Qishloqning kuni ham, tuni ham uzoq boʻladi. Yotsang tong otmaydi, tursang kun botmaydi. Kunduzi hamsoyalar bilan quvalashib, kechasi kattalardan matal eshitib, vaqtni sob qilasan. Ammo koʻchaga chiqib hech kimni topmasang, qoʻshnining bolasini chaqirib borsang-u, uyidagilari oʻynagani chiqarmasa-chi?! Quyosh turgan joyida qotadi. Fursatning imillagan etaklari nimadir narsaga ilashib qolganday tuyuladi. Shunday paytlari ich-ichingdan toʻlib ketasan. Tovuq katak yoki oʻzing chiqa oladigan biror balandlik ustiga chiqib, enangdan eshitgan qoʻshiqni baqirib aytasan:
“Halima, Mamat-a,
Hamsaya, kelagʻay!
Mushtday qorning toʻymayma,
Enang qurgʻur qoʻymayma?!”
Tabiiyki, qoʻshigʻing kutayotgan odamingning quloqlariga borib yetmaydi. Lekin unda sehr borday tuyuladi. Beixtiyor yengil tortasan. Goʻyoki hozirgina qadimiy afsunni oʻqiding, endi ijobat boʻlishi uchun gartak sabr kerak...
Darhaqiqat, xalq qoʻshiqlaridan tilsim kutishimizga asos bor. Ular oʻzida har xil ramziy ishora va kod tashiydi. Toʻgʻri, vaqt oʻtishi davomida ramz bilan bogʻliq bilimlar unutilishi mumkin. Ammo anʼananing kuchi ramzning oʻzini saqlab qolaveradi. Shundanmi, hamma aytuvchi ham oʻz qoʻshigʻidagi “yoqqu-yaq” kabi hayajonli hayqiriqlar ortidagi qadimiy mazmunni anglab yetmaydi.
Holbuki, ushbu hayqiriqni folklorshunos olim Shomirza Turdimov “oliy quvvat birligi boʻlgan ilohiy qarsak[1], qarsak joʻrligidagi qoʻshiq va raqs yordamida ruhoniy bilim hamda axborot olish hayqiriqlaridan biri” deya izohlagan. “Raqs va qoʻshiq ijrosidagi “yaqqu-yaq” yoki “jaqqu-jaq” qaytariqlaridan paydo boʻluvchi ohang tebranishlari kishi ruhiyatiga taʼsir etib, uni oliy quvvat tebranishlariga rostlaydi; bu holatni soʻfiylar zikridagi “huvva-huv” qaytarigʻi bilan barobar qoʻyish mumkin” deydi olim.
“Togʻlar boshi nurama,
Kiyik shoxi burama.
Boy qizini bermasa,
Boyni balo urama...
Yaqqu-yaqqu, yaqqu-yaq...”
Eslasangiz kerak, ertaklarda murod-maqsadiga yeta olmagan shahzoda tog‘-toshlarga bosh olib ketadi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” kabi dostonlarimiz qahramonlari ham albatta tog‘ oshadilar. Chunki tog‘ yer bilan osmonni bogʻlovchi nuqta. Ajdodlar ruhi va homiy eranlar joylashgan muqaddas makon. Unda duolar ijobat, murodlar hosil boʻladi. Ayni paytda kiyik ham muqaddas homiy. Qolaversa, kiyikning shoxi qancha ulkan boʻlsa, unda ilohiy qudrat shuncha koʻp boʻladi degan tasavvur bor. Endi oʻylab koʻring, oshiqning “ortida” baland tog‘ va shoxlari kattaligidan buralib ketgan muqaddas kiyik turgach, boy qizini bermay qayoqqa boradi?! Shunday qilib, qoʻshiqdagi “yaqqu-yaq” qaytarigʻi orqali inson, tabiat va oliy quvvatlar oʻrtasidagi qadimiy maʼnaviy aloqa yana bir bor namoyon boʻladi.
