Zamon ogʻrigʻini teran his qilgan ziyolilar borki, mudom millat tili atrofida jam boʻlgan. Ular uchun soʻz – qurol, til – ruhiyat, maʼrifat – chin maslak edi. XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilari orasida Behbudiy, Fitrat, Elbek va boshqa koʻplab ziyolilar tilimizning maʼnaviy qoʻrboshilari edi. 

Kamina uchun yangiday koʻringan ayrim soʻz va mulohazalarni bayon etsam. Behbudiy asarlarini varaqlab, ajib soʻzga duch keldim. Maʼrifatparvar adib ota-onasiga yozgan xatlarida yuksak hurmat va ehtiromini namoyon qilarkan, tilimizda goʻyo siyqasi chiqqan bir soʻzning yangicha koʻrinishini keltirib oʻtadi. “Tashakkurnoma”, “Maqtov yorligʻi” kabi bir enlik qogʻozlar Behbudiy tilida “Ofarinnoma” koʻrinishida yangraydi:

“Marhamatlik qiblagohim! Maktabgʻa kelgandan beri, alhamdulilloh, tinch va sihatdurman. Boshqa sheriklarim qatorinda saboq oʻqub turibman. Birinchi oʻquganlarimni imtihon berib “ofarinnoma” oldim. Maktabga aslo xafa boʻlganim yoʻq”.

Jadidlarning nafaqat favqulodda ilmi, balki kelajak yuz yillarni his qila olishi meni doim hayratda qoldiradi. Masalan, Behbudiyning bir daʼvati xuddi kunimizning yuragi boʻlib turgan sunʼiy intellekt, elektron texnologiyalar ilmini oʻrganishga hamohang keladi:

“Ey musulmonlar! Bolalaringizgʻa kelar zamon ilmini oʻrgatingiz! Zeroki, alarni xudo taolo xalq etdi, sizni zamonangizdan boshqa, yaʼni kelar zamon uchun”.

Professor Fitrat tilimiz islohiga bel bogʻlar ekan, turkiy tilimiz qaysi manbalardan oziqlanishi lozimligini uqtirib oʻtadi:

“Tilimizning sof shaklini daladagʻi el-aymoqlarimizda koʻra olamiz. Dalada yashagʻan el-aymoqlarimiz orasida unlarning jon ozigʻi boʻlib turgʻan dostonlar, ashulalar, matallar, laparlar, qoʻshiqlar bor. Shunlarning hammasini buyuk bir diqqat bilan yozib olish kerak, el-ulus orasida yozuv doirasigʻa kirgan ...kabi aristoʻkrat shoirlarimizning asarlari bor. “Qutadgʻu bilig”, “Hibatul-haqoyiq”, “Devoni lugʻatit turk”, “Muqaddimatul-adab” kabi eski vasiqalar bor. Shunlarning hamasini qilni qirq yorib tekshiraylik; bir-biriga solishtirib, kelishtirib, tekli, tubli natijalar olayiq...”.

Olim shu jumlayi olami bilan turkiy til islohiga boradigan jaridani chizib berganday. Adib har qanday “ilmiy axtarishlar boʻlmagʻuncha bunlarning birtasi ham boʻlajaq emas”ligini shu yoʻsinda taʼkidlaydi.

Yana bir maʼrifatparvar Elbekning tilimiz himoyasi yoʻlidagi jonbozligi ehtiromga loyiq. U “Turkiston” gazetasida “Lugʻat va atamalar bobi”ni ochishni taklif etib, jamoatchilikni faol boʻlmoqqa chorlaydi.

Tilimizdagi oʻnlab xorijiy soʻzlarni matbuotda eʼlon qilarkan, turkiycha muqobillarini ham taklif qiladi. Masalan, mamlakat – oʻlka, yetim – oʻksuz, duxtir – emchi, dorixona – emloq, inqilob – toʻnkarish, musobaqa – oʻzishma, taqdir – yozmish...

“Toʻnkarish”ning yana bir xalqona variantini oʻqib qoldim – oyoqlanma! Bu soʻz qoʻzgʻolon, isyon, xalqning oyoqqa turishi maʼnosida muomalada boʻlgan. Ahad Andijonning “Turkiston uchun kurash” asarida shunday yoziladi:

“Turkistonda Rusiyaga qarshi biror isyon chiqishiga ishonmayman. Bundayin oyoqlanma sodir boʻlsa, shafqatsiz bostiriladi”.

Istaymizki, bu topilmalar davomli-davomli boʻlgay...

Mehmon va mezbon

Mehmonning turkiy xalqlardagi obroʻsi yuksak boʻlib, otadan ulugʻligi choʻpchak emas. Unga izzat-ikrom koʻrsatish, taomlantirish, xushxulq boʻlish mezbonning maʼnaviy burchi. Bu anʼana avvalo oilada, soʻngra davlat miqyosida ham qadriyat darajasida turgan.

Alp Er Toʻnga jangnomasida mehmondorchilik haqidagi yuksak fazilatlarga urgʻu beriladi:

Kelsa uma tushurgil,

Tinsin aning aruqluq.

Arpa, saman yagʻutgʻil

Bulsin ati yaruqluq.

Yaʼni:

Senikiga mehmon kelsa, uni qoʻndir, u hordiq chiqarib, dam olsin, otiga arpa, somon sol, oti yorugʻlik rohatidan bahra olsin.

Arab geografi va sayyohi Abu Isʼhoq al-Forisiy al-Istaxriyning “Kitab masalik al-mamalik” nomli asarida Movarounnahr tasvirlari va ajdodlarimizning goʻzal fazilatlari haqidagi kechinmalar bor. Asarda Movarounnahrliklarga kelgan mehmon xoh tanish, xoh notanish boʻlsin, oʻzini oʻz uyida deb his qilishi aytib oʻtiladi.

“...Movarounnahrda odamlar bir xonadon kishilari kabidir. Bir kishi boshqasinikiga oʻz uyiga kirganday toʻxtaydi. Mezbon yoʻlovchining bu ishida yomonlik koʻrmaydi. Kelgan mehmonni tanimasa-da, undan sovgʻa umid qilmay ogʻirini yengil qilishga bor kuchini sarflaydi”.

Jumlalarni davom ettiramiz: “Ularda har bir kishi borini oʻzi va uyiga kelgan mehmondan ayamaydi. Borsang, katta qasr va mehmon uchun xona qurayotgan joy egasini topasan. Uning vaqti kechasi kelgan yoʻlovchiga sharoit hozirlashga ketishini koʻrasan...”.

Bu kun bir zamonlardagi turkiy bobolarimiz yer-mulk, boylik emas, mehmon talashishgan desak lofga oʻxshar. Ammo asarda shu xislat haqida ochiq-oydin faktlar aytiladi:

“...Bir yoʻlovchi toʻxtasa, uning uchun bahslashib, tortishadilar. Movarounnahrda hech kim na kechasi va na kunduzi odamlar bor joyda narsasini yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqmaydi. Ular bu borada boshqalar davlat toʻplashda bahslashgani va boyligi bilan maqtanganlari kabi oʻzaro bellashadi”.

Yaqingacha qishloq darchalarimizga qulf tugul, choʻpak ham osilmasdi. Ammo asrlar avval bundan-da ulugʻvor zamona boʻlgan:

“...Men Soʻgʻdda shunday hovlini koʻrdimki, u yuz yildan koʻproq vaqtdan beri qulflanmaydi, hamma vaqt mehmonlar uchun ochiq. Toʻsatdan bu xonadonga yuz-ikki yuzlab mehmon keladi, uy egasi hech qiynalmay mehmonlarni ot-ulovlari bilan joylashtiradi va ziyofat qila oladi”.

Zamonaviy restoranlarda oq qoʻlqop kiyib xizmat qiladigan ofitsiantlarni koʻp koʻramiz. Bu manzara yevropacha madaniyatning bir qismiga aylanib boʻlgan. Mening hayratim XV asr boshlarida Samarqandga, Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning iqrorida boʻldi. U ziyofatlarda qoʻliga maxsus qoʻlqop kiygan xizmatkorlar mehmonlarga ovqat tarqatayotganini taajjub bilan tasvirlaydi. Chunki bu paytda Yevropada hali oddiy gigiena qoidalari ham bir maromda emasdi...

Sayyoh “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406-yillar)” asarida shunday yozadi:

“...Charm dasturxon ustiga shu qadar koʻp goʻsht qoʻyilgan ediki, koʻtarganda naq yirtilib ketishi mumkin edi. Goʻsht keltirgan xizmatkorlar podshohdan yigirma qadamcha nari ketganlaridan soʻng goʻsht maydalovchilar hozir boʻldilar, oldilariga peshband tutgan, qoʻllariga charm qoʻlqop kiyib olgan goʻsht maydalovchilar charm dasturxon yoniga tiz choʻkib oʻtirdilar”.

Vaqtlar oʻtsa-da, mehmon va uning dasturxoniga hurmat yashab qolaverdi. Turkiy xalqlar shu aqidani doim yodda tutdi.

