Hayratomuz...
Olimning hayoti va faoliyati hozirga qadar mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilikni ham qiziqtirib keladi. Binobarin, unga munosabat ham turlicha: baʼzilar Kantni maydakash, zerikarli faylasuf deb baholasa, boshqalar uning hayot yoʻli barchaga ibrat boʻla oladi, deb hisoblaydi. Chunki olim oʻz hayotini hayratomuz tamoyillar-u, qatʼiy talablar asosida tashkil qilgan edi (В. Асмус. Иммануил Кант. Москва, “Наука”, 1973. Стр. 7).
Oʻzingiz oʻylab koʻring, deyarli butun umr har kuni bir vaqtda – soat 5.00 da uygʻonish va 22.00 da uyquga ketish, bu tutumni buzmay yashash hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Kant koʻp uyquni “kasalliklar uyasi” deb bilgan, faqat tunda uxlashnigina foydali hisoblagan. Nonushtadan soʻng uch soat tanaffussiz ijod qilgan, uch soat universitetda maʼruza oʻqigan. Olim juda och qolgandan keyin tamaddi qilgan – uningcha, ovqat ana shunda tanaga yaxshi singadi. Yolgʻiz oʻzi ovqatlanmagan, har doim hazil-mutoyibaga oʻch, oʻtkir zehnli, hozirjavob suhbatdoshlar bilan birga oʻtirgan. “Qovun tushirib” qoʻyadigan saviyasi haminqadar kimsalar davraga minbaʼd taklif etilmagan. Tushlikdan soʻng har kuni bitta xiyobondagi soʻqmoq boʻylab sayr qilgach, bir vaqtda uyga qaytgan (oʻsha xiyobon hozir Kant xotirasiga “Faylasuf xiyoboni” deb ataladi). U qoʻshnilar uchun “tirik soat” edi. Ishga ham har kuni bir vaqtda yayov qatnagani bois shahardagi binolar peshtoqiga oʻrnatilgan soatlar ham Kantning oʻtib-qaytishiga qarab toʻgʻrilangan. Bundan oʻta taʼsirlangan buyuk Heyne “Kyonigsberg ibodatxonasi peshtoqidagi soat ham kundalik vazifasini Kantchalik aniq va bir maromda bajara olmagan boʻlsa kerak”, deydi.
Olim yolgʻiz yashab oʻtmoqni ixtiyor etgan. Hayotini temir tartibga boʻysundira olgani bois boʻlsa kerak, oʻta nimjon va kasalmand boʻlgan Kant oz emas-koʻp emas 80 yil umr koʻrdi. Butun umrini tugʻilgan shahridan bir qadam ham tashqariga hatlamay oʻtkazdi. Bu bilan u dunyo kezmasdan turib olim boʻlish qiyin deydigan zamondoshlarimizning fikrini chippakka chiqardi.
Kant barcha davrlarning buyuk faylasufi sifatida Aflotun va Arastular qatorida turadi. Bizningcha, u oʻz taʼlimoti bilan insoniyat dunyoqarashini oʻzgartira oldi va taraqqiyotga koʻplab qirollar-u harbiy qoʻshindan koʻproq foyda keltirdi.
Maʼrifat – mashaqqat demak
Immanuil Kant 1724-yil 22-aprelda Sharqiy Prussiyaning Boltiq dengizi boʻyida joylashgan Kyonigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahrida tugʻilgan. Hunarmand va dindor, ammo oʻta kambagʻal oilada voyaga yetgan. Nasroniylikning oʻsha davrda keng tarqalgan pietizm oqimi anʼanalari ruhida tarbiya topgan. Bu – axloqiy meʼyorlarni ustun qoʻyadigan diniy yoʻnalish edi.
Oʻta qiziqqon, xayolparast va oʻyinqaroqlikdan yiroq Immanuilda oʻqish va ilm olish istagi juda kuchli boʻlgan. Soddadil dehqon boʻlmish onasi Anna Regina Reyter xonim bolasidagi bu fazilatlarni ragʻbatlantirgan, uning puxta taʼlim olishi uchun qaygʻurgan. Ayol bolalariga tabiat toʻgʻrisida hayajon bilan soʻzlab bergan, ularning “nega”, “nima uchun” qabilidagi behisob savollariga Injildan iqtiboslar keltirib erinmay javob qaytargan.