Hanuz esimda. Bolalikda tunlari koʻzimga har xil sharpa koʻrinadigan odat chiqardim. Kechasi tushimga goh loʻli kampir, goh kelinchak kirib, baqirib uygʻonardim. Shunda otam bilan onam Toʻqboy qishlogʻidagi bir cholning uyiga olib bordi. Cholda burgut qanotining suyagi bor ekan. U toʻnini ustimga yopdi-da, atrofimda chir aylanib qoʻshiq aytdi. Qoʻshiqning hamma soʻzlariyam yodimda qolmagan. Lekin uning burgut qanoti suyagi bilan ora-tura yelkamga savalab, “ollo-hu[2], ollo-ho!” deya qichqirgani haliyam quloqlarim ostida jaranglab turibdi. Mutaxassislarning fikricha, “hu”, “ho” soʻzlari dastlabki soʻzlardan biri hisoblanib, qadimda shu soʻz, hayqiriqlar yordamida yaratganga yukunilgan. Uning ildizlari eng qadimgi dinlarga borib taqaladi. Oʻsha cholning “ollo-hu”sidan keyin tunda vahima bosmaydigan, tushlarimda qora kiyingan kampirni-yu oq kiyingan kelinni koʻrmaydigan boʻldim.
Albatta, hamma xalq qoʻshiqlari ham ilohiy mazmun tashiyvermaydi. Ularning orasida milliy oʻzagimizdan oʻsib chiqmish maʼnaviy tushunchalar asosida toʻqilgan intizorlik, arz-dod, muhabbat qoʻshiqlari ham moʻl. Shunday qoʻshiqlarning eng mashhurlaridan biri – “Qargʻalar”.
Bu qoʻshiqning keng tarqalishi va mashhur boʻlishi 1916-yilgi mardikor olish voqealariga borib bogʻlanadi. Sibir oʻrmonlarida daraxt kesgan margʻilonlik Xudoyberdi qori uni xirgoyi qilgan. Qoʻshiq matniga vatandan uzoqda yurgan mardikorlarning sogʻinchi, dil nolasini qoʻshgan. 1970-yillarda “Yalla” ansambli uni zamonaviy usulda kuylagach, yana-da mashhur boʻlib ketdi.
Ammo folklorga oid manbalardan aniqlashadiki, mazkur qoʻshiqning tarixiy ildizlari ancha qadim – rus bosqinidan oldin ham aytilgan. Oʻshanda ham unda sogʻinch motivlari ustunlik qilgan. Chunki u sogʻinch iztirobida yonayotgan qalblar qoʻshigʻi. Tahlil uchun qoʻshiqdagi ayrim misralarni eslaymiz:
“Qargʻalar uchsa qaraylik
Margʻilonning yoʻliga.
Hidi kelsa mast boʻlaylik
Handalakning boʻyiga...”
Qoʻshiq soʻzlaridagi “qargʻa” ramzi tushunarli boʻlishi uchun baʼzi masalalarga ham toʻxtalsak.
Zamonaviy adabiyotda yangiliklar ancha jadal ro‘y beradi. Folklorda unday emas. Shu uchun ham ming yil oldingi xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan tortib, bizga yaqinroq davrda yaratilgan xalq ijodida ham ayrim qushlarning xabar ramzi boʻlib kelganini koʻramiz. Masalan, zindonda yotgan Hakimbek osmonga boqib, tepasida gʻozning aylanib uchayotganini koʻradi. Uni oʻziga chorlab, “gʻoyibning qushi” deya ataydi. Keyinroq oʻzi haqidagi xabarni ham eliga aynan shu gʻozning oyogʻiga bogʻlab uchiradi. Qisqasi, gʻoz oʻzbek folklorida xabarchi – ijobiy xabarlarni yetkazuvchi mavjudot. Sovuq xabarlar esa asosan oʻrdak bilan yetkaziladi. Chunki qadimgi mifologik tasavvurga koʻra gʻoz bilan oʻrdak uch olamni (osmon, yer, suv) birlashtira olgan ilohiy qush sanaladi.
Xalq ogʻzaki ijodida xabarchi qushlar faqat gʻoz va oʻrdakdangina iborat emas. Turna, laylak, qaldirgʻoch, boyqush kabilar ham qoʻshig‘-u dostonlarimizda oʻzi bilan xabar keltirgan. Jumladan qargʻa ham shunday qushlarning bittasi. Folklorda hatto uning xabarchiga aylanishi bilan bogʻliq afsonalar bor. Oʻsha afsonaga koʻra, Tangri uzoq yashagan qargʻani chaqirib, undan “dunyoga kelib nimani koʻrding?” deb soʻraydi. “Qaragʻay boʻyi qor yogʻdi, ham yogʻdi-yu, ham ketdi” degan javobi xush yoqib, unga ming yillik hayot va shu uzun umri davomida xabarchilik vazifasini inʼom etadi. Shundan xalqda qargʻalar haqida Tangrining mingta xabarchi qushi degan tasavvur paydo boʻlgan. Qargʻaning gʻoz bilan oʻrdakdan farqi shuki, alohida ijobiy yoki salbiy xabar keltirmaydi. Bu qushlardan kelgan mujda yaxshi ham, yomon ham boʻlishi mumkin, yanayam aniqrogʻi, ular xavotirli xabarlar tashiydi. Xuddi boyoʻgʻli kabi.
