Qatagʻon nomi ostida oʻzbekning ne-ne zabardast oʻgʻlonlari jismonan yoʻq qilingan. Tariximizning suronli yillarida shahid boʻlgan shunday maʼrifatparvar ajdodlarimizdan biri Abdurauf Fitratdir.  

Abdurauf Fitrat 1886-yil may oyida Buxoro shahrida savdogar oilasida tugʻiladi. Dastlab guzar maktabida oʻqib, soʻngra Buxoro madrasalarida taʼlim oladi. Sadriddin Ayniy Fitratni “buxorolik ochiq fikrli yoshlardan biri edi, u qobiliyatli fozillardan hisoblanar edi” deb yozadi. Fitrat 1910-yil bahorda Eron orqali Istambulga oʻqishga boradi. U yerda “Buxoro taʼlimi maorif jamiyati”ning faol aʼzolaridan biriga aylanadi. Istambulda oʻqish bilan birga, asar yozishga ham kirishadi. Uning sodda va ravon tilda yozilgan birinchi asari “Munozara” Buxoro xalqida katta taassurot uygʻotadi. Moddiy qiyinchiligiga qaramay, oʻz mablagʻidan asarini Istambulda nashr ettirib, Buxoroga yuboradi. Asarning bir qismi yoʻlda rus senzorlari qoʻliga tushib yoʻqotilgan boʻlishiga qaramay, Buxoroga yetib kelganlari turli tuman va qishloqlarga tarqatiladi. Birgina maʼrifatparvar mudarrislardan  Abdu Qodir Mahdum asarlarni xurjinga solib, Shaxrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Chiroqchi hududlariga tarqatgan. “Munozara”da jadid va qadim (yangilik va eskilik) orasidagi bahs-munozaralar ochiq tasvirlanadi. Buxorolik mudarris bilan farang donishmandi oʻrtasida Buxoroning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalari xususida bahslar boʻlib oʻtadi. Munozara soʻngida Buxoro mudarrisi farang donishmandiga tan berib, “bizda avval najot beruvchi narsa bu ilmdir. Yangi usul maktablarimizda hozir fan va bilimlarni oʻrganishga kirishmoqdamiz” deb javob qaytargan.

S.Ayniy “Munozara” xususida, “asar oʻz zamonida yaxshi taʼsir oʻtkazib, koʻpgina muxoliflarni gʻaflat uyqusidan salgina boʻlsa ham uygʻotib qoʻygan edi. Xalqni, ayniqsa yoshlarni yangilik tomonga jalb qildi, afkor ommani inqilobga keltirdi” deb yozadi.

Fitratning ikkinchi asari sanalmish “Sayxa”da “Vatani man” radifli sheʼri orqali insonparvarlik gʻoyalari tarannum etilgan:

Binamo shahri azim tavof vatani man,

Ax, ax chi Vatan, sajdagohi joni tani man.

Ham moʻminu, osoyishu, uzvi sharafi man,

Ham qiblayi man, Kaʼbai man, ham chamani man.

Tarjimasi:

Mening Vatanim boʻlgan azim shahrimni ziyorat qil.

Bu goʻzal Vatan mening jon-u tanim va sajdagohimdir,

Ham moʻminu, osoyishu, mening sharafimdir,

Mening qiblam, Kaʼbam, ham ham chamanimdir.

Fitrat tarjimonlik sohasida katta mahoratga ega boʻlgan. Jadidchilik yirik arboblaridan Ismoil Gaspiralining “Musulmononi durul rohat” (Durul rohat musulmonlari) asarini tojik tiliga tarjima qiladi. Bu asar 1915-yilda Buxoro “Maʼrifat kutubxonasi va jamiyati” mablagʻi bilan Petrogradda nashr qilinadi.

A.Fitrat “Rahbari najot” (Qutqaruv yoʻli) asarida “Islom dini butun fanlarni, shuningdek, dunyoviy fanlarni oʻrganishga va ularning taraqqiyotiga hech qachon monelik qilmagan” degan xulosa beradi. U dunyoviy fanlarga qarshi boʻlgan mutaassib ruhoniylarni qattiq qoralaydi. “Keyingi asrlarda Turkiston, ayniqsa, Buxoroda fan va texnikani orqaga qolishiga sababchi mutaasib ruhoniylar boʻlganlar. Chunki ular kalomi sharif, tafsir ilmlari, Paygʻambar hadislarini yaxshi bilmagan edilar” deydi.

Fitrat madrasalarni isloh qilish, darslardagi turli xil hoshiya sharhlarini qisqartirish, ular oʻrniga zamonaviy fanlarni oʻtish, ayniqsa, Saxixi Imom Buxoriy, At-Termiziy kabi hadis olimlarining asarlaridan foydalanishni ilgari suradi.

