Millatlar tarixida shunday qarorlar boʻladi-ki, ularning ahamiyati bir kun yoki bir yil bilan emas, balki keyingi oʻnlab yillar, hatto asrlar taqdiri bilan oʻlchanadi. Shubhasiz, milliy alifbo masalasi ham shular jumlasidandir. Chunki alifbo – bu shunchaki harflar yigʻindisi emas, u millatning yozma tafakkuri, ilmiy salohiyati va raqamli kelajagini oʻzaro bogʻlab turuvchi mustahkam poydevor hisoblanadi.
Joriy yil 7-iyul kuni Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan alifbo loyihasi qisqa fursatda paydo boʻlgan emas. U qariyb oʻn yil avval respublikaning taniqli olimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh, uning izchil izlanishlari, oʻzaro bahs-munozaralar va ilmiy muhokamalar mahsulidir. Bu jarayonda tilshunos olimlar bilan bir qatorda, pedagoglar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, huquqshunoslar, noshirlar, dasturchilar, jurnalistlar va boshqa soha vakillari faol ishtirok etdi.
Shu yillar davomida ishchi guruh tomonidan alifboning beshta turli loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Xususan, 2021-yil 16-mart kuni takomillashtirilgan alifbo loyihasi rasman eʼlon qilinib, mamlakat miqyosida keng muhokama qilingan edi. Olimlar, mutaxassislar va fuqarolar tomonidan bildirilgan yuzlab taklif va mulohazalar sinchiklab oʻrganildi, har bir yechimning ilmiy, amaliy va texnik jihatlari tahlil qilindi. Natijada ilmiy bahslardan oʻtgan, turli qarashlarni oʻzida uygʻunlashtirgan yakuniy loyiha shakllantirildi.
Eng muhimi, taklif etilayotgan alifbo amaldagi yozuv tizimida yillar davomida saqlanib kelayotgan asosiy imloviy va texnik muammolarni bartaraf etadi, shu bilan birga, yozuvni sunʼiy ravishda murakkablashtirmaydi. U taʼlim tizimida ham, davlat idoralari faoliyatida ham, noshirlik faoliyatida ham, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham oson qoʻllaniladigan, izchil va zamonaviy yechimni taklif etadi. Boshqacha aytganda, bu loyiha harflarni shunchaki almashtirish emas, balki oʻzbek yozuvini yaxlit tizim sifatida takomillashtirishga qaratilgan.
Shu bois bugun “qaysi harf chiroyliroq?” degan savol emas, “qaysi alifbo oʻzbek tilining bugungi va ertangi ehtiyojlariga koʻproq javob beradi?” degan savol va uning javobi biz uchun muhim boʻlishi lozim. Alifbo hissiyot yoki shaxsiy did bilan emas, balki tilning fonetik tamoyillari, grafika, axborot texnologiyalari asosida baholanadigan ilmiy tizimdir.
Alifboning ichki tizimi
Amaldagi alifbo haqida soʻz ketganda, savol “Bugungi oʻzbek alifbosi zamonaviy til, taʼlim va raqamli texnologiyalar talablariga toʻliq javob bera olyaptimi?” tarzida qoʻyilishi lozim.
Agar savolga ijobiy javob bera olganimizda, alifboni takomillashtirish haqida oʻn yillab bahslar boʻlmas edi. Agar mavjud yozuv tizimi barcha sohalarda muammosiz ishlaganida, tilshunoslar, dasturchilar, pedagoglar va boshqa mutaxassislar bu masala ustida yillar davomida bosh qotirmagan boʻlar edilar.
Demak, bugungi muhokamaning markazida muayyan harf emas, balki alifboning ichki tizimi turibdi.
