2016-yilning yozi kechagidek esimizda: Xotira va qadrlash kuni oʻtib, buyogʻiga – 31-avgustgacha, xudo xohlasa, “sokinlik” paytlari. Koʻpchilik uyida yo ishida, kamchilik tog‘-bogʻlarda, undan-da ozchilik Antaliyada. Xullas, Yangi yil – Navroʻz bayrami – 9-may – Mustaqillik bayrami – Konstitutsiya kuni beshligi oʻlaroq “bir maromda” va bir xil kechadigan bir yillik umrimizning galdagi saratoni...
Iyul boshlarida taʼtilga chiqib, uyda ijod bilan band kunlarimizdan birida koʻchadan shovqin-suron eshitilib qoldi. Tashqariga chiqib, gap gazdan “qarzdorlar”ning quvurini kesishga kelganlarga qarshi noroziliklar bilan bogʻliqligini bildik. Qisqasi, tegishli idoralarga qoʻngʻiroq qilib, odamlar haqligi, ayniqsa, Istiqlolning 25 yillik toʻyi arafasida bunday qilish “siyosatga ham toʻgʻri kelmasligi”ni uqdirdik, qattiq-qattiq soʻzlarni aytdik. “Kes-keslar” keyinga qoldirildi. Oradan ikki oy oʻtar-oʻtmas, endi bilsak, millatimiz va davlatimiz turish-turmushida butunlay boshqa, ayrim jihatlariga koʻra, yetti uxlab tushimizga kirmagan davr boshlandi...
Hademay, Yangi Oʻzbekiston bosqichiga ham olti yil toʻladi. Ushbu muddat tarix u yoqda tursin, bir kishi borligʻi uchun ham oʻta kichikdir. Biroq koʻz oʻngimizda yuz bergan va berayotgan sifat oʻzgarishlari juda koʻp, oʻta yangi, kutilmagan, desak hech kim inkor etolmaydi.
Atigi olti yil burun odamlarimizning yurish-turishi, quvonch-tashvishi, imkon-istagi nimalardan iborat edi? Axborot vositalarimiz, turli yigʻilishlar, choyxonalar, tor doiralarda aytar soʻzlarimiz mazmuni-chi? Nimalarning tashvishini qilar edik?
Toʻgʻri, ularni xotirada tiklash bugun qiyin (balki istamasmiz). Negaki oʻsha hayotning ancha-munchasini esdan chiqarib qoʻydik. U turmushimiz tarixga aylanib ulgurgani, u paytlardagi muammolarning asosiylari endi yoʻqligi, qaytarilmayotgani uchun shunday boʻlmoqda! Orqaga qayrilib qarashga ehtiyoj va istak sezmayotganimiz uchun shunday boʻlmoqda! Qizigʻi, ich va tashdagi ayrim “maxsus” odamlarni sanamaganda, soʻnggi yillarda mustamlaka zamoni, ayniqsa, uning sovet bosqichini qoʻmsashlar ham quloqqa chalinmay qoldi. Yangi Oʻzbekistonimiz afzalliklari – avloddan avlodga oʻtib kelgan turgʻun hayotdan butunlay boshqachasi ham bor ekanini koʻrib, tuyib turganimiz oʻlaroq shunday boʻlmoqda!
Shu bilan birga, barcha ishlarimiz mixdek, desak egrilik qilamiz. Ayrimlari necha yuz yoki oʻn yillik, baʼzilari chorak asrlik tarjimai holga ega muammolarimiz, oldimizda turgan turli-tuman toʻsiqlar yetarli. Ularni yengib oʻtish uchun koʻp kuch, bilim, iroda va vaqt talab qilinishi ham tabiiy. Biroq ular orasida bittasi – qolganlarini hal etishda oʻta asqotadigani bor. Bu – egalik tuygʻusi!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardanoq millatimiz ongiga uzluksiz singdirib kelayotgan gʻoyalar sirasidagi ushbu tuygʻuning oʻzi nima, unda qanday sir bor, uning kuch-qudrati-yu zarurati nimada?
Oʻzbekning endigi avlodi uchun umuman tanish egalik tuygʻusi tushunchasi ijtimoiy voqelik oʻlaroq kamida yuz yil biz uchun yot boʻlib kelgan, desak rostini aytgan boʻlamiz. Holbuki, usiz har qanday tiriklik uchun bu dunyo qorongʻudir.