Ayrim mutaasib ruhoniylar madrasalarda dunyoviy fanlarni oʻtish islom diniga zid deb qarshi chiqqanda, Fitrat quyidagi hadis orqali javob qaytargan: “Hazrat Rasul oʻz hadisi shariflarida olamning nizomi va intizomlari bilim va axloqqa bogʻliqdir, agar bilim va axloq oʻrtadan koʻtarilsa, olam ham xarob boʻladi”.  Fitrat oʻz asarida dunyoda juda koʻp ilmlar bor, albatta inson qaysi ilm uning uchun zarur va kerakli boʻlsa, oʻsha ilmni koʻproq oʻrganishi lozim degan xulosaga keladi.

Fitrat “Rahbari najot” asarida Vatan va millat ravnaqi va ularning taraqqiyoti haqida gapirib, shunday yozgan edi: “Biz turkistonliklar boshqa islom davlatlaridan parishonlik va qoloqlik girdobiga giriftormiz. ...Vatan va millatimizning xarob, juda orqada qolishi yoʻllarini bartaraf qilishning birdan-bir chorasi biz turkistonliklarning muqaddas kitobimiz, bizning rahnamomizdir, shu kitobdan nizom va dastur olamiz. Biz eng avvalo shu muqaddas kitobimiz boʻlgan Qurʼoni Karimga, paygʻambarimiz Rasulullohning hadislariga murojaat qilishimiz kerak. Faqat ulardan najot, qutulish yoʻlini topa olamiz”, deb yozgan edi.

Shuningdek, jadidchilik harakatiga faol qatnashib, hatto, havaskorlik teatr truppasida spektakllardagi rollarda chiqar va mahorat bilan teatrdagi rolini bajarar edi. Lekin jadidlarning “Dastlab najot ilm-u urfonda” deb aytgan gʻoyalari 1917-yil aprel voqealaridan keyin “Najot milliy istiqlolda” shioriga aylanadi.

Fitrat Vatan, ona tuproqni eʼzozlash, ota-bobolardan qolgan boy merosni ardoqlash va saqlash, mustaqil davlat barpo etish kabi gʻoyalarni ilgari surgan olim, adib, tarixchi arboblardan biri edi. U yurt uchun qaygʻurib shunday yozgan edi: “Ey ulug‘ Turon, arslonlar oʻlkasi, senga ne boʻldi? Holing qalaydir. Nechuk kunlarga qolding? Ey Temurlarning, oʻgʻuzlarning anʼanalarining shonli beshiklari! Qani uchiqdigʻing yuksak oʻrinlari. Qullik chuquriga nechun tushding! Dunyoni “urho”lari bilan titratgan yoʻlbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprogʻini koʻklarga uchira bilgan tog‘ gavdali oʻgʻlonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydi? Yer yuzini  bir necha polvonlari boʻlgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini nechun oʻzgalarga qoʻydilar? Nechun, nechun... nechun? Gapir menga, ey ulug‘ Turon, arslonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi?”

Abdurauf Fitrat 1917-yil avgust oyida yozgan asarida bir oʻzbek yigiti tilidan quyida jumlalarni keltirgan edi: “Yotsam tushimda, uygʻonsam yonimda, koʻz yumsam miyamda, koʻz ochsam qoshimda mungli bir xayol kelib turadi. Bu bir xotin xayoli... Bir xotinki egnida ipakli, lekin tirtiq va eski bir koʻylakdan boshqa kiyimi yoʻq, bosh oyoqlari yalangʻoch, tirsaklarigacha qop-qora loyga botgan, baqirarga tovushi, qutilovga kuchi kelmagan. Qarayman: kimsasizlik yukidan oriqlagan tanida zolimona urilgan qamchilarning yarasi bor...

Ey mungli xotin, sen kimsan? Oh... bildim... bildim... angladim! Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan. Ey muqaddas Turonning xayoli, ketmay tur ayrilma yonimda, koʻzlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma, yurtim Turonim, sendan ayrilmoq – mening oʻlimim. Panohim, sajdagohim, umidim! Yotlaring seni shu kungami soldilar! Tilagim, istagim, saodatim! Bolalaring seni shu holdami qoʻydilar. Suyunchim, ovunchim, oʻchogʻim! Zolimlar seni kimsasizmi koʻrdilar! Yoʻq sen kimsasiz emassan, mana men borligim bilan senga koʻmak qilishga hozir... Qof togʻlari yoʻlimga tushsa, tomug‘ olovlari qarshimga chiqsa, yana sen sari ketarman.

Ustimga insonlar emas, shaytonlar qoʻshini kelsa, oyogʻimga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari choparman. Dunyoning butun balolari boshimga toʻkilsa, zulm choʻlining temir tikanlari koʻzlarimga kirsa, yana seni qutqararman. Men sening uchun tirildim, sening uchun yasharman, sening uchun oʻlurman. Ey turkning muqaddas oʻchogʻi! Oʻlim seni oʻzligingni istaganlarga, nafrat seni koʻmgani kelganlarga!”

