Ushbu suhbat taniqli yozuvchi Nazar Eshonqulning “Giryon” romani haqida 3-4 nafar kitobxonlarning fikrlari asosida tayyorlandi. Mualliflarning talab va istaklarini inobatga olgan holda ismlar o‘rniga shartli nomlar tanlandi. Suhbatdagi fikrlar mualliflarning shaxsiy mulohazalari bo‘lib, tahririyat nuqtai nazarini ifoda qilmaydi.

 

O‘quvchi. “Giryon”ni o‘qidilaringizmi? O‘zbek adabiyotida yangilik bo‘lganga o‘xshaydi.

Yozuvchi. Ha o‘qidik, avvalo, Nazar Eshonqulni o‘zining og‘ir va tinish belgilarsiz uslubidan voz kechib, yengilroq yoza olgani bilan tabriklasa bo‘ladi.

Tanqidchi. Baribir to‘la voz kecha olmagan, ko‘rmadingizmi, ikki yarim betli gaplar ham bor-ku...(148-150-betlar)

Yozuvchi. Ha, ong ostidagi fikrlar yozilgan qismlari shunday. Baribir ancha kam-da. Boshqa joylari o‘qilishi oson, odamni o‘ziga tortadi. Ya’ni, haqiqiy veb-roman.

O‘quvchi. Ta’bimni xira qilgan narsa, asardagi orfografik xatolar ko‘pligi bo‘ldi. Musahhih ishlamaganimi, deb o‘yladim...

Yozuvchi. Shunisi bilan ham veb-romanda. Ijtimoiy tarmoqda kim to‘g‘ri yozadi, hozir. Hatto, manaman degan filologlar ham telegramdan xabar yozmoqchi bo‘lsa, to‘g‘ri yozishga eringanidan ham bir dunyo xato qiladi.

O‘quvchi. (kulgan smaylik) Bu xatolar ataylab qilingan deb o‘ylamayman. Hatto, muallif gaplarida ham bor bunday imloviy qusurlar.

Tanqidchi. Menda ham roman juda shoshib yozilgan va shoshib e’lon qilinganday taassurot uyg‘otdi. Hech bo‘lmasa, nuqta-vergulini to‘g‘rilab chiqishsa bo‘lardi... Kitob dizayni ham juda nochor. Bekorga muallif asarni oxirigacha o‘qigan odam bilan gaplashishga tayyorman demagan ekan, qora fondagi, kichik matnni o‘qish azob. Bizda SMS va saytlar shaklida yozilgan asarlarni chop etish tajribasi bor edi. Masalan, Xurshid Abdurashidning “Dardisar”ida sayt matni o‘quvchini qiziqtiradi, “Giryon”da ijtimoiy tarmoq matnlari o‘quvchini bezdiradi.

O‘quvchi. Undan tashqari, ortiqcha tavtologiya ham ko‘p uchraydi. Masalan, 283-betda “qishloq” so‘zi 12-marta yozilgan. 131-betda esa “Shu bilan biz shu kuni boshqa yozishmadik”, degan gap keladi.

Yozuvchi. Ha, men ham boshida yozuvchi uslubi shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo ortiqcha “men, men”lar, “itday nola qilish”, (it uliydi!) “ikki orada sukut paydo bo‘lishi” (qiziq, sukut qanday paydo bo‘larkan?) tishga botavergach, kitobga yaxshi muharrir kerak ekan, deb o‘yladim...

O‘quvchi. Ayniqsa, 92-betdagi yozishmalar vaqtida soat orqaga ketib qolganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Chunki suhbat uzilgan yo‘q va davom etayotgan edi.

Tanqidchi. To‘g‘ri, keyin vaqt masalasida chalkashliklar bugina emas. Qahramonlar ijtimoiy tarmoqda juda tez yozishadi. Bir daqiqa ichida yuborilgan xabarni ham o‘qib, ham javob berishga ulguradi. Bu juda ishonarsiz. Ayniqsa, 120-betda Sa’non Tarso yuborgan bir dunyo xabarlarni o‘qib, xonani kezib chiqib, yana yarim betlik matn yozishga 2 daqiqa vaqt sarflaydi. Ayrim paytlarda kech soat 23:00 dan o‘tib ketsa-da, vaqtga qaramasdan yozishaveradi. Ammo 95-betda hali soat 20:00 ga endi yaqinlashayotgan vaqtda toliqib qolgani, kompyuter oldida ko‘p o‘tirganini aytib, yozg‘iradi. Tarso ham “Sizni toliqtirib qo‘ymay”, deb yozishdan to‘xtaydi. Sa’non kompyuterni o‘chirib, uxlashga yotadi (20.00 da-ya...). 201-betda esa “Soat bizning yozishadigan vaqtimizni ko‘rsatib turardi”, deganda soat 22 dan 22 daqiqa o‘tgan edi... (soat 18, 19 ni kech deb yozgan joylari ham bor )

Yozuvchi. Balki, muallif bunday juz’iy xatolarni o‘quvchini asosiy ma’nodan chalg‘itish uchun qilgandir....