Chingizxon saltanatida ham bovurchi (dasturxonchi) lavozimi boʻlib, u “ovqat va ichimlik mudiri”, keyinchalik xonning asosiy oshpazi (bakovul) boʻlgan. Bularning bari mehmonning izzat-hurmati uchun edi.

Mezbon mehmonning koʻnglini olishdan tashqari jonliqlariga ham masʼul boʻlgan. Ot-ulovning qorni toʻygʻazilgan. Chorvador koʻchmanchi turkiylar piyoda uzoq yoʻl bosib kelgan mehmonga qaytarda ot ham tuhfa qilgani dostonlarimizda, tarixiy manbalarda keltiriladi.

Bobur mirzo “Boburnoma”da darbadarlik chogʻlarida ham mehmon sifatida ulugʻlangani, hatto otlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatilgani haqida yozadi:

“...Seshanba kuni vird (duo) oʻqib, Yonbuloq yoʻli bilan Kobulga qarab joʻnadik. Asr namozi vaqti Algatu daryosidan kechib, namozshom payti Qorabugʻaga kelib, otlarga yem berildi. Tezda ozgina ovqat hozirladilar, otlar arpasini yeb tugatgach, yana yoʻlga tushdik”.

Mehmon va mezbon madaniyati burungi xonliklarimizda ham davom etdi. Saroyda nafaqat mahalliy, balki xorijlik elchilarni qabul qilishga mutasaddi boʻlgan shigʻovul, dasturxonchi, munshiy, ovqat suzuvchi va ichimlik quyuvchi – toʻqsoba kabi lavozimlar boʻlgani barchamizga ayon.

Turkiylarning “Ont kosasi”

Ont ichish va unga amal qilish turkiylar uchun or, nomus, hayot-mamot masalasi edi. Hatto ichilgan ont uchun xalqqa belgi berish maqsadida osh va suv tarqatilgan. Shu orqali ahdga vafo yanada mustahkamlangan.

Faoliyatim yuzasidan askarlarning qasamyodiga koʻp guvoh boʻlganman. El oldida ichilgan ont chindan insonni boshqa kishiga aylantiradi.

Nega ont ichiladi? Buning tarixiy asosi borligiga shubham yoʻq edi. Manbalarda bu xususida ajib faktlarga duch keldim.

Qadimda skiflar nafaqat vatan himoyasini, balki doʻstlikni ham buzilmas qasam bilan mustahkamlar ekan. Ichilgan ont bir umr sodiqlik, vafodorlik ramzi boʻlgan. Koʻchmanchilar jamiyatida ham qasamyod marosimlari yuksak darajada oʻtkazilgan.

Ont atamasi qayerdan paydo boʻldi? Bir qancha dalillar bor. Maʼno-mazmuni boʻyicha eng ishonarlisi nazarimda “Ont kosasi”dir. Miloddan avvalgi davrlarda xunlar va xitoy elchilari oʻrtasida “ont kosasi” boʻlgani, bitimlar shu kosalarda ichimlik ichilgan holda tuzilgani haqida maʼlumotlar bor.

Yana bir manbada Chingizxon saltanatida taxtga oʻtirgan kishining ont ichishi uchun Tolu deb nomlangan kosa boʻlgani haqida aytiladi. Ont kosasi moʻgʻullar uchun shu qadar muhim ediki, hatto Chingizxon oʻgʻillaridan birining ismi Toluy (Tulu) edi.

Keyinchalik kosa xalqlarni birlashtiradigan birdamlik ramziga aylangan. Qadimgi turkiylar ont kosasini qimizga toʻldirar, qasamyod qilganlarning bari bilagini kesib, tomchi qonini oqizardi. Soʻngra jamoa oʻsha aralashmani navbati bilan ichar, qonlar birlashuvi ularga ruhiy yaqinlik, jipslik bagʻishlardi.

Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida turkiylarning temirga eʼtiqodi, uning nomi bilan ont ichilishini oʻziga xos ramzda ifodalaydi. Ular qilichni oldilariga koʻndalang qoʻyib, “Bu kök kirsün, qızıl çıqsun” deydilar. Maʼnosi: “vaʼda buzilsa, bu koʻk kirsin, qizil chiqsin, yaʼni qonga belanib chiqsin. Bu ahd buzilsa, temir seni oʻldirsin, oʻch olsin”.

Qasamyod qilish tariximizning barcha etnik va zamonaviy qatlamlarida boʻlgan va boʻlayotir. Amir Temur qoʻshinidan tortib Bobur lashkarigacha muqaddas ontning mavqeyi baland saqlangan.