Oddiy odamlar orasida mehnatning oʻrnini koʻpirtirgan kommunistik mafkura insonning shaxs, olomonning xalq boʻlishi uchun qanday omillar zarurligi borasida gʻiq etmagani bejiz emas. Negaki u tuzumga quldek ishlaydigan “mehnatkash”, faqat qorin va arzon tomosha gʻamida yashaydigan olomon kerak edi. Oʻrta va keksa avlod uchun siyqasi chiqib ketgan “proletariat” (proletarius) atamasi aslida urchituvchi maʼnosini anglatishini juda koʻpchilik bilmasligiga ishonchimiz komil. Oʻzlarini yoʻqsillar davlati, deya eʼlon qilgan bolsheviklar dohi-yu yetakchilarining esa bunga aqllari yetmasligi mumkin emasdi. Yetgan va oʻz izzat-nafslarini qondirib, hokimiyatni qoʻlga olish uchun ularga aynan shu toifa ahli – nasl qoldirishdan oʻzgasiga yaramaydigan yoʻqsillar zarur edi.
Yer yuzining oltidan biridagi “xalqlar turmasi”da roʻy bergan ushbu “tarixiy” oʻzgarishning fojiali oqibatiga hozirgi avlod, umuman aqli tetik kishilar ishonmasliklari aniq: asrlar ichra odamlarning oʻz mulki boʻlib kelgan yeri, dalasi, bogʻi, uy-joyi, korxonasi, doʻkoni, mol-holi, ish quroli, shaxsiy moddiy va madaniy boyligi shunchaki tortib olingan-qoʻyilgan. Bu ham yetmagandek, egalari otib tashlangan, surgun qilingan, qamalgan. Bolalariga esa kurakda turmas turli-tuman tavqi laʼnat-u tamgʻalar yopishtirilgan.
Masjid, cherkov, kanisalar yopilib, diniy eʼtiqod taqiqlangani-chi?!
Necha ming yillik milliy tarix, til, adabiyot, falsafa, sanʼat, jugʻrofiya ham oʻshanda yoʻq qilindi. Bolsheviklar iskanjasiga tushgan barcha xalqlar qatori biz oʻzbeklarning ham “chin tarixi” 1924-yildan boshlatib, quldor, feodal, kapitalist va kommunistga ajratib berildi. Tilimiz ruslashtirildi, adabiyot, sanʼat, falsafa, sanʼatimiz sovetlashtirildi.
Shu tariqa, qandaydir oʻn-oʻn besh yil ichida ayrim xalqlar, masalan, biz oʻzbeklar minglab yillar, baʼzi xalqlar asrlar osha yaratib kelgan moddiy, madaniy va maʼnaviy meros chippakka chiqarildi-qoʻyildi. Yovvoyi insonni hazrati qilgan bunday tengsiz boylik – moddiy va aqliy mulkdan mosuvo qilinishi oʻlaroq imperiyadagi salkam ikki yuz million kishi hech vaqosiz qoldi, yoppasiga yoʻqsil boʻldi-qoʻydi.
Keyingi oʻn yilliklarda olib borilgan maqsadga muvofiq surbet siyosat oqibati hamda nimasidandir ayrilgan boʻlsa-da, biroq kechagina mulki boʻlgan qatlamlar tabiiy ravishda oʻtib ketganlari sharoitida, to imperiya birlamchi parchalangunga qadar kechgan katta muddatda ongida ham, qonida ham egalik tuygʻusi yoʻq boʻlgan avlodlar tarbiyalandi, obdon pishitildi...
Davlat mustaqilligimizni tiklagach lugʻatimizda yangi paydo boʻlgan tushunchalardan biri “oʻz taqdirimizni oʻz qoʻlimizga olganimiz”dir. Shaklan toʻgʻri ushbu taʼkid aslida ham shundaymidi? Inson, jamoa, millatning taqdiri nimalarda namoyon boʻladi, boʻlishi kerak?
Soʻroqqa javoblar turlicha boʻlishi tabiiy. Bizningcha, oʻsha inson, jamoa, millat oʻziga tegishli moddiy va aqliy boylikka rostmana egalik qilishida! Oʻttiz bir yillik mustaqil taraqqiyotimiz, ayniqsa, uning yigirma besh va olti yillik ikki bosqichining tahlili shunday xulosa qilishimizga undamoqda. Yanada chuqurlashsak, oʻzlikni anglash, yutuq va kamchiliklarni xolis baholash, muammolarning eng oqilona yechimini topish yoʻlidagi yopiq eshiklarning kaliti xuddi shu omil bilan bogʻliqdir, deb ishonamiz.