Tanqidchi. Bunaqasini ko‘rmaganman. Jahon adabiyotida ham bo‘lmasa kerak... Bundan tashqari, Kafkaning G.Zamzasiga iqtibos berilgan, ammo boshqa asarlar qahramonlariga negadir bunday iqtibos berilmaydi.

O‘quvchi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, asar juda shoshib yozilgan.

Yozuvchi. Yozilganmikan o‘zi?

Tanqidchi. Nega unaqa deyapsiz?

Yozuvchi. Menga asar yozuvchining kim bilandir haqiqatdan ham yozishmalari va kundalik daftariga yozgan bitiklari shoshib to‘planganday tuyuldi...

Tanqidchi. Asardagi ko‘pgina epizodlar yozuvchining avvalgi asarlarida ham bor. “Taqiq mevasi” romanidagi olmaning ikkinchi tomoni “Giryon”da tasvirlanadi. Odamga aylangan qamish haqidagi hikoya “Sibizg‘a volasi”, Tarsoning qasos olish maqsadida qaychini berkitib qo‘yishi “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasidagi Bayna momoni yodga soladi. Hatto, boshqa yozuvchilarning asarlaridagi qahramonlarga o‘xshab ketadi. Masalan, rasadxonaga ketayotib, bir qishloqqa tushib qoladigan va undan chiqa olmay aylanib qoladigan qahramon Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba”sidagi Begonaga juda o‘xshaydi. Go‘yo bu hikoyani davom ettirgandek taassurot qoldiradi. Faqat “Giryon”da etakdagi emas, qishloq qiyasidagi, (quyidagi) “kulba” emas, “hujra” tarzida beriladi. Odam Atoga ishora qilingan Odamboy obrazi Markesdan ko‘chirilgani seziladi. Xullas, original syujet topishda yozuvchi anchagina oqsayotganini kuzatish mumkin.

O‘quvchi. Balki, yozuvchi ataylab shunday yo‘ldan borgandir?

Tanqidchi. Bilmadim, roman menga serialbop syujet asosiga qurilganday taassurot uyg‘otdi.

Yozuvchi. Adabiyotshunoslar orasida mashhur bir iqtibos bor: “Har qanday yozuvchi umri davomida faqat bitta asar yozadi. Qolgan barcha yozganlari shuning atrofida aylanadi”. Nazar Eshonqulning barcha asarlarining tub mazmuni o‘xshash bo‘lishi, mohiyati aylanib kelib bitta narsaga taqalaverishi ham tabiiy jarayon.

Tanqidchi. Bu roman haqida muallifning o‘z izohini eshitganimda hayotdan uzilib qolgan ziyoli haqida degani uchun “Qora kitob“ni roman qilibdimi degan o‘yga borgandim. O‘qigach, “Tun panjaralari” qissasi asosiga qurilgan ekan deb o‘ylab qoldim. Boshqa tomondan, bu ham avvaldan muallifga xos, mavjud katta syujetlarni ixchamlashtirib mohiyatini ma’lum ma’noda saqlab qolib, o‘zanini o‘zgartiradi, syujetlarni buzadi. Masalan “Godoni kutish”dagi kabi nogiron qiz tushida Xudoni izlaydi. Faqat bunda u endi o‘z ichidagi Animus (ayol ichidagi erkak) bilan birga qidiradi. Ammo Animus o‘zi, kamiga ular qidirib yurib o‘zlari qidirishni boshlagan joyga kelib qoladi. (“Alkimyogar”. Ha, muallif katta kitobxon.) Bu pyesa muallifi aktrisa qiz, boshqalar tomonidan tan olinmagan katta iste’dod egasi bo‘lgan “Tun panjaralari” qissasidagi bechora o‘qituvchi obrazini yodga soladi. (Gul uzgani uchun qatl qilingan odam haqida asar yozgan edi o‘sha o‘qituvchi.) “Tun panjaralari” qissasidagi ikki jumla talabalikda qissani o‘qiganimda esda qotib qolgan ekan.

O‘quvchi. Qanday jumla?

Tanqidchi. Biri derazadan shayton kirib kelishi, ikkinchisi qahramon Hosilani shahar bo‘ylab daraxt shoxlaridek tarvaqaylab ketgan yo‘llarda ko‘rib qolishi. Ayni jumlalarni qayta qo‘llaydi va qahramoni tilidan yo‘llar haqidagi jumlani umr yo‘llari deb o‘zgartirganini aytadi.