Otasi Yohann Georg egar-jabdug‘ yasovchi hunarmand-sarroj edi. Olim mehnatkash oila muhitida voyaga yetganidan doimo faxrlanib gapirgan. Nimjongina farzandining sogʻligʻidan xavotirga tushgan onaizor bolasining hunarmandchilik bilan shugʻullanishiga monelik qilgan. Teologiya doktori, oilaning qadrdon doʻsti boʻlgan F. Shuls bilan obdan maslahatlashgach, ota-ona yosh Immanuilni Fridrix diniy kollegiyasiga oʻqishga beradi. U gimnaziyadagi maʼruzalar bilan birga ruhoniy Shulsning pand-nasihatlarini ham katta qiziqish bilan tinglaydi. Kant ezgulik, donishmandlik, abadiylik kabi hayotiy tushunchalarning mazmun-mohiyatini, amalsiz eʼtiqod oʻlik ekanini ilk bor shu insondan oʻrganadi va buning uchun bir umr ustozidan minnatdor boʻlib yuradi.
Tabiatan erkinlikni hamma narsadan ustun qoʻygan Kantga gimnaziyadagi temir intizom yoqmaydi. Aslida taʼlimda zarur natijaga erishishda qattiqqoʻllikdan koʻra oʻqituvchi shaxsi muhimroqdir. Aks holda, Kant mantiq va matematika oʻqituvchilarini bolalarda fanga qiziqish uygʻotish oʻrniga isteʼdod uchqunlarini ham yoʻq qilishdi, deya xotirlamagan boʻlardi. Yetti yillik tahsil davrida ruhoniy Shulsdan tashqari faqat lotin tili oʻqituvchisigina unda ijobiy taassurot qoldirgan, xolos.
Maktabda tinmay teologiya bilan shugʻullanish yosh Immanuilning tez joniga tegadi va u oʻzida oʻsha vaqtda gimnaziyada oʻrgatilmaydigan fizika, tabiatshunoslik kabi fanlarga kuchli qiziqish sezadi. Aslida bunga atoqli ingliz olimi Isaak Nyuton asarlari bilan tanishish turtki bergan edi. Aynan Nyuton asarlari keyinchalik Kant tomonidan Quyosh sistemasining dastlab tuman holatdan paydo boʻlgani toʻgʻrisidagi mashhur gipotezasining yaratilishiga asos boʻldi.
Moddiy yetishmovchilik, kambagʻallik yosh izlanuvchini muttasil taʼqib qilgan, 13 yoshida onasidan ham judo boʻlgan. Kant mushkul sinovlarga faylasuf nigohi bilan boqib, “Men oʻzimni narsalarga emas, narsalarni oʻzimga boʻysundirmoqqa intilganman”, deya oʻziga taskin bergani maʼlum.
1740-yilda Kyonigsberg universitetiga oʻqishga kiradi. XVIII asrda Yevropa universitetlaridagi mashgʻulotlar, matematika, mantiq, falsafa saboqlari ham asosan ruhoniy muallimlar tomonidan olib borilgan. Dastlabki yillarda maʼruzalarni ishtiyoq bilan tinglagan Kantda koʻproq tabiatshunoslikka qiziqish ustun kelgan. Aytish mumkinki, universitetdagi tahsil undan kelajakda buyuk faylasuf chiqishidan darak bermagan.
