Oltoy, Kungay Sibir, Oʻrxun (Moʻgʻuliston) va Volgaboʻyi kabi seryogʻin oʻlkalarda yashagan turkiylar oʻziga xos madaniyat yaratib, noqulay iqlim sharoitlariga moslashgan. Oʻn kunlab yoqqan qor-yomgʻirda uy va qoʻralarini saqlab qolish bilan birga yomgʻir oʻtmas turli kiyim-kechaklar – “kepanak” (kigizdan qilingan choʻponlar toʻni), “yogʻqu” (yomgʻirpush) va boshqa oʻnlab vositalar “ijod” qilishgan. Buni eski turklar bilan bogʻliq  turli tillardagi yozma manbalarda keltirilgan “yomgʻirpush” madaniyatiga tegishli bir necha oʻnlab soʻz va atamalar koʻrsatib turibdi.

Bugungi turkiylarning koʻpchiligi “yomgʻirpush”ning oʻrniga arab yoki forschadan oʻzlashgan soʻzlarni ishlatadi. Masalan, “zontik” rus tilidan, “shamsiya” arabcha, “soyabon” esa forschadan oʻzlashgan. Shu oʻrinda oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: Yuqorida eski turklarda “yomgʻirpush” bilan bogʻliq oʻnlab soʻzlar uchraydi deyildi, qani oʻsha soʻz va atamalar, nega oʻz soʻzlarimiz boʻla turib, ular oʻrniga forscha, arabcha, ruscha soʻzlarni qoʻllaymiz?

Quyida Mahmud Koshgʻariy soʻzligida oʻrin olgan “yomgʻirpush” bilan bogʻliq soʻzlarni keltirib oʻtsak:

1.                          yaptach – kichik kigiz. Yomgʻirdan, qordan saqlanish uchun choʻponlar yopinadigan yopinchiq” [Koshgʻariy 1963: 45; DLT 2014: 365].

2.                          “yaŋalduruq – yomgʻirdan, quyosh issigʻidan boshini saqlash uchun qoʻllaniladigan yopinchiq. U namat (kigiz)dan tikiladi” [Koshgʻariy 1963: 398; DLT 2014: 508]. Mahmud Koshgʻariy “yangalduruq” deb keltirgan kiyim “Devon”ning Onadoʻli turkchasiga qilingan oʻgirmasida “kepeneğin omuzlarına dikilen, tipi ve yağmurdan korunmak için başa örtülen keçe parçası”, yaʼni “kepanakning yelkalariga tikilgan, boʻron va yomgʻirdan saqlash uchun boshni yopib turadigan kigiz boʻlagi” deb berilgan [DLT 2014: 508].

3.                          “yaqu – yomgʻirlik kiyim. Bu soʻzning asli yagʻqu edi, yengillatilgandir” [Koshgʻariy 1963: 31].  “Devon”ni ilk bor oʻzbek tiliga oʻgirgan (1960) S.Mutallibov birmuncha anglashmovchilikka yoʻl qoʻygani koʻzga tashlanadi: “yaqu – yomgʻirli joy” [Koshgʻariy 1963: 31]. Asarning 1967-yilgi indeks-soʻzligida esa “yaqu” soʻziga quyidagicha ochiqlama berilgani ushbu anglashmovchilikning tuzatilganini koʻrsatadi: “yomgʻirli toʻn” – дождевик (одежда)” [Koshgʻariy 1963: 122]. Boshqa tomondan esa “Devon” oʻgirmasining boshqa bir yerida “suqu” (hovoncha, suqqi) soʻziga ochiqlama berilar ekan “suqu – hovoncha. Bu soʻz ikki q li edi, yengillatilgan, balandlik maʼnosidagi baqu soʻzi ham ikki q li edi, uni ham yengillatib olingan. Shuningdek, yomgʻir yopinchigʻi maʼnosidagi yaqu soʻzining asli ham yagʻqu edi, qisqartirilgan” deb yozadiki [Koshgʻariy 1963: 246], bu S.Mutallibov “yaqu” soʻzini ochiqlaganda biroz anglashmovchilikka yoʻl qoʻygan, deb qarashga undaydi. “Devon”ning Onadoʻli turkchasiga qilingan oʻgirmalarida bu soʻz “yağmurluk” (yomgʻirpush) deb oʻgirilgan [DLT 2014: 358].

4.                          “keduklik kidiz – yomgʻirda yopingʻich qilish uchun tayyorlangan namat” [Koshgʻariy 1960: 466; DLT 2014: 223]. Shu oʻrinda boshqa turkiy tillarda “kigiz”, “kiyiz” koʻrinishlarida uchraydigan bu soʻzning eng eski turkchasi “kidiz” boʻlgan, keyinchalik “d” tovushining “z”, “y”, “j” tovushlariga oʻzgarishi soʻngida shunday holat yuz bergan.

5. “yalma – paxtali toʻn, forslar buni turkiy xalqlardan olib yalmä shaklida ham talaffuz qiladilar. Arablar forslardan olib yalmaq shaklida qoʻllaydilar. ... Hech kim bu soʻzni turklar forslardan olganlar deb daʼvo qila olmaydi. Chunki men bu soʻzni eng qirgʻoq chegaralarda yashovchi oddiy turk xalqlaridan eshitganman. Bular boshqa xalqlardan koʻra, bu xil yomgʻir yopinchigʻiga muhtojroqdir. Chunki bularning yurtlarida qor, yomgʻir koʻpdir” [Koshgʻariy 1963: 41-42; DLT 2014: 363].