Handalakning boʻyi-chi? Hammamizga maʼlum, handalak bahorgi poliz ekinlarining ichida eng ertachisi. Shu uchundir, ehtimol, u xalq ogʻzaki ijodida qizning vujudidagi ilk ayollik kurtaklari ramziga aylangan. Bunga tayangan holda handalakning boʻyini ham sevgi, mayl hamda ayol jozibasiga intilishning xalqona, chuqur ildiz otgan ifodasi deya tushunish oʻrinli. Negaki, yuqorida ham aytganimizday, xalq ogʻzaki ijodidagi hamma ramzlar ham xalqning mifologik qarashlari asosida yaralmagan. Ularning aksari ruhiy hodisalarni tashqi olam hodisalari bilan qiyoslash, umumlashtirish asosida vujudga kelgan. Bu qiyoslarning tasodifiy emasligi, zamirida chuqur kuzatish va hayotiy bilim yotgani bora-bora anʼanaviy ramzga aylanishga sabab boʻlgan. Mana endi qoʻshiqning yashirin maʼnosi ravshan: olisga mardikorlikka ketgan yigit koʻngil qoʻygan qizining shu orada boʻyi yetib, turmush qurib ketishidan xavotir olmoqda, visol orzusida yonmoqda. Shuni ham inobatga olish kerakki, bu obraz faqat mifologik tasavvur mahsuli emas. Mardikorchilik yoʻli bilan sovuq oʻlkalarga, xususan Sibir tomonlarga ketgan yigitning kundalik hayotida qargʻalar eng koʻp koʻzga tashlanadigan qush hisoblanadi. Ularning issiq va sovuq hududlar oʻrtasida qatnab yurishi esa musofir ongida qargʻani vatan va mahbuba tomondan kelishi mumkin darakning ramziga aylantiradi. Shu maʼnoda qoʻshiqdagi “qargʻalar uchsa qaraylik” satrlari musofirning osmonga umid bilan tikilgan nigohini, xabarga zor ruhiy holatini ham ifoda etadi.
Koʻrib turganingizdek, soʻzlar ortidagi ramzni tushunganimizda uning maʼnosi oʻzgaradi. Biz uchun oddiy tuyulgan iboralar ancha chuqur, teran mazmun kasb eta boshlaydi. Demak, ertaklardagi gʻorning eshiklarini maʼlum soʻzni aytib ochish mumkinligida muhim ishora bor. Misol tariqasida oʻzbek xalq qoʻshiqlarining rang-barang namunalarini oʻz ichida jamlagan “Shoda-shoda marvarid” kitobidagi ushbu misralarni tahlil qilib koʻramiz:
“Olma pishganda galing,
Teyina tushganda galing.
Angsa[3] sochim jamalak,
Belima tushganda galing...”
Qoʻshiqda bir qarashda oddiy yoz fasli haqida gap ketayotganga, yozda kelishini soʻrab, qiz oʻz sevgan yoriga noz-karashma qilayotganga oʻxshab tuyuladi. Lekin birgina olma soʻzining ortidagi maʼnoni anglaganimizda tasavvurimizda mutlaq boʻlak manzara namoyon boʻladi.
Shunday qilib, yigit, aniqrogʻi yor nima uchun aynan olma pishganda kelishi shart? Tasviriy sanʼatga oid muhabbat mavzusidagi asarlarda ham koʻrgan boʻlsangiz kerak. Oshiq-maʼshuqning biri ikkinchisiga olma uzatib turadi. Olma qizning qoʻlida tursa qizil, yigitning qoʻlida tursa oq boʻladi. Zero, u – muhabbat ramzi. Qizil boʻlsa qizning, oq boʻlsa yigitning muhabbati maʼnosini ifodalaydi. Bundan chiqdi, yuqoridagi qoʻshiqda na yoz fasliga doir, na noz-karashma bilan bogʻliq gap yoki kechinma bor. Aksincha, bu yerda qiz oʻzining hali yosh ekanligini, muhabbatni tushunmasligini aytib, yigitdan uzr-maʼzur soʻramoqda. Ushbu mazmun qoʻshiqning aytilish ohangi-yu, xalqimizning asrlar davomida shakllangan maʼnaviy-axloqiy qarashlariga ham mos tushadi.