Talabalik yillari otasidan judo boʻlgach, moddiy ahvoli yanada ogʻirlashadi. Oʻqishdan voz kechishga majbur boʻladi, magistrlik dissertatsiyasini ham himoya qilishga imkon topa olmaydi. Roʻzgʻor tebratish va singillarini boqish maqsadida badavlat oilalar farzandini oʻqitish uchun yollanma uy oʻqituvchisi sifatida ishlaydi. Hunarmand togʻasi Rixter roʻzgʻorga qarashib turadi. 1755-yildagina metafizik bilim tamoyillari toʻgʻrisidagi dissertatsiyasini himoya qilib, universitetda dars oʻtish huquqini bergan doktorlik darajasini oladi. Biroq bu imkoniyat ham osongina kelmaydi. Kafedrada professorlik lavozimini egallash uchun bergan arizasi javobsiz qoldiriladi va yana 15 yil kutishiga toʻgʻri keladi! Yosh olim tirikchilik vajidan privat-dotsent sifatida maʼlum haq evaziga tinglovchilarga maʼruza oʻqiydi. Saboqlar qiziqarli boʻlishi uchun soatlab vaqtini kutubxonada oʻtkazadi.
1770-yilga kelibgina 46 yoshli I. Kant Kyonigsberg universitetining logika va metafizika professori lavozimiga tayinlanadi. Yevropadagi boshqa universitetlardan ham takliflar boʻlgan, biroq ona shahrini tark etishni istamagan faylasuf barchasiga rad javobi bergan edi. Kant mazkur universitetda qariyb oʻttiz yil falsafa, metematika va fizika fanlaridan dars beradi. Uni butun dunyoga tanitgan asosiy falsafiy asarlari ham ushbu dargohda yozilgan.
Balogʻat fasli
Kantning hayoti “tanqidgacha” (1770-yilgacha) va “tanqid” (1770-yildan umrining oxirigacha) davrlariga boʻlinadi. Ularning har ikkisida faylasuf qarashlarining muhim xususiyatlari mujassamlashgan.
Ilk davrdagi ilmiy izlanishlari markazida tabiat falsafasi muammolari turgan. Bu davrdagi inobatli asari ham “Umumtabiiy tarix va osmon nazariyasi” boʻlib, unda koinot ibtidosi haqidagi gipoteza ilgari surilgan. Sayyoralar tizimining dastlab tumanlikdan paydo boʻlgani haqidagi faraz koinot sir-asrorlarini anglash va astronomiya ilmi taraqqiyotida ulkan burilish yasadi. Kant, shuningdek, Yer sayyorasi tarixi va uning istiqboli, harakatning xususiyatlari, zilzilalar, suv koʻtarilishi-pasayishi sabablari va taʼsiri masalalari ustida ham ilmiy izlanish olib borgan, bular haqda qiziqarli fikrlarni bayon qilgan. Kant Yerdagi hayotning boshlanishi Oliy Aqlning irodasiga bogʻliq ekaniga qattiq ishongan. Uning taʼkidlashicha, materiyaning mavjudligi Xudoning borligidan dalolatdir. Shuning uchun barcha moddiy narsalarning ortida Yaratuvchi Parvardigor turadi, deb hisoblagan. “Xudoning mavjudligi dalili” asarida shu masalalar yoritilgan.
Kant faoliyatining ilk davrida tabiatshunoslik ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. “Harakat va sokinlikning yangi nazariyasi” (1758) risolasida harakatning nisbiyligi toʻgʻrisidagi Rene Dekart fikrini rivojlantirib, jismning har qanday harakati uning oʻz joyini oʻzgartirish jarayonidan iborat, degan xulosaga keladi. Bu borada Kant Dekartdan oʻzib ketadi: mutlaq sokinlik va harakatsizlik boʻlishi mumkin emasligi, harakat tabiatning universal hodisasi ekaniga oid gʻoyani asoslaydi. Bu davrdagi Kant qarashlarida Gotfrid Leybnis ratsionalizmi taʼsiri ham yaqqol sezilib turadi. Gap shundaki, Leybnis qarashlari predmetni bilish asoslari predmet borligʻining asoslaridan farq qilmaydi, degan tezisga tayangan. Kant esa, undan farqli oʻlaroq, bilish asoslari bilan borliq asoslari oʻrtasida farq mavjudligi gʻoyasini ilgari suradi. Uning fikricha, narsalarning mohiyatini bilish ularning asl mohiyatini bilishdan farq qiladi. Boshqacha qilib aytganda, bilish va uning asosida olingan bilimlar oʻz obyektidan tubdan farq qiladi, ular subyektiv hodisalardir. Bunday farqni topish faylasuf ijodining keyingi – tanqidiy davri uchun zamin boʻlib xizmat qildi.
