Zulmat hikmati
Yarim kechasi xonadonimning torgina yoʻlagidagi chiroqni oʻchirdim. Birdan atrofimni qorongʻilik qopladi. Hech narsa koʻzga koʻrinmaydi, hammayoq zim-ziyo. Shu alfozda bir muddat turib qoldim, ona rahmi zulmatida depsinayotgan homila kabi. Goʻdaklar qorongʻidan keladilar va yer yuziga tushganlaridan soʻnggina nur bilan uchrashadilar deb eshitganman.
Birozdan soʻng cheksiz zulmatni his qildim va unda nimalarnidir koʻrish mumkinligini ham bildim. Bunday holatda oddiy koʻz bilan koʻrish mumkin boʻlmagan narsalarni koʻrish, aql bilan anglash mumkin boʻlmagan narsalarni anglash hissi uygʻona boshlaydi. Yana fikrlash, qaygʻuni tuyish qanday soz. Allaqaysi zamonda bir donishmand yoshi oʻtib qolganidan keyin ikki koʻzini koʻr qilishlarini soʻragan ekan. Oʻziga nisbatan bunday shafqatsizlik boisi soʻralsa, “Men dunyoni koʻrib boʻldim. Endi koʻzlarim tafakkur qilmoqqa xalal berayotir”, degan ekan.
Zulmatda nurning nechogʻli moʻjiza ekanini ham tushundim. Soʻng... timirskilanib oldinga yurdim. Bor-yoʻgʻi besh-olti metrlik dahliz olis yoʻlday tuyuldi. Uzoqroq tursangiz, zulmat sizni yutayotgani, tomonlar gʻoyib boʻlayotganini his qilasiz... ixtiyoringiz keta boshlaydi... yoʻqlik sari yoʻl olayotganingizni sezasiz... Qorongʻilik odamni yutadi degan gap shundan boʻlsa kerak-da.
Soʻng qoʻlim bilan paypaslab oʻngga burildim. Ikki qadamcha yurdim. Shunda yotoqxona eshigi tirqishidan taralib turgan bir necha tola nurni koʻrdim. Yorugʻlik soviyozgan koʻzlarimni birdan isitdi. Assalom, Nur! Assalom, Hayot!..
Yoʻldagi yoʻriqlar
Yoshim oltmish uchga boryapti. El orasida paygʻambar yoshi deb azizlanadi umrning bu fasli. Past-balandni, yaxshi-yomonni koʻrib-kechirdim. Balki savobimdan gunohim koʻpdir. Hech maqtanolmayman. Nima boʻlganda ham, keyingi yillarda bir toʻxtamga keldim: agar birov kelib, “Mana senga bir vagon tilla yo falon milliard dollar, buni olasan-u, bizga oltmish uch yil mobaynida orttirgan maʼrifatingni berasan” desa, men rozi boʻlarmidim?! Yoʻq! Xudoga shukrki, jilla taraddudsiz rad etaman. Bundan oʻttiz-qirq yillar avval ikkilanishim mumkin edi, hozir esa qoʻrqmay yoʻq deya olaman. Chunki mayda-chuyda hoy-havaslar, maʼnisiz koʻpchishlar bosqichidan oʻtib boʻldim deb oʻylayman. Odamning boyligi nima ekanini endi yaxshi bilaman. Bu – sipogarchilik vajidan aytilgan pardozi gap emas, kulolning otashdonidagi koʻzaday pishgan bir mardumning yillar davomida kelgan xulosasi.
Keyingi vaqtlarda Mirzo Bedilning bir gapini ham koʻp takrorlayman: “Ey Xudo, shukrki, soch-soqolimni oqartirding. Endi oppoq soqolimni birovlar eshigi oldida supurgi qilmagin”. Shuning uchun mudom Xoliqi Olamga “Koʻnglimni yomon hislardan, fikrimni bad oʻylardan tozalashga yordam ber!” deb iltijo qilaman. Modomiki, supurish kerak boʻlsa, bu ishni avvalo koʻngling va ongingda qilmogʻing darkor.