Yana bir qoʻshiq borki, uni oʻzbeklarning deyarli hammasi eshitgan. Lekin maʼnosi haqida-chi, hammayam oʻylab koʻrdimikin?
“Tomda tovuq yotadi, vohay bola,
Oyogʻi sovuq qotadi, vohay bola!..”
“Tomda tovuq yotadi...” – bir oʻqishdayoq jumlalardagi allaqanday shoʻx, qitmir ohangni his etasan kishi. Sababi, u aslida ham hayotiy qiyoslash yordamida maʼlum holatni yumor qilmoqda. Yaʼni, jumladagi “tovuq” oddiy tovuq emas. Bu yerda insonga ishora bor.
Turkiy xalqlar mifologiyasida qadimdan Ona lochin, Semurg‘ kabi qush obrazlari boʻlgan. Ular aziz-avliyolar homiyligining ramzi hisoblanib, oʻzi bilan himoya, oydinlik olib kelgan. Tovuq ham bir jihatdan shularga oʻxshash ramz, ammo u ilohiymas, xonaki qush. Shu tufayli u oddiy ayol maʼnosini oʻzida aks ettiradi. Albatta, bu yerda kinoya ham yoʻq emas. Axir haligacha ayollar bir-birini ranjitmoqchi boʻlganda “tovuqqa oʻxshaysan” deb chaqib olishadi-ku. Lekin qoʻshiq mazmuniga koʻra u nega sovqotadi? Chunki yolgʻiz, pinjiga olib isitadigan “xoʻrozi” yoʻq. Roviyning qoʻshiq aytib tegishayotganining ham boisi shunda. Qoʻshiq haqidagi gapni muxtasar qilsak, u insonning bir holati xususidagi oʻziga xos qochirim, askiya.
Shu oʻrinda shoh Iskandar haqidagi afsona beixtiyor yodimga tushadi. Unga koʻra, Iskandarning sochini olgan hamma sartaroshlar oʻlimga mahkum qilinarkan. Sartaroshlar oʻldirilib-oʻldirilib, oxiri bitta qolibdi. U ham shohning huzuriga olib borilibdi. Sochini qirtishlatib boʻlgach, Iskandar uning jonini olishga ikkilanibdi. Oʻldiray desa, mamlakatida boshqa sartarosh qolmagan. Oʻldirmay desa... Shunda u sartaroshni “boshim bilan bogʻliq sinoatni hech kimga aytma!” deb qoʻyib yuboribdi.
Sartarosh tirik qolganidan xursand. Lekin oʻzi voqif sirni hech kimga aytolmay qiynala boshlabdi. Qancha vaqt oʻtsa, dardi shuncha ogʻirlashibdi. Kunlardan bir kuni kimsasiz joydan quduq topib, bor haqiqatni unga aytibdi. Keyinchalik quduqning ichidan bir qamish oʻsib chiqibdi. Choʻpon bu qamishdan nay yasab chalsa, “Iskandarning shoxi bor!” degan kuy taralibdi. Alqissa, “kuygan yerdan kuy chiqadi” degan naql shundan qolgan ekan.
Xalq toʻqigan boshqa afsonalarda boʻlgani kabi bunda ham teran hayotiy haqiqat bor. Axir tarixga nazar solsak, xalqimiz bugungi kunga qadar oson yoʻlni bosib oʻtmadi. Ozmuncha qamallar, bosqin-u qirgʻinlarni boshdan kechirmadi. Necha bor erkini, ozodligini boy berib, dushmanga talandi, ovozini chiqarmay, tortgan azoblarini, orzu-havaslarini hech kimga aytolmay yashashga majbur boʻldi. Biroq shunday paytda ham milliy oʻzligi, goʻzallik ishtiyoqi, boy tafakkurini saqlab qola bildi. Oʻsha oʻzlik, ishtiyoq va tafakkur turli metafora hamda ramzlarga boy qoʻshig‘-u doston boʻlib yangradi. Aytilmagan hasratlar, oshkor qilinmagan dardlar, juda muhim haqiqatlarni oʻz bagʻriga olib, bizgacha yetib keldi. Bu qoʻshiqlar ortida esa olam va odam haqidagi boy bilim, rangin tuygʻulardan iborat goʻzal dunyo bor. Ushbu dunyodan bebahralik biz uchun katta maʼnaviy uzilishni yuzaga keltiradi. Bu xazinadan bahramandlik esa bitmas-tuganmas maʼnaviy quvvat manbaidir.
Bayram ALI
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Ramzlar ortidagi olam” maqolasi