O‘quvchi. Bunday o‘xshashlikni payqash qiyin emas. “Tun panjaralari” qissasi boshida shunday jumlalar bor: “Shayton ham xonamda mana shunday yoz kechalarining birida, hali Sulaymon bilan tanishmasdan oldin, jurnaldan ishdan ketgan, bekorchilikdan kun bo‘yi shishib uxlab, kechalarni esa yo ko‘cha kezib, yo kitob o‘qib yoki shunchaki shiftga tikilgancha, tush bo‘lib — tushga, o‘ng bo‘lib — o‘ngga o‘xshamaydigan apoq-chapoq xayollar bilan o‘tkazadigan, kitoblarda juda kelishtirib yozilgandek, “beorom o‘tgan” tunlarda paydo bo‘lgan edi”. Endi “Giryon”ning boshlanishidagi tasvirga qaraymiz: “U hayotimda yoz chillasidagi momaqaldiroqdek to‘satdan paydo bo‘ldi va bu yoz yomg‘iri avval jimirlab turib, keyin selga aylanib, hammasini ostin-ustun qilib, yo‘lida uchraganni vayron qilib, bosib-yanchib, bag‘riga tortib, mening o‘zimni ham o‘zani bo‘ylab oqizib ketdi”. Qay darajada o‘xshashligini o‘zingiz qiyoslab olavering.

Yozuvchi. Yuqorida aytganimday, yozuvchi o‘zini takrorlashi bor gap.

Tanqidchi. Yozuvchi Freyd nazariyasining muxlisi, buni asarda ham ochiqcha aytadi. Bu yolg‘on nazariyaning puchligi allaqachon isbotlangan bo‘lsa-da, negadir buni tan olgisi kelmaydi va zo‘r berib isbotlashga urinaveradi.

O‘quvchi. Hammaning o‘z haqiqati bor-da. Nohaq bo‘lsang ham o‘z fikring bo‘lsin, deyishadi-ku...

Tanqidchi. Yozuvchining deyarli barcha asarlaridagi bosh qahramonlarning ruhiyatida bolalik bilan bog‘liq “travma”, ya’ni jarohat bor. Ana shu ularning butun hayotiga ta’sirini o‘tkazaveradi.

O‘quvchi. Asar o‘zi nega “Giryon” deb atalgan?

Tanqidchi. Yozuvchining “Giryon” nomli dostoni ham bor. Unda ham Odam Ato va Momo Havo qissasi asos qilib olinadi.

O‘quvchi. “Taqiq mevasi” “Sharq yulduzi” jurnalining 2020-yil 3-sonida chop etilganda jurnali mundarijasida asar “Giryon” deb beriladi. Demak, bu asarning ham dastlabki varianti “Giryon” bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yozuvchi. Nima bo‘lganda ham asarga nom yaxshi tanlangan, deb o‘ylayman.

Tanqidchi. Yozuvchi umri davomida mana shu asarni yozishga tayyorlangan ekan-da...

Yozuvchi. Mayli, bularni qo‘yaturaylik. Faraz qilinglar, “Giryon” eng talabchan muharrir tomonidan tahrirlandi. Imloviy, punktuatsion va uslubiy, dizayn bilan bog‘liq xatolardan holi bo‘ldi. Xo‘sh, uning mazmuni, qurilishi, yozuvchi uslubi qay darajada bo‘lardi?

Tanqidchi. Ha, bu tomonlariga endi kelyapmiz. Albatta, mazmuni borasida ham fikrlarimiz bor.

Yozuvchi. Bo‘lmasa, ayting-chi, asarning bosh g‘oyasi qanday?

Tanqidchi. Asarning asosiy g‘oyasi – inson azal va abad yolg‘iz va azob ichida yashashga mahkum!

O‘quvchi. Asarda mantiqsiz taqqoslar orqali har qanday dinga qarshi g‘oyalar ilgari surilgan. Dostoyevskiy haqida gapirganda ham uni Xudo bilan solishtirishi menga juda g‘aliz tuyuldi. Asarda keltirilgan pyesada Xudoni izlab yurgan Yaldo ibodatxonaga kelib, “Bu yer qayer?” deb so‘rayapti. Nahotki necha yildan beri Xudoni izlab yurgan bo‘lsa-yu, ibodatxona nimaligini, ruhoniy kimligini bilmasa... Mantiqsiz emasmi? Ruhoniyning tanishtiruviga nisbatan javobi yanada kulgili: “Unda men to‘g‘ri kelibman. Men Xudoni ko‘rishim kerak. U qayerda o‘tiribdi? Qaysi xonada?” Bu aqli bor odamning savoli emas, yana kimsan, umri bo‘yi Xudoni izlab yurgan odamning... Bundan tashqari, asarda ruhoniy juda qo‘pol, imom esa yosh qizlarga ko‘z olaytiradigan muttaham qilib tasvirlanadi. Bu ham xolislik emas, nazarimda...