Odam qayerda yashaydi?
Yashash joyi deganda, odatda, uy-joy, hovli-bog‘, tomorqamizni tushunamiz. Holbuki, inson uyidan ham avval oʻz koʻnglida yashaydi. Odamning asosiy uyi – koʻnglidir. Deylik, Amerikaga uchayotgan odam hovlisini koʻtarib ketolmaydi, lekin koʻnglini ehtiyotlabgina samolyotga olib chiqadi.
Agar odamning koʻngli xaroba boʻlsa, fisq-u fujur, hasad, yovuzlik, fasodga toʻla boʻlsa, istiqomat qilayotgan ulkan qasri ham, yashnagan bog‘-u rogʻlari ham gʻurbatxona yo axlatxonaning ayni oʻzidir! Unda na huzur-halovat bor, na saodat. Aksincha boʻlsa, odam oddiy-odmi uyda, hatto kapada ham baxtli yashashi mumkin. Binobarin, koʻngilni obod qilmay, uyingizni obod qilolmaysiz. Bu tenglamaning yechimini hisobdon hayot allaqachonlar isbotlagan.
Vahki, zamonning zabtida asosiy boshpanamiz – koʻngil uyi qarovsiz qolayotir. Omonat ikkinchi uyimizga esa bor kuchimizni sarflab, ovrupocha taʼmir, zamonaviy jihoz-u hashamatli bezaklar ila muttasil oro beramiz. Afsuski, bu eng maroqli mashgʻulotimizga aylangan. Asosiy uy esa koʻpincha tashlandiq yetimday mungʻayib qolaveradi.
Jon nima bilan aziz?
Qabarda-balqar shoiri, oʻzbek xalqining doʻsti Qaysin Quliyev “Til sen uchun ot-sifat, sintaksis, birlik va koʻplik kabi atamalardan iboratdir. Men uchun esa Til bu – hayot. Bizning qarashlarimizdagi farq shunda” deydi tilshunos haqidagi sheʼrida. Shoirning bu malomati mohiyatni anglamay quruq qoidalarga yopishib oladigan zoʻm harfxoʻrlarga atalgan. Oʻylab koʻring, insonga faqat biologik mavjudot sifatida qarasak, uni shu asosda baholasak, bu oliy mavjudotning it yo maymundan farqi qolmaydi-ku. Jon shirin, lekin bu jon ong va tafakkur, ezgu tuygʻular bilan aziz. Yoʻqsa, uning shirinligi tomoqqa bir lahza taʼm berib oʻtadigan shokoladdan avlo boʻlmas edi.
Ezgulik, muhabbat, oqibat, sogʻinch, mehr, aziz xotiralar... Odamga xos bu kechinmalar juda goʻzaldir. Biz esa botinimizdagi ana shunday goʻzallikdan tobora uzoqlashib boramiz, hatto ularni vayron qilib tashlaymiz... Oʻn besh yoshimdagi tuygʻularim haqida oʻylasam, ulkan sogʻinch iztirobini his qilaman, tiynatimdagi koʻp goʻzalliklardan juda yiroqlab ketganimni anglayman. Xullas, asl mohiyat boshqa. Gyote aytganidek, “Nazariya quruqdir, doʻstim, ammo yashnar hayot daraxti!”
Ahamiyatsizlikning muhim ahamiyati
Baʼzan oʻylab qolaman: cheksiz koinotda Yer sayyorasining oʻzi bir zarra boʻlsa, unda bu buyuklik qoshida mening xafa yo xursandligimning qanchalik oʻrni, ahamiyati bor? Toʻgʻriligim yo egriligimning-chi? Koinot miqyosida qaralganda, mukammaldan-mukammal mikroskop bilan ham meni koʻrib boʻlmaydi-ku! Lekin shu topda koʻnglimdan yana bir oʻy oʻtadi: men koʻzga koʻrinmas zarra ichidagi eng kichik zarra boʻlsam-da, koʻnglimda Xudo bilan bogʻlangan rishta borki, ayni shu robita hayotimga maʼno baxsh etadi. Bu haqda Tolstoyda ham oʻqigan edim. Demak, gʻamginligim, shodmonligim, ozurda tuygʻularim, ogʻriqli oʻylarim shu rishta sharofati bilan oʻz manzilini topadi. Shivirlab aytayotgan gaplarimni ham kimdir eshitadi, oʻzimdan qizgʻanib oʻylayotgan oʻylarimni ham kimdir oʻqiydi, xatolarimni ipga tizganday yozib boradi. Taraqqiyot tilida aytganda, bu goʻyo yuz minglab kompyuterlarning bosh qurilmaga ulanishiga oʻxshaydi. Bunda markaziy kompyuterdan bitta harf yo chiziqni ham yashirib boʻlmaydi. Alhol, muazzam olamda hech bir inson shunchaki paydo boʻlib, shunchaki yoʻq boʻlib ketmaydi.
Biz nimagadir kerakmizki, Xudoga bogʻlanganmiz. Yoʻqsa, cheksiz zulmatda najotsiz yolgʻizlikka mahkum boʻlib qolaverardik, balki yaratilmasdik ham. Holbuki, bu tor va keng dunyoda faqat xudosizlargina yolgʻizdir.
Qayda boʻlsam ham, hatto kimsasiz dalada yolgʻiz borayotganda ham yonimda koʻzga koʻrinmas allakimlar yurganday tuyuladi. Ular mening harakatlarimni kuzatadilar, yomonlikka yon bersam, darhol ogohlantirish ishorasini beradilar. Zinhor, oʻzini avliyo qilib koʻrsatyaptimi, degan oʻyga bormang. Nechukki, har bir odam tugʻilishi bilan unga farishtalar hamrohlik qiladi. Agar keyin oʻzi ularni haydab solmasa... Afsuski, men ham yonimdagi gʻayb maloikalarini xafa qilib qoʻygan kezlarim koʻp boʻlgan. Hatto ularning mendan arazlab ketib qolganini sezganman, soʻng ularni qaytarishga xoʻb harakat qilganman. Oʻzimni fayzsiz, umidsiz seza boshlaganman.
Balki ular savob-u gunohlarni bitib boruvchi kiroman kotibindir. Balki gunoh daftarim allaqachonlar toʻlib boʻlgandir, lekin savoblarim kundaligiga ham nimalardir yozilganiga umid qilaman.
Moʻjizakor miya
Meni mudom buyuk bir moʻjiza – inson miyasi hayratga solaveradi. Ayniqsa, undagi milliardlab neyronlarning joylashuvi va harakati galaktikalar xaritasiga juda oʻxshash ekani, tanamizdagi atomlar tuzilishining quyosh tizimi bilan bagʻoyat uygʻunligi... Moddiy tarafdan qaralsa – koʻpi bilan bir nimkosa keladigan atalasimon moy yoki qatiq; maʼnaviy tomondan qaralsa – millionlab galaktikalar sigʻadigan olamlar olami. Nasafiy bobomiz olami kubro (katta olam), olami sugʻro (kichik olam) haqida yozganlarida hali dunyoning koinot haqidagi tasavvuri chala, yorti edi. Inson tanasidagi hujayralar olami, miyasidagi neyronlar dunyosi aql bovar qilmaydigan hodisadir. Lekin shunday moʻjizaning oʻlimga mahkumligi, bor-yoʻgʻi yetmish-sakson yilda tuproqqa koʻmilib, soʻng chirib yoʻq boʻlib ketishi yanada ajablanarli.