Dunyoda turli qonuniyat asosida tuzilgan alifbolar mavjud. Lekin eng ideal alifbo, eng avvalo, bir muhim qonuniyatga tayanadi: bir tovush – bir harf. Bu tamoyil shunchaki nazariy qoida emas. U yozuv tizimining soddaligi, izchilligi va barqarorligini taʼminlaydi. Bola savod chiqarayotganda ham, tilshunos lugʻat tuzayotganda ham, dasturchi matnni qayta ishlayotganda ham aynan shu tamoyil yengillik yaratadi.
Amaldagi oʻzbek alifbosida esa mazkur tamoyil toʻliq taʼminlanmagan: ayrim harflar ikki belgi orqali ifodalanadi. Qoʻsh belgili bu harflarni toʻgʻri yozish esa muammo ekanligi bor haqiqat. Bu holat inson uchun ham, kompyuter uchun ham turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun taklif etilayotgan oʻzgarishlarning bosh maqsadi ayrim harflarni “chiroyliroq” qilish emas, balki alifboni yaxlit va mantiqiy tizimga aylantirishdir.
Nega O‘ va G‘ oʻrniga Ö va Ğ taklif qilinmoqda?
Bugungi kunda eng koʻp muhokama qilinayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, alifbo islohotiga asosiy sabab boʻlgan bosh muammo ham – O‘ va G‘ harflaridir. Bir qarashda ular oddiy, kichik koʻrinadi. Lekin masala ham aynan ana shunda – kichik belgi katta muammolarga sabab boʻlmoqda.
Amalda O‘ va G‘ harflarida qoʻllaniladigan belgi yagona emas. Bir odam toʻgʻri apostrofdan foydalanadi, boshqasi teskari belgini qoʻyadi, yana biri qiya belgini ishlatadi. Tashqi koʻrinishi yaqin boʻlgan bu belgilar kompyuter uchun mutlaqo boshqa-boshqa kodlar hisoblanadi.
Natijada bir xil soʻz turli koʻrinishda yozilib ketadi, elektron qidiruv tizimi ayrim matnlarni topmaydi. Davlat axborot tizimlarida bir fuqaroning familiyasi bir nechta koʻrinishda qayd etilishi mumkin. Elektron hujjatlar, maʼlumotlar bazalari, avtomatik saralash va raqamli xizmatlarda turli nomuvofiqliklar yuzaga keladi.
Eʼtiborli jihati shunda-ki, bu muammo imlo qoidasini oʻzgartirish bilan hal boʻlmaydi, chunki muammo tilda emas, belgining texnik tabiatida. Kompyuter inson koʻzi kabi koʻrmaydi, u har bir belgini alohida kod sifatida qabul qiladi.
Alifbo loyihasiga kiritilgan Ö va Ğ esa mustaqil harflardir. Ular yagona Yunikod kodiga ega, barcha zamonaviy operatsion tizimlar, veb-platformalar va dasturiy muhitlar tomonidan bir xil qabul qilinadi. Bu esa yillar davomida yigʻilib kelgan texnik muammolarni ildizidan bartaraf etadi. Yana bir muhim jihat shu-ki, taklif qilinayotgan harflar biz uchun begona emas, bu harflar jadid bobolarimiz tomonidan ishlab chiqilgan, 1929 – 1940-yillarda amalda boʻlgan, shu bilan birga, 1993-yilda qabul qilingan alifbolarda ham mavjud. Demak, bu oʻrinda tarixiy tajriba ham inobatga olingan.
Nega Sh va Ch ham oʻzgarmoqda?
Ayrimlar “Faqat O‘ va Gʻni oʻzgartirish kifoya, Sh hamda Ch ni esa qoldirish mumkin”, degan fikrni bildirmoqda. Bir qarashda bu taklif imlo islohotini yengil oʻtkazishga xizmat qiladigan yechim kabi koʻrinadi. Ammo ilmiy-amaliy nuqtai nazardan bu toʻgʻri boʻlmaydi: aynan shu chala tuzatish yana qachondir alifboni takomillashtirish masalasini kun tartibiga olib chiqishi mumkin.