1991-yili biz bosh siyosiy maqsadimizga erishdik – davlat mustaqilligimizni tikladik. Bu ishni yurtimizda erkin, farovon va ilgʻor hayot qurish uchun qildik. Shu bilan birga, bunday turmushni egalik tuygʻusi bor ozod shaxslargina barpo etishi mumkin va kerakligiga bepisand boʻldik...
Qaramlik zanjirlari uzib tashlangach ham, davlat istagan paytida xohlaganini qilib tursa – dehqondan yer, yetishtirgan hosilini, ishbilarmondan korxonasi-yu bankdagi pulini tortib olsa, fuqarosining uy-joyini buzsa, paxta dalasiga haydasa, peshona terisi bilan topgan pensiyasidan urib qolsa, kasalini tuzatish, bolasini oʻqitishga imkon bermasa, ish oʻrni yaratmasa, xalq boyligi sanalmish oltin-u xorij valyuta, tashqariga ketayotgan boyliklarining hisobini bermasa, oʻzini chetga chiqarmasa, poytaxtiga kiritmasa, soligʻini undirsa-yu, yoʻlini tuzatmasa, eʼtiqod qilishiga gʻashlik koʻrsatsa, istagan kishisini qamasa, tashabbus koʻrsatgan, oʻz fikrini bildirganni jazolasa, yaxshilarni yomonning qoʻliga topshirib qoʻysa..., bir soʻz bilan aytganda, dushmanning yoki quldorning ishini qilsa, kim ham uni meniki deydi, unga talpinadi, mehr qoʻyadi?!
Oqibatda sovet davrining “bu – davlatniki, bu esa – meniki” oltin qoidasi ishlashda davom etavergan: davlat mablagʻlarini talon-taroj etish, ishlab chiqarish, qurilishlarni oʻlda-joʻlda qilish, ashyolarni oʻgʻirlash, dehqonchilikda qoʻshib yozish, yoqilgʻi, oʻgʻitni sotib yuborish, yerni ayovsiz “zoʻrlash”, taʼlim va sogʻliqni saqlashda poraxoʻrlik, ilm-fanda koʻzboʻyamachilik, dinda munofiqlik, toʻy-hashamlarda kim oʻzarlik va isrofgarchilik, adabiyot va sanʼatda isteʼdodsizlik, yigʻilishlarda qarsakbozlik, axborot makonida ura-urachilik avj oldi, gurkiradi, koʻnikmaga aylandi. Xalq oʻzi manba boʻlgan hokimiyat – davlatni hech qanaqisiga ayamay qoʻydi! Davlatga qarshi qilib kelingan achchiqlik, millatimiz va yurtimiz roʻshnoligiga qanchalar qimmatga tushganini chamalashga hatto qoʻrqasan kishi!
Shu yerda, yuz yil shu yoʻsin va muhitda yashab, toʻrt-besh avlod almashuvidan oʻtgan omma ongiga yurt va davlat egaligi hissini singdirish jarayoni qanchalar ogʻir kechishini bir tasavvur qilib koʻraylik! Shu nuqtayi nazardan fikrlaganda, milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil kuzida oʻrtaga tashlagan ilk va birontamizning xayolimizda ham boʻlmagan – bundan buyon odamlar davlatning emas, balki davlat odamlarning xizmatida boʻlishi gʻoyasining oʻzagida aslida egalik tuygʻusi omilini yuzaga chiqarish istagi yotgani ayonlashadi-qoladi. Negaki bu yurt, davlat meniki, uni men tuzaman, nazorat qilaman, unga boshdan-oyoq, ikir-chikirigacha men javobgarman qarashi bor fuqarogina uni asraydi, qoʻriqlaydi, kerak boʻlsa, uning uchun jonini beradi. Shunday tuygʻusi bor yoki unga intilgan millat, oʻz xudbinligini egalik va daxldorlikka yoʻgʻrita olgan odamlargina kattadan-katta, zaururdan-zarur ishlarga qodir boʻladi, har qanday qiyinchiliklarga chidab beradi!