Bobur mirzo qoʻshin ichida yurib, ular bilan birga qasamyod qilardi. “Boburnoma”da shunday yoziladi:

“Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. Oʻlgan – shahid, oʻldirgan – gʻoziy. Barchangiz Tangrining kalomi nomi bilan bu urushdan hech kim yuz oʻgirishni xayoliga keltirmasligi va to tanasidan joni chiqmagunicha bu jang va urushdan chiqib ketmasligini aytib, ont ichmogʻingiz kerak...”.

Shu asnoda barcha bek va navkarlar muqaddas Qurʼonni qoʻliga olib, yuqorida aytilgan jumlalarni takrorlagancha qasam ichishgan. Bunday yigʻinlar odatda barchaning koʻz oʻngida oʻtkazilib, yaqin-yiroqdagi doʻst-u dushmanning yuragiga qoʻrquv solgan.

Tilimizdagi ayrim soʻzlarning maʼnosi tarixan ont ichishga tengligini yoddan chiqargandirmiz ehtimol. Masalan, indallo soʻzi. Gapning indallosi deymiz baʼzida. Xuddi poʻstkallasini, loʻndasini aytaman deganday. Bu soʻzning lugʻaviy maʼnosi “Allohning huzurida”, “Allohga yaqin”, “Allohning yonida” degani. Yaratganning huzurida yolgʻon gapirib boʻlarmidi? Demak, Alloh oldida aytilgan soʻz bajarilishi shart boʻlgan ontga teng.

Soʻz bilan ulfatlik...

Yondaftarimga tez-tez birnimalar yozib yuraman. Xalq ogʻzaki ijodidan, Navoiydan, Bedildan, Anbar Otindan, Abdulla Qodiriydan...

Ularni na zamon, na davr bogʻlamasa-da, soʻz qudrati oldidagi jasorat va mahorat birlashtiradi. Kutilmaganda baxshi shunday deydi:

Seni minib doim toʻdada chopdim,

Yaxshi ulfatlarning koʻnglini topdim.

Qarang, goʻyo chavandozning ot minib, gulgun davralarda chopgani koʻz oldingizga keladi. Aslida maʼno oʻzani boshqacha. Bekmurod Joʻraboy oʻgʻliga tegishli ushbu termada baxshi “Seni minib doim toʻdada chopdim” deya uchqur tulporga emas, doʻmbirasiga murojaat qilmoqda.

Baxshining mahorati, soʻz oʻyini ustasi ekani shunda emasmi?

Hazrat Navoiy “Munshaot”ida uzoqni koʻra oluvchi, aqli har narsaga yetadigan kishilarni nima deb ataganini oʻqib, miriqdim. Durbin degan. Bu soʻz forschada “uzoqni koʻra oluvchi” maʼnosini anglatadi. Insonning zakovati, tafakkuriga nisbatan ishlatilgan soʻz keyinchalik uzoqni yaqinlashtirib koʻrsatadigan asbobga nisbatan ishlatila boshlangan. Noyob topilma, shundaymi?

Mirzo Bedilda ham bebaho soʻz zargarligini koʻraman. Shoir yozadi:

Naqshi maʼkusi nigin az sajda megardad durust,

Sarnavishti vojgunro rost mesozad namoz.

Muhr oʻyilgan uzukka ters xat naqsh etilgan. Barmoq bukib nigin qogʻozga bosilsa, muhrning ters xati oʻng boʻladi. Ey, inson, sening ham peshonangga taqdir xati chappa yozilgan. Uni oʻng xatga aylantirish uchun peshonangni sajdaga qoʻy. Sening xaloskoring namozdir... Bir muhrga berilgan taʼrifning goʻzalligini qarang. Yana bir qiyosi shundaki, uzuk oq qogʻozda bukilib sajda qilgani uchun u doim eʼzozda. Bedilona chuqur falsafiy bayt!

Chindan ham xalqning har soʻzi hikmat. Abdulla Qodiriy uni taʼriflar ekan, shunday deydi: “Xalq hikmatlari turmush onasining dard chekib tuqqan oʻgʻli”.

Ajabo, baxshi doʻmbirani tulpor qilib chopar, soʻz mulkining sultoni uzoqni koʻra oluvchi donishmandni durbin atar, Bedil muhr orqali inson taqdirini oʻnglar, Qodiriy esa xalq ogʻriqlarini hikmatga yoʻyar. Bularning barchasi til tubidagi ganja, soʻz qudrati qarshisidagi sajdadir.

Bobur ELMURODOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025 yil 4-son.

“Til tubidagi ganja” maqolasi