Zero, bugungi kunda Sh hamda Ch harflari faqat nazariy emas, amaliy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Masalan, lugʻatlarda soʻzlarni alifbo tartibida joylashtirish, avtomatik saralash, morfologik tahlil, matnni raqamli qayta ishlash, qisqartmalar yasash kabi jarayonlarda Sh va Ch alohida emas, ikkita mustaqil harf sifatida qabul qilinadi. Bu esa, kompyuter dasturlari uchun qoʻshimcha algoritmlar talab qiladi. Isʼhoq, asʼhob kabi soʻzlarda esa yoʻq joydan istisno qoidalarini joriy etib, vazifasiga zid ravishda tutuq belgisini qoʻllashimizga toʻgʻri kelmoqda. Jadid namoyandalaridan Ibrohim Tohiriy imlo qoidalarida istisnolarning boʻlishi uning toʻgʻriligini shubha ostiga qoʻyadi, degan edi.
Taklif etilayotgan Ş va Ç harflari qoʻllanilganda esa mazkur tovushlar mustaqil harf sifatida ifodalanadi. Natijada inson uchun ham, kompyuter uchun ham yagona va izchil tizim vujudga keladi.
Nega aynan Ö, Ğ, Ş va Ç tanlandi?
“Nima uchun boshqa belgi emas, aynan shu harflar?” degan savol ham tabiiy.
Bu yerda tanlov tashqi koʻrinishga emas, ilmiy va amaliy mezonlarga asoslangan.
Birinchidan, mazkur harflarning har biri bitta mustaqil grafemadan iborat. Demak, ular “bir tovush – bir harf” tamoyiliga toʻliq mos keladi.
Ikkinchidan, bu harflar xalqaro raqamli standartlarda mustahkam oʻrin egallagan. Ular shakldoshlari orasida keng tarqalgan boʻlib, alohida Yunikod kodlari mavjud va barcha zamonaviy axborot tizimlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Uchinchidan, mazkur grafemalar turkiy tillar yozuvida keng qoʻllanib kelayotgani hamda avval ham ikki marta alifbomiz tarkibidan oʻrin olgani bois ular oʻzbek yozuvi uchun ham mutlaqo tabiiy hisoblanadi.
Shuning uchun bu tanlov tasodifiy emas, balki tilshunoslik, axborot texnologiyalari va xalqaro tajribaning kesishgan nuqtasida qabul qilingan yechimdir.
Nega ng alifbo tarkibidan chiqarildi?
Muhokamalarda eng koʻp uchrayotgan savollardan yana biri – ng haqida. Avvalo, ng oʻzbek tilida cheklangan fonetik muhitda uchraydi. U hech qachon soʻz boshida kelmaydi. Qolaversa, u ming yil davomida arab alifbosida ham, keyin kirill alifbosida ham va nihoyat, amaldagi lotin alifbosida ham n va g harflari orqali ifodalangan. Yaʼni bu tovushning ikki harf bilan ifodalanishida azaliy koʻnikma mavjud. Eng muhim jihat shu-ki, boshqa harfiy birikmalardan farqli ng birikmasi amaliyotda hech qanday muammoga sabab boʻlmayapti, aksincha uni yaxlit harfga aylantirish amaliyotda yangi muammolarni yuzaga keltiradi. Jumladan, son-sanoqsiz adabiyotlarni yangilangan alifboga oʻgirishda elektron dasturlar koʻngil, singil, dengiz soʻzlaridagi ng tovushi bilan birga menga, shakllangan, shtanga kabi soʻzlardagi bir-biriga aloqasiz n v g harflarini ham yaxlit harfga aylantirib yuboradi. Shuningdek, juda koʻp soʻzlarni yozishda ikkilanish paydo boʻlib, savodxonlikka ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Nega tutuq belgisi toʻliq bekor qilinmadi?