Koʻklam mahali yoʻl boʻyida ochilgan bir tup qizgʻaldoqni tomosha qilib uzoq oʻtirdim. Bu rang, bu nafosat, bu goʻzallikdan hayratlanmagan odam haqiqiy koʻrdir. Oʻsha pallada bir savol meni oʻylantirib qoʻydi: tabiat shunday goʻzallikni yaratadi-yu, lekin ikki kunda uni shamolga sovuradi – nega axir? Nega?..
Inson miyasi haqida mushohada yuritganimda, yana bir oʻy keladi: bu ilohiy moʻjizani bilib-bilmay bosh chanogʻida olib yurganlarning aksari ablahliklar, iflosliklar, jinoyatlar sodir etishi, hatto qotillik qilishi yanayam ajablanarli. Buyuk Alisher Navoiyda boʻlgan bir chanoq miya bugun yetti yashar qizaloqni zoʻrlagan irganch pedofilda ham bor. Hayhot! Bunda taqsimot teng. Shunda... modomiki, miya hammaga barobar berilgan ekan, unda kimningdir yaxshi, kimningdir ablah boʻlishi bu sirli olam ichiga qanday kuchlar kirib olishi bilan bogʻliq emasmikan, deb oʻylayman. Yoki miya faoliyati odam tanasiga qanday ruh joylanishi bilan bogʻliqmi? Butun tanani millimetrlarigacha boshqaradigan miyaning oʻzi ruh hukmi ostidami? Kimningdir botinida Rahmon, yana boshqasida shayton
boʻlishi ruh bilan bogʻliqmi? Savollar, soʻroqlar koʻp...
Avval ham bir fiqramda bunday deb yozgan edim: “Sogʻlom inson tanasida 32,7 trillion hujayra boʻlar ekan. Xudo ularni birovga kam, birovga koʻp tortiq qilmagan. Teng taqsim qilgan. Donoga ham, tentakka ham, jinoyatchiga ham, avliyoga ham shu miqdorda bergan. Baʼzi ahmoqlarning xatti-harakatini koʻrib, senga sadqai 32,7 trillion hujayra deb yuborasiz!”
Xudo – ezgulikdir
Bugun ilm-u fan milliardlab galaktika mavjudligidan xabar bermoqdaki, bu haybat qoshida Quyosh tizimining oʻzi dengizdagi tomchiga aylanadi-qoladi. Had-hududsiz koinotlar oldida katta sahrodagi qum zarrasiga teng bizning Yerimizda qancha dinlar bor. Endi tasavvur qiling: milliardlab galaktikalar qaʼrida milliardlab Yerimizga oʻxshash sayyoralar boʻlishi mumkin. Miloddan 400 yilcha avval yashab oʻtgan faylasuf Platon “Yerdan boshqa joyda hayot yoʻq deyish – judayam katta maydonga tariq ekib, shuncha tariqdan bir donasigina koʻkarib chiqdi deyish bilan barobar”, deya cheksiz olamlar mohiyatidan bahs etgan. Hadsiz borliqdagi son-sanogʻi yoʻq Yer kabi sayyoralarda qancha dinlar boʻlsa ekan? Bu qudrat, bu haybat qoshida faqat va faqat hayrat tuymoq mumkin. Lekin har qanday vaziyatda ham bir narsa aniq: mening xilvatdagi kichik bir qishlogʻim Boymoqlidan tortib, to milliardlab galaktikalarning oxirigacha – barida ezgulikdan aziz narsa yoʻq. Taʼbir joiz boʻlsa, chekka bir dalada dehqon qilayotgan ish-yumush Somon yoʻli galaktikasi mavjudligining mohiyatiga taʼsir etadi. Agar milliardlab olamlar ezgulikni mezon tutmagan boʻlsa, ulardagi barcha nizom-u muvozanat, qudrat-u mahobat ikki pulga qimmat boʻlib qoladi. Milliardlab galaktikalar mohiyati ezguliksiz bemaʼni va puchdir, ha, puchdir! Muxtasar aytganda, Xudoning oʻzi ezgulikdir.