1770-yildan Kant faoliyatida yangi bosqich – “tanqidiy davr” boshlanadi. Bu vaqtga kelib olim “Barcha falsafiy izlanishlar tanqidga asoslanishi zarur” degan tamoyilga tayanib ijod qiladi. U qolgan umrini insonning bilish qobiliyati va bilimlari qamrab oladigan chegaralarni tanqidiy tadqiq etish lozimligini asoslash uchun sarflagan. Bu davrda u gnoseologiya, etika, estetika muammolarini oʻta sinchkovlik bilan oʻrgandi va “Sof aqlni tanqid” (1781), “Amaliy aqlni tanqid” (1788), “Muhokama qobiliyatini tanqid” (1790) kabi asarlarni yaratdi. Bularning har biri insoniyat tafakkuri tarixidagi qimmatli asarlar qatoridan joy olgan.
Kantcha toʻntarish
Kantgacha falsafa “fanlarning malikasi”, “donishmandlik ilmi” hisoblangan boʻlsa-da, biroq antik davrdayoq Aflotun va Arastu tomonidan aniqlangan muammolar toʻgʻrisida bosh qotirish bilan band edi. Kant esa inson aqlining eng nozik jihatlarini anglash bobida ungacha hech kimning eʼtibori tushmagan jihatlarni koʻra olgan ilk faylasuf boʻldi. Uning butun taʼlimoti “nima uchun” va “qanday qilib” degan savollarga berilgan javoblardan iborat deyish mumkin. Nima uchun bizning olam toʻgʻrisidagi bilimlarimiz mavjud? Qanday qilib insonda yangi bilim hosil boʻladi? U nimaga asoslanadi? Bilish jarayoni qanday boshlanadi va uning mohiyati nimadan iborat?.. Kantning tafakkur tarixidagi asosiy xizmatlaridan biri bilish nazariyasi haqidagi taʼlimot boʻlgan gnoseologiyani falsafiy fan darajasiga koʻtarganidir. Falsafiy fikr rivojida butunlay yangi davrni boshlab bergan bu taʼlimotni “kopernikona toʻntarish”ga qiyoslash mumkin. (qarang: С. Катречко. Кантовский “коперниканский переворот”: синтез эмпирического реализма и трансцендентального идеализма. “Вопросы философии”, 2022, №6. Стр. 131 – 141).
Bilishda haqiqiy bilim chegaralarini oʻrganish muammolari, agar shunday deyish joiz boʻlsa, Kant taʼlimoti uchun umumiy maxraj rolini oʻtaydi. Olim aql va inson tajribasining oʻzaro bogʻliqligini tushuntirib berishni maqsad qiladi va bundan tashqariga chiqishni anʼanaviy falsafa va metafizikaning xatosi deb hisoblaydi. Bu bilan u inson tajribasi toʻgʻrisidagi samarasiz va quruq muhokamalarga asoslangan qarashlarga barham bermoqchi boʻladi.
Bilish jarayonida inson aqli imkoniyatlariga turlicha baho berish Kant faoliyatidagi ikki davrning tub tafovutini tashkil qiladi. Agar faylasuf tanqidgacha boʻlgan davrda inson aqli yordamida bilish imkoni boʻlmagan narsalarga ham erishish mumkinligiga ishongan boʻlsa, tanqidiy davrga kelib aqlning bilish borasidagi imkoniyatlariga boʻlgan ishonch oʻrnini ishonchsizlik egallaydi. Natijada Kantning bilish nazariyasida agnostitsizm – dunyoni bilish mumkinligini inkor etish gʻoyasi hukmronlik qila boshlagan. Uning taʼkidlashicha, olam va bizni oʻrab turgan voqelikni bilib boʻlmaydi.