Insonga xos bir yanglishish bor: koʻpincha masalaning tashiga mahliyo boʻlib, uning ichidagi mazmun va muddaoni esdan chiqarib qoʻyadi yoki hatto bilmaydi ham. Endilikda ogʻizdan tushmas “demokratiya” xalq hokimiyatini anglatishi maʼlum. Biroq muayyan bir zamon va jamiyatda unga erishish yoʻllarini har kim ham koʻrsatib, tushuntirib berolmaydi. Mazkur oʻta zarur va ogʻir ish eplanmas ekan, koʻpchilikni koʻzlangan maqsad sari yetaklash qiyin yoki butunlay samarasiz boʻlib qolaveradi.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning davlat xalq xizmatida boʻlishiga oid siyosatining magʻzi ham uch ming yil yakkahukmdorlik negizida faoliyat koʻrsatib kelgan oʻzbek davlatchiligi uchun butunlay yangilik oʻlaroq chinakam demokratiyani qaror toptirish bilan bogʻliqdir, desak adashmaymiz. Oʻtgan qisqa yillar ichida bu borada erishilgan, tarixiy deb baholashga munosib marralarning qoʻlga kiritilishini ham mazkur xulosa orqali tushuntirgan boʻlardik.
Xalq qabulxonalari tizimining yaratilishi, vakillik idoralari faoliyatining davlat hokimiyati taqsimoti talablariga koʻra yuritila boshlanishi, ayniqsa, ijro hokimiyatining Oliy Majlis va mahalliy kengashlar oldidagi hisobdorligining yoʻlga qoʻyilishi, siyosiy partiyalarning nisbatan jonlanishi va ayrolanishi, kuch ishlatar tuzilmalarning salkam bir asrlik zoʻravonlik tabiatining bir yuz sakson darajaga oʻzgartirilishi, davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va axborot olish erkinligini taʼminlash singari omillarning siyosiy hayotimizga kirib kelibgina qolmay, majburiylik kasb etib borayotganining qimmatini tushungan tushunadi, tushunmagan esa yoʻq.
Negaki davlatchilik va milliyatchiligimiz uchun hayot-mamot masalasi boʻlmish mazkur jarayon oʻz-oʻzidan va osonlikcha kechayotgani yoʻq. Eskicha qarash tarafdorlarining sillasi hali ham qurib boʻlmaganidan tashqari, yangicha sharoitdan xudbin manfaatlari yoʻlida foydalanishga chogʻlanib turganlar ham borligini ochiq aytishimiz shart. Faqat va faqat milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi, mustahkam sabri, sinmas eʼtiqodi va koʻzlangan maqsadga erishishga boʻlgan qattiq ishonchi hamda tegishli moddiy va maʼnaviy poydevorning yaratib kelinayotgani oʻlaroq har qanday jamiyat uchun oʻta qaltis sanalmish ushbu jarayon ortiqcha talo-toʻplarsiz kechmoqda.
Eng muhimi, shu tariqa – sezilgan-sezilmagan ravishda, siyosiy voqeligimiz uchun egalik tuygʻusi tarbiyalanib bormoqda. Buni oy boshida “Qoraqalpogʻiston omili” orqali Yangi Oʻzbekistonni silkitishga boʻlgan urinishlar tahlili oʻlaroq tugʻilgan bosh xulosa ham isbotladi-qoʻydi: dunyoqarashi, ijtimoiy qatlami, bilim darajasi, yashash yeri, yoshi va jinsidan qatʼiy nazar mutlaq koʻpchilik davlatimiz va yurtimiz boʻlinmasligi, xalqimiz tarqalmasligini qoʻllab chiqdi! Yaʼni Oʻzbekistonning egasi bor va bu uning oʻttiz besh millionlik xalqidir!
Soʻnggi ikki yilda turmushimizda sodir boʻlgan uch tarixiy voqea – dehqonchilikka moʻljallanmagan yer maydonlarini xususiylashtirish, elektron kimoshdi savdosida sotish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yer maydonlari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganda, bozor bahosida qoplab berishning qonuniylashtirib qoʻyilishi egalik tuygʻusini tarbiyalash va uning moddiy negizini mustahkamlashda tengsiz ahamiyatga ega, deb ishonamiz.
Yuz yil oldin sovet hokimiyati ota-bobolarimiz xususiy mulki boʻlgan yerlarni zoʻrovonlik bilan tortib olgani bilan bogʻliq fojia va uning keyingi uzoq yillardagi oqibatlari inobatga olinsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu oʻzgarishlar chindan ham tarixiy boʻldi. Negaki oradan bir asr oʻtib tarixiy adolat tiklandi: odamlarimizda yerga nisbatan mulk huquqi – egalik tuygʻusining qonuniy asosi yaratildi. Oʻtmishda ota-bobolarimizning bosqinchilarga qarshi kurashlarda har bir qarich yer uchun jon olib, jon berganida mazkur omilning ham oʻz oʻrni boʻlganiga shubha yoʻq.
Oʻq ildizi kolxozlar-u “gulag”larga borib taqaladigan majburiy mehnatdan qutulganimiz, davlat tomonidan paxta va gʻalla xarid narxlarini qatʼiy belgilash amaliyoti butunlay bekor qilingani insonning oʻz mehnati va uning mahsuliga boʻlgan egalik tuygʻusini qanchalar parvarishlashini tasavvur qilib koʻraylik!
Bir oycha burun institutimizning oʻn besh chogʻliq yosh olimlari bilan Turkiyaga qilingan ilmiy safar paytida shaxsan guvohi boʻlingan voqea 2017-yili milliy pulimizning xalqaro pul bozoridagi mavqeining oʻrnatilishi qorakoʻzlarimiz uchun qanchalar katta ahamiyat kasb etganini isbotladi-qoʻydi: har kim oʻz holiga koʻra soʻm (!) “solib” olib ketgan visa card orqali ushbu mamlakatda har qanday toʻlov hech bir gap-soʻzsiz amalga oshirildi. Buning egalik tuygʻusiga qanday aloqasi bor? Turklar tegishli mablagʻni lirada yechib oldi, biz esa soʻm – oʻz pulimizda toʻladik. Oʻzgalarning aqchasiga bogʻlanganlikdan qutuldik, oʻz pulimizning haqiqiy egasi boʻldik!
Inson oʻz fikri, mustaqil dunyoqarashiga ega boʻlishi borasida koʻp gapiramiz. Biroq rostmana va zamonaviy bilimlarsiz bunday mustaqil fikrdan shaxs va jamiyatga ne foyda? Shu maʼnoda, qandaydir ikki-uch yilda amalga oshirilgan yana bir tarixiy ish – taʼlim tizimida boshlangan tub oʻzgarishlarning qimmati vaqt oʻtgani sayin ayonlashib boraverishiga qattiq ishonamiz. Milliy yetakchimizning “najot – bilim”da chaqiriqlari uzoq yillar “zamon – zoʻrniki” boʻlib kelgan jamiyat dunyoqarashi va borligʻiga qanchalar kuchli taʼsir koʻrsatgani va koʻrsatayotganini hali koʻp tan olamiz. Negaki endi bola-chaqalarimiz taqdiri – millatimiz va davlatimiz kelajagini “test” ortida turgan “shaytonlar”ga emas, balki farzandlarimizning qanchalar haqqoniy bilim egalari boʻlishi milliy dunyoqarashmizga bogʻliq boʻlib bormoqda!
Davlatimiz boshligʻi ilk kunlardan olgʻa surib kelayotgan gʻoyalardan yana biri biz hali oʻz ustimizda koʻp ishlashimiz, tinmay izlanishimiz va oʻrganishimiz lozimligi bilan bogʻliqdir. Ushbu jarayonni esa zamonaviy va milliy ilm-fan tizimisiz tasavvur qilib ham, boshqarib ham boʻlmasligi ayon. Afsuski, mustaqillik yillarida bu borada olib borilgan gʻayriilmiy va gʻayrimilliy siyosat oqibatida ilm-fan sohasi isteʼdodlar va fidoyilardan tashqari, yumshoqroq qilib aytganda, boshqa yoʻnalishlarda omadi chopmagan tasodifiy odamlarning ham panohiga aylanib qolganini ochiq aytishimiz lozim. Soʻnggi yillarda ilm-fanga boʻlgan alohida diqqat-eʼtibor, nihoyat, bu borada davlat siyosatining paydo boʻlishi, ayniqsa, ilmiy xodimlar oyligining uch marta oshirilib, erkin ijod qilish, xalqaro hamkorlikni bemalol yoʻlga qoʻyish imkoni tugʻdirib berilgani natijasida iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga intilishi yaqqol sezilmoqda. Boshqacha aytganda, juda katta qiyinchiliklar bilan boʻlsa-da, mustamlaka zamoni va yevromarkazlashuv “ilmiy yondashuvlari” va taʼsirlaridan qutilish yoʻlidan borayotgan ilm-fanimizning ham oʻz egalari maydonga chiqmoqdalar.