Tanqidchi. Muqovada romanga “Eski afsonaning yangi talqini” deb ta’rif berilgan. Demak, Shayx Sa’non qissasi yozuvchi nazdida bir eski afsona bo‘lib chiqyapti. Lekin Sa’non va Tarso obrazlari o‘rniga tushmagan, ya’ni yetarlicha asoslanmay qolgan. Ular xohishlariga ko‘ra yoki yoshlaridagi farqqa ko‘ra o‘zlarini shunday nomlashadi.

O‘quvchi. Qiz bilan unga muxlislik qilgan va yoqtirib qolgan yigit sevgisi ham juda chalkash ketgan, nazarimda. Ular shuncha payt gaplashib, sevishib yuradi-yu, qiz yigitning qanday yashashi, turmush tarzini bilmagani ishonchsiz. Va oqibatda yigitning uyiga borib, uning kambag‘al ekanini bilib qolgach, unga nisbatan sevgisi so‘nib, nafratga aylanishi qanchalik mantiqli? Axir, u yigitni puli, mol-dunyosi uchun sevmagan-ku. Mehri va e’tibori uchun yaxshi ko‘rgan emasmidi? Bir o‘rinda yigitni 17-yil oldingi navqiron otasiga o‘xshatsa, bir o‘rinda keksa qiyofada tasvirlaydi. O‘ziga qarab oppoq kostyum-shim kiyib, har kuni qimmat gullar sovg‘a qiladigan odam xarobada yashaydigan kambag‘al bo‘lib chiqadi...

Yozuvchi. Bu asarni siz bunday oddiy tushunmang, ramzlariga kiring, mohiyatiga e’tibor bering.

O‘quvchi. Kitob boshida bu asarning keng o‘quvchilar ommasini nazarda tutgan holda yozildi, degan izoh berilgan. Demak, yozuvchi avvalgi asarlari singari xos odamlar uchun emas, oddiy o‘quvchilar, asosan, yoshlar uchun bir roman yozibdi, degan xulosa qilish mumkin.

Yozuvchi. Xo‘sh, oddiy o‘quvchilar asardan nima tushunadi?

O‘quvchi. Oddiy o‘quvchilar asarni shunday tushunadi: Bugungi kunda jamiyatimizda oilalarda yemirilish, milliy qadriyatlarimizda sinish kuzatilyapti. Ota-onalarning farzandlariga zug‘um qilishi, ajrimlar, oqibatsizlik bolalarning ham ruhiyatida buzilishga olib keladi. Ayniqsa, qizlar yoshligida otasidan yetarlicha mehr ko‘rmasa, ulg‘aygach, o‘sha mehrni boshqalardan izlaydi va topa olmagach, o‘zini o‘ldirish darajasiga yetadi. Bu dunyo faqat sinovlardan, azoblardan iborat, qancha aylanmaylik baribir undan chiqib keta olmaymiz, hayot bema’nilikdir.

Tanqidchi. Aynan, Freyd nazariyasiga ergashish yozuvchini shunday xulosalar qilishga chorlagan. Freydizm ham aslida bir kasallikka o‘xshaydi...

O‘quvchi. Oddiy o‘quvchilar Freydni tanimaydi, asardagi voqealardan kelib chiqib, xulosalari shakllanadi. Roman so‘ngida qurilgan yo‘laklardan yurishga mahkumlar singari yozuvchiga ergashadi, eng dahshati ham shunda...

Jurnalist. Demak, asar bu jamiyatga begonami?

Yozuvchi. Ja, unchalik deb bo‘lmaydi. Oddiy o‘quvchi asarni silliq o‘qiydi, kerak bo‘lsa, qiziqib mutolaa qiladi. Undagi qorong‘ilikni ko‘rmaydi. Ammo chuqurroq tahlil qilishga o‘tsa, unda asarning asl mohiyati ochiladi.