Kantning oʻtmishdoshlari olamni bilish mumkin emasligini uning cheksizligi hamda muttasil oʻzgarishda ekani, bunday murakkab mohiyatni bilishda inson sezgi aʼzolarining imkoniyatlari cheklangani bilan izohlagan. Jumladan, inson aʼzolari yordamida ultrabinafsha va infraqizil nurlarni payqashning iloji yoʻq, ultratovushlarni eshitish mumkin emas, qurollanmagan koʻz bilan mikrodunyoni koʻrishning imkoni yoʻq...
Kant esa oʻzgacha fikrni ilgari surgan: bilishning sababini bilimda aks etgan obyektga emas, balki subyektning oʻziga qaratish lozim deb hisoblagan. Unga koʻra, bilishdagi qiyinchiliklarning sabablari tashqi voqelik, yaʼni obyekt bilan emas, balki bilish jarayonining asosiy subyekti boʻlgan inson, aniqrogʻi, uning aqli bilan bogʻliq. “Agar bizning hissiyotlarimiz predmetlarning xususiyatlariga muvofiq boʻlsa, men ushbu xususiyatlar haqidagi aprior narsalarni qanday bilishim mumkin; aksincha, agar predmetlar (hissiyot obyektlari sifatida) bizning his qilish qobiliyatlarimizga muvofiq boʻlgandagina men aprior bilimlar mumkinligini bemalol tasavvur qila olaman”, deb yozadi u (Immanuel Kant. Critique of Pure Reason. Cambridge University Press, 1998).
Faylasufning xulosasiga qaraganda, aql imkoniyatlari cheklangan boʻlib, inson undan tashqariga chiqish bilan hal etib boʻlmas ziddiyatlarga duch keladi. Bunday ziddiyatlarni u antinomiyalar deb atagan. Masalan, makon va zamonda cheklanganlik, yaʼni olam zamonda boshlanish muddatiga ega va makonda esa cheksiz; olam zamonda boshlangʻich davrga ega emas va cheksizdir... Bir-birini istisno etadigan bunday ziddiyatlarni tasdiqlash ham, inkor etish ham mumkin emas.
Faylasuf agnostik qarashlarini asoslash uchun uch xil turdagi bilimlarni ajratib koʻrsatgan: aprior – tajribagacha boʻlgan bilim, u avval-boshdanoq inson aqlida mavjud boʻladi va tajriba yordamida isbotlash talab etilmaydi. Masalan, Xudoning mavjudligini tajriba yordamida isbotlash mumkin emas. U har qanday tajribadan avval maʼlum boʻlgan bilimdir. Shuning uchun aprior bilim – ishonchli va umumiydir. Aposterior – tajriba yordamida hosil qilingan bilim, taxminiy boʻlganidan ularning har birini tekshirib koʻrish kerak. Tajribada hosil qilingan bilimda xatolar uchrashi mumkin, binobarin, uni ishonchli va umumiy bilim deb boʻlmaydi. “Narsa oʻzida” koʻrinishidagi bilim. Kant talqinidagi “narsa oʻzida” predmetning ichki mohiyati boʻlib, inson aqli yetib borishga qodir emas va u odamzod uchun anglangan narsaga aylana olmaydi. Ana shu tarzda “narsa oʻzida” tushunchasi Kantning nafaqat bilish nazariyasida, balki butun falsafasida ham eng asosiy kategoriyaga aylangan.
Faylasuf olamni bilishga bunday yondashuv orqali dunyoni ikkiga ajratgan: “narsa oʻzida”dan iborat dunyo va “biz uchun narsalar”dan iborat dunyo. Kant taʼlimotida noumen deb atalgan “narsa oʻzida” dunyosi bizning ongimizdan tashqarida va unga bogʻliq boʻlmagan holdagi obyektiv voqelikni anglatadi. Mazkur dunyoga xos narsa va predmetlar aʼzolarimizga taʼsir qilib sezgi uygʻotadi. Aql esa ushbu sezgi va hissiyotlarni tizimlashtiradi va shu tariqa inson aqlida tashqi dunyo haqida yaxlit manzara hosil boʻladi. Biroq, Kant fikricha, bu dunyo haqiqiy dunyo bilan hech bir umumiylikka ega emas. U faqat zohiriy dunyodir.