6. “chaydam – uyga solinadigan, yomgʻirga qarshi yopinchiq qilinadigan bir turli yengil namat (kigiz)” [Koshgʻariy 1963: 191; DLT 2014: 522/422]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, “Devon”ning Onadoʻli turkchasiga oʻgirmasida “yağmurluk yapmaya ve yatak doldurmaya yarayan ince bir keçe” (“yomgʻirpush qilish va toʻshak toʻldirishga yaraydigan ingichka kigiz) koʻrinishida ochiqlama berilgan [DLT 2014: 522/422].

7. “kemak – paxta ipidan toʻqilgan uzun-uzun oq yoʻlli, yupqa kiyimlik, undan ust kiyim qilinadi. Qipchoqlar undan yomgʻirda kiyiladigan (yopinchiq) qiladilar” [Koshgʻariy 1960: 372-373; [DLT 2014: 169].

8. “kiduk – yomgʻirda kiyiladigan yopinchiq” [Koshgʻariy 1960: 371]. Eski turkcha “kid- “kiymoq” feʼlidan yasalgan bu soʻzdan turkiy tillarning koʻpchiligida uchraydigan “kiyim” soʻzi bilan birga oʻzbek tili shevalarida “kiyit – kelin-kuyovga atalgan kiyim-kechak” degan soʻz ham saqlanib qolgan [OʻXShL 1971: 145].

Ushbu maʼlumotlardan bilish mumkinki,  turkiy ellar yashagan muhitidan kelib chiqib yomgʻirdan saqlanish, uy-oʻtovlari tomidan hoʻl-nam oʻtishining oldini olish uchun oʻziga xos yechimlarni oʻylab topgan. Ayniqsa, koʻchmanchi chorvadorlari turar-joylarinigina emas, balki koʻcha-koʻyda, ish vaqtida kiyish uchun yomgʻir oʻtmas turli kiyim-kechaklar yaratgan.

Eski turklarda “yaqu” (yomgʻirda kiyiladigan kiyim), “kiduk” (yomgʻirda kiyiladigan yopinchiq) deb keltirilgan kiyim turlari esa “Devon”da qaysi matodan – jundan yo paxtadan qilingani aytilmagan. Chamasi, “Devon”da keltirilgan “yomgʻirlik kiyim”larning aynan qanday koʻrinishda boʻlgani, ularning qay biri ust kiyim, qay biri esa bosh kiyimligi haqida aniqroq tushunchaga ega boʻlish uchun turkiy tillarning bugun ishlatayotgan kiyim-kechakni bildiruvchi atamalari bilan tanishib chiqish kerak. Shu oʻrinda, “Devon”da “tulfir – parda. Xotinlar (uy) pardasi. U ipak gazmollardan ishlanadi” deb ochiqlangan parda turi [Koshgʻariy 1960: 425; DLT 2014: 199] ozarboyjon turkchasida va ayrim Onadoʻli turk shevalarida biroz oʻzgargan koʻrinishda saqlanib qolgan: “talvar – quyosh va yomgʻirdan saqlanish yoki boshqa maqsadlar uchun qilingan ayvon” (ozarb.), talvar ~ talbar ~ talfar ~ talpar – 1. Bog‘ va polizlarda oʻt-xashakdan qilingan usti yopiq chordoq (chayla, ayvon) turi; 2. Yozgi ayvon. 3. Ayvon [DLT 2014: 199].

Yuqorida “oʻn kunlab tinmay yoqqan yomgʻir-u qor” toʻgʻrisida aytib oʻtildi. Turkiylar yashagan ayrim oʻlkalarda “erkin yogʻmur” deb atalgan yogʻin turi boʻlgani “Devonu lugʻatit turk”da keltirilgan: “erkin yagʻmur – kunlarcha davom etuvchi yomgʻir; bir necha kun toʻxtamay yogʻadigan yomgʻir” [Koshgʻariy 1960: 132]. Bundan koʻrinadiki, koʻpchiligi sovuq va seryogʻin oʻlkalarda, sezilarli bir boʻlagi esa eskidan beri Sirdaryo qirgʻoqlari, Sharqiy Turkiston singari issiq va birmuncha quruq oʻlkalarda yashab kelgan turkiy ellar yashayotgan iqlimidan kelib chiqib oʻziga xos yetuk madaniyat yarata olganlar.

Gʻaybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

1. Mahmud Koshgʻariy. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻat it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 3‑tom. Toshkent, 1963.

2. OʻXShL 1971 – Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Masʼul muharrir Sh.Sh.Shoabdurahmonov. Toshkent: Fan, 1971.

3. Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugatiʼt-Türk. Hazırlayanlar: Ahmet B. Ercilasun Ziyat Akkoyunlu. Ankara: TDK, 2014.

4. Mahmūd al-Kāšγarī. Compendium of The Turkic Dialects (Dīwān Luγāt at-Turk) / Edited and translated with introduction and indices by R. Dankoff in collaboration with J. Kelly. Part I. Harvard University, 1982.

5. Mahmūd al-Kāšγarī. Compendium of The Turkic Dialects (Dīwān Luγāt at-Turk) / Edited and translated with introduction and indices by R. Dankoff in collaboration with J. Kelly. Part II. Harvard University, 1984.