O‘quvchi. Tarsoning fikrlari jamiyat uchun xavfli deb o‘ylayman. Ya’ni, uningcha, Xudoning adolati yo‘q, baxt hammaga teng taqsimlanmagan. “Tasavvur baribir odamning dushmani. U Xudo kabi odamni aldaydi. Axir Xudoni ham tasavvur qilamiz. Lekin u bizga kerak bo‘lgan joyda hech qachon paydo bo‘lmaydi. Biz faqat uni hamma joyda bizga madad beradi, qutqaradi deb o‘ylaymiz. Lekin hamisha pand yeymiz. Xudoning biz bilan ishi yo‘q...” (182-bet) “Balog‘atga yetganda bolaligimdagi hayotga, Xudoga, ezgulikka ishonchdan faqat bir quchoq alamlar qoldi”.(194-bet) “Xudo bizni ma’nisizlikdan yorilib o‘lsin deb surgun qilgan va hammamizni rol o‘ynashga mahkum etgan”. (229-bet). Ammo asardagi voqealarning o‘zi ham Ollohning qizni va onasini qo‘llayotgani, otasining shuncha qilgan zug‘umlariga nisbatan jazolab, bir necha yil to‘shakka mixlab qo‘yganini ko‘rsatadi. Taassufki, muallif bu tomonlariga e’tibor ham qaratmaydi, onasining jabrdiydaligini, faqat adolatsizliklarni ta’kidlashdan charchamaydi.

Tanqidchi. Menimcha, asarning asosiy g‘oyasi 243-betdan boshlanadigan saytdagi suhbatda to‘laroq aks etadi. Raqobilning Tolstoyning “Hazrat Sergey” qissasini misol keltirishi, Mavlononing “Ma’naviy inqirozga uchragan odam qalb hamisha o‘ziga Xudodan bo‘lak hamdardni topolmaydi”, degan gaplari, yoki Tablitning Navoiydan misol keltirib, “Komillik – bu eng avvalo, axloqiy go‘zallikdir”, deyishi va suhbat so‘ngida Jablitning “Inson biologik jihatdan baribir hayvon. U komillikka erishishi mumkinmi?”, kabi xulosa yasashi – bularning bari butun asar davomida yuz bergan voqealarning asosiy o‘q tomiri bo‘ladi, nazarimda. Bu juda katta g‘oya, lekin...

O‘quvchi. Yana qanday lekini bor?

Tanqidchi. Mahmud G‘aznaviyning tushini mazmunan bir xil ta’bir qilganlarning biri jazoga, yana biri mukofotga sazovor bo‘lgani haqidagi rivoyatni eshitgandirsiz. Unda shohning tushida barcha tishlari tushib ketadi. Shunda kelgan birinchi munajjim: “Sizning barcha qarindoshlaringiz qirilib ketadi, yolg‘iz o‘zingiz tirik qilasiz”, desa, ikkinchisi: “Siz barcha qarindoshlaringiz, xesh-u aqrabolaringizdan-da uzoqroq umr ko‘rasiz, olampanoh, deya ta’bir beradi. Shunda G‘aznaviy birinchi bashoratgo‘yni o‘limga hukm qilib, ikkinchi ta’birchini mukofotga loyiq ko‘radi. Aslida, ikkalasi ham bir xil gapni aytayotgan edi. Xuddi shunday, qanday yetkazib berish uslubida ham katta gap bor. Har qanday yozuvchi ulkan ezgu g‘oyani aytmasin uni birinchi munajjim “tilida” aytmasligi kerak.

Yozuvchi. Jahon adabiyotiga chiqishda din va ijodga alohida-alohida qarash kerak. Axir dunyoda dinlar, nazariyalar ko‘p. Adabiyot esa ularning barchasini umumlashtirishi mumkin. Shu bois yozuvchi yoki o‘quvchini e’tiqodiga qarab ajratib bo‘lmaydi. E’tiqodiy jihatdan asarni barchaga manzur qila olish esa faqat daholarga nasib etadi. Masalan, asar asos qilib olingan Sa’non va Tarso qissasi ham yaratilgandan beri ko‘pchilik tomonidan to‘g‘ri tushunilmay, xurofot deb qabul qilingan. Nima uchun? Islom dunyosidagi eng katta shayx darajasiga yetishgan, 500 dan ortiq shogird yetishtirgan Shayx birgina Tarso qizning muhabbatini deb, dini-yu amalidan kechadi, cho‘chqaboqarlik qiladi, beliga zunnor bog‘laydi.

Tanqidchi. “Telbadurman, telbaga yo‘qtur qalam” ...

Yozuvchi. Bu telbalik emas. Shayx Sa’non oshiq bo‘lgan Tarso ham aslida, dindor, faqat boshqa dindagi ayol bo‘lgan. Ularning muhabbati esa oddiy sevgi emas, ilohiy ishq edi. Endi, o‘sha Sa’non bilan Tarsoni bitta odam deb olsak-chi? Unda nima bo‘ladi? Sa’non o‘zi izlayotgan muhabbatni topdi, Tarsoni ko‘rdi. Shu darajaga yetdiki, uning xatti-harakatlari odamlarda o‘zgacha taassurot uyg‘ota boshladi. U rostdan ham cho‘chqa boqmagandir, zunnor bog‘lamagandir, ammo atrofdagilardan o‘zgacha bo‘lib, o‘zini ming pora qilib, dunyoni unutish, dinidan voz kechish darajasiga yetgan bo‘lishi mumkin. Ikkalasi bitta odam bo‘lib, qissaga aylangan paytda ular ajralgan, odamlarga aniqroq ifoda qilib berish uchun ikki din vakili qilib ko‘rsatilgandir, ehtimol.

