1. Heshteg – inglizcha hash va tag soʻzlaridan olingan boʻlib, ijtimoiy tarmoqda biror mavzuga oid manbalarni oson topish uchun panjara belgisi (#) qoʻshib yoziladigan kalit soʻz yoki ibora.

2. Skrinshot – inglizcha soʻz, ekranni suratga olish maʼnosini bildiradi. Koʻpchilik mobil telefoni yoki shaxsiy kompyuteri ekranidagi maʼlumotlarni saqlash va tarqatish uchun mazkur dasturdan foydalanadi.

 3. Tyutor – oʻzbek tilida tarbiyachi maʼnosini bildiradi. Universitet va institutlarimizda shu nomdagi ish oʻrni boʻlib, ushbu vazifadagi kishi talabalar guruhiga murabbiy sifatida biriktiriladi.

4. Chellenj (challenge) – chaqiruv, daʼvat degani. Ijtimoiy tarmoq sahifalarida baʼzan eʼtirozni, baʼzan eʼtirofni qoʻllab-quvvatlash uchun  uyushtiriladi.

5. Negativ (nigativus) – lotincha soʻz, manfiy, salbiy degan maʼnolarni bildiradi. Aslida fotografiyaga oid boʻlgan bu atama hozir ijtimoiy hayotda salbiy fikr, his va munosabatni bildiruvchi ibora sifatida keng ishlatiladi.

6. Imij – qiyofa, tasvir maʼnolariga ega. Odamlarda biror shaxs yoki tashkilot haqida tasavvurni shakllantirish uchun qoʻllanadi.

7. Bot – robot soʻzining qisqartmasi boʻlib, chex tilidagi robota – mehnat soʻzidan kelib chiqqan. Bugungi kunda botlar maʼlum dastur doirasida virtual harakatni amalga oshiradigan maxsus tizimdir.

8. Login – ingliz tilidan olingan boʻlib, axborot tizimlari, ilovalar va boshqa dasturlarga kirishda foydalanuvchi ishlatadigan maʼlum soʻz yoki belgi.

9. Parol – harf, raqam yoki boshqa belgilardan iborat, shaxs yoki vakolatni tasdiqlovchi kalit soʻz.

10. Feyk inglizcha soʻz boʻlib, soxta degan maʼnoga ega. Bugungi kunda notoʻgʻri va tasdiqlanmagan maʼlumotlarga nisbatan feyk iborasi qoʻllanadi.

Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev tavsiya etadi:

1. Heshteg – qulavuz; yoʻlchi. Ilk bor “yoʻlchi, yoʻl koʻrsatuvchi” maʼnosida XI asrda eski turkiy til obidalari “Qutadgʻu bilig” hamda “Devonu lugʻotit-turk”da qulavuz //qulabuz istilohi qayd etilgan:

Bu koʻkdaki yulduz bir ancha bezak,

Bir ancha qulavuz, bir ancha yazak

(“Qutadgʻu bilig”).

Oʻrxun yodnomalaridan Toʻnyuquq bitigida qayd etilgan maʼno yerchi yasamasi bilan ifodalangan: Yerchi tiladim – Yoʻl koʻrsatuvchi istadim.

Qadimgi Turfon matnlarida “yoʻlboshlovchi, yoʻlchi” anglami yoʻlchi-yerchi juft soʻzi yordamida anglashilgan. Ayni maʼnoni bildirish uchun Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” pandnomasida qulavuzning maʼnodoshi yoʻlchi istilohini ishlatgan: Qamug‘ ishka yoʻlchi bilig bar uqush – Har qanday yumushda bilim va aql yoʻlchidir.

Qulavuz istilohi XIV asrda Xorazm adabiy muhitida yaratilgan “Guliston bit turkiy” hamda “Nahjul-farodis” asarlari soʻz boyligidan oʻrin olgan: Paygʻambar alayhissalom aytdikim, bizga bir qulavuz kerak (“Nahjul-farodis”, 12-b. 110).

Hozirgi oʻzbek kompyuter tilshunosligi terminlari tizimida muayyan mavzuga tegishli manbalarni topish yengil kechishi uchun “#” belgisiga qoʻshib yozilayotgan inglizcha heshteg soʻzini ajdodlar tilida keng qoʻllangan qulavuz, yoʻlchi, yerchi soʻzlaridan biri bilan almashtirish mumkin. Bu inglizcha soʻz oʻrnida qulavuz istilohini isteʼmolga kiritish tarafdoriman. Zotan, ushbu birlik tarixan bir maʼnoda ishlatilgani bilan eʼtiborga molik. Qolaversa, hozirgi turk tilida keng qoʻllanayotgan kulavuz  1) yoʻlboshlovchi; sayyohlarga tushuntirish beruvchi (gid); 2) yoʻlkoʻrsatkich; maʼlumotnoma; 3) boshqaruvchi, yetakchi (uchaq); 4) sovchi; 5) tex. yoʻnaltiruvchi (izga, yoʻlga) maʼnolarini ifodalashda qoʻl kelmoqda.

2. Skrinshot – mobil qurilma ekranida aks etgan maʼlumotlarni saqlab olish va tarqatishning eng oson turi sifatida ommalashgan inglizcha bu soʻzning qoʻllanishiga qarshiligim yoʻq.

3. Tyutor – o‘zbek millati hazm qilinishi qiyin kechayotgan mazkur soʻzning tilimizda muqobili yoʻqmi degan savol ochiq turibdi. Unga qoniqarli javob topish uchun oʻtmishga nazar tashlash zarur. Moziyda madrasalarda oʻqigan oʻquvchilarning oladigan bilimi va tarbiyasi bilan bevosita shugʻullangan shaxslar asl oʻzbekcha begatka va otabeg, arabcha murabbiy, muallim, forscha-tojikcha ustod//ustoz istilohlari yordamida anglashilgan. Arabcha tarbiya oʻzlashmasidan yasalgan oʻzbekcha tarbiyachi soʻzi maktabgacha taʼlim tizimi (bogʻcha)da bolalar tarbiyasi bilan mashgʻul xotin-qizlar (bogʻcha tarbiyachisi), shuningdek, maktab va oliy taʼlimda faoliyat olib borayotgan muallim hamda murabbiylarga nisbatan qoʻllanayotgani yangilik emas. Alohida shtat birligiga egalik qiladigan, talabalarning maʼlum guruhiga tarbiya beruvchi sifatida biriktirilgan xodimni tarbiyalovchi deb atash maqsadga muvofiq. Zero, ushbu soʻzning oʻzagi hisoblanmish tarbiya oʻzlashmasi “bolani boqib va tarbiya berib katta qilish, voyaga yetkazish uchun qilinadigan mehnat va gʻamxoʻrlik”dan tashqari “ish-hunar, odob-axloq oʻrgatish va umuman kishining gʻoyaviy-maʼnaviy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan taʼlim tizimi” maʼnosini ham ifodalaydi.

4. Chellenj (challenge) soʻzining vazifasini chaqiruv soʻzi uddalaydi deb hisoblayman.

5. Negativ atamasining aksariyat ijtimoy munosabatlar mavzusidagi matnlarda faol ishlatilishidan kelib chiqib, uni salbiy munosabat iborasi bilan almashtirish maqbul koʻrinadi.

6. Imij keyingi kezlarda jonli soʻzlashuv va OAVda tez-tez qoʻllanadigan yangi soʻzlar qatoridan oʻrin ola boshladi. Qaysidir tashkilot, muassasa yoki ishlab chiqarish bilan band korxona yangilikka tinimsiz intilish tufayli qoʻlga kiritgan obroʻsini saqlashga harakat qilsa, nutqda “Bu tashkilot  oʻz imijini ushlab turibdi”, muayyan shaxs obyektiv yoki subyektiv omillar bois qiyofasini oʻzgartirsa “Falonchi imijini oʻzgartiribdi” singari jumlalarni ishlatamiz. Birinchi gapdagi imij soʻzi oʻrnida dong, dovruq, ovoza hamda XI–XIV asrlarda keng ishlatilgan chov soʻzlaridan birini qoʻllash oʻrinli. Ikkinchi gapdagi imij anglatgan maʼnoni koʻrinish soʻzi toʻla ifodalash quvvatiga ega.

7. Bot – kompyuter tilshunosligi terminlari sirasidan mustahkam joy egallashga ulgurdi. Shu sabab uni ishlatish oʻzini oqlaydi.

8. Login atamasi isteʼmolda qolgani maʼqul. Mazkur soʻz nafaqat axborot texnologiyalari, balki  xalq tilida ham ommalashishga ulgurdi. Uning muqobilini qidirishga ehtiyoj yoʻq.

9. Parol soʻzi rus tili orqali lugʻatimizdan oʻrin olgan boʻlib, ilgari harbiy terminologiyada keng ishlatilgan. Qadimda parol oʻzlashmasi bildirgan maʼno asl turkcha im hamda oʻron istilohlari ishtirokida anglashilgan. Oʻzlashma atamaning maʼno-mazmunini eʼtibordan qochirmagan holda uni ochqich soʻz birikmasi bilan almashtirish mumkin.

10. Feyk soʻzining rus tili orqali oʻzbek OAV soʻz boyligidan joy ola boshlaganiga uncha uzoq vaqt boʻlgani yoʻq. Bugungi kunda yetarli asosga ega boʻlmagan, tasdiqlanmagan, puch maʼlumot feyk xabar iborasi bilan anglashilmoqda. Ibora tarkibidagi feyk soʻzini qadimdan tilimizda qoʻllanib kelayotgan yolgʻon soʻzi bilan almashtirish hech qanday qiyinchilik tugʻdirmaydi va ibora maʼnosiga putur yetkazmaydi.

Bayramali QOʻLDOSHEV tayyorladi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.