Xotira siniqlari
Insoniyatning mutlaq yangi avlodi paydo boʻldi. Ular bizdan keskin farq qiladi. Bu avlod haqida koʻp narsa bilaman deb aytolmayman, lekin kuzatishlarim yoʻq emas. Ularning oʻz intilishlari, bizdan Afzal jihatlari bordir, bizdan bilimli va kuchli boʻlishi-da tayin. Albatta, yangi dunyoda yangicha qarashlar maydonga keladi, eski tutumlar zerikarli tuyulib, ohori toʻkiladi. Kompyuter va internet ixtirosi yangi erani boshlab berdi. Oʻtmishda avlod yangilanmogʻi uchun asrlar kerak boʻlsa, endi insoniyat avlodlari har oʻn besh-yigirma yilda shitob oʻzgarib borayapti. Koʻrib-kechirganlari haqida mulohaza qilishga ulgurmay yangilanyapti. Bu oldingi avlod shuncha qisqa muddatda maʼnan eskiryapti, qariyapti degani hamdir.
Mutaxassislar yangi avlod xotirasiga “klip xotira” deb tashxis qoʻydi. Klipni bilasiz, yarq-yurq, sharq-shurq etadi, tasvirlar yashin tezligida koʻrinadi-tugaydi. Buning ham oʻz zavqi bor. Lekin bu xotiraning oʻzi emas, balki xotiraning siniqlari, xolos. Unda butunlik yoʻq, yaxlit tasavvur yoʻq. Vaholanki, xotira odamning tayanch ustunlaridan biridir. “Sigma” deb atalayotgan yangi avlod taʼrifida “ular birovlarning roziligi uchun emas, balki oʻzlari tanlagan tamoyil va eʼtiqodga qatʼiy rioya qilib yashaydi”, deb yozmoqda ruhshunoslar. Birovlarning roziligi... Bunda ham tanganing ikki tomoni bor. Bir qarashda kimlarningdir roziligi uchun boshingizni qotirib oʻtirishingiz shart emas. Bilganingizcha yashaganingiz, oʻzingiz ishongan tamoyilga amal qilganingiz durust. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor... Hovlida tobutni yerdan koʻtarganda, marhumning yaqinlari, qarindosh-urugʻlari, mahalladoshlari “Bizdan rozi boʻling, rozi boʻling!” deb faryod koʻtarganlarini shu koʻhnargan koʻzlarim bilan bir necha bor koʻrganman. Birovni norizo qilgan odam qirq yildan keyin jabrdiydaning eshigiga egilib kelgani haqida eshitganman. Xalqimiz bir-biridan rozilik uchun nega bunchalar qattiq turgan-a?! Demak, tarozining narigi pallasi ham bor-da. Izimizdan kelayotgan avlodlar haqida oʻylaganimda, goho umidli, goho tashvishli hislar tuyaman. Ularning ilmda, aqlda katta muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonaman. Lekin xayolga bezovta savollar ham bostirib kelaveradi: ular insoniy tuygʻular uchun kurashadimi? Olis bobolarimiz va momolarimizdan omonat oʻlaroq oʻtib kelayotgan aziz tuygʻularni saqlab qolish uchun jon kuydiradimi? Zotan, odamni Xudoga aqldan koʻra tuygʻu koʻproq yaqinlashtiradi. X, Y, Z deb toifalanayotgan avlodlar texnika bolalariga aylanib qolmaydimi? Yangi oy chiqqanda, maysalar nish urganda, jilgʻalar jildirab kuylaganda, daraxtzorlar shovullaganda hayot ovozini his etadilarmi? Ular boʻronu dolgʻalar ichidan koʻngilni omon olib oʻta biladimi?..
