Yoshlar deganda koʻz oldimizga kuch-gʻayrat, shijoatga toʻla, koʻzlari chaqnab turgan yigit-qizlar keladi. Ammo real hayotda boshqacharoq. Aksariyat yoshlar koʻzida maʼyuslik, horgʻinlik va loqaydlik bor. Buni koʻrib, yoshlar nega bunchalik tez charchayapti, motivatsiyani nega erta yoʻqotyapti, degan savollar paydo boʻladi. Ularda kuch, imkon, orzu joʻsh uradigan bir pallada burnout, emotsional charchoq kuzatilmoqda. Bu sindrom asosan professional sohalarda keng oʻrganilgan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda yoshlar orasida ham keng tarqalayotgani aniqlandi. Ushbu holatni yuzaga keltiruvchi omillar koʻp va ular bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.

Bu oʻzi nima degani?

Burnout tushunchasi birinchi marta 1970-yillarda amerikalik psixolog Herbert Freydenberger tomonidan ilgari surilgan. Freydenberger bu atamani ish faoliyatidagi kuchli charchoq va ruhiy tushkunlikni ifodalash uchun ishlatgan.

Burnout  sindromi, asosan, uzoq muddat davomida yuqori bosim ostida ishlash, stressli vaziyatlar va haddan tashqari talablar natijasida yuzaga keladi. Bu holat ruhiy, jismoniy va hissiy quvvatning kamayishiga olib keladi, shuningdek, insonning ishga va atrofdagilarga boʻlgan munosabatini salbiy tomonga oʻzgartiradi.

Hamma zoʻr, bitta men omadsizman

Yoshlar hayotining oʻziga xos bosqichlari – bilim olish jarayoni, kasbiy yoʻnalish tanlashdagi noaniqliklar, ijtimoiy munosabatlar, shaxsiy rivojlanish kabi omillar burnout sindromining paydo boʻlish xavfini oshiradi. Yoshlar doimiy ravishda oʻzini namoyon etish, ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlish va zamonaviy dunyoning tezkor oʻzgarishlariga moslashishga harakat qiladi. Bu jarayonda yuzaga keladigan psixologik zoʻriqishlar koʻpincha ularning ruhiy salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Burnoutʼga sabab boʻluvchi eng katta narsa bu raqamli hayot. Instagram, TikTok yoki Telegram lentasida boshqalarning “muvaffaqiyat hikoyalari” uzluksiz oqadi: kimdir 20 yoshida katta biznes egasi, kimdir chet elga ketgan, yana birov oʻqishni tamomlab, yaxshi ishga kirgan, boshqa biri esa yangi uy yoki mashina olgan. Shu maʼnoda burnoutʼni keltirib chiqaruvchi omillar FOMO sindromini ham yodga soladi.

Tarmoqlarda koʻpincha kimningdir hayotining puxta tahrirlangan versiyasini koʻrish uchun hozirgi lahzadan uzoqlashamiz. Va biz qorongʻi boʻshliqqa tushib qolgandek – u yerdan dunyo boshqalar uchun oʻyin maydonchasi, yerdagi jannatdek tuyuladi, sen uchun esa u jang maydoni boʻlib qoladi. Natijada-chi? Doimiy solishtirish. Ichki shoshilish. Oʻzidan norozilik. Miya bunday axborot oqimidan charchaydi, shu bilan birga halovatni ham yoʻqotadi. Oqibatda esa yoshlar hatto zarur vaqtda ham dam olmaydi, ularning miyasi “boshqalardan ortda qolyapman”, “men ham ulardek boʻlishim kerak” degan nihoyatda zoʻriqishli fikrlar ostida ishlashda davom etadi. Yoki koʻplab oilalarda farzand kelajagi boʻyicha tasavvur bir xil: “Yaxshi oʻqiysan, nufuzli oʻqishga kirasan, yaxshi ish topasan, hurmatli odam boʻlasan”.

Lekin hayot bir chiziqda ketmaydi. Qaysidir yosh oʻqishni emas, biror hunar egallashni xohlaydi, kimgadir esa yaxshi ish emas, oʻzi yoqtiradigan, qalbi xotirjam boʻladigan ish kerak. Biroq buni aksariyat ota-ona tushunmaydi, farzand esa doimiy bosimda yashaydi.  Ular koʻpincha oʻz hayotlari uchun emas, ota-onalarning jamiyatga koʻrsatadigan “natija”si uchun yashashga majbur boʻladi. Bu esa yoshlarda oʻziga nisbatan tanqidni kuchaytirib, ichki erkinlikni yoʻqotadi. Orzu bilan majburiyat oʻrtasidagi keskin nomutanosiblik boʻlsa charchoqni tezlashtiradi.

Bundan tashqari, bugungi talaba nafaqat oʻqiydi, balki ishlashga ham majbur. Biri oilasiga yordam berish yoki oʻz ehtiyojlarini qoplash uchun, yana boshqasi qoʻshimcha taʼlim, rivojlanish uchun. Shu tariqa, yigirmaga ham toʻlmagan yoshlar oʻqish-ish marafonida yugurib yuribdi. Natijada dam olishga yetarli vaqt yoʻq, miya esa doim “ishga tayyor turish” holatida. Qolaversa, sogʻlom turmush tarzining yoʻqligi, toʻyib uxlamaslik, jismoniy faoliyatning yetishmasligi ham ruhiy charchoqqa olib keladi.

Emotsional charchoq oqibatlari

Soʻnggi yillarda oʻtkazilgan koʻplab tadqiqotlar emotsional charchash sindromining aynan yoshlar orasida keng tarqalayotganini koʻrsatadi. Bu bir tomondan, yoshlarning ruhiy jihatdan hali toʻliq shakllanmagani, ikkinchi tomondan, ularning hayoti keskin oʻzgarishlar, qarorlar va talablar bilan bogʻliq boʻlgan davr ekani bilan izohlanadi. Masalan, oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan talabalar orasida burnout darajasi 30–50% atrofida deb baholangan. Bu ularning oʻqishdagi muvaffaqiyati, sogʻligʻi va ijtimoiy munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Burnoutʼning eng koʻp tarqalgan belgilarga quyidagilar kiradi:

– Doimiy charchoq va dangasalik hissi;

– Oʻqishga boʻlgan qiziqishning pasayishi;

– Motivatsiya yoʻqolishi;

– Oʻzini yakkalangan, tushkun his etish;

– Ijtimoiy aloqalardan chekinish.

Bu holatlar vaqtida eʼtibor berilmasa, depressiya, ruhiy buzilishlar va hatto jismoniy kasalliklarga ham olib kelishi mumkin.

Oldini olish yoʻllari

Emotsional charchash sindromining oldini olishda profilaktik choralar, shuningdek, psixologik va ijtimoiy yondashuvlar muhim oʻrin tutadi.

1. Psixogigiena va oʻzini anglash. Yoshlar oʻz his-tuygʻularini anglash, boshqarish, stressni kamaytirish usullarini oʻrganishlari kerak. Emotsional savodxonlikni rivojlantirish burnout xavfini kamaytiradi.

2. Vaqtni boshqarish va rejalashtirish. Vaqtni samarali boshqarish, ortiqcha yuklamalarni kamaytirish, dam olish vaqtiga eʼtibor berish muhim.

3. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash. Oila, doʻstlar va oʻqituvchilar tomonidan beriladigan ijobiy munosabat, tushunish va dalda boʻlish ruhiy barqarorlikni taʼminlaydi.

4. Jismoniy faoliyat va sogʻlom turmush. Sport bilan shugʻullanish, meditatsiya, yetarli uyqu va toʻgʻri ovqatlanish ruhiy quvvatni tiklashga yordam beradi.

5. Psixologik maslahat va korreksiya. Burnout belgilarini erta bosqichda aniqlab, professional psixolog yordamiga murojaat qilish salbiy oqibatlarning oldini olishda muhim rol oʻynaydi.

Shahruza SATTOROVA