“Biz uchun narsalar”dan iborat dunyo esa tashqi dunyo obrazlaridir. Kant bu dunyoni fenomenlar dunyosi deb atagan. Inson faqat fenomenlar dunyosinigina bila oladi, real dunyoni esa aql tomonidan mutlaqo bilib boʻlmaydi. Kant bu kabi 30 ta yangi falsafiy kategoriyani ilmiy muomalaga kiritdi.
Olim aprior bilimlarning turli tiplarini ham tushuntirib berdi. Ulardan makon va zamonni hissiyot dunyosiga daxldor birlamchi bilimlar qatoriga kiritdi. Yaʼni makon ham, zamon ham insondan tashqarida mavjud emas, ular insonsiz bor boʻla olmaydi, ular koʻzoynak misol olamni koʻrish hamda uni yaxshiroq anglashda qoʻllanadigan nisbiy vositalardir. Ular orqali inson dunyoni yaxshiroq koʻradi, anglaydi va his qiladi. Kant falsafasiga koʻra, agar hissiylikning aprior shakli matematik bilimlarning ishonchlilik sharti hisoblansa, tabiatshunoslikning ishonchlilik sharti mantiqiylikning aprior shaklidir. Masalan, matematik tenglamalar oʻrganilayotgan predmetni yoki fazoni sof his qilish (geometriya) yoki vaqtni sof holda mushohada etish (arifmetika) natijasida namoyon boʻladigan bilishdir.
Kantning uqtirishiga koʻra, makon va zamon – oddiy intuitsiya shakllaridir, ular tajriba asosida quriladi va shu bois ham tajribaga hissa qoʻshadi; shunga qaramay, tajriba obyektlaridan farq qiladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: tajriba obyektlari – oddiy koʻzga sharpasimon tashlanib turadigan narsalardir va, demak, narsalarning tabiati oʻz-oʻzida narsa boʻlgani bois biz uni bila olmaymiz. Kantning makon va zamonga xos xususiyatlarni ana shu tarzda izohlashi ulug‘ olim Albert Eynshteynga nisbiylik nazariyasi tamoyillarini asoslashda ilhom bagʻishlagan.
Kant hissiyot obyektlari intuitsiyamizning makon va zamon shakllariga mos kelishi zarurligi toʻgʻrisidagi va, binobarin, hissiyot obyektlariga oid aprior bilimlarga ega boʻlishimiz mumkinligi toʻgʻrisidagi fikri bilan falsafada chinakamiga toʻntarish qildi. Chunki unga qadar barcha bilimlar predmetlarga mos kelishi bilishning asosiy mezoni deb hisoblanar edi. Biroq predmetlarga nisbatan ular haqidagi bilimlarni kengaytirishi mumkin boʻlgan tushunchalar orqali biron bir apriorlikni oʻrnatish borasidagi urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelayotgan edi. Predmetlarning bizning bilimlarimizga mosligi haqidagi taxminlarga tayansak, metafizikadagi muammolarni hal eta olishimiz mumkinligini aniqlashga harakat qilsak, bu predmetlar bizga maʼlum boʻlmasdan oldinroq ular haqidagi aprior bilimlar berilganini aniqlash imkonini tugʻdirgan boʻlar edi. Kantning aynan shu fikrini koinot ilmida inqilob qilgan Kopernik mushohadalariga taqqosan ravshanroq anglash mumkin. Kopernikkacha olamning markazida Yer turishi mutlaq haqiqat edi. Polyak olimi fikricha, zamindan kuzatilganda barcha samoviy jismlar tinch holatda turgan Yerning atrofi boʻylab harakatlanayotgandek tuyuladi. Biroq Kopernik barcha yulduzlarning goʻyoki kuzatuvchining atrofi boʻylab harakatlanayotgani haqidagi gipoteza osmon yoritqichlarining harakatlanishini yetarli darajada tushuntirib bera olmaydi, deb hisobladi. Buning oʻrniga kuzatuvchining oʻzi harakatlanayotganini eʼtirof etib, yulduzlar tinch holatda turibdi deb tasavvur etilsa, koʻproq muvaffaqiyatga erishsa boʻladi, deydi. Masalaga ana shunday noanʼanaviy yondashuv pirovardida olimga geliotsentrik nazariyani yaratish yoʻlini ochdi. Kant ham taxminan shunday yoʻl tutdi, yaʼni predmetlarni his etish uchun shunga oʻxshash pozitsiyani metafizikada ham sinab koʻrdi va insonning bilish qobiliyatlarini tanqidiy oʻrganib chiqib, oʻziga xos gnoseologik taʼlimot yaratdi.
