Koʻp yil boʻldi, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida maqola oʻqib qoldim. Birinchi navbatda maqola muallifining yozish, fikrlash uslubi eʼtiborimni tortdi. Chunki milliy jurnalistikamizda uslubning oʻziga xosligi bilan ajralib turadigan – xati “boshqa” mualliflar u qadar koʻp emas. Tasodifga yoʻydim, “Iqbol Qoʻshshayeva” degan boshlovchi jurnalist tajriba tariqasida bir yozsa yozgandir-da, degan xayolga bordim. Oradan maʼlum vaqt oʻtib shu muallifning navbatdagi maqolasi chop etildi. Yana oʻsha uslub! Uslubning oʻziga xosligi nimada edi?
Keng ommaga, adabiy-madaniy jamoatchilikka maʼlum voqelik orasidan “tesha tegmagan″ epkinni, goʻdak nafasidek shabadani, nasimni topa bilishida, oʻzi topgan oʻsha holatni, sahnani, manzarani iztirob prizmasida idrok etishida! Yana: ayanchli va koʻngilsiz holatlarda chekiladi iztirob odatda, Iqbol Qoʻshshayeva esa har ikkala holatda ham hayotni iztirob deya atalmish zarrabin orqali koʻradi, nazardan oʻtkazadi. “Olamda iztirob koʻp” degan jumla keladi Mixail Lermontov ijodiga bagʻishlangan bitigida. Darhaqiqat, kim yoki qaysi mavzuda izhori dil qilishga jazm etmasin, iztirob uni biron qadam oʻzidan nari yubormaydi yoxud uning oʻzi iztirobdan voz kechsa yozishning, ijodning maʼno-mazmuni, hikmatidan mosuvo boʻladigandek his etadi oʻzini.
Dastlabki xulosa shu, yaʼni Iqboloy iztirobli holatga tusha olsagina yozadi, aks holda qalamni qoʻlga olmay qoʻya qoladi.
Ikkinchi jihat – Iqbol Qoʻshshayevaning maqollarida ham zohiriy, ham botiniy hayrat qalqib turadi. Anʼanaviy havoyi hayratlardan, ofarinbozlikdan, ashʼornavislikdan necha chaqirimlar nari yuradi u, binobarin, hayratlariga yarasha til topadi, ifoda topadi, ohang topadi. Bularning bari taassurotni boyitishga xizmat qiladi, tassurotlar esa xayolni goʻzallashtiradi. “Darvozasiz qolgan dunyo”da oʻqiganimiz ushbu jumla shunchaki oʻrni kelgandagina qogʻozga tushmagan, yoʻq, u muallifning ijodiy kredosiga aylana boradi, zero har bir badiasida taassurot bilan badiiylashgan (demak, goʻzallashgan!) xayol qorishib, chatishib ketadi.
Uchinchi oʻziga xoslik – qamrovning kengligida. Iqboloy singlimiz Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy dunyosida fikrlay turib Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Anton Chexov olamiga nigoh tashlaydi, Bahodir Yoʻldoshevning teatr rejissurasi konsepsiyalarini tahlil qila turib Olim Xoʻjayev, Shukur Burhon, Toshxoʻja Xoʻjayev, Zaynab Sadriyeva... Rimma Ahmedova siymosida mujassam topgan ijrochilik mahorati va haqiqatiga buradi soʻzni. “Teatr”, “sahna” atalmish moʻjizakor “hudud” mohiyatiga yashiringan hikmatni, goʻzallikni, mubtalolikni yanada, yanada chuqurroq va albatta oʻzgalardan oʻzgacharoq kashf etgisi keladi. Iztirob, xayol-tasavvur, hayrat, qamrovdagi oʻziga xosliklar ichida oʻrni-oʻrni bilan keladigan Iqbol Qoʻshshayeva kashfiyotlari sinchkov oʻquvchini bexosdan oʻyga toldiradi. Bir zum mutolaadan toʻxtaydi va mushohada girdobiga shoʻngʻiydi. “Abdulla Oripov” filmi haqidagi maqola oddiy taqriz emas, qobiqdan chiqish! Poʻpanak bosgan daqqilikdan yuz oʻgirish!
“Millat ham tirik organizm. Chunki u oʻylayotgan, his qilayotgan, kun kechirayotgan nafsi uygʻoq jonlardan iborat. Aytishadi-ku, odam ulgʻaygani sari uning gunohlari ham oʻzi bilan birga ulgʻayadi, deb” (“Darvozasiz qolgan dunyo”). Toʻxtang! Taraqqiyotni, yuksalishni, madaniy ravnaqni bilamiz, bular haqida xoʻp va koʻp bosh qotiramiz, lekin, “gunoh ham bir joyda, bir nomda turgʻun holatda turmasa kerak” deb faraz qiladi muallif singlimiz va shu zahoti fikrida qatʼiylashadi: “Borgan sari oʻzini yangi-yangi shakl-u shamoyillarda namoyon etib borar ekan. Avlodlar oʻziga “meros” boʻlib kelayotgan neʼmatlarni asrlar osha yelkasiga ortmoqlab oʻtishdan tashqari, uni “takomillashtirib” borayotgandek... Bundan chiqdi, hayotni, oʻzimizni, turmush tarzimiz, qarashlarimizni ayni shu nuqtayi nazardan taftish-tahlil qilishimiz mumkin ekan-da?! Nafaqat mumkin, balki muhim ham ekan-da?!
“...hamma balo shundaki, bugun gunoh oʻzining gunoh ekanini unutdi″ (“Darvozasiz qolgan dunyo”).
“Farosat isteʼdod singari Yaratganning noyob inʼomi″ (“Savdoga qoʻyilmaydigan yagona bisot”).
“Kumushbibining jozibasidan koʻra Raʼnoning mardligi koʻproq oʻylantiradi″ (“Siz nima deysiz, Hojibobo?”)
“...goʻzallik cheksiz tushuncha boʻlganidek, yaʼni uning qiyosi topilmagani uchun ham har tomonlama mukammal sanʼat asari boʻlmaydi” (“Kumushga aylangan maʼsuma”).
“Sanʼat yaxshini yomon, yomonni yaxshi qilolmas ekan. U faqat ezgulikka moyil, yaxshilikka ishonuvchan, nozik qalblarga dalda boʻla olishi mumkin ekan” (“Sanʼat yolgʻizligingga arzimaydimi?”).
“Dunyo oʻz qarichiga sigʻmagan orzular uchun sizdan ayovsiz oʻch oladi. Aybsiz orzular uvol ketgan parvozi haqqi xayolparastni jazolaydi” (“Joʻmard yigit tazarrusi”).
“Goʻzallik xoʻrlanmasin ekan, u xoʻrlandimi tamom, hoʻl-u quruq barobar yonadi” (“Kechir, bizni baxtsizlik”).
“Muhabbat, bu – kasallik” desa bir oʻrinda muallif, boshqa bir holatda: “Muhabbat, bu – falsafa” degan taʼrifdan najot izlaydi, topolmaydi shekilli: “Muhabbat – bir tilsim” deya vaziyatdan chiqadi yana bir badiasida.
Vaziyatdan chiqdimikan? Yoʻq, chiqolmaydi, hissiyot mayinligi, taʼb nozikligi hukmron kayfiyatda xususan muhabbatdek betakror tuygʻu xususida mutlaq toʻxtamga, mutlaq taʼrifga kelish mahol.
Iqbol Qoʻshshayevaning esselari xos kayfiyat bilan oʻqishni talab qiladi kitobxondan. Kayfiyat badialarning nomlanishidanoq boshlanadi – oʻychan, mahzun, oʻzgalardan oʻzgacha. Shiddatli mushohadalarga, bahsga chorlovchi ilmoqlarga, asalarining ignasi yanglig‘ jazillatadigan chekinishlarga-da oʻzlarini hozirlamoqliklari darkor Iqbol Qoʻshshayevaning oʻquvchilari. Bir soʻz bilan aytganda, oʻzimni maroqli mulohazalar yuritishdan toʻxtatay-da, gapning indallosiga koʻchay: goʻzallik olamiga oshufta, hayot haqiqatlarini nozik did, noziktaʼb ila anglashni oʻzi uchun saodat deb bilgan azizlar, Siz orzu qilgan latif, rangin, his-hayajonlarga toʻlib toshgangina kitob – “Zaminga sigʻmagan orzular” muborak boʻlsin.
Xurshid DOʻSTMUHAMMAD