Muhammadjon Karimov va Yunus Rajabiy ijrosidagi “Qaro koʻzum” qoʻshigʻini uch yuz marta eshitganman desam mubolagʻa boʻlmas. Har eshitganda koʻnglim uygʻonadi. Hazrat Navoiy bu gʻazalda inson muhabbatining sirini yashirgandek tuyuladi. Lekin meni boshqa jihat qiynaydi: “Qaro koʻzim”ni yangi avlod vakillarining qancha foizi tinglaydi?
Bundan ming yil avvalgi ona va otaning ongi bugungi ona va otaning ongidan osmon bilan yercha farqli boʻlishi mumkin, lekin qalb buncha tafovut qiladi deb oʻylamayman. Mohiyat hamisha koʻngilda.
Darvoqe, yana bir gap. Hozirgi zamonda yoshlar uyoqda tursin, koʻpni koʻrib-kechirgan kattalarda ham qunt va diqqat parokanda boʻlyapti. Hamma betoqat, avomunnosning mulohaza qilishga uch daqiqa vaqti yoʻq. Modomiki, koʻrganingizni mulohaza qilmas ekansiz, koʻrmay qoʻyaqolgan durust. Ijtimoiy tarmoqlardagi boshi-keti yoʻq axborotlar qunt va diqqat ustunlariga tushgan son-sanoqsiz qurtlarday vijillab, ularni yemirmoqda. Bu xuddi epidemiyaga oʻxshaydi, xotira va aqlni, koʻngil va tuygʻularni oʻpiradigan epidemiyaga. Davosi bormikan bu dardning? Har yerda sochilib, tobora supurindiga aylanib borayotgan qunt va diqqatni qanday qilib qayta tiklash, yana bir nuqtaga yigʻish mumkin? Bu savollarni oʻzimga beraturib, birgina ilinjda toʻxtalaman: yaxshi kitoblar mutolaasi bor boʻlsin! Haqiqiy mutolaa qunt va diqqatni tarbiyalaydi, davolaydi, fikrlashga oʻrgatadi.
Odam qachon Odam boʻladi?
Insonning shunday nolalari borki, ularning tub mohiyatiga aql bovar qilmaydi. Boʻri uvullashini, buzogʻi oʻlib qolgan sigir nolasini eshitganman, qorakoʻl teri deb oltin qoʻzichoqlari koʻz oʻngida soʻyilgan ona qoʻylarning faryodiga shohidman... Hammasi fojiali. Lekin inson nolasi boshqa... juda kuyikli, qaygʻuli. Boʻgʻzi kuyib ketganidan u nayni tilga kirgizgan. Zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt buni his eta olarmikan?... His qilganda birgina Gʻazodagi onalar va bolalar faryodi dunyodagi hamma ekranlarni kuydirib yuborardi. U yerdagi goʻdakkina bolalar koʻzidagi ogʻir mung, vayronalardek choʻkib-mungʻaygan onalarning otashmisol faryodi xudbinlashib ketgan dunyo inson nolasini nari borsa temirning taqir-tuqurichalik koʻrishini fosh qilib qoʻydi.
Qarashlarim nechogʻli eski tuyulmasin, men baribir evaramning ham insonga insonday qarashini, ezgu tuygʻularni hurmat qilishini, koʻzyoshlarni anglashini, faryodlarni tinglay bilishini, sirasi, inson boʻlib qolishini istayman.
Odamning dardini odam tinglamasa, anglamasa, har kim oʻz yogʻida qovrilib yuraversa, insonning ham, hayotning ham maʼnosi yoʻqolib-yitadi. Oodam qachon Odam boʻladi? Oʻzining va oʻzgalarning dard-u iztirobini chin yurakdan his etganda. Ayni shu holatda koʻngil uygʻonadi. Quvonchga sherik boʻlish oson, qaygʻuga esa...