Tutuq belgisiga nisbatan ham turli fikrlar bildirilmoqda. Lekin u oʻzbek tilida muayyan vazifani bajaradi. Ayrim hollarda tovushlarni ajratish, talaffuzni aniqlash va maʼnoni farqlashda uning ahamiyati saqlanib qolmoqda.
Shuning uchun ilmiy yondashuv uni butunlay yoʻqotish emas, balki qoʻllanish doirasini aniq belgilashdan iboratdir. Bu, bir tomondan, yozuvni soddalashtirsa, ikkinchi tomondan, tilning tabiiy xususiyatlarini ham asrab qoladi. Shu maʼnoda tutuq belgisining qoʻllanish doirasini takomillashtiriladigan imlo qoidalarida alohida koʻrib chiqish mumkin boʻladi.
Muhokamalarda bildirilayotgan takliflardan biri – unlilar sonini 9taga yetkazish masalasi. Bu hozirgi holatda amalga oshishi qiyin boʻlgan masala, chunki bu taklif qabul qilinsa, alifboda jiddiy inqilobiy oʻzgarish yuz beradi. Unlilarning qattiq-yumshoqlik boʻyicha juftlanishi oʻtgan asrlarda boʻlgan boʻlsa-da, buni bugun hatto ayrim filologlar ham ajrata olmaydi. Hozirgi alifbo islohoti esa, muammolar yaratishga emas, ularni hal etishga qaratilgan.
Alifbo islohoti haqida fikr yuritar ekanmiz, bunday jiddiy va ilmiy masalaga hissiyot, odat yoki shaxsiy did nuqtai nazaridan emas, balki ilm-fan, milliy manfaat va kelajak ehtiyojlari nuqtai nazaridan yondashish zarur.
Maqsad – barqaror yozuvga erishish
Taklif etilayotgan alifbo loyihasini mukammallikning soʻnggi nuqtasi, deb aytish toʻgʻri boʻlmaydi. Zero, dunyoda mutlaqo mukammal alifboning oʻzi yoʻq, ammo har qanday islohotning qadri uning mavjud muammolarni qay darajada hal qila olishi bilan oʻlchanadi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur loyiha amaldagi alifboda yillar davomida kuzatib kelingan bir qator lingvistik, imloviy va texnik muammolarga izchil yechim taklif etadi.
Bugungi kunda oʻzbek tili oldida yangi vazifalar turibdi. U nafaqat kundalik muloqot va badiiy adabiyot tili, balki zamonaviy ilm-fan, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, elektron davlat boshqaruvi va xalqaro axborot almashinuvining ham toʻlaqonli vositasiga aylanishi kerak. Bu maqsadga erishish uchun tilning ichki qonuniyatlariga tayangan, izchil va texnologik jihatdan barqaror yozuv tizimi zarur. Takomillashtirilayotgan alifbo aynan shu ehtiyojlarga javob beradi.
Shubhasiz, har qanday yangilik dastlab savollar va turli munosabatlarni keltirib chiqaradi. Bu tabiiy jarayon, biroq tarixiy tajriba shuni koʻrsatadi-ki, ilmiy asoslangan qarorlarning haqiqiy qiymati vaqt oʻtishi bilan yanada yaqqol namoyon boʻladi. Kecha bahsli tuyulgan koʻplab yangiliklar bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangani kabi, bu islohotning ijobiy samarasi ham yillar davomida oʻzini namoyon etadi.
Shu bois bizning vazifamiz har qanday islohotni, jumladan, milliy alifboga kiritilayotgan tuzatishlarni ehtiros bilan emas, dalil bilan, taxmin bilan emas, ilm bilan baholashdan iborat. Chunki tilning kelajagi haqida qabul qilingan har bir oqilona qaror, avvalo, millatning kelajagiga qoʻyilgan sarmoyadir.
Inomjon AZIMOV,
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini
oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori,
filologiya fanlari doktori, professor.