgan, degan fikrga borib qolasiz beixtiyor. 

Quyida siz uchun besh film tavsiyasi: ularning barchasi sizni sayyora va undagi "sistema" bilan tanishtirishga urinadi va qay maʼnodadir buning ustidan chiqadi. 

Maslahatimiz, filmlar nima demoqchiligini anglash uchun effekt va harakatlarga koʻp ham ahamiyat bermang. 

1. Vachovskilar, "Matritsa" (1999/2003/2003)

Trilogiya jahon ekranlarida yoyilganidan soʻng kishilar dunyoni illyuzor koʻrmoqdamiz, degan gʻoyaga mahkum boʻldilar. Ular shunchaki robotlar dunyosi tanazzulga uchramasligi uchun oʻz qobigʻida batareyka misoli saqlanayotgan uyqudagi odamlar plantasiyasi edilar... Xoʻsh, sistemani yoʻq qilishi kerak boʻlgan qahramon – "tanlangan odam" kim? Va uni aslida sistemaning oʻzi tanlamaganmikin?

2. Galder Gastelu-Urritiya, "Platforma" (2019)

Chekishdan qutulish va Servantesning baxtiqaro, xayolparast risari haqidagi kitobini oʻqish uchun oʻz istagi bilan vertikal qamoqxonaga tushgan yigit noz-neʼmat butun qamoq ahliga yetishi mumkinligini anglab qoladi. Bu haqda yuqoridagilarga faqat birgina bolakay orqali xabar yuborish mumkin. Yaʼni, bir odamni qutqargan, butun olamni qutqaradi.

3. Piter Uir, "Truman shousi" (1998)

Tasavvur qiling, ajib kunlarning birida siz atrofingizdagi barcha narsa dekorasiya, odamlar esa soxtakor aktyorlardan iboratligini sezib qoldingiz. Chor taraf yashirin kameralar bilan toʻlgan, butun dunyo sizning dardu iztirobingizni tomosha qiladi va qarsak chaladi, siz esa naq oʻttizdan oshib bu haqda xabar topdingiz. Xoʻsh, bu yasama shahardan qochishga urinasizmi? 

4. Yorgos Lantimos, "Lobster" (2015)

Yaqin kelajakda juftsiz yashash taqiqlanadi. Jufti yoʻq har qanday odam qoʻlga olinib, mehmonxonaga joʻnatiladi va 45 kun mobaynida oʻziga juft topishiga muddat beriladi. Muddati oʻtib ketganlar esa hayvonga aylantirilib oʻrmonga qoʻyib yuboriladi.

5. Lyuk Besson, "Lyusi" (2014)

Oʻtgan asr olimlari odam oʻz miyasining nari borsa 3 foizini ishlatadi, degan nazariyani keltiradilar. Ularning fikricha, daholar ham bu koʻrsatkichni 10 foizdan yuqoriga koʻtara olmaydilar. Xoʻsh, agar holatga kimyoviy aralashuv bilan yondashilsa nima boʻladi. Yaʼni, odamzod oʻz miyasidan 100 foiz foydalana olsa?..

Alisher tayyorladi.