Maqolamiz lison-uslubi ancha murakkablashib ketganini sezib turibmiz. Aziz jurnalxonlar buni maʼzur tutadilar degan umiddamiz. Ulug‘ faylasuf ilmiy merosining mazmun-mohiyatini ochib berish istagi ana shuni taqozo etdi. Kantning ummon kabi boy va teran falsafasiga doir mulohazalarimizni yakunlab, olimning umr shomi haqida hikoya qilamiz.
“Er ist Gut”
XVIII asr oxirlariga kelib, keksayib qolgan Kant universitetdagi saboqlarni toʻxtatdi va umrining qolgan qismini osuda uy sharoitida kechirishga qaror qildi. Zotan, uning umri ham, ijodiy imkoniyatlari ham poyoniga yetib borar edi. 1802-yildan xotirasi zaiflasha boshladi, keyingi yil oʻz ismini ham yozolmaslik, taʼm sezgisini yoʻqotish kabi nuqsonlar boʻy koʻrsatdi... Olim 1804-yil 12-fevralda vafot etdi. Faylasufning oʻlimi oldidan aytgan oxirgi gapi “Bu yaxshi” (“Er ist Gut”) boʻldi. Bu jumla zamirida, ehtimol, olimning sermazmun umr uchun shukronalik tuygʻusi yashirindir. Ehtimol, insonning qanday yashashi lozimligi toʻgʻrisida butun bashariyatga qarata aytilgan xitobdir...
Buyuk olim yorug‘ dunyo bilan ham kamtarona xayrlashishni ixtiyor etdi: uning vasiyatiga koʻra, mutafakkirning jasadini imi-jimida, yaqin qarindosh-u yor-birodarlar ishtirokida, dabdabalarsiz tuproqqa qoʻyish lozim edi. Biroq amalda buning mutlaqo teskarisi roʻy berdi – 16 kun davomida buyuk vatandoshi bilan vidolashish uchun kelib turgan hamshaharlarning qadami uzilmadi. Shundan soʻnggina u orkestr sadolari ostida millat qahramoni singari mangulik manziliga kuzatib qoʻyildi.
Kant murakkab falsafiy taʼlimot qoldirdi. Uning qarashlari oʻz davrida shov-shuv uygʻotdi. Mutafakkir asos solgan taʼlimot, garchi turli munozara va tanqidlarga sabab boʻlsa-da, falsafiy fikr rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi va butun insoniyatning maʼnaviy mulkiga aylandi. Uning hamfikrlari dastlab kantchilar, keyinchalik esa neokantchilar maktablari tegrasida birlashdilar.
Afsuski, bugun “tishi oʻtmaslik” vajidan Kant qarashlarini oʻrganish va oʻrgatish achinarli ahvolga kelib qolgan. Unutmaylikki, nainki olmon milliy falsafasini, balki butun jahon falsafasini Kantsiz tasavvur etib boʻlmaydi. “Kant boʻlmaganida Fixte ham, Shelling ham, Hegel ham boʻlmas edi” degan fikr bejiz aytilmagan. Hozirda murakkab davrni boshdan kechirayotgan oʻzbek milliy falsafasi rivoji uchun “Kantdan qochish” oʻrniga “Kantga qaytish” foydaliroqdir. Zero oʻqib, magʻzini chaqish qanchalik qiyin va murakkab tuyulmasin, olmon mutafakkiri merosini puxta oʻrganmay turib haqiqiy faylasuf boʻlish mumkin emas.
Ismatulla TOʻXTAROV,
Fargʻona Politexnika instituti dotsenti,
falsafa fanlari nomzodi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.