Halima AHMEDOVA, shoira:

Xotiram zaiflashyapti. Bolalikning juda koʻp xotiralari yodimdan chiqyapti. Ammo eng qizigʻi, onam bilan bogʻliqlari yanada yorugʻlashyapti. Nega bunday, – tushunmayman. Toʻngʻich farzand boʻlganimgami, erka, shoʻx edim. Buning aksi oʻlaroq, onam juda sodda, kamsuqum ayol edi. Baʼzan bolaligimga borib qilgan shoʻxliklarim onamni ranjitardi, jahlini chiqarardi. Oʻshanda u bilgan yagona qargʻishini ishlatardi:

– Hah, oyogʻingga yara chiqmagur...

Boʻldi, ana shuning oʻzi menga kifoya edi. Darrov xafa boʻlib, toʻnimni teskari kiyib olardim. Keyinroq, aqlimni tanigach, onamning bu qargʻishi duo ekanligini bildim.

Talabalikda miyamizni soxta mafkuralar bilan toʻldirishgani bois (bu katta fojia edi) ruhoniy bilimlardan yiroq edik. Bobur gʻazallarini sevib oʻqir, shoir hayotiga qiziqardim. Bir kuni Humoyun Mirzo xastalikka chalinganda Bobur oʻgʻlining atrofini aylanib, kasalni oʻziga Xudodan soʻrab olgani va natijada shahzoda sogʻayib ketib, otasi ogʻirlashgani haqidagi tarixiy voqeani oʻqib qoldim. “Bu axir afsona-ku, bunday boʻlishi mumkin emas”, dedim, dugonalarim davrasida.

Oʻtgan asrning 87-yillari shifokorlar menga saratonning birinchi bosqichi tashxisini qoʻyib, Moskva shahridagi onkologiya kasalxonasiga yuborishdi. U yerdagi jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganiga qaramay, men kundan kun ogʻirlashardim. Oradan bir qancha vaqt oʻtgach ham oʻzgarish boʻlmagach, shifokorlar ham sogʻayishimdan umidini uzib, dadamga telegramma joʻnatishgan. Hushim goh kelib, goh ketib turgan kunlarning birida dadam men yotgan palataga kirib keldi. Oʻsha vaqt gapirolmas edim. Dadam (juda oʻzgarib ketgan boʻlsam kerak) meni tanimadi. Ularning ortidan gʻam tortgan, mungʻaygan onam ham kirib keldi. Ota-onam ahvolimni koʻrib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlashardi. Shifokor ularga vaqt tugaganini bildirgach, dadam mehmonxonaga ketdi. Onam qizim bilan qolaman, deb oyoq tirab turib oldi. Moskvaning kuzi juda sovuq keladi. Tashqarida gupillab qor yogʻardi. Menga qaraydigan hamshira onamga koʻrpa-toʻshak keltirib berdi. Palatada yolgʻiz oʻzim yotardim. Nazarimda, ogʻirlashgan bemorlar uchun shunday tartib bor edi.

Vaqt allamahal boʻlgach, negadir uygʻonib ketdim. Onam men yotgan karavot atrofida tinimsiz aylanar, shivirlab nimalardir derdi. Holsizlik gʻolib kelib, yana uyquga ketdim. Ertalab uygʻonganimda, onam toʻshak ustiga boshini egib, ogʻir oʻyga botgancha oʻtirardi. Bildim, u tun boʻyi uxlamagan. Ilkis boshini koʻtarib, men tomonga qaradi, oʻrnidan dast turib, tepamga keldi. Xuddi mendan suyunchi olmoqchidek jilmayib:

– Qizim, qoʻrqma, sen tuzalasan. Hali hech narsa koʻrmagandek boʻlib ketasan, – dedi. Men ham jilmaydim.

Onam aytganiday, olti oy deganda oyoqqa turdim. Ammo, onaginam bir yil oʻtmay saratonga chalindi. Bu kasallik bilan uzoq kurashdi. Men noshud farzand uning dardiga darmon boʻlolmadim. Onajonim dunyodan oʻtayotib ham men uchun qaygʻurdi:

– Oʻzingni ehtiyot qil, qizim!

 Zulfiqor MUSOQOV, rejissyor:

Oyimning ismi Oliyaxon edi. Dadamning juda erta vafotidan soʻng uch farzandni oʻzlari tarbiyalab, oliy maʼlumotli qilganlar. Oyim butun umr Qorasaroy koʻchasidagi mahallada, uyimiz oldidagi bolalar bogʻchasida tarbiyachi boʻlib ishladilar. Yillar oʻtib, nabiralarini ham tarbiya qilishda koʻmaklashar, erkalab-suyardilar.

Oyim juda toʻgʻri soʻz, mard ayol edi, kezi kelsa meni ham ayamasdi. Odamlarning mansabiga, lavozimiga qarab oʻtirmas, nohaq boʻlishsa, haqiqatni tikka yuziga aytardi. Agar biz, farzandlarda nimaki yaxshi fazilat boʻlsa, fakat ota-onam tufayli bor, deyolaman.

Oyim barcha filmlarimning premyeralarida birinchi qatorda oʻtirardi, ochigʻini aytganda, eng talabchan kinoshunosim onam boʻlgan. Eslayman, ular hamkasblarim bilan suhbatlashishni yoqtirardilar. Deyarli bironta hamkasbim yoʻqki, onamning duosini olmagan. Joyingiz jannatda boʻlsin, onajon, bolalaringiz sizni va rahmatli otamizni hech qachon uyaltirmagan va uyaltirmaydi. Bizga qanday yashashni oʻrgatganingiz uchun rahmat!

Norqobil JALIL,  Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri:

– Barcha onalar kabi, mening onam ham farishtadek munis, mushtipar, kuyunchak, mehribon ayol boʻlgan. Elas-elas esimda: 1973-yillar edi, shekilli. Kitobda Abduaziz degan rasmchi qishloqlarni oralab odamlarni suratga tushirib yurardi. Paxsa uyimiz soyasida oʻynab yurgandik. Bir mahal haligi rasmchi amaki kelib qoldi. Onam ichkarida kuymalanib yurgandi.  Chaqirib chiqdim. Suratchi juda sodda, xokisor onamga nimalarnidir gapirib, rasmga tushishga koʻndirdi. Onam meni yoniga chaqirib, “Kattasi maktabdan kelmadi hali,  kenjam bilan tusha qolay”, dedi. Qayda, shu darajada uyatchan, bir qishloqi bola boʻlganim uchunmi, “yoʻq, ena, tushmayman”, deb qochib ketdim. Onam bechora xijolat tortgancha mendan ikki yoshcha kichik Hayitmurod degan qoʻshnimizning oʻgʻlini yoniga olib rasmga tushdi...  Oʻshanda suratga tushsam edi... Onam rahmatlidan faqat ana shu suratgina nodir xotira boʻlib qoldi. Hozir ham shu rasmni koʻrsam yigʻlayman!...

Zamira SUYUNOVA, Oʻzbekiston xalq artisti:

– Qashqadaryo viloyatining togʻli “Shatri” qishlogʻida 11 farzandli, katta oilada tugʻilganman. Mening onam ham 11 farzandni dunyoga keltirib, katta hayotga yoʻllab, nabiralarni ham opichlashadigan, butun roʻzgʻor yukini yelkalaydigan oʻzbek ayollarining biri boʻlgan. Otam oʻqituvchi boʻlib ishlar, onam esa uyda farzand tarbiyasi, roʻzgʻor tashvishlariga umrini bagʻishlagandi. Qishloqdagi uy bekasining tashvishi koʻp, qoʻy-sigir, tomorqa degandek, buni hamma biladi. Ammo onalarimiz kun davomida qilinishi kerak boʻlgan ishlarni soat koʻrsatkichidek aniq tartiblashgan. Oddiy misol, qishlogʻimizda 10 yoshimgacha elektr chiroqlari boʻlmagan. Biror marta boʻlsin kechqurun fonus shishasining qorayib turganini koʻrmaganman. Bir kuni qoʻshniroq xonadondan uyimizga mehmon kelgan. Uyingizda shuncha yosh bolangiz bor ekan, tinchlik-osoyishtaligingizdan buncha  koʻp yosh bolangiz bor deb oʻylamas ekanman, degan.

Keyinchalik vaqti soati bilan oʻzim oilali, bola-chaqali boʻlganimda bunday tartibni ushlolmaganman. Toʻgʻri, bizning turmush tarzimiz, ishimiz, boshqa vajlarimiz boʻlgandir, lekin baribir har safar eslaganimda onamning tartibiga qoyil qolaman. 11 farzandning usti-boshi tozaligi, osh-ovqati, roʻzgʻorning saranjom-sarishtaligi... Endi oʻylayman, onalarimiz chinakam qahramon boʻlgan ekan. “Qahramon ona” unvoni bekorga berilmagan ekan.

Toshkentga oʻqishga ketganimizda, onam qizlarim u yerda nima yeb-ichadi, deb osh-ovqatimizdan xavotir olib, xafa boʻlgan ekanlar. Dasturxon boshida bolalarim nima yeyapti, deb yigʻlab ham olarkanlar. Biz uchun kech kuzgacha voyishlarda uzum saqlab qoʻyardilar. Bir holni har gal eslaganimda koʻzim yoshlanib ketadi. Uyda oʻtirganimda eshik jiringlardi, ochsam, onam qoʻlida ogʻir paketlar bilan jilmayib turardilar. Oʻzlari yopgan patir, qaymoqni shuncha yoʻl bosib koʻtarib kelardilar. U paytlar telefonlar yoʻq edi, uyda boʻlmasak, qaytganimizcha eshik tagida charchab kutib turgan boʻlardilar. Onamning oq roʻmolda, qoʻllarida ogʻir sumkalar bilan eshik oldida turganlari hamon koʻz oʻngimda turadi, ilohim oxiratlari obod boʻlsin.

Abduqodir TOSHQULOV, Termiz davlat universiteti rektori, professor: