Obyektiv olam evolyutsion oʻzgarishlar hosilasi oʻlaroq vujudga kelgan ekan, oʻsha oʻzgarishlarning muayyan qonuniyatlar asosida kechganini taxmin qilishimiz mumkin. Olimlarimiz taʼkidlaganidek, “Dunyo moddiy bir butunlikdir, undagi xilma-xil, rang-barang narsa va hodisalar oʻzaro bogʻliq va oʻzaro taʼsirda boʻladi. Harakatdagi materiyani tadqiq etayotganimizda dastavval koʻzimizga tashlanadigan narsa – ayrim jismlarning ayrim harakatlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻlanishlari, ularning bir-birlarini oʻzaro taqozo qilib turishlaridir” (Tulenov J., Rasulov X. Dialektika va ilmiy bilish. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 1977. 6-bet). Obyektiv olam qonuniyatlarini kashf etish insonning bilimi, tajribasi va oldindan koʻra olish qobiliyatiga tayanadi.

Fan tarixida ilmiy muammolarning nazariy va amaliy jihatdan hal qilinishi borliq qonunlarining kashf etilishiga yoʻl ochdi. Ushbu kashfiyotlar fan strukturasi, bilish tamoyillari, kategoriyalari, metodlari va uning shakllari oʻzgarishiga olib keldi (Большой энциклопедический словарь: Т. 2. Москва, 1991. Стр. 11). Bu esa oʻz navbatida fan taraqqiyotini jadallashtirdi va texnika taraqqiyotiga sharoit yaratdi.

Tabiat va jamiyat qonunlari maʼlum bir shart-sharoitlarda namoyon boʻladi, voqealar rivojlanishining tasnifi va yoʻnalishini xarakterlaydi. Ular muhim, zaruriy, umumiy va nisbiy barqaror munosabatlarni koʻrsatibgina qolmay, balki kelajakda ularning rivojlanish tendensiyalarini ham ochib beradi. Ilmiy va kundalik bilimning vujudga kelishi, uning imkoniyati va chegarasi insondan oʻzgarishlarni avvaldan koʻra olish qobiliyatini taqozo qiladi. Ayni shu qobiliyat tafakkurning imkoniyatini belgilaydi, yangi bilim va tajribani qoʻlga kiritishga zamin boʻladi. Bunda biz inson tafakkurining oʻz cheklangan imkoniyati doirasida eskilik zamirida yangilikni, murakkablik zamirida oddiylikni topishga yoʻnalganini koʻramiz.

Har bir predmet va hodisa maʼlum qonun asosida yuzaga chiqadi. Sababiylikdan xoli hodisa yoʻq. Tabiat va jamiyatda moʻjizalar yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas. Ilmiy bashorat qilish uchun tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonunlarini bilish, dunyoviy bilimlarning asoslarini oʻrganish talab qilinadi.

Forobiy fikricha, aql bilan tasavvur qilish – undan tashqari boʻlgan narsalar ichidan birortasini sezishdir, aql esa bu narsalarning obraziga (formasi) taʼsir etadi va uni tasavvur qiladi. Lekin, aqlning bu tasavvuri, tasavvur etilgan narsaga (toʻliq) mos kelmaydi, chunki aql barcha narsalarning eng nafisidir va aql tasavvuri eng nafis obrazdir (shakl) (Xayrullaev M. Forobiy va uning falsafiy risolalari / I.Moʻminov tahriri ostida. Toshkent, 1963. 209-bet). Tasavvurning bunday koʻrinishi ilmiy bashorat boʻlib, bu orqali voqelikning koʻz ilgʻamas, ichki tomoni ochiladi. Ilmiy bashorat deganda boʻlgʻusi voqelikka mansub, obyektiv qonunlarga tayanuvchi bilish jarayoni tushuniladi.

Tabiiy-ilmiy nazariyalar nafaqat sezgilar orqali toʻplangan faktlar, shuningdek, shaxsiy idrokimiz, ruhiy tajribamiz mahsuli hamdir. Tasavvurimizdagi tartiblashgan olam aslida ruhiyatimizning tartiblashgan faoliyati natijasidir. Immanuil Kant buni quyidagicha izohlaydi: “Aql-idrok oʻzining “a prior” qonunlarini tabiatdan olmaydi, balki ularni tabiatda mavjudligini qayd etadi” (Поппер Карл. Все люди – философы. Москва, 2000. Стр. 49).

Shunday ekan qonun abstrakt tafakkurning yuksak koʻrinishi boʻlib, unda voqea va hodisalarning tabiati oldindan idrok etiladi, zaruriy aloqadorlik bashorat qilinadi.

Oldindan koʻra bilishning muhim tarkibiy qismi sifatida amal qiluvchi qonunlar, professor Karima Tulyenova fikricha, “Ehtimoliy barcha oʻzgarishlarda saqlanadigan oʻziga xos invariant tarzda namoyon boʻladi. Muayyan qonunda ifodalangan umumiylik darajasiga qarab oldindan koʻra bilishning turlarini aniqlash mumkin. Xususan, dinamik qonunlar asosida oldindan koʻra bilish shunday tasnifdagi umumiylik, takrorlanuvchanlik, bogʻliqlikki, bunda umumiy takrorlanuvchanlik tegishli qonunga boʻysunuvchi belgilarning har bir alohida predmetda namoyon boʻlishini avvaldan bilishda namoyon boʻladi” (Туленова К.Ж. Предвидение и реальность. Монография. Тошкент, “Узбекистан”, 2002). Masalani bunday qoʻyish voqelikdagi biror hodisaning jumbogʻi yechimi boshqa bir jumboqni yechishga yoʻl ochishi mumkin degan farazni tasdiqlaydi. Ushbu qonunlarda imkoniyat hamda voqelik aloqasi aniqlashadi va bu bir hodisaning boshqasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri sababiy bogʻlanishida oʻz ifodasini topadi.

Xoʻsh, hozirgi zamon falsafasi va fanida qonun va bashorat qay darajada bogʻliq? Bu ilmiy muammo mazkur masalaning naqadar dolzarbligini ham koʻrsatadi.

Birinchidan, qonun va qonuniyat ilmiy bashoratning vujudga kelish asosi, negizi. Qonun va bashoratning bogʻliqligi bashoratning ratsionalligi, aniqligini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, fan taraqqiyotida ilmiy bashoratlarning vujudga kelishi, shakllanishi fan qonuni va qonuniyatlari ochilishiga zamin boʻldi. Zero, ilmiy bashoratlarsiz fan qonunlari empirik jihatdan asossiz boʻlib qolar edi.

Ilmiy bashorat qilish – fan va texnikaning ajralmas qismi boʻlib qoldi. Kishilik jamiyatining taraqqiyot yoʻlini koʻrsatib berishda, moddiy olamning hali kashf etilmagan jihatlarini oldindan aytishda, tafakkur sirlarini ochishda ilmiy bashorat ilmiy bilishning muhim boʻlagiga aylanmoqda.

D.Mendeleyevning davriy jadvali ilmiy bashoratning ajoyib namunasi boʻla oladi. Mendeleev bu jadvalni tuzib chiqqanida (1869), jami 63 ta element maʼlum edi. Tabiatda boshqa elementlar bormi? Bu savolga Mendeleyev “bor” deb javob bergan. Uning oʻzi uchta elementning jadvaldagi oʻrni va xossalarini oldindan aytib berdi. Bu elementlar keyinchalik kashf qilindi: galliy (1875), skandiy (1879), germaniy (1886). Bu misol ilmiy bashorat fan taraqqiyotida qanchalik muhim boʻlganini koʻrsatadi.

Fikrlarimizni xulosalasak, birinchidan, qonun va uning bashorat shakllanishidagi ustuvorligi muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi; ikkinchidan, qonun va uning bashorat shakllanishidagi ustuvorligini har tomonlama tadqiq etish dolzarbdir; uchinchidan, qonun va uning ilmiy bashorat qilishdagi gnoseologik-epistemologik tahlili umumiylik kasb etadi.

Umid MAMAYUSUPOV,

TDPU Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar

kafedrasi katta oʻqituvchisi

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 1-son