90-yillar koʻpchilik oilalar uchun ogʻir kelgan edi. Mustaqillikka endi erishgan davrlarimiz, oziq-ovqat tanqisligidan ziyoda oylik tushishi qiyin. 70 yil Moskvaga qaram boʻlgan oʻlka va korxonalar yangi davrda hali oʻz yoʻlini topib ketmagan. Va aynan oʻsha paytda chet eldan, asosan Turkiyadan turli saqich, shirinlik va bananlar kirib kela boshlagan. Qishloq bolalari nafaqat bu shirinliklarning qadogʻini saqlab qoʻyishni, bir-biriga azza-bazza maqtanishni ham kanda qilmaydi.

Onam oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Kolxozda traktorchi boʻlib ishlagan oʻgay otam esa ishsiz. 3 bola yeb-ichishi va kiyishi kerak.  Uyga  shirinlik nari tursin, oq un kirsa oʻzimizni boydek his qilamiz. “Yog‘ va un boʻlsa, och qolmaymiz” degan yozilmagan qonun bor. Uyga goʻsht kirmay qoʻyganiga ancha boʻlgan. Bunday shirinliklarning qadogʻini oʻrtoqlarimning kitoblari orqasida koʻraman va tamshanib qoʻyaman.

Onamning sumkasi

U doim meni oʻziga tortgan. “Sumkamni kovlama, deb necha marta aytay senga” degan koyishni ming marotaba eshitgan boʻlsam-da, har gal onamning sirli ifor taratgan sumkasi meni oʻziga chorlayverardi. “Qarab koʻr, bugun balki bir narsa olgandir ayang” derdi u doim. “Kel, doim titkilaysan-ku, ayang sezmaydi, menda bir narsalar yashirib qoʻyilgan. Va men yana bu aldovga yengilib sumkani titkilashga tushardim. Oʻquvchilar daftari, koʻzoynak, ruchka, qalam. Oʻqituvchi qurollari. Har gal hafsalam pir boʻlsa-da, ertasi kuni yana ayni ishni takrorlardim. Va buni nafaqat men, balki ukalarim ham bir-birimizdan yashirgan koʻyi qilardik.

Bir kun kechki ovqatni birgalikda yeb boʻlgach, hech kutilmaganda onam:
– Sumkamni olib kel, – deb qoldi.

Hali titib ulgurmaganim bois yugurib borib sumkani olib keldim. Onam ichidan shokoladli vafli chiqardi. Qizil, ustiga sariq, qizil yozuvlar bilan “ülker Çikolatali gofret” deb yozilgan. 1 dona.


Sekin ochdi va uning hidi xuddi dunyoni tutib ketgandek boʻldi. Pichoq bilan 4 boʻlakka boʻldi. Oʻziga juda kichik parcha qoldirdi. Bu shunday katta baxt ediki, dunyoga sigʻmasdim. Bir tomondan nafsim qitiqlar, boshqa tomondan keyingi oygacha pulimiz yetmay qolishidan xavotir ichimni ezardi.

– Aya, qancha ekan? – dedim hamon yutqinib.

– 5 soʻm.

5 soʻm bittagina shokoladli vafli uchun qimmat edi. Bir dona tandir non 8 soʻm edi oʻshanda.

– Sen uni oʻylama, ertaga Xudo poshsho, – dedi onam.

3 bola vafli qogʻozini top-toza qilib yaltiratib yaladig-u, keyin kim bu qadoqni kitobi orqasiga qoʻyib sinfdoshlari oldida maqtanishini talashdik. Va bu imkoniyat yana arazchi ukamga berildi. Ora-sira onam bu vaflidan bir dona olib keladigan va toʻrtovimiz boʻlib yeydigan boʻldik. Har gal, hech istisnosiz bu shokoladli vafli meni aynan oʻsha qishloq uyimizga, pichoq bilan 4 boʻlakka boʻlingan va 1 boʻlagi boshqalaridan kichikroq boʻlgan dasturxon boshiga, hali yosh onam, hali kichik ukalarim yoniga olib ketadi. Oʻsha paytlar bir kuni pulimiz koʻoʻp boʻlib, har birimizga bittadan shokoladli vafli ola olishimizni orzu qilganlarimizni yodga soladi.

Bugun bu shokoladdan 6 dona oldim. Va oʻtirdim-u, oʻsha kichik qiz Madina boʻlib bir butun shokoladni paqqos tushirdim. Har safar bu vaflini koʻrganimda shu ishni qilaman-u, ammo ichimdagi armon ketmaydi. Chunki ortiq 4 kishi boʻlib bir dasturxon boshida toʻplanolmaymiz va oʻsha paytlar orzu qilganimizdek, har birimiz bittadan shokolad olib yeya olmaymiz.

Madina ZARIF