O‘quvchi. Asl qissada shunday bo‘lsin, “Giryon”dachi?

Yozuvchi. Bu asardagi Sa’non va Tarso ham bitta odamning ikki menidir, balki...

Tanqidchi. Bunga ayrim ishoralar ham bor. Masalan, asardagi pyesadagi Yaldo bilan Daydi obrazi oxirida bir odam bo‘lib chiqmaydimi? Men o‘sha paytdayoq sezganman va yozuvchi sirni tez ochib qo‘ydi, deb hisoblaganman.

Yozuvchi. Asar davomida berilgan saytdagi muhokamalar ham oxiriga borib-borib, aynan “Giryon” haqidagi bahslar ekani aniq bo‘lib qoladi. Bu bilan nima demoqchiman. Bu asarda lirik qahramon faqat o‘zi bilan o‘zi. Boshqa hech kim yo‘q. Tasavvur qilyapsizlarmi, hech kim...

O‘quvchi. Bu tomonlarini chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak.

Yozuvchi. Ammo Sa’non qissasini qo‘llashda bir xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Tanqidchi. Qanday xato?

Yozuvchi. Tarso bir umr Sa’nonni izlaydi. Yozuvchi bugungi zamon ruhini beraman, ayol psixologiyasini ko‘rsataman degan maqsadda bo‘lsa kerak, shunday qilgan. Ammo, o‘ylashimcha, Tarso hech kimni izlamasligi kerak edi. Asosiy qahramon Sa’non bo‘lgandan keyin Xudoni izlaydigan ham, azal va abad javobsiz savollar atrofida aylanib yuradigan ham u bo‘lishi kerak edi.

O‘quvchi. Bunday o‘zgartirishga nima sabab deb o‘ylaysiz?

Yozuvchi. Fikrimcha, yozuvchi Sa’non bo‘lib, asosiy rolga kirishishdan qo‘rqqan. Ya’ni uni ichki egosi cheklab turgan. Agar Tarso tilidan berilgan savollar, qizning xayolidan o‘tgan mulohazalar Sa’non tilidan ketganda edi, o‘quvchilar buni yozuvchining fikri sifatida qabul qilar va unga ta’na toshlarini yog‘dirishi aniq bo‘lardi.

Tanqidchi. Ikkisining nima farqi bor?

Yozuvchi. Sa’non tashqi men, Tarso esa ichki men. Bu yerda Sa’nonning Tarsoni izlashi ko‘proq mantiqli. Ammo e’tibor qiling, ichki menning ichida ham yana bir ichki men bor-da. U yerda ham tinimsiz kurash ketadi.

O‘quvchi. Tarsoning sevgilisini o‘ldirishi nimani anglatadi?

Yozuvchi. U Xudoni o‘ldirdi. Ya’ni, asar boshidan oxirigacha takrorlanadigan bir gap bor: “San’at – bu isyon”. Qiz Xudoni dastlab otasida ko‘rdi, ammo undan hafsalasi pir bo‘lib, nafratlana boshladi. Keyin otasiga o‘xshash qiyofadagi boshqa odamni topdi. Unga ishona boshladi, qayta-qayta yoniga bordi. Ammo oxirida u ham qiz o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Sevgilisining kambag‘al va xarob bo‘lib chiqishida ham ramziy ma’no bor. Ya’ni qiz uni hamma narsaga qodir deb o‘ylagan edi, ammo “Xudo” hatto yashash uchun tayinli joyga ham ega emas ekan. Shundan hafsalasi pir bo‘lib, uni o‘ldirishga qaror qiladi. O‘sha otasi sochini kesgan qaychini olib, qurol sifatida foydalanadi. Ya’ni, yoshlikda qalbida qolgan o‘sha “travma” — jarohat unga qurol vazifasini o‘taydi. E’tibor qiling, qiz uni o‘ldirganda qanday tasvirlaydi: “Uning tanasi sovigan sayin yosharib, qandaydir ilohiy bir siymoga aylanib borardi”. U aslida, qalbidagi Xudoni o‘ldirgan edi...

Tanqidchi. Bayna Momo ham qurolini ana shunday saqlagan edi.