Maʼrifatparvar bobomizning Vatan ozodligi yoʻlidagi sobitqadamligini Amir Temur sagʻanasi qoshida aytgan oʻtli soʻzlaridan ham teran anglash mumkin: “Bagʻrim yoniq, yuzim qora, koʻnglim siniq, boʻynim bukik. Sening ziyoratingga keldim, sultonim... Yuz yillardan beri jafo koʻrib, gʻam chekib kelgan turkning qonli koʻz yoshlarini etaklaringga surma olgali keldim. Nomusini  yot kishilarning oyoqlari ostida koʻrib, turklik qoni qaynagʻay, musulmonlik jamiyati toshgʻay, omug‘ olovlari kabi sachragay. Lekin oʻz kuchsizligini anglab, qaytib oʻtirgan va qon yigʻlagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim! Ulug‘ xoqonim! Turk sharafi talandi. Turk uchun qoʻydigʻiq davlat bitdi... Turk nomusi, eʼtibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyoqlari ostinda qoldi. Turkning yurti, ulogʻi, Turoni yot qoʻllarga tushdi. Turkning belgusi, ongi, oʻylovi, ziyrakligi jaholat oʻljasiga ketdi”. ... Ey arslonlar arsloni! Mening yozuqlarimdan oʻt, meni qoʻlimni tut, belimni bogʻla, muqaddas fotihangni ber! Sening dunyoda sigʻmagan gʻayratingga ond ichamanki, Turonning eski sharaf va ulugʻligini qaytarmasdan burun oyoqda oʻtirmasman”.

Naqadar yoniq, dardli va daʼvatkor satrlar. Mustaqillikni qumsab aytilgan otashin daʼvatlar uzoq yashamadi.  XX asrning 30-yillarida boshlangan qirgʻin Buxoroning otashqalb farzandi Fitratni ham xalqni yorug‘ kunlar uchun kurashga chaqirgan millatimizning koʻplab ilgʻor ziyolilari qatori shahid etdi.

Oʻzbek xalqi azaldan oʻz Vataniga ega boʻlgan. Turon, Turkiston, Oʻzbekiston. Hech qachon bevatan boʻlmagan. Lekin hayoti hamisha ham osuda kechavermagan. Unga goh baxt kulib boqqan, goh toleyi zabun boʻlgan. Oʻz erki oʻz qoʻlida boʻlgan, yaʼni mustaqil davlatli davronlarida xalqimiz boshini magʻrur koʻtarib, dunyoga dovrug‘ solib yashagan. Tobelik zamonlarida, yaʼni yurt oʻzgalar qoʻlida qaram boʻlgan chogʻlarida uning qadr-qiymati toptalgan. Ammo, oʻz qadr-qiymati uchun, mustaqillik sari kurash tuygʻusi xalqimiz yuragida mudom ustuvor boʻlgan. Bu jarayon ochiq va yopiq tarzda, birdam boʻlsinki toʻxtab qolmagan.

A.Fitrat ham yuzlab buxorolik ziyoli, maʼrifatparvarlar bilan bir safda turib, Vatan, xalq, ajdodlar, oʻtmish, qadriyatlar, meros, bugun va kelajak haqida oʻz asarlarida yonib aytgan.

Buxorolik ziyolilarning rahnamolari boʻlmish – Ahmad Donish, Sharifjon Mahdum – Sadr Ziyo, Abduqodir Xoʻja Savdo, Shamsiddin Shohin, Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy, Muhammad Siddiq Hayrat, Ahmadjon Xamdi, Mirzo Hayit Sahbo, Mirzo Azizi Somʼe – Boʻstonilar  zulm-istibdoddan qutulish uchun xalqni maʼrifatli qilishga chorlashgan, milliy uygʻonishni daʼvat etishgan,  najot yoʻlini esa birlik va harakatda deb bilishgan.

Fitrat ham Buxoro ziyolilari kabi hayot gʻoyasi, ilmi hadis, ilmi tavorix, jugʻrofiya, sanʼatshunoslik, musiqashunoslik, ilmi tabobat kabi muhim fanlarni oʻzlashtirgan, insonlar oʻrtasidagi doʻstlik, nifoq, qanoat, oila vazifalari, axloq tarbiyasi mavzularida qalam tebratgan.

Abdurauf Fitrat 1938 yilda Stalin davrining qatagʻon siyosati sabab Oʻzbekistonning koʻplab gunohsiz ziyolilari kabi “xalq dushmni” degan ayblov bilan shahid qilindi. U jismonan yoʻq qilingan boʻlsa-da, maʼnan barhayot. Kelajak avlodlarga qoldirgan ilmiy-maʼrifiy merosi, ibratli pand-nasihatlari, Vatanni sevish yoʻlidagi ulug‘ insoniy fazilatlari yashayveradi.

Shavkat BOBOJONOV,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent