Erkin Orol – oʻziga xos uslubga ega rassom, serqirra va bir xillikdan qochuvchi faol ijodkor. Oʻz ijodiy salohiyatini namoyon etish asnosida, jamiyatda kechayotgan voqelikka  sanʼatkorona munosabati, kayfiyatini yorqin anglab olish mumkin. Uning kartinalarini tomosha qilarkansiz, rassom dunyoqarashi yillar davomida oʻsib, oʻzgarib borganini koʻrish mumkin. Uning atrofini oʻrab turgan nimaiki bor – badiiy tajribalarida oʻz aksini topadi, asta-sekin ijodkor shaxsning shakllanish va rivojlanish jarayoni sodir boʻladi. 

 

Erkin Orol ijodida manzara janri muhim oʻrin egallaydi. Uning har bir kartinasi ona Vatan – Oʻzbekiston va u tugʻilib oʻsgan bepayon Surxondaryoga boʻlgan cheksiz muhabbat bilan yoʻgʻrilgan. Rassom manzaralaridagi oʻziga xos taʼsirchanlikka rang va shakl orqali erishadi. Asarlarida nur va havo bilan toʻyingan, sof, ohangdor kolorit yaqqol namoyon boʻladi. Shu bilan birga, uning uslubida realistik anʼanalarga boʻlgan sadoqat va badiiy ifoda vositalaridan mahorat bilan foydalanish koʻzga tashlanadi.

Rassom koʻpincha etyudnigini olib, ochiq havoda – plenerda ishlaydi. U tog‘ va qishloq manzaralarini, milliy ruh saqlangan uylarni, oʻsimlik va hayvonot olamini sinchkovlik bilan tasvirlaydi. Tabiat qoʻynida yaratilgan etyud va chizmalarda rassom mintaqaning hayotini bor holicha – tabiiy muhit va “madaniy» turmush tarzi bilan birgalikda aks ettiradi.

 

Erkin koʻpincha manzara fonlarida daraxt soyasida hordiq chiqarayotgan qishloq odamlarini, onaxon-u otaxonlarni, qishloqning tabiat bilan uygʻun kechayotgan oddiy kundalik hayot oqimini tasvirlaydi. Bu lavhalar oʻta jonli, joʻshqin, gohi esa oʻta xotirjam va tabiiy ritm ustuvor. Rassom goʻyo oddiylikdagi goʻzallikni, bir lahzaning pokligini, insonning tabiat hamda anʼanalar bilan uygʻun hayotini qadrlash gʻoyasini ilgari surayotgandek. Bunday manzaralar qatoriga “Bizning koʻcha”, “Bizning supamiz”, “Dalada”, “Umr”, “Jilgʻa», “Oydin kecha”, “Choshgoh”, “Xumson tongi”, “Shamol”, “Shom”, “Erta tong”, “Manzara” kabi asarlar kiradi.

Koʻpincha rassom ijodi va kasbiy mahorat darajasi haqida uning portretlariga qarab baho berishadi. Portret – tasviriy sanʼatning alohida janri boʻlib, unda rassomning psixologiya, fizionomika bilimlari, yuz mimikalarining kutilmagan holatlarini, rakurs va harakatlarni bir zumda ilgʻab olish qobiliyati namoyon boʻladi. Erkin Orol portretlarida akademik maktab anʼanalari yaqqol koʻrinadi. Ularda insonga ehtirom va yashash ruhi ustuvor boʻlib, har bir jihat portret egasining shaxsiyatini ochishga xizmat qiladi. Bu shunchaki tashqi oʻxshashlik emas – inson xarakteri, taqdiri va qalb kechinmalarini ifoda etuvchi chuqur psixologik mushohada, aslida. Rassom zamondoshlarining obrazlarini yaratarkan, ularning ichki dunyosi bilan suhbat qurgandek boʻladi. Bunday asarlar qatoriga “Mening enam”, “Gʻiyos bobo”, “Davlat bobo”, “Dilorom”, “Dehqon portreti”, “Ibrat Safo”, “Avtoportret”, “Sandra Baye”, “Qizim Munisa”, “Oilaviy portret” va boshqa butun bir portretlar galereyasi kiritish mumkin. 

Erkin Orolning natyurmortlari – oʻziga xos “kuy», ularning estetikasi aniq oʻylangan kompozisiya va kundalik buyumlarni puxta tanlash asosida yaratiladi. Muallifning sharqona tafakkuri matolardagi naqshlarni nozik va bejirim ifoda eta bilishda yaqqol namoyon boʻladi. Milliy gilam va soʻzanalar, guldonlar, meva idishlar hamda boshqa barcha asarlardagi arab amaliy sanʼatiga xos elementlar rassom tomonidan nafislik bilan ishlanadi. Asarlarning rang yechimi esa Sharq sheʼriyati kabi chuqur hissiyot va lirik nafosati bilan ajralib turadi. 

 

Oʻtgan oʻttiz yil ichida Erkin Orol bolalar mavzusiga alohida eʼtibor qaratadi. Rassom argʻimchoqda uchayotgan, kitob oʻqiyotgan, ota-onalariga yordam berayotgan, sigir va qoʻylarni boqib yurgan bolalarning hayotiy manzaralari aks etgan asarlar turkumini ishlagan. Unda quvnoq va yorqin tarzdagi bolalikni koʻrishingiz mumkin.