Yozuvchi. Qizil matoga o‘ralgan qaychi bu yerda san’at va adabiyot ramzi. Ya’ni, G‘arb tafakkurining ayrim oqimlari nazdida – isyon. Ammo Sharq tafakkurida san’at va adabiyot – izhor. Yanayam aniqroq aytsak, Xudoni topish yo‘li. Mana shu joyda ikki xil tafakkur tarzining tafovuti ko‘rinadi.

O‘quvchi. Asarda dinlar ham aralash keladi. Boshida pyesada Yaldo ruhoniyning oldiga boradi. Tarso esa musulmon qiz sifatida ko‘rinadi...

Yozuvchi. Buning ham sabablari bor-da. Yozuvchi Sharq rivoyatini G‘arb e’tiqodiga moslab qorishtirib bermoqchi bo‘ladi. Xristian dinidagi Ota va O‘g‘il motivi. Hamma qahramonlar otadan zulm ko‘radi, aziyat chekadi. Lekin harakatlar u qadar ishonarli chiqmagan.

O‘quvchi. Men ham yozuvchi asar davomida qahramonlarni o‘zi boshqargan, degan fikrdaman.

Tanqidchi. Romanda qandaydir saytda muhokama olib boradigan odamlarning ismlariga e’tibor qildingizmi? Hammasi “Qissasi Rabg‘uziy”dan olingan.

O‘quvchi. Ha, men ham izlab ko‘rdim. Rabg‘uziy asarida shunday joyi bor: “Ilk qavat osmon yashil zumraddandir, uni Rafiq derlar. Farishtalari dovon suratida, ulug‘larning oti Ismoildir. Ikkinchi qavat osmon kumushdandir, uni Ruq’a derlar. Farishtalari burgut su’ratida, ulug‘larning oti Raqobildir. Uchinchi qavat osmon yoqutdandir, uni Qaydam derlar. Farishtalari sigir suratida, ulug‘laorning oti Ko‘kboildir. To‘rtinchi qavat osmon oq injudandir, uni Mo‘un derlar. Farishtalari ot suratida, ulug‘larining oti Nubyoyildir. Beshinchi qavat osmon oltindandir, uni Ratqo derlar. Farishtalari hur suratida, ulug‘larining oti Siftboildir. Oltinchi qavat osmon sariq yoqutdandir, uni Aribo derlar. Farishtalari odamiy suratida, ulug‘larining oti Nurboildur”. Jablit va Tablit haqida esa quyidagicha keltiriladi: “Xabarda kelishicha, Olloh taolo jahannam ichida ikkita mahluq yaratdi: biri erkak arslon suratida, oti Jablit, ikkinchisi esa urg‘ochi bo‘ri suratida — oti Tablit. Jablitning quyrug‘i dumi ilonga o‘xshash, Tablitning quyrug‘i chayonga o‘xshash. Ollohning farmoni bilan ikkovining quyruqlari do‘zax ichiga tushdi. Bunga qadar do‘zax ichida na ilon va na chayon bor edi”. Bularning asarga nima aloqasi bor?

Yozuvchi. Bu muhokamalar “Giryon” haqida edi. Demak, shu asar – Xudoni izlayotgan odam haqida g‘ayb olamining muhokamasi deyish mumkin. Chuqur tahlil uchun kitobning hech bo‘lmasa o‘sha qismlarini takror o‘qish kerak. Bunga esa yomon tahrir sabab yurak betlamaydi...

O‘quvchi. Yana ramzlarga qaytaylik. Asarga qishloqqa borib qolib, undan chiqa olmagan odam haqidagi epizod nega kiritilgan?

Yozuvchi. Bu qishloq – dunyoning maketi. Inson dunyoga kelishi bilan hukm qilingan dumaloq Yerdan chiqib ketish imkonsiz. U yerdan chiqish yo‘llari yo‘q qilingan. Hatto, boshqacha shakllar haqidagi arxiv sahifalari ham qirqib olingan. Bu ishni kim qilganini surishtirganda, shu qishloqning bir otaxoni bo‘lib chiqadi. Ya’ni Xudo bizni ataylab qamab qo‘ygan, yuqoridan tomosha qilib o‘tiradi, degan xulosaga kelish mumkin.

O‘quvchi. Undan ham dahshati, Xudo bizni qamagan, ammo mavjud dinlar u yerdan chiqish yo‘llarini taqiqlagan, yashirgan. Kim uni topmoqchi bo‘lsa, ta’qib ostiga tushadi, degan ma’no ham borga o‘xshaydi.

Yozuvchi. Bu asosan, G‘arb falsafasi. Ijodkor agar shu motivlarni Sharqdan olganda, “Avesto”dan yoki undan oldingi va keyingi sharqona ta’limotlardan ta’sirlanganda, boshqacha yozgan bo‘lardi.

Tanqidchi. Menimcha, har ikki qutb falsafasini aralashtirmoqchi bo‘lgan.

Yozuvchi. Aslida, Tarsoni Shaytonning o‘zi deb aytsak ham bo‘ladi. Shayton necha yillab ibodat qilib, oxirida Odamga sajda qilmagani uchun tavqi la’natga uchraydi va isyon qiladi. Tarso ham Xudoni tinimsiz izlab, unga ishonishga ko‘p urinadi, talpinadi, ammo oxirida hechlikka yuz tutgach, Uni o‘ldiradi. Bir o‘rinda buni ochiqcha yozadi ham: “Xudoga baribir mening orzularim yetib bormasligini bilgach, ichimda Iblis bo‘laman degan kufrona qahr va qaror paydo bo‘ldi” (175-bet). Bu ikki voqeaning mohiyati bitta.

O‘quvchi. Bu fikr ham biroz bahsli. Chunki, bir o‘rinda qiz agar men Momo Havoning o‘rnida bo‘lganimda, shaytonni o‘ldirgan bo‘lardim, deganga o‘xshash gap aytadi.

Yozuvchi. Bu odamlarni chalg‘itish uchun qo‘shilgan. Yozuvchi o‘zini biroz cheklagan. Agar o‘zini to‘la ochvorganda edi, asarda Shayton eng baxtli obraz sifatida maydonga chiqib qolardi...

Jurnalist. Xo‘sh, alqissa, asarning bosh g‘oyasi nima ekan. Yozuvchi nima demoqchi?

Yozuvchi. Bu asar so‘nggidagi “Ong oqimi”da to‘la namoyon bo‘ladi.

Tanqidchi. Ha, bu qismda shaharda ko‘zi ojizlar uchun taktil qoplamali yo‘laklar qurish bilan shug‘ullanuvchi ishchi brigadaning faoliyati aks etadi. Ular buyurtmani yakunlab, ishboshini yana ish olarmikan, degan qo‘rquv ostida kutib turishadi. Ishboshi ham ularni biroz kuttirib, qaytib kelgach, “shahardagi barcha piyodalar yuradigan yo‘laklarni taktil yo‘laklarga almashtirish topshirig‘i bo‘ldi. Butun shahar yo‘llarini shunday yo‘lga almashtirib chiqamiz endi”, deydi.

O‘quvchi. Bu juda ayanchli xulosa. Yozuvchi butun jamiyatga yo‘l ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti, ya’ni o‘z g‘oyalariga ergashtirmoqchi. Omma esa uning nazdida so‘qir.

Yozuvchi. Menimcha, teskarisi. Jamiyatning aksar qismi so‘qirlardan iborat. Dindan pul ishlaydiganlar (yo‘lsozlar)ning davri keldi, deydi.

Tanqidchi. Bu takabburlikmi? Yozuvchining uslubimi?

Yozuvchi. Asarning yana bir diqqat qaratilishi kerak bo‘lgan tomoni, uning yakunigacha bir tola ham yorug‘lik yo‘qligi. Asar insondagi barcha umidlarni chilparchin qiladi. Tarso ham, Sa’non ham maqsadiga yetolmadi, Xudoni topolmadi. Aylana shaklidagi qishloqdan chiqish imkonsiz. Eng so‘nggi chora o‘lim, undan boshqa najot yo‘q. Olomon so‘qir, ko‘zi ojizlar uchun quriladigan yo‘lakdan yurishga mahkum. Bular juda dahshatli xulosalar. Adabiyot bunday bo‘lmasligi kerak. Hech bo‘lmasa, salgina umid qoldirishi kerak. Qiz shuncha suhbat va “muolajalar”dan so‘ng tuzalishi, izlaganini topishi, qishloqdan chiqish yo‘li bo‘lishi, yo‘qotilgan arxiv varaqlari qayergadir yashirilishi, so‘qirlar orasida ko‘zi ochiq kimdir bo‘lishi shart. Ana shunda hayotiy haqiqatlarga mos va insoniylikka xos asar deb, muallifni tabriklasak bo‘lardi.

Tanqidchi. Asar to‘la absurdizm targ‘ibotiga xizmat qilib qolyaptimi?

O‘quvchi. Unchalik emasdir.

Yozuvchi. Muhokamamiz e’lon qilinsa, yozuvchi o‘zini turli yo‘llar bilan oqlaydi. Ya’ni, asar kinoya usulida yozilgan edi, bugungi kun talabidan kelib chiqib yozildi, deb qo‘yaqoladi...

Jurnalist. Unda bu suhbatni chiqarmay qo‘ya qolaylik...