Yangi Oʻzbekiston bogʻida yaratilib, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod hamda eng oliy darajadagi xorijiy mehmonlar ziyoratgohiga aylantirilgan Mustaqillik monumenti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3000 yillik milliy davlatchiligimizga qoʻyilgan oʻziga xos yodgorlik boʻlganini alohida urgʻulagan boʻlardik. Mustamlaka davrimiz va keyingi chorak asrni qoʻshganda, yuz ellik yil buyuk oʻtmishimiz, jumladan, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish bosqichlarimiz talon-taroj qilingani, toptalgani va kamsitilgani, hatto endi ham shu maqsaddagi ayrim chiranishlar borligi koʻzda tutilsa, ushbu voqeaning davlatchiligimiz va milliyatchiligimizdagi tengsiz ahamiyati oydinlashadi-qoʻyadi: 1991-yili davlat mustaqilligimizni tiklagan boʻlsak, 2021-yili 3000 yillik milliy davlatchilik madaniyatiga egaligimiz – biz oʻzbeklar tarix maydonida kecha paydo boʻlmagan millat ekanimizni muhrlab qoʻydik. Davlatimiz rahbarining soʻzlari bilan aytganda, bitta millat, bitta davlat boʻldik!
Shu oʻrinda, yana bir oʻta muhim masalaga diqqatni qaratgan boʻlardik. Ming yillar ichra koʻpincha jahon siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy markazi boʻlib kelgan oʻzbek davlati ushbu maqomga mintaqalar, xalqlarni birlashtirish orqali erishganini uqdirish payti keldi, deb oʻylaymiz. Murakkablashib borayotgan bu dunyoda qadimgi Turon, Turkiston – Markaziy Osiyo doirasidagi hamjihatlikni taʼminlash, Janubiy Osiyo bilan tabiiy va tarixiy bogʻliqliklarimizni tiklash, Oʻrta va Yaqin Sharqqa nisbatan oqilona siyosat, Sharqiy Osiyo, Yevropa, Amerikaga qaratilgan salmoqli munosabat Yangi Oʻzbekiston bosqichi tashqi siyosatida ham azaliy qadriyatlardan kuch olayotgan oʻz qarash va asoslarimizga ega boʻlganimizdan dalolatdir, albatta.
Ota-bobolarimiz muqaddas dini boʻlmish musulmonchilik barqarorligi va ravnaqida ustunlik eʼtiqod erkinligi va ilmga berilishi har qanday jamiyat uchun oʻta zarur ushbu sohaning ham donishmand egasi oyoqqa turganini koʻrsatmoqda.
Soʻnggi yillarda madaniy turmushimizda yuz bergan koʻplab ijobiy oʻzgarishlar orasida tarixiy-madaniy yodgorliklarimizni ogʻizda emas, amalda asrash tizimining yoʻlga qoʻyilgani, Baxshichilik sanʼati markazi, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi, “Oʻzbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasi tashkil etilgani hamda pedagogik oliy musiqiy taʼlim yoʻnalishida maqom sanʼatini maxsus fan sifatida oʻqitish belgilanganini alohida urgʻulagan boʻlardik. Negaki, nihoyat, madaniy va maʼnaviy borligʻimizning ildizlarini oʻz qoʻlimizga oldik, oʻzimizni ularning haqiqiy egalari oʻlaroq tuta boshladik.
Erkinlik – ulug‘ va tengsiz boylik! Bu haqda aytilgan, yozilganlar juda koʻp va xilma-xildir. Ular orasida tez-tez qoʻllanadigani va taʼsirlisi Muso paygʻambarning oʻz qavmini qirq yil sarson-sargardonlikda olib yurib, qullik ruhiyatidan butunlay xalos qilgani bilan bogʻliq rivoyatdir. Xom sut emgan banda oʻzimiz ham undan ilhomlangan paytlarimiz boʻlgan. Biroq dono, toʻzimli va shafqatsiz oʻqituvchi – turmush tajribasi boshqa muhimroq qoida ham borligini koʻrsatmoqda. U ham boʻlsa, inson shaxs va omma millat boʻlishi uchun quruq, oʻshanda ham koʻproq qogʻozda-yu rivoyatlardagi erkinlikning oʻzi yetarli emas ekan. Buning uchun oʻz gʻoyalari, mafkurasi, qadriyatlari, moddiy va aqliy mulklariga boʻlgan haqqoniy egalik tuygʻusi oʻta-oʻta zarur ekan. 3000 yillik davlatchilik rivojimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy xizmati ham aslida ushbu tuygʻuni har bir avlod ongiga singdirish orqali yangi Oʻzbekistonning hech qachon yengilmas egalarini yetishtirish, yurt qaygʻusida yashash va ishlashga qodir millatni tarbiyalashdan iboratdir, deb ishonamiz.
Azamat ZIYO,
Tarix instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,
2022-yil 28-iyul, 152-son.