Daho qabridagi talonchilik
YouTube dagi lavhada Abu Rayhon Beruniy mangu qoʻnim topgan joy koʻrsatildi. Dahoning ochiq maydondagi koʻrimsizgina, qarovsiz qabri Afgʻonistonning Gʻazni viloyatida ekan. Shu hududda yashovchi afgʻon chol muxbir bilan suhbatda koʻngilni xira qiladigan bir gapni aytib qoldi: “Avvalgi zamonlarda Beruniy qabri gʻisht devor bilan oʻralgan edi. Keyin odamlar devorni buzib, gʻishtlarini tashib ketdi. Oqibatda maqbara shunday xarob ahvolga tushib qoldi”.
Qarangki, gʻaflat uyqusidagi kimsalar dunyoni uygʻotgan allomaning qabrini talab ketgan ekan! Bu jizzaxlik bir odam hikoya qilib bergan boshqa voqeani esimga soldi. Bu joy – sel yoʻli... Bir vaqtlar shu yerda selga qarshi kattagina damba uriladi. Koʻp yillar sel kelmaydi. Odamlar qurilma tuprogʻidan gʻisht quyib sota boshlaydi. Tez orada dambadan asar ham qolmaydi, u shapaloqday-shapaloqday gʻishtlarga aylanib, gʻoyib boʻladi. Gʻishtlardan shu atrofdagi aholi uy-imorat quradi. Bir necha yildan soʻng kuchli yogʻingarchilik boʻladi. Sel shu darajada katta ediki, oʻsha uylarni oqizib ketadi... Daho qabridagi talonchilikning oqibati ham shunday boʻladi. Qaylardadir maʼnaviyatni, maʼrifatni sel bosadi. Holbuki, koʻzga koʻrinadigan ofatdan koʻra koʻzga koʻrinmaydigani xatarliroq.
Ha, aytganday, shu asnoda yana bir voqea yodimga tushdi. Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida yozadiki, johiliyat davrida bir qabila xurmo va oʻsimlik moyidan sanam yasab olib, unga uzoq vaqt sigʻinib yuradi. Qattiq ocharchilik kelganda esa ular oʻz sanamini yeb qoʻygan ekan.
Begona til
Baʼzi davralarda Rumiy, Navoiy, Gyote, Tolstoy kabi ulugʻlarning gʻoya va fikrlaridan soʻzlash odamlarga ular umuman bilmaydigan, tushunmaydigan begona tilda gapirishga oʻxshaydi. Deylik, oʻzbekchadan paqqos bexabar ajnabiyga qancha maʼnoli, otashin, qancha jon kuydirib, purmaʼno gapirmang, baribir u hech narsani tushunmaydi, allaqanday tovushlarni eshitadi xolos. Tushunmagandan keyin maʼno ham, his ham yoʻq. Onam rahmatli shunday holatlarda “Ogʻzingning yelini ovora qilib oʻtirma, bolam”, der edi.
Oʻzimga koʻp beradigan savolim
Ey sen, deb oʻzimni savolga tutaman, ey sen, Eshqobil Shukur, fikrlayotgan odamlar safidamisan yoki allaqachon kesakka aylanib boʻlganmisan? Eski aravangga toʻrt-besh ashqol-dashqol-u zanglagan temir-tersakni ortib olib, quloqqa yoqmaydigan shaqira-shuqur nogʻorasiga oʻynab yuribsanmi? Sen qaysi safdasan va kimlar bilansan?
Bugun bizda nima kamyob desalar, oʻylab oʻtirmay, fikr va fikrlayotgan odamlar, deb javob berardim. Oʻylab oʻtirmay deyishimga sabab shuki, bu haqda obdan oʻylab boʻlganman. Baʼzida fikrlamay qoʻyganimni sezganimda oʻzimni oʻlikday his etaman. Oʻzini bilgan inson uchun fikrsizlik – oʻlim bilan barobar.
Xas-xashak qoplagan katta maydonda gurkirab oʻsib chiqqan bir tutam maysa
koʻzga qanday tez tashlansa, oldi-qochdi-yu yengil-yelpi gaplar toʻzgʻib yotgan jamiyatda bir chimdim fikr ham diqqatni shunday tez tortadi.
Oriyat
Hamma insoniy tuygʻular zimnida oriyat yotadi. Odam oʻsha bilan butun. Oriyatim meni koʻp qiynaydi, koʻp bezovta qiladi. Or odamiga ogʻir zamon boʻldi. Lekin... yaxshiyam shu tuygʻu menda bor ekan deb shukr qilaman. Boʻlmasa, itday izgʻib, har yerga tumshugʻimni tiqib, bir suyakmi, parcha etmi ilinjida iskalanib yurardim-da yo yaltoqlanib, yo oʻtgan-ketganga hurib.
Tuban yoʻlga yoʻlatma meni, oriyatim,
Harom birla bulgʻatma meni, oriyatim.
Tabiat va tiynat tutashuvlari
Oltmish uch yoshida ariqdagi suv, daraxt yo oy bilan gurunglashib oʻtiradigan odamni bugungi zamonning uddaburro kishilari “normal” deb qabul qilmaydi, qusurli deb biladi. Men hozirgacha shunday “qusur”dan qutulmaganim uchun shukrona keltiraman. Bu koʻproq shoirlarga xos. Odam tabiatni tuyar ekan, oʻz tiynatini kashf etadi. Shoirlar suvning, daraxtning, maysaning... tirikligini his etadilar. Ochigʻi, suv bilan xayoliy suhbat menga odamlar bilan suhbatdan maroqliroqdir. Suv meni tinglayotgani, undan ham muhimi, anglayotganini his etib turaman. Shungami, uning huzurida gapdon boʻlib qolaman. Ular biz kabi tirik, lekin biz oʻzimizdan boshqalarning tirikligiga ishonmaymiz. Bizning xudbinligimiz ham, Hakim Termiziy aytganlaridek, “uzun va quruq daʼvo” ekanimiz ham shunda.
Umid va iltijo
Bitta oʻgʻilni ota-ona qanchalik mehr-muhabbat bilan, oq yuvib, oq tarab, oyga osib, kunga tutib ulgʻaytiradi. Oy tugʻsa ham, kun tugʻsa ham shu bolaginaga tugʻsin. Hatto uyqusidagi bitta kulgisiga borini bermoqqa hozir. Bolasining oyogʻiga kirgan tikan ularning naq yuragiga qadaladi. Parchagina et uchun ular hayotini qurbon qilmoqqa-da har lahza tayyor turadi. Lekin... Xudo koʻrsatmasin, shu oʻgʻil ulgʻayib shafqatsiz bir jallodning quliga aylansa-chi? Badkirdorning oyogʻini oʻpib, yovuz buyruqlarini manqurtday, tuban qul kabi kiprik qoqmay bajarib oʻtirsa... oilasi, ayoli, qizlarining shaʼnini himoya qilolmasa, yurtiga xiyonat qilsa, nima boʻladi?! Shoʻrlik orzumand ota-ona oʻgʻlini qaysidir bir iflos, makkor istagancha xoʻrlaydigan, oyoqlari ostida toptaydigan hasharot boʻlib yetishsin deb ulgʻaytirmaydi-ku! Bolam yigit boʻladi, pahlavon boʻladi, olim boʻladi, elning oldida yuradi, bizdan keyin ham or-nomusimizni boshida koʻtarib yuradi, deb kaftida avaylab oʻstiradi.
Ey Xudo, Vatan avlodlarini zavol va fitnalardan, zalolat va qullikdan asra! Ularning shaʼni, nomusi, gʻururi, qalbi, tafakkurini butun qil! Toki ular zoʻravonlik va yovuzlik qoshida hech qachon noshud va mumsik qullarday bukilmasinlar. Ularning yuragida chaqmoqlar chaqnat! Ularni gʻayratli qil, maʼrifatli qil! Ularni Inson qil, Xalq qil, Vatan qil, Parvardigorim!..
Eshqobil SHUKUR
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Yurakdagi